Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Transyoʻlqurilish kompaniyasi” davlat unitar korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyuldagi 472-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 14-fevraldagi PF-4954-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish va qurish ishlari surʼatlarini jadallashtirish, shuningdek yoʻl-qurilish texnikasidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzavtoyoʻl” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi va “Transyoʻlqurilish kompaniyasi” davlat unitar korxonasining (keyingi oʻrinlarda kompaniya deb ataladi) umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini va sunʼiy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash boʻyicha pudrat faoliyatini yuritish uchun masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida pudrat qurilish tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda pudrat qurilish tashkilotlari deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
“Transyoʻlqurilish kompaniyasi” davlat unitar korxonasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Transyoʻlqurilish kompaniyasi” davlat unitar korxonasining ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Kompaniya direktoriga, zaruriyat boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni doirasida kompaniyaning ijro etuvchi apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritishiga ruxsat berilsin.
4. Belgilansinki:
kompaniya tashkil etiladigan pudrat qurilish tashkilotlarining muassisi hisoblanadi;
kompaniya tomonidan tashkil etilgan pudrat qurilish tashkilotlari oʻz faoliyatini umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini rivojlantirishning tasdiqlangan dasturlari hisobga olingan holda belgilangan tartibda tuziladigan umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini va sunʼiy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini bajarish yuzasidan shartnomalarga muvofiq amalga oshiradilar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va “Oʻzavtoyoʻl” aksiyadorlik kompaniyasi kompaniyaning murojaatiga binoan kompaniyaning yangidan tashkil etiladigan pudrat qurilish tashkilotlarining haq undirmasdan tegishli ishlab chiqarish bazalarida (zarur muhandislik kommunikatsiyalariga, shuningdek temir yoʻl tarmogʻiga ulagan holda) joylashtirilishini taʼminlasinlar.
6. Vazirlar Mahkamasining “Transyoʻlqurilish” davlat kompaniyasining ijro etuvchi apparati tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 31-martdagi 55-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-fevral,
52-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 25-fevraldagi 52-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Transyoʻlqurilish kompaniyasi” davlat unitar korxonasi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Ijro etuvchi apparat boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 26 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 25-fevraldagi 52-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Transyoʻlqurilish kompaniyasi” davlat unitar korxonasining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Mintaqaviy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 28-fevraldagi PQ-804-son qarori bilan tashkil etilgan “Transyoʻlqurilish kompaniyasi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda Kompaniya deb ataladi) faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Kompaniya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Ustavga amal qiladi.
3. Kompaniya avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash yuzasidan tendyerlar gʻoliblari boʻlgan pudrat tashkilotlari bilan tuziladigan shartnomalar asosida, maxsus yoʻl-qurilish texnikasidan, asbob-uskunalaridan, shuningdek ularni ishlatish boʻyicha malakali xodimlardan foydalangan holda mexanizatsiyalashtirilgan yoʻl-qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshiradi.
4. Kompaniya Davlat unitar korxonasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob raqamlariga, shu jumladan valyuta hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasining gerbi tasviri tushirilgan, oʻzining toʻliq firma nomi davlat tilida koʻrsatilgan muhrga ega boʻladi va oʻz faoliyatini toʻliq xoʻjalik hisobi va oʻzini oʻzi moliyalashtirish prinsiplarida amalga oshiradi, ishlab chiqarish-xoʻjalik va moliyaviy faoliyat masalalarini mustaqil hal etadi.
5. Kompaniyaning yuridik manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, 100052, Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Katta Darhon koʻchasi, 15-uy.
6. Kompaniyaning faoliyat muddati cheklanmagan.
7. Kompaniyaning nomi:
a) toʻliq nomi:
davlat tilida: “Transyoʻlqurilish” kompaniyasi” Davlat unitar korxonasi;
rus tilida: Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Kompaniya “Transyulkurilish”;
ingliz tilida: State enterprise “Company “Transyoʻlqurilish”;
b) qisqartirilgan nomi:
davlat tilida: “Transyoʻlqurilish” DUK;
rus tilida: GUP “Transyulkurilish”;
ingliz tilida: SE “Transyoʻlqurilish”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kompaniyaning muassisi (keyingi oʻrinlarda muassis deb ataladi) hisoblanadi.
9. Kompaniya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni sotib olishi va amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi, nizolarni hal etishda boshqa organlarda vakillik qilishi mumkin.
10. Kompaniya muassisning roziligi bilan qonun hujjatlariga muvofiq ularda yuridik shaxslarning ishtirokiga yoʻl qoʻyiladigan tijorat tashkilotlarining, shuningdek notijorat tashkilotlarining qatnashchisi (aʼzosi) boʻlishi mumkin.
