Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiyava sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining
buyrugʻi
Texnik vositalarni oʻlchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 3-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2829]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2020-yil 27-apreldagi 43-sonli ““Texnik vositalarni oʻlchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlarini tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2829-1, 07.05.2020-y.) asosan 2020-yil 9-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-avgustdagi 373-sonli “Oʻzbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tuzilmasini takomillashtirish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Texnik vositalarni oʻlchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Bosh direktor A. KURBANOV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-sentabr,
550-son
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2016-yil 15-sentabrdagi 550-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Texnik vositalarni oʻlchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish
MEZONLARI
Ushbu Mezonlar “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq, texnik vositalarni oʻlchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritishda qoʻllaniladi.
1. Quyidagilar texnik vositalarni oʻlchash vositalari jumlasiga kiritish mezonlari hisoblanadi:
oʻlchashlarni amalga oshirish maqsadida qoʻllanilishi;
qiymatlari maʼlum vaqt davomida oʻzgarmas deb qabul qilinadigan normalangan metrologik xususiyatlarga ega boʻlishi;
oʻlchash natijalarining qonunlashtirilgan birliklarda belgilab qoʻyilgan aniqlikda boʻlishini taʼminlashi;
kattalik birliklari, kattalik birliklarining karrali yoki ulushli qiymatlarini saqlash, uzatish va qayta tiklash imkonining mavjudligi;
mexanik, elektrik, optik, fizik-kimyoviy, elektron tamoyilda (tamoyillarda) ishlashi;
normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiqligi.
2. Quyidagilar texnik vositalarni sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlari hisoblanadi:
sinashlarni amalga oshirish maqsadida qoʻllanilishi;
qiymatlari maʼlum vaqt davomida oʻzgarmas deb qabul qilinadigan normalangan texnik tavsiflarga ega boʻlishi;
oʻlchash natijalarining qonunlashtirilgan birliklarda belgilab qoʻyilgan aniqlikda boʻlishini, shuningdek sinash natijalarining ishonchliligini taʼminlashi;
mexanik, elektrik, optik, fizik-kimyoviy, elektron tamoyilda (tamoyillarda) ishlashi;
normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiqligi.
3. Quyidagilar oʻlchash vositalari va/yoki sinash vositalari hisoblanmaydi:
asosan indikator funksiyasiga ega boʻlgan, natijalari oʻlchash va/yoki sinash natijalari hisoblanmaydigan, faqat dastlabki baholash uchun qoʻllanadigan texnik vositalar;
faqat oʻlchash va/yoki sinash natijalari haqida axborot uzatish funksiyalarini bajaradigan texnik vositalar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 40-son, 471-modda)