Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining
Qarori
Birinchi guruhga polietilendan tayyorlangan bosimga chidamli quvurlarni yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 28-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2819]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga polietilendan tayyorlangan bosimga chidamli quvurlarni yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais M. KADIROV
Toshkent sh.,
2016-yil 30-iyun,
30-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2016-yil 30-iyundagi 30-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga polietilendan tayyorlangan bosimga chidamli quvurlarni yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga polietilendan tayyorlangan bosimga chidamli quvurlarni (bundan buyon matnda quvurlar deb yuritiladi) yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar va birinchi guruh moddiy boyliklarini masʼul saqlovchi tashkilotlar uchun majburiydir.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2026-yil 25-iyundagi 9-sonli qarori (roʻyxat raqami 2819-1, 15.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2026-y., 10/26/2819-1/0742-son)
3. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan quvurlar 0◦S dan 40◦S gacha boʻlgan haroratda xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti uchun hamda polietilenga kimyoviy jihatdan chidamli boʻlgan boshqa suyuq va gazsimon moddalarni transportirovka qilish uchun moʻljallangan.
4. Quvurlar nazorat namunalariga muvofiq boʻlishi, belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik yoʻriqnoma boʻyicha ishlab chiqarilishi zarur.
5. Quvurlar oʻz xususiyatlariga koʻra normativ hujjatlarga muvofiq kelishi lozim.
Quvurlar silliq tashqi va ichki sirtga ega boʻlishi kerak. Quvur devori qalinligida yoʻl qoʻyiladigan xatolik darajasi doirasida kichik chiziqlar va toʻlqinsimon chiziqlar boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Quvurlarning tashqi, ichki va yon yuzalarida pufakchalar, yoriqlar, oʻymalar, kattalashtirib koʻrsatadigan asboblarsiz koʻzga tashlanuvchi begona qoʻshilmalar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Quvurlar quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi shart:
uzilishdagi nisbiy choʻzilishi 250 foizdan kam emas;
quvurlar uzunligining qizdirishdan keyingi oʻzgarishi 3 foizdan ortiq emas;
doimiy ichki bosimga chidamlilik 20◦ S da quvur devoridagi boshlangʻich bosim 8,0 MRa da, 100 soatdan kam emas;
doimiy ichki bosimga chidamlilik 80◦ S da, quvur devoridagi boshlangʻich bosim 3,5 MRa da, 165 soatdan kam emas;
doimiy ichki bosimga chidamliligi 80◦ S da, quvur devoridagi boshlangʻich bosim 3,2 MRa da, 1000 soatdan kam emas;
texnik uglerodni massa ulushi, (qurum) 2,0 — 2,5 foiz;
texnik uglerod (qurum)ni taqsimlanish turi: I-II toifa.
6. Quvurlar toʻgʻri kesim, oʻram va gʻaltaklarda, diametri 110 mm va undan katta boʻlganlari esa faqat toʻgʻri kesimda ishlab chiqariladi. Toʻgʻri kesimdagi quvurlar uzunligi 5 dan 24 m gacha va 0,25 m ga karrali boʻlishi, nominal uzunlikdan ogʻish chegarasi plyus 1 foiz boʻlishi kerak. Quvurlar partiyasida partiya umumiy uzunligining 5 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda uzunligi 5 m dan kichik, ammo 3 m dan kam boʻlmagan quvurlar boʻlishiga ruxsat etiladi.
7. Oʻram va gʻaltaklarda ishlab chiqariladigan quvurlar uchun uzunlik boʻyicha ruxsat etiladigan ogʻish plyus 3 foizni, 500 m va undan uzun boʻlgan quvurlar uchun plyus 1,5 foizni tashkil etadi.
8. Xoʻjalik ichimlik suvini uzatish uchun moʻljallangan quvurlar distillangan suvga tashqi taʼmlarni va 1 balldan ortiq hidlarni bermasligi hamda distillangan suvning rangini va shaffofligini oʻzgartirmasligi kerak. Formaldegid konsentratsiyasi suv namunasida 0,1 foizdan oshmasligi kerak.
9. Quvurlarning shartli belgisi “quvur” soʻzi, polietilen markasi, standart oʻlcham nisbati (SDR), tire, quvur devorining nominal qalinligi, quvurlarni ishlatish sohasidan iborat boʻladi. Xoʻjalik-ichimlik suvi uchun moʻljallangan quvur “ichimlik” va boshqa hollarda “texnik” soʻzlari bilan belgilanadi.
