Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tumanning sanoat salohiyatini yanada oshirish asosida Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanini kompleks rivojlantirishni taʼminlash, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha mavjud resurslar va imkoniyatlardan yanada toʻliq va samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal joylashtirish, xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish, aholining bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2016 — 2018-yillarda Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin. Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari, shuningdek qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlarini yangidan barpo etish, modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash boʻyicha investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq;
xizmatlar sohasi va servis infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq;
muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal joylashtirish dasturining asosiy parametrlari 3-ilovaga* muvofiq;
qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada barqaror rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha kompleks tadbirlar 4-ilovaga* muvofiq;
irrigatsiya-melioratsiya tizimini yaxshilash tadbirlari 4a-ilovaga* muvofiq;
ijtimoiy infratuzilmani yanada takomillashtirish chora-tadbirlari 5-ilovaga* muvofiq.
2. Samarqand viloyati hokimligi:
oʻn kun muddatda Dastur parametrlari barcha ijrochilarga, manfaatdor tashkilotlar va tijorat banklariga manzilli yetkazilishini;
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda yangi sanoat ishlab chiqarishlarini joylashtirishda ularning joylashishi viloyatning yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi rivojlanishi bilan qatʼiy bogʻliq boʻlishini;
investitsiya loyihalari toʻliq hajmda amalga oshirilishi, ishlab chiqarishning moʻljallangan hajmlari oʻzlashtirilishi va yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi nazarda tutilgan holda Dastur parametrlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.
3. Dastur parametrlari bajarilishini taʼminlash boʻyicha vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha 6-ilovaga* muvofiq Respublika ishchi guruhi tuzilsin.
* 1 — 6-ilovalar berilmaydi.
Respublika ishchi guruhi (U.U.Rozukulov):
vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar belgilangan muddatlarga muvofiq amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlasin;
barcha parametrlar boʻyicha Dastur bajarilishi monitoringi olib borilishini tashkil etsin va har oylik asosida muammoli masalalarni koʻrib chiqsin, ularni hal etish yuzasidan zarur tezkor va amaliy chora-tadbirlar koʻrsin;
zaruriyat boʻlganda, tayyorlangan va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda, Dasturga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
4. Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Samarqand viloyati va Bulungʻur tumani hokimliklari, loyihalarning tashabbuskorlari bir oy muddatda Dasturga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishning tarmoq jadvallari tasdiqlanishini taʼminlasinlar, ularda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish muddatlari, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bilan butlash va quvvatlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish nazarda tutilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda har yili Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda, moliyalashtirish hajmlari va manbalarini aniqlashtirgan holda, ushbu qarorga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini belgilangan tartibda unga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha Dasturni bajarish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
7. “Oʻzagroeksport” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Samarqand viloyati va Bulungʻur tumani hokimliklari, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Bulungʻur tumanida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha zamonaviy logistika markazi barpo etilishini tashkil etsinlar.
8. Samarqand viloyati va Bulungʻur tumani hokimliklari “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Dasturga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda yer ajratilishini hamda qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsatnomalar “yagona darcha” tamoyili boʻyicha berilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Dasturga kiritilgan va noruda foydali qazilmalarni geologik oʻrganish, qazib olish va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyalarni olishda koʻmaklashsin.
10. “Oʻzbekenergo” AJ Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Dastur doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi ishlab chiqarish korxonalari elektr uzatish liniyalariga oʻz vaqtida ulanishini va ularga elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Tijorat banklariga Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda kreditlar, shu jumladan respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalarni va ularga butlovchi buyumlarni sotib olish uchun xorijiy valyutadagi kreditlar ajratish tavsiya qilinsin.
12. Samarqand viloyati va Bulungʻur tumani hokimliklari har choraklik asosida:
Dastur tadbirlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi boʻyicha loyiha tashabbuskorlari faoliyatining natijadorligini viloyat va tuman faollari yigʻilishlarida koʻrib chiqsin;
Vazirlar Mahkamasiga Dasturning bajarilishi toʻgʻrisidagi axborot taqdim etsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 30-may,
178-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 22-son, 248-modda)