O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq joylardagi aholiga servis xizmati ko‘rsatishni yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi to‘g‘risida” 2016-yil 9-fevraldagi PQ-2487-son qaroriga muvofiq, aholiga servis xizmati ko‘rsatishni yaxshilashga, ayollarning uy mehnatini yengillashtirishga, qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etishga va aholi daromadlarini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va loyihalarning tashabbuskorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda respublikaning chekka qishloqlarida 194 ta namunaviy maishiy xizmatlar ko‘rsatish majmualarini tashkil etishni, ushbu maqsadlar uchun banklarning kreditlari ajratilishini va yer uchastkalari berilishini nazarda tutuvchi takliflar tayyorlanganligi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan “go‘zallik salonlari”, sartaroshxonalar, hammomlar, modalar atelyesi, elektr-maishiy texnika va poyabzal ta’mirlash xizmatlari ko‘rsatuvchi ustaxonalarni o‘z ichiga oluvchi maishiy xizmatlar ko‘rsatish majmualarining namunaviy loyihalari ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. 2016-yilda respublikaning chekka qishloqlarida maishiy xizmatlar ko‘rsatishning namunaviy majmualarini tashkil etishning manzilli dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilansinki, Dastur doirasida maishiy xizmatlar ko‘rsatish namunaviy majmualarini tashkil etish:
majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy loyihalar bo‘yicha;
loyihalar tashabbuskorlarining o‘z mablag‘lari, shuningdek Dasturda nazarda tutilgan parametrlarga muvofiq tijorat banklarining kreditlari hisobiga amalga oshiriladi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:
Dasturga muvofiq yer uchastkalari ajratilishini va maishiy xizmatlar ko‘rsatish namunaviy majmualari o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlasinlar;
Dasturning bajarilishi to‘g‘risida yilning har choragida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qaroriga asosan 2020-yil 18-apreldan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zqurilishmateriallari” AK bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining loyiha tashkilotlarining asoslangan hisob-kitoblari bilan tasdiqlangan buyurtmanomalari bo‘yicha maishiy xizmatlar ko‘rsatishning namunaviy majmualarini tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha va boshqariladigan narxlarda belgilangan tartibda metall prokat va sement ajratsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 4-may,
139-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 18-son, 199-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son)