Buyurtmalar berilganida yoki boshqa hujjatlarda quvurlarni belgilashga misollar:
P-Y 242 rusumli polietilendan, standart oʻlcham nisbati (SDR) 41, tashqi nominal diametr 110 mm, devorining nominal qalinligi 2,7 mm, xoʻjalik-ichimlik suv uchun moʻljallangan quvur:
quvur P-Y 242 SDR 41-110x2,7 ichimlik, GOST (davlatlararo standart) yoki Ts (tashkilot standarti);
P-Y 456 markali polietilendan, standart oʻlcham nisbati (SDR) 26, tashqi nominal diametri 160 mm, devorining nominal qalinligi 6,2 mm, xoʻjalik-ichimlik suvi uchun moʻljallanmagan quvur:
quvur P-Y 456 SDR 26-160x6,2, texnik, GOST yoki Ts (tashkilot standarti).
2-bob. Quvurlarning yorligʻi va oʻrami
10. Markirovka quvurning sirtiga termobosish yoʻli bilan uriladigan bosmani boʻyagan holda, rangli bosma usulida yoki quvurning sifatini yomonlashtirmaydigan boshqa usul bilan 1 m dan uzoq boʻlmagan oraliqda qoʻyiladi.
Bosma markirovkaning chuqurligi — devorining qalinligi 6,8 mm gacha boʻlgan quvurlar uchun 0,3 mm dan, nominal devor qalinligi 6,8 mm dan katta boʻlgan quvurlar uchun 0,7 mm dan oshmasligi kerak.
11. Markirovka quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
ishlab chiqaruvchi tashkilot nomi va (yoki) tovar belgisi;
quvurning shartli belgisi, “quvur” soʻzisiz;
partiya raqami;
ishlab chiqarilgan sanasi (yil, oy);
kafolatli saqlash muddati (yil, oy);
saqlash sharoitlari;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotish uchun — “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yozuvi.
12. Transport markirovkasi GOST boʻyicha “Quyosh nurlaridan saqlansin” manipulyatsion belgisini tushirish bilan amalga oshiriladi.
13. Diametri 225 mm va undan kichik boʻlgan, isteʼmolchilarning buyurtmasi boʻyicha kesmalarda ishlab chiqariladigan quvurlarning ogʻirligi 1 tn gacha boʻlganda paketlarga joylash mumkin, bunda ular orasidagi masofa kamida 2 m dan 2,5 m gacha qilib ikki joydan bogʻlanishi kerak.
14. Isteʼmolchi bilan kelishilgan holda kesimlarni oʻrab joylamaslikka ruxsat etiladi. Diametri 225 mm dan yuqori boʻlgan quvurlar paket holida bogʻlanmaydi.
15. Quvurlarni oʻrab joylashda GOST boʻyicha har qanday vositalar yoki sifati boʻyicha koʻrsatilganlardan past boʻlmagan boshqa vositalardan foydalaniladi.
3-bob. Quvurlarni yetkazib berish
16. Oʻzbekiston Respublikasida va undan tashqarida ishlab chiqarilgan, sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari, oʻrami va markirovkasi normativ hujjatlarning barcha talablariga javob beradigan quvurlar uzoq vaqt saqlash uchun qabul qilinadi.
17. Saqlashga qoʻyiladigan yoki yetkazib beriladigan quvurlarning har bir partiyasi uchun ishlab chiqaruvchi (yetkazib beruvchi) muvofiqlik sertifikatini yoki uning tasdiqlangan nusxasini taqdim etishi shart.
18. Mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjatlar, muvofiqlik sertifikati, tovar-transport yukxati bilan birgalikda yuk oluvchiga joʻnatiladi.
19. Normativ hujjatlarda koʻzda tutilgan sifat koʻrsatkichlariga ega boʻlmagan hamda kafolatli saqlash muddatlari past boʻlgan quvurlarni saqlash uchun qabul qilish taqiqlanadi.