11. Kompaniya boshqa davlat unitar korxonasining muassisi boʻlishi mumkin emas.
II. Kompaniyaning predmeti, asosiy vazifalari va funksiyalari
12. Mexanizatsiyalashtirilgan yoʻl-qurilish va taʼmirlash ishlarini bajarish Kompaniya faoliyatining predmeti hisoblanadi.
13. Quyidagilar Kompaniyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha tendyerlar gʻoliblari boʻlgan pudrat tashkilotlari bilan tuziladigan shartnomalar asosida maxsus yoʻl-qurilish texnikasidan, asbob-uskunalaridan, shuningdek ularni ishlatish boʻyicha malakali xodimlardan foydalangan holda mexanizatsiyalashtirilgan yoʻl-qurilish va taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida bajarish;
Respublikaning umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;
Osiyo taraqqiyot banki bilan loyiha doirasida olinadigan yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan maqsadli va samarali foydalanilishini, ularning saqlanishini, ularga oʻz vaqtida texnik va profilaktik xizmat koʻrsatilishini va ularning zarur ish holatida saqlanishini taʼminlash;
Osiyo taraqqiyot bankining jalb etilgan qarziga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish va uning belgilangan qismini oʻz mablagʻlari hisobiga qaytarish.
14. Kompaniya quyidagi funksiyalarni bajaradi:
yoʻl-qurilish texnikasidan, asbob-uskunalaridan va ularni ishlatish boʻyicha malakali xodimlardan foydalangan holda mexanizatsiyalashtirilgan yoʻl-qurilish va taʼmirlash ishlarini bajarishga pudrat tashkilotlarining buyurtmanomalarini qabul qiladi va umumlashtiradi;
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash yuzasidan pudrat tashkilotlari — tendyerlar gʻoliblari bilan tuzilgan shartnomalar asosida yoʻl-qurilish texnikasidan, asbob-uskunalaridan va ularni ishlatish boʻyicha malakali xodimlardan foydalangan holda mexanizatsiyalashtirilgan yoʻl-qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshiradi. Bunda pudrat tashkiloti mexanizatsiyalashtirilgan ishlar bajarilganligi uchun belgilangan tariflarga muvofiq “Transyoʻlqurilish” kompaniyasiga haq toʻlaydi, avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha bajarilgan ishlarning umumiy hajmi esa — belgilangan tartibda pudratchi hisobiga yoziladi;
“Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining hududiy korxonalari bazalari hududida haq undirilmasdan joylashtiriladigan yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalari komplekslari tarkibida harakatchan hududiy boʻlinmalarni shakllantiradi;
yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan, shuningdek Kompaniya balansidagi boshqa mol-mulkdan maqsadli va samarali foydalanilishini, ularning zarur ish holatida saqlanishini taʼminlaydi;
“Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Oʻzyoʻlmashservis” yoʻl-taʼmirlash korxonasining ishlab chiqarish bazasida unga haq undirilmasdan beriladigan yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalariga texnik xizmat koʻrsatadi va ularni taʼmirlaydi;
xodimlarni yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish qoidalariga oʻqitadi;
yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan foydalanish va ularni saqlash qoidalari talablari bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazoratni amalga oshiradi;
tuzilgan bitimlarga muvofiq Osiyo taraqqiyot bankining jalb etilgan qarziga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishini va qarzning belgilangan qismi qaytarilishini taʼminlaydi;
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun yuklarni avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo tashish ishlarini bajaradi;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Amalga oshirilishi uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab etiladigan faoliyat turlari, ushbu Ustavning 14-bandida koʻrsatilgan faoliyat turlari bundan mustasno, Kompaniya tomonidan belgilangan tartibda tegishli litsenziya olingandan keyin amalga oshiriladi.
III. Kompaniyaning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
15. Kompaniya:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladigan mexanizatsiyalashtirilgan yoʻl-qurilish va taʼmirlash ishlariga tariflar belgilash;
pudrat tashkilotlarining yoʻl-qurilish texnikasiga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib bajariladigan ishlar hajmini prognozlashtirish;
yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan samarali foydalanilishini taʼminlashni hisobga olgan holda pudrat tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalarining joyini oʻzgartirish va ulardan foydalanishning navbatliligi va reja-jadvalini tartibga solish huquqiga ega.
16. Kompaniya:
tuzilgan shartnomalar shartlarining oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlashga;
yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan belgilangan normalar va qoidalarga muvofiq foydalanishga va saqlashga;
yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalarini oʻz vaqtida mukammal va joriy taʼmirlashga, ularga texnik xizmat koʻrsatishga;
yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan foydalanish samaradorligini oshirish tadbirlarini bajarishga;
yoʻl-qurilish texnikasi va asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalari buzilishining sabablarini tahlil qilishga, ularning oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrishga majbur.
