Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
9 MAYNI XOTIRA VA QADRLASh KUNI DEB EʼLON QILINIShI MUNOSABATI BILAN AMNISTIYA TOʻGʻRISIDA
9 Mayni Xotira va Qadrlash kuni deb eʼlon qilinishi munosabati bilan, shuningdek, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 20-bandiga asosan
QAROR QILAMAN:
1. Ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan quyidagi mahkumlar ozod qilinsin:
a) ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan, shuningdek Chernobil AESidagi halokat oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etgan shaxslar;
b) ayollar, 60 yoshdan oshgan erkaklar;
v) voyaga yetmagan yoshida jinoyat sodir etgan shaxslar;
g) birinchi va ikkinchi guruh nogironlari;
d) amnistiya qoʻllaniladigan chet el fuqarolari;
e) boshqa davlatlarning sudlari tomonidan hukm etilib, jazoni oʻtash uchun Oʻzbekiston Respublikasiga berilgan amnistiya qoʻllaniladigan shaxslar.
2. Uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hamda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoyati uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
3. Birinchi marta olti yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va belgilangan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
4. Birinchi marta oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va belgilangan jazo muddatining kamida yarmini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin, ushbu Farmonning 10-moddasida qayd qilingan jinoyatlarni sodir etgan mahkumlar bundan mustasno.
5. Ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoyati uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va tayinlangan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
6. Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtash joylaridan ushbu Farmon qabul qilingan kunga qadar, qonunga muvofiq jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni qoʻllash mumkin boʻlgan mahkumlar ozod qilinsin.
7. Oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va belgilangan jazo muddatining kamida yarmini oʻtagan shaxslar manzil-koloniyalarga oʻtkazilsin.
8. Mazkur Farmonning 1-moddasida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta boʻlmay qonunda ozodlikdan mahrum qilishga nisbatan yengilroq jazolar nazarda tutilgan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari va sudda koʻrilmagan ishlar harakatdan tugatilsin.
9. Mazkur Farmonga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslarning jazo muddatini oʻtalmagan qismi quyidagicha qisqartirilsin:
a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — uchdan bir qismga, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlarga — yarmiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — toʻrtdan bir qismga.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 150 — 163, 216, 216-1, 216-2, 244-1 moddalarida, 246 moddasi 2-qismida, 247- moddasi 2, 3 qismlarida, 248-moddasi 2, 3 qismlarida, 270-moddasi 3-qismida, 271-moddasi 3-qismida, 272, 273-moddalarida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga, oʻta ogʻir jinoyatlar uchun sudlanganlarga, oʻta xavfli retsidivist deb topilganlarga, shuningdek uyushgan guruh yoki uning manfaatlarini koʻzlab, yoxud jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan shaxslarga Farmonning 1 — 3, 6, 8-moddalari qoʻllanilmasin. (Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismi “a”, “v” bandlari bilan sudlanganlar, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 272, 273-moddalarida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir qilgan chet el fuqarolari, shuningdek birinchi marta sudlangan ayollar bundan mustasno).
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 150 — 163, 216, 216-1, 216-2, 242, 244-1 moddalarida, 247-moddasi 2, 3 qismlarida, 248-moddasi 2, 3 qismlarida koʻzda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan mazkur Farmonning 9-moddasi qoʻllanilmasin.
Jazo oʻtash tartibini muntazam ravishda buzgan mahkumlarga, shuningdek, ilgari amnistiya yoki afv etish qoʻllanilganidan soʻng qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga ushbu Farmon tadbiq etilmasin.
11. Farmon matbuotda eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi va toʻrt oy mobaynida ijro etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 30-aprel,
PF-2287-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 4-son, 98-modda)