4-bob. Quvurlarni qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
20. Quvurlarni miqdori va sifati boʻyicha qabul qilish qonunchilik hujjatlari va mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
21. Quvurlar GOST yoki Ts (tashkilot standarti) talablariga muvofiq partiyalar bilan qabul qilinadi. Bir xil nominal tashqi diametrdagi va nominal devor qalinligidagi, belgilangan muddat oraligʻida bir markadagi xom ashyodan tayyorlangan va sifat toʻgʻrisidagi hujjatga ega boʻlgan quvurlar miqdori bir partiya deb hisoblanadi.
Partiya oʻlchami quyidagilardan ortiq boʻlmasligi kerak:
20 000 m — diametri 32 mm va undan kichik boʻlgan quvurlar uchun;
10 000 m — diametri 40 dan 90 mm gacha boʻlgan quvurlar uchun;
5 000 m — diametri 110 dan 160 mm gacha boʻlgan quvurlar uchun;
2 500 m — diametri 180 dan 225 mm gacha boʻlgan quvurlar uchun;
1 500 m — diametri 250 mm va undan katta boʻlgan quvurlar uchun.
22. Sifat toʻgʻrisidagi hujjatda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi va (yoki) tovar belgisi;
ishlab chiqaruvchi tashkilot yuridik manzili;
partiya raqami;
ishlab chiqarilish sanasi (oy, yil);
quvurning shartli belgisi;
partiyaning oʻlchami (m da);
GOST yoki OʼzDSt boʻyicha muvofiqlik belgisi;
sifat nazorati boʻlimi muhri;
qabul qilish-topshirish sinovlari natijalari;
shtrix kod va qayd raqami bilan (talab etilganda);
mahsulot Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotilganida — “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yozuvi.
23. Partiyadan namuna olish GOST boʻyicha tasodifiy tanlash usuli bilan amalga oshiriladi. Ishlab chiqarishning toʻliq jarayoni davomida bir tekis taqsimlangan tanlash hajmini shakllantirishiga ruxsat etiladi. Ekstruziyadan keyingi ovallikni aniqlash uchun namuna ishlab chiqaruvchining texnologik tizimida quvurlarni oʻrama va gʻaltakka oʻrashdan oldin amalga oshiriladi.
24. Quvurlarni sinovdan oʻtkazish uchun (qabul qilish-topshirish sinovlaridan tashqari) nominal diametriga koʻra ajratilgan har bir guruhdan bittadan namuna olinadi: 1-guruh diametri 63 mm va undan kichik, 2-guruh 75 mm dan 225 mm gacha, 3-guruh 250 dan 630 mm gacha, 4-guruh 710 mm va undan katta boʻlgan quvurlar. Sinov natijalari guruhning har qanday standart oʻlcham nisbati (SDR) ga ega barcha diametrlariga joriy etiladi.
25. Qabul qilish-topshirish sinovlarida bitta koʻrsatkich boʻyicha qoniqarsiz natija olinsa, u boʻyicha ikki baravar koʻp namunada takroriy sinovlar oʻtkaziladi. Takroriy qabul qilish-topshirish sinovlarida qoniqarsiz natijalar olinganida quvurlar partiyasi yaroqsiz deb topiladi.
26. Quvurlarni normativ hujjatlarga muvofiqligi boʻyicha sertifikatsiya sinovidan oʻtkazish ishlari “Oʻzstandart” agentligida akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalarida oʻtkaziladi.
27. Normativ hujjatlarning barcha talablariga javob beruvchi va uzoq vaqt saqlash uchun yaroqli boʻlgan quvurlar omborga uzoq vaqt saqlash uchun qabul qilinadi.
28. Quvurlar ortilgan vagonlar kelganida temir yoʻl transporti tashkilotining vakili ishtirokida quyidagilar tekshiriladi:
vagonlarning texnik jihatdan sozligi;
plombalar mavjudligi, ulardagi bosma maʼlumotlarning aniqligi;
vagon eshiklarida buragichlar mavjudligi va ularning holati;
yashiklar (paketlar)dagi yuk nomi va plombalarning yukka ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi.
29. Tekshiruv jarayonida aniqlangan vagonlarning texnik nosozligi, plombalarning yoʻqligi, ulardagi bosma maʼlumotlarning noaniqligi kabi kamchiliklar tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
30. Quvurlarni qabul qilib olayotgan paytda quyidagi kamchiliklar aniqlanganda, temir yoʻl transporti tashkilotidan tijorat dalolatnomasini tuzishni talab etishi zarur:
kamomad;
idishlardagi sezilarli shikastlanishlar;
oʻramning normativ hujjat talablariga nomuvofiqligi;
mahsulot nomining transport hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga nomuvofiqligi;
temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavida koʻzda tutilgan boshqa barcha holatlarda.