17. Kompaniya tuzilgan shartnomalarga muvofiq mexanizatsiyalashtirilgan yoʻl-qurilish va taʼmirlash ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, shuningdek yoʻl-qurilish texnikasi profilaktikasining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi, ularning zarur tarzda saqlanishi va ulardan foydalanish uchun javob beradi.
IV. Kompaniya faoliyatini boshqarish
18. Kompaniya muassisga hisobot beradi.
19. Muassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
Kompaniya faoliyati maqsadlarini, predmeti va turlarini belgilash;
Kompaniyaning mol-mulki bilan tuzilgan bitimlarning haqiqiy emasligini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilish;
Kompaniyani istiqbolli rivojlantirishning strategik vazifalari va yoʻnalishlarini belgilash;
Kompaniyani rivojlantirishning oʻrtacha muddatli va uzoq muddatli dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;
mexanizatsiyalashtirish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlariga muvofiq ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish;
ichki audit xizmatini tashkil etish va uning xodimlarini tayinlash;
qoʻshma korxonalar tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish;
Kompaniyaning tashkiliy tuzilmasini va uning ijro etuvchi apparati tuzilmasini tasdiqlash;
ijro etuvchi organ faoliyati tartibini belgilaydigan hujjatlarni tasdiqlash huquqiga ega.
20. Kompaniyaga tezkor rahbarlik qilish Kompaniya direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya direksiyasiga direktor boshchilik qiladi.
21. Direktorning ikki nafar oʻrinbosari boʻladi, ulardan biri lavozimiga koʻra Kompaniyaning bosh muhandisi hisoblanadi.
22. Kompaniya direktori muassis tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
V. Kompaniyaning ustav fondi
23. Kompaniyaning ustav fondi Kompaniya tomonidan ishlab chiqarish — xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda muassis tomonidan oʻziga berilgan mablagʻlar, mol-mulk va boshqa aktivlar yigʻindisidan iborat boʻladi.
24. Kompaniyaning ustav fondi miqdori 8 749 078 042 soʻmni tashkil etadi.
25. Quyidagilar Kompaniyaning ustav fondini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
binolar, inshootlar, ishlab chiqarish vositalari va muassis tomonidan beriladigan boshqa mol-mulk;
pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, asosiy vositalar va muassis tomonidan yoki uning nomidan kiritiladigan boshqa mulkiy huquqlar.
VI. Kompaniyaning ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish tartibi
26. Kompaniyaning ustav fondi miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish Kompaniya Ustaviga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yoʻli bilan, muassisning qaroriga koʻra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VII. Kompaniyaning mol-mulkini tasarruf etish
27. Kompaniyaning mol-mulki quyidagi manbalardan hosil boʻladi:
binolar, inshootlar va “Oʻzavtoyoʻl” aksiyadorlik kompaniyasining “Oʻzyoʻlmashservis” yoʻl-taʼmirlash korxonasidan beriladigan boshqa mol-mulk;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasining pul ulushlari;
Osiyo taraqqiyot banki va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi qarzining qayta kreditlanadigan mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyati yuritishdan, shu jumladan tashqi iqtisodiy faoliyatdan olinadigan daromadlar;
ishlab chiqarish filiallari faoliyatidan tushumlar;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa tushumlar.
28. Muassis tomonidan Kompaniyaga tezkor boshqarish huquqi bilan biriktirilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar Kompaniyaning mol-mulkini tashkil etadi.
29. Kompaniyaning asosiy fondlari va aylanma mablagʻlari boʻlinmas hisoblanadi va omonatlar (ulushlar, paylar) boʻyicha taqsimlanishi mumkin emas.
30. Muassis Kompaniyaga berilgan davlat mol-mulkining maqsadli foydalanilishi va saqlanishi, shuningdek oʻzgaga berilishini nazorat qiladi.
31. Kompaniya direktori muassis bilan kelishgan holda quyidagi hollarda Kompaniya mol-mulkini tasarruf etishi mumkin:
asosiy vositalarni realizatsiya qilish, ijaraga yoki garovga berish;
mol-mulkni omonat sifatida xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondiga kiritish;
boshqa xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalarini (ulushlarini) sotib olish va sotish;
Kompaniya faoliyati maqsadlariga muvofiq boʻlmagan mol-mulkni boshqacha tarzda tasarruf etish.
