O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BAHOUDDIN NAQShBAND YoDGORLIK MAJMUASI MARKAZINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Islom olamining benazir namoyandasi Bahouddin Naqshbandning jahon tafakkur xazinasiga va muqaddas dinimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib, uning merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, ezgulik, ma’naviy komillikka chorlovchi g‘oyalarini vatandoshlarimiz, ayniqsa yosh avlod qalbi va ongiga singdirish hamda buyuk allomalar yodgorlik majmualarini asrab-avaylash va yanada obodonlashtirish borasidagi ishlarni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatida mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Qayd etilsinki, ushbu Markaz tarkibiga Abduxoliq G‘ijduvoniy yodgorlik majmuasi ham kiritiladi.
Markaz faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish, belgilangan vazifalarning samarali ijrosini nazorat qilish maqsadida tashkil etilgan Boshqaruv kengashi tarkibi ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin:
noyob me’moriy inshoot hisoblangan Bahouddin Naqshband va Abduxoliq G‘ijduvoniy yodgorlik majmualarini talab darajasida saqlash, asrab-avaylash va yanada obodonlashtirish, ularning infratuzilmalarini rivojlantirish;
ushbu muqaddas qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu yerga mahalliy va xorijiy fuqarolarning keng ko‘lamdagi ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish;
Bahouddin Naqshband va uning ustoz-shogirdlarining ilmiy-nazariy merosi, ibratli hayotini har tomonlama o‘rganish, ularning asarlarida targ‘ib etilgan insonparvarlik, halollik, poklik, ma’naviy barkamollik kabi azaliy qadriyatlarni xalqimizga yetkazish;
diniy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda, ayniqsa yoshlarni mehnatsevarlik, bunyodkorlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda ularning hayotbaxsh o‘gitlaridan samarali foydalanishga doir tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
3. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga bir oy muddatda Markaz Nizomini tasdiqlash, uni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish tavsiya etilsin.
4. Markazning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Buxoro viloyat bo‘limida ochiladigan hisob raqami O‘zbekistondagi yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy fuqarolarning xayriya mablag‘lari uchun ochiq ekani qayd etilsin.
Mazkur mablag‘lar Markaz faoliyatini tashkil etish va doimiy takomillashtirib borish, yodgorlik majmualarini talab darajasida saqlash, asrab-avaylash va yanada obodonlashtirish, ularning infratuzilmalarini rivojlantirish uchun yo‘naltirilishi ko‘zda tutilsin.
5. Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi, “O‘zkommunxizmat” agentligi Bahouddin Naqshband va Abduxoliq G‘ijduvoniy yodgorlik majmualarini asrab-avaylash, joriy ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishda Markazga tegishli yordam ko‘rsatsinlar.
6. Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Buxoro viloyati hokimligi yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlarning Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasiga ziyoratlarini tashkil etish bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatish va hamkorlik qilishda Markazga har tomonlama ko‘maklashsinlar.
7. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, “O‘zteleradio” kompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligiga respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalarida Bahouddin Naqshband va uning ustoz-shogirdlari ma’naviy merosining ahamiyati va mohiyatini ochib berish, bu ulug‘ zotlarning hayotini o‘rganish, nomlarini ulug‘lash, ezgu o‘gitlarini targ‘ib qilish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kengroq yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi Z. Husnidinov va Bosh vazir o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-may,
244-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 21-son, 252-modda; 2006-y., 45-son, 445-modda)