31. Qabul qilinayotgan partiyaning sifat koʻrsatkichlari normativ hujjatga nomuvofiqligi aniqlanganda quvurlar saqlash uchun qabul qilinmaydi.
32. Mahsulotni qabul qilish va yaroqsizga chiqarish natijalari boʻyicha yuk oluvchi va yetkazib beruvchining vakillari ishtirokida olingan mahsulotning haqiqiy sifati haqida dalolatnoma tuzilishi kerak.
5-bob. Xom ashyo va materiallarga qoʻyiladigan talablar
33. Quvurni ishlab chiqarish uchun GOST yoki Ts (tashkilot standarti) boʻyicha P-Y 242, P-Y 337, P-Y 342, P-Y 456 markali quvur uchun moʻljallangan chiziqli polietilendan xom ashyo sifatida foydalaniladi.
34. Tarkibida 2,0 — 2,5 foiz qurum boʻlgan va quvurning normativ talablarga mos kelishini taʼminlaydigan boshqa markalardagi polietilendan foydalanishga ruxsat etiladi.
35. Quvurni ishlab chiqarishda hosil boʻlgan ikkilamchi xom ashyodan foydalanib, texnik maqsadlarga moʻljallangan shu markadagi quvurni tayyorlashga ruxsat etiladi. Ikkilamchi xom ashyoning massa ulushi 5 foizdan ortiq boʻlmasligi kerak.
6-bob. Omborlarga qoʻyiladigan talablar
36. Omborlarning turlari, texnologik uskunalar, yuklash-tushirish mexanizmlari parki mavjudligini hisobga olgan holda tashkilotlarda yagona texnologik xarita ishlab chiqiladi. Texnologik xarita omborlarni mahsulotni qabul qilishga tayyorlash, qabul qilish, saqlash va chiqarish boʻyicha ishlarni tashkillashtirish, laboratoriya nazoratini yuritish, yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirish, sanitariya-gigiyena va yongʻinga qarshi tadbirlarni tashkillashtirish, texnika xavfsizligini taʼminlash tartibini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
37. Quvurlarni saqlash uchun texnik jihatdan soz boʻlgan, yuklash-tushirish va ombor ichidagi ishlarni amalga oshirishda mexanizmlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlovchi mustahkam polga ega quruq omborxonalardan foydalanish kerak.
38. Omborlar quyidagilar bilan taʼminlanishi kerak:
zarur jihozlar va uskunalar;
birlamchi oʻt oʻchirish vositalari;
avtomat qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi.
Oldingi tahrirga qarang.
39. Elektr uskunalaridan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Elektr yoritish asboblari yopiq yoki himoyalangan (shisha qalpoqcha va metall toʻr bilan qoplangan) koʻrinishda boʻlishi lozim.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2026-yil 25-iyundagi 9-sonli qarori (roʻyxat raqami 2819-1, 15.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2026-y., 10/26/2819-1/0742-son)
40. Omborlar atrofidagi hudud toʻgʻri rejalashtirilgan boʻlishi lozim. Yuza va oqova suvlarning omborlardan chekkada joylashishi, suv oqadigan quvurlar suv oqimiga toʻsqinlik qiluvchi choʻkindilardan va qatlamlardan muntazam ravishda tozalanishi kerak.
41. Yuklarni joylashdan oldin omborxonalar yoki ularning boʻsh qismi quvurlarni qabul qilish va saqlash uchun tayyorlanishi, zarurat tugʻilganda taʼmirlanishi zarur. Tom va pollar soz holatda boʻlishi, yoriqlar va teshiklar bekitilishi, eshiklar esa zich yopiladigan boʻlishi lozim.
42. Omborlarning mahsulotni qabul qilib olishga tayyorligi bosh muhandis, bosh energetik, laboratoriya mudiri, saqlash uchastkasini boshligʻi va yongʻin xavfsizligi uchun masʼul boʻlgan shaxslar tarkibidagi komissiya tomonidan tekshiriladi hamda tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
7-bob. Quvurlarni omborga joylash
43. Quvurlarni omborga joylash ishlari yuklashning tasdiqlangan normalari va ular asosida ishlab chiqilgan joylashish chizmalari boʻyicha amalga oshirilishi kerak. Bunda shtabellardagi joylar sonini toʻliq hisoblash, quvurlarning butligini, shtabellarning turgʻunligini taʼminlash, ombor maydonlaridan samaraliroq foydalanish, mahsulot sifatini kuzatib borish va vagonlarning mexanizatsiyalashgan tarzda yuklash imkoniyatini hisobga olish zarur.