VIII. Daromadni (foydani) taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi
32. Olingan daromadlar bilan amalga oshirilgan sarf-xarajatlar oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadigan foyda Kompaniya moliya-xoʻjalik faoliyatining asosiy umumlashtiruvchi koʻrsatkichi hisoblanadi.
Foydadan jalb etilgan qarzlarning belgilangan qismini qaytarishda va Kompaniyani rivojlantirishni moliyalashtirishda foydalaniladi.
Qarzning belgilangan qismini qaytarishda foyda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlangandan keyin Kompaniya tasarrufida qoladi va Kompaniyani rivojlantirishni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
33. Kompaniyaning xoʻjalik faoliyati natijasida koʻrilgan zararlarni qoplash ushbu maqsadlar uchun tashkil etilgan zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
IX. Zaxira jamgʻarmasini va boshqa jamgʻarmalarni tashkil etish tartibi
34. Kompaniya sof foydaning oʻz tasarrufida qoladigan qismi hisobiga zaxira jamgʻarmasini, shuningdek miqdori va shakllantirish tartibi muassis tomonidan tasdiqlanadigan boshqa jamgʻarmalarni tashkil etishi mumkin.
Zaxira jamgʻarmasini toʻldirishga asosiy vositalarni qayta baholash summasi va bepul olingan mol-mulk qiymati ham yoʻnaltiriladi.
X. Kompaniya direktorining funksiyalari, majburiyati va javobgarligi
35. Direktor:
Kompaniya nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi, shu jumladan uning manfaatlarini ifodalaydi, belgilangan tartibda bitimlar tuzadi;
Kompaniya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Kompaniya xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularning vakolatlarini belgilaydi;
oʻz vakolatlari doirasida Kompaniya mablagʻlarini belgilangan tartibda ishonchnomasiz tasarruf etadi;
Kompaniya nomidan shartnomalar tuzadi, bunday shartnomalarni tuzishga ishonchnomalar beradi;
xodimlarni ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalari tuzadi, ularni oʻzgartiradi va ularning amal qilishini toʻxtatadi;
Kompaniyaning barcha xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
Kompaniyaning xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
36. Quyidagilar direktorning majburiyatlari hisoblanadi:
Kompaniyaning ichki tartibi va xoʻjalik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash;
Kompaniyaning yillik hisobotlarini va moliya-xoʻjalik faoliyati balanslarini tasdiqlash;
davlat buyurtmasi bajarilishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan dasturlarning bajarilishini tashkil etish;
asosiy faoliyatni istiqbolli rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga, ishlab chiqarishni boshqarish tizimlarini takomillashtirishga, ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar koʻrish.
Direktor oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda Kompaniya manfaatlaridan kelib chiqib ish koʻradi va Kompaniyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi, ushbu Ustavga rioya qilinishi uchun javob beradi.
XI. Hisobotlarni tuzish tartibi
37. Kompaniya hisobot davri tamom boʻlgandan keyin vakolatli organlarga moliya hisobotini va boshqa hujjatlarni, shu jumladan elektron shaklda taqdim etadi, ularning roʻyxati qonun hujjatlarida belgilanadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning belgilangan tartibda davlat tomonidan saqlanishi uchun javob beradi.
38. Xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatida Kompaniya faoliyatini nazorat qilish muassis tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
39. Direktor yilning har choragida ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyati natijalari va Kompaniyani rivojlantirishning tasdiqlangan muhim dasturlari amalga oshirilishi toʻgʻrisida muassisga hisobot beradi.
XII. Kompaniyaning filiallari va vakolatxonalari
40. Kompaniya muassis bilan kelishib, qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda ham Oʻzbekiston Respublikasi hududida, ham uning tashqarisida filiallar tashkil etishi va vakolatxonalar ochishi mumkin.
41. Kompaniyaning filiallari va vakolatxonalari Kompaniya tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida, uning nomidan ish koʻradi.
42. Kompaniyaning filiali yoki vakolatxonasi rahbari muassis bilan kelishgan holda direktor tomonidan tayinlanadi va oʻziga berilgan ishonchnoma asosida ish yuritadi, ishonchnoma ushbu xodim bilan mehnat shartnomasi toʻxtatilganda direktor tomonidan bekor qilinishi kerak.
XIII. Kompaniyani tugatish va qayta tashkil etish
43. Kompaniya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda muassisning qarori boʻyicha yoki sudning qaroriga koʻra tugatilishi yoki qayta tashkil etilishi mumkin.
44. Kompaniyaning tugatilishi, huquq va majburiyatlar huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtkazilmasdan, uning faoliyati toʻxtatilishiga olib keladi. Qayta tashkil etishda huquq va majburiyatlar huquqiy vorisga oʻtadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 8-son, 80-modda)