Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyatini tashkil etishga doir keyingi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 2013-yil 3-iyuldagi PQ-1994-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda Sport tibbiyoti markazi deb ataladi) faoliyatini samarali tashkil etish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Olmazor koʻchasi, 6-uy manzilidagi binoning Sport tibbiyoti markazi egallab turgan qismini ijara toʻlovining nol stavkasi boʻyicha, kommunal xizmatlar va foydalanish xarajatlari qiymati egallab turilgan maydonga mutanosib va/yoki isteʼmol qilingan xizmatlar miqdorida Sport tibbiyoti markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasiga qoplangan holda 2016-yil 1-sentabrdan boshlab Markazga ijaraga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Sport tibbiyoti markazidan olingan qoplash summalari Milliy olimpiya qoʻmitasining daromadi hisoblanmaydi va ularga soliq solinmaydi;
binoning bir qismini ijara toʻlovining nol stavkasi boʻyicha Sport tibbiyoti markaziga ijaraga berish xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi uchun tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralmaydi va tegishli ravishda Qoʻmitada soliq toʻlash boʻyicha majburiyatlar paydo boʻlmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.I. Ikramov va M.M. Karimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-avgust,
280-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 25-avgustdagi 280-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-avgustdagi 226-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 8-son, 56-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandida:
toʻqqizinchi xatboshidagi “birkitilgan kontingentdagi shaxslarga” soʻzlari chiqarib tashlansin;
oʻn birinchi xatboshidagi “xizmatlar” soʻzi “toʻlov asosida xizmatlar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyatini tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2015-yil 1-maydagi 109-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 5-son, 34-modda) rus tilidagi matni 1-bandining ikkinchi xatboshidagi “na platnoy osnove” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 35-son, 410-modda)