44. Quvur shtabellari bir yoki bir nechta partiyadan shakllantirilishi mumkin. Bunda ularning kelib chiqishi, turi va ishlab chiqarilish vaqti (bir oy doirasida) boʻyicha bir xilligi, bir xil oʻlcham va bir xil balandlikda ekanligi hisobga olinadi.
45. Shakllantirilgan har bir shtabelga belgilangan shaklda shtabel yorligʻi rasmiylashtiriladi, unga shtabelga taxlash va joylash chizmasi ilova qilinadi. Hujjatlarda ombor, seksiya va quvurlar taxlangan shtabel raqami koʻrsatilishi shart.
46. Quvurlarning saqlanish sifatini nazorat qilish, havoning yaxshiroq aylanishini va shtabellarni taxlashda mexanizmlarni qoʻllash qulayligini taʼminlash uchun ombor (seksiya) perimetri boʻylab devorlar yoki chiqib turgan konstruksiyalar yonidan kengligi 0,5 metr boʻlgan oʻtish joylari qoldiriladi.
Oʻtish joylarining kengligi yongʻin xavfsizligi qoidalariga muvofiq konkret osma moslamaga ega elektr yuklagichning minimal burilish radiusiga qarab belgilanadi.
47. Mahsulot shtabellari va tagliklari omborlarning koʻtarib turuvchi konstruksiyalariga tayanmasligi lozim. Agar shtabellar yoki alohida taxlamlar xavfli egilishlarga ega boʻlsa, ularni qaytadan taxlash zarur. Bunda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinishiga alohida eʼtibor qaratish zarur.
48. Yuklash-tushirish va ombor ichi ishlari yagona texnologik xarita boʻyicha bajarilishi lozim.
8-bob. Quvurlarni tashish va saqlash
49. Quvurlar normativ hujjatlar va tegishli transport turida amal qiluvchi yuklarni tashish qoidalariga muvofiq har qanday transport turida tashiladi.
50. Quvurlarni yopiq vagonlarda tashishda paket, oʻram yoki gʻaltak massasi 1,25 tn dan oshmasligi, uzunligi 5,5 m dan ortiq boʻlmasligi kerak.
51. Quvurlarni tashish va saqlashda ularga zarar yetmasligi uchun quvurlarni transport vositalarining tekis va oʻtkir boʻrtiqlarsiz sirtiga joylashtiriladi.
52. 2 oydan ortiq saqlanadigan quvurlar shtabelining balandligi 2 m dan oshmasligi zarur. Saqlash muddati 2 oygacha boʻlgan shtabellarning balandligi 3 m dan oshmasligi kerak.
53. Quvurlarga bevosita quyosh nurlari tushishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
54. Quvurlarni saqlash muddati normativ hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
55. Quvurlarning holati (tashqi koʻrinishi) qoniqarli boʻlib, sinovlar jarayonida sifati normativ hujjat talablariga muvofiqligi aniqlanganida, quvurlarning saqlash muddati uzaytirilishi mumkin.
9-bob. Quvurlarni yuklash va joʻnatish
56. Quvurlarni yuklash va joʻnatish ishlari Qoʻmita tomonidan berilgan naryadlar boʻyicha amalga oshiriladi. Yuklab joʻnatish navbati mahsulotning sifati, uning zaxiraga qoʻyilish vaqti va saqlanish sharoitlariga qarab belgilanadi.
57. Yuklangan mahsulot miqdori joylar soni boʻyicha aniqlanadi.
10-bob. Yakuniy qoida
58. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
30-iyun 2016-yil
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. QURBONOV
30-iyun 2016-yil
“Oʻzbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi Boshqaruvi raisi A. SULTONOV
30-iyun 2016-yil
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi A. RAMATOV
30-iyun 2016-yil
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi V. ISMOILOV
30-iyun 2016-yil
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 30-son, 371-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.07.2026-y., 10/26/2819-1/0742-son)