Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Xalqaro avtomobil aloqasi toʻgʻrisida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar qulay rivojlanayotganini eʼtiborga olib,
ikki davlat oʻrtasida, shuningdek ular hududidan tranzit tarzda avtomobil aloqasini yanada rivojlantirish istagiga amal qilib,
oʻzaro foyda va manfaat koʻrish maqsadida quyidagi Bitimni tuzishga qaror qildilar.
1-modda
Ushbu Bitimga muvofiq ikki davlat oʻrtasida va ular hududi boʻylab tranzit tarzda, shuningdek uchinchi mamlakatlarga yoʻlovchilar va yuklarni muntazam hamda nomuntazam tashish amalga oshiriladi.
YOʻLOVChILAR TAShISh
2-modda
1. Ikki davlat oʻrtasida muntazam yoʻlovchