Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktorining
buyrugʻi
Pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 9-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2798]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2021-yil 20-oktabrdagi 24-mh-sonli ““Pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2798-2, 02.11.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-apreldagi 107-son “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. Pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor J. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 23-may,
01-157-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktorining 2016-yil 23-maydagi 01-157-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-apreldagi 107-son “Maktabgacha, umumiy oʻrta, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, maktabgacha, umumiy oʻrta, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari (bundan buyon matnda taʼlim muassasalari deb yuritiladi) pedagog kadrlarining attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) hisobga olish, saqlash va topshirish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi (bundan buyon matnda Davlat inspeksiyasi deb yuritiladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda maktabgacha taʼlim boshqarmalari deb yuritiladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda xalq taʼlimi boshqarmalari deb yuritiladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari (bundan buyon matnda kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari deb yuritiladi), tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimi, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi hamda attestatsiya komissiyalari tuzilgan taʼlim muassasalarida ushbu tashkilotlar rahbarlarining buyrugʻi bilan sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish boʻyicha moddiy javobgar shaxslar (bundan buyon matnda masʼul shaxs deb yuritiladi) belgilanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
2. Sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish masʼul shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish
3. Sertifikatlar hisobi masʼul shaxs tomonidan doimiy ravishda olib borilishi shart.
4. Qabul qilingan (kirim qilingan) sertifikatlar shu kunning oʻzida mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda yuritiladigan Sertifikatlarning hisobini yuritish jurnalida (bundan buyon matnda jurnal deb yuritiladi) hisobga olinishi lozim.
5. Jurnal ip oʻtkazib tikilgan, uning varaqlariga tartib raqamlari qoʻyilgan boʻlishi kerak. Jurnalning oxirgi betida jami varaqlar soni koʻrsatilib, masʼul shaxs tomonidan imzolanadi va tashkilot muhri qoʻyiladi. Jurnalga maʼlumotlar masʼul shaxs tomonidan qayd etib boriladi.
6. Jurnalni toʻldirishda yoʻl qoʻyilgan xato bir chiziq bilan oʻchiriladi va keyingi qatorga toʻgʻri yozuv kiritiladi. Kiritilgan har bir tuzatish shu varaqning pastki qismida izohlanib, tashkilot muhri bilan tasdiqlanishi zarur. Jurnaldagi yozuvlarni oʻchirish, boʻyash, ustidan qogʻoz yopishtirish, shuningdek jurnalda ochiq qatorlar qoldirib ketish taqiqlanadi.
7. Sertifikatlar masʼul shaxs tomonidan poʻlat seyfda (yonmaydigan shkafda) saqlanishi zarur. Agar masʼul shaxsning xonasida poʻlat seyf (yonmaydigan shkaf) boʻlmasa, sertifikatlar tashkilot rahbarining poʻlat seyfida (yonmaydigan shkafida) saqlanadi.
8. Ishdan tashqari vaqtlarda sertifikatlar saqlanayotgan poʻlat seyf (yonmaydigan shkaf) joylashgan xona muhrlangan boʻlishi kerak.
9. Sertifikatlar:
maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi boshqarmalari va kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalariga — Davlat inspeksiyasi tomonidan;
tuman (shahar) maktabgacha taʼlim, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlariga — tegishli maktabgacha taʼlim boshqarmalari, xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan;
taʼlim muassasalariga — tegishli tuman (shahar) maktabgacha taʼlim, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan buyurtmanomalarga muvofiq belgilangan tartibda beriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
10. Sertifikatlar ishonchnomaga asosan dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda beriladi. Dalolatnoma sertifikatlarni topshirgan va qabul qilib olgan shaxslar tomonidan imzolanadi hamda sertifikatlarni topshirayotgan tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu dalolatnomada topshirilgan sertifikatlar haqida maʼlumot (seriyasi, tartib raqami), miqdori va topshirilgan tashkilot hamda boshqa zarur maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.
11. Attestatsiya komissiyalari pedagog kadrlarga tarqatish uchun sertifikatlarni masʼul shaxsdan oladi.
12. Attestatsiya komissiyalari Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-apreldagi 107-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq sertifikatlarning pedagog kadrlarga tarqatilishini roʻyxatga olish uchun maxsus daftar (sahifalangan, tikilgan va muhrlangan) yuritadi.
13. Sertifikatlarning xatosiz toʻldirilishi uchun attestatsiya komissiyasi raislari masʼul hisoblanadi. Sertifikatlarni toʻldirish vaqtida yoki toʻldirilgandan keyin undagi yozuvlarni boʻyash, oʻchirish, tuzatish kiritish hamda ushbu holatlarga izoh berib muhr bilan tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Toʻldirish vaqtida buzilgan sertifikatlar boʻyicha ikki nusxada dalolatnoma tuzilib, har chorakda mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan tartibda tegishli tashkilotga topshiriladi.
14. Buzilgan va yaroqsiz holga kelgan sertifikatlar dalolatnoma asosida hisobdan chiqariladi. Mazkur dalolatnoma ikki nusxada tuzilib, masʼul xodim va tashkilot rahbari tomonidan imzolanadi. Ushbu dalolatnomada buzilgan va yaroqsiz holga kelgan sertifikatlar haqidagi maʼlumotlar (sertifikatlarning buzilishi, yaroqsiz holga kelishi sabablari, seriyasi, tartib raqami, miqdori) koʻrsatilishi lozim. Dalolatnoma asosida buzilgan va yaroqsiz holga kelgan sertifikatlar haqida jurnalga tegishli yozuv kiritiladi.
15. Buzilgan va yaroqsiz holga kelgan sertifikatlar boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomaning bir nusxasi:
taʼlim muassasasi tomonidan — tegishli tuman (shahar) maktabgacha taʼlim, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlariga;
tuman (shahar) maktabgacha taʼlim, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan — tegishli maktabgacha taʼlim boshqarmalari, xalq taʼlimi boshqarmalariga;
maktabgacha taʼlim boshqarmasi, xalq taʼlimi boshqarmasi, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasi tomonidan — Davlat inspeksiyasiga sertifikatlar ilova qilingan holda yuborilishi lozim. Bunda, maktabgacha taʼlim boshqarmasi va xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan taʼlim muassasasi hamda tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimi, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi yuborgan yaroqsiz holga kelgan sertifikatlar va dalolatnoma nusxalarini ham Davlat inspeksiyasiga yuboriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
16. Davlat inspeksiyasiga yuborilgan buzilgan va yaroqsiz holga kelgan sertifikatlarni yoʻq qilish boʻyicha ikki nusxada dalolatnoma rasmiylashtiriladi hamda masʼul shaxs va Davlat inspeksiyasi boshligʻi tomonidan imzolanadi. Sertifikatlarning seriyalari, tartib raqamlari qirqib olinib, dalolatnomaning bir nusxasiga ilova qilingandan soʻng, sertifikatlarning oʻzi yoqib yuborish yoʻli bilan yoʻq qilinadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
17. Maʼlum sabablarga koʻra tarqatilmay qolgan sertifikatlar boʻyicha har yarim yilda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi hamda masʼul shaxs va attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi, tarqatilmay qolgan sertifikatlar unga ilova qilingan holda, sertifikatlarni bergan masʼul shaxsga qaytariladi. Masʼul shaxs tarqatilmay qolgan barcha sertifikatlarni umumlashtirib, ularni dalolatnoma asosida mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan tartibda Davlat inspeksiyasiga yuborilishini taʼminlaydi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
18. Davlat inspeksiyasiga yuborilgan va maʼlum sabablarga koʻra tarqatilmay qolgan foydalanish uchun yaroqli boʻlgan sertifikatlar masʼul shaxs tomonidan qayta hisobga olinadi va kelgusida mazkur Nizomda belgilangan tartibda foydalaniladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
3-bob. Yakuniy qoida
19. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan kelishilgan.
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2016-yil 23-may
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori U. SALIMOV
2016-yil 23-may
Pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
|
____________________________________________________________ | ||||||||||||||||||||
|
Sertifikatlarning hisobini yuritish | ||||||||||||||||||||
| T/r | Sertifikatlar hisobga olingan sana | Sertifikatlar qaysi tashkilotdan qabul qilinganligi (tashkilot nomi) | Qabul qilingan sertifikatning kirim hujjati (schyot-faktura, yuk xati, dalolatnoma) sanasi va raqami | Qabul qilingan sertifikatlarning umumiy soni | shu jumladan: | Sertifikatlar topshirilgan tashkilot nomi | Topshirilgan sertifikatlar | Sertifikatlarni topshirgan / qabul qilib olgan masʼul shaxslarning imzosi va sana | Tarqatilgan sertifikatlar | Sertifikatlar tarqatilgan sana | Hisobdan chiqarilgan sertifikatlar soni (bunda hisobdan chiqarish uchun asos boʻlgan dalolatnomaning sanasi va soni ham koʻrsatiladi) | |||||||||
| oliy malaka toifasi / bosh oʻqituvchi lavozimiga oid | birinchi malaka toifasi / yetakchi oʻqituvchi lavozimiga oid | ikkinchi malaka toifasi / yetakchi oʻqituvchi �avozimiga oid | oliy malaka toifasi / bosh oʻqituvchi lavozimiga oid | birinchi malaka toifasi / yetakchi oʻqituvchi lavozimiga oid | ikkinchi malaka toifasi / katta oʻqituvchi lavozimiga oid | topshirdim | qabul qilib oldim | oliy malaka toifasi / bosh oʻqituvchi lavozimiga oid | birinchi malaka toifasi / yetakchi oʻqituvchi lavozimiga oid | ikkinchi malaka toifasi / katta oʻqituvchi lavozimiga oid | topshirilgan (tarqatilgan) | yaroqsiz holga kelgan | ishlatilmay qolgan | |||||||
| |
1 |
2 |
3 |
4 |
5 |
6 |
7 |
8 |
9 |
10 |
11 |
12 |
13 |
14 |
15 |
16 |
17 |
18 |
19 |
20 |
| | | | | | | | | | | | | | | | | | | | | |
Izoh: mazkur jurnalni yuritishda:
Davlat inspeksiyasi tomonidan — 14 — 20-ustunlar;
maktabgacha taʼlim boshqarmalari, xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan — 9, 15 va 16-ustunlar;
kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari tomonidan — 8 — 13-ustunlar;
tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan — 9, 10, 14 va 16-ustunlar;
taʼlim muassasalari tomonidan — 8 — 13, 14 va 15-ustunlar toʻldirilmaydi.
(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 28-maydagi 3-B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2798-1, 07.07.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 23-son, 279-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2018-y., 10/18/2798-1/1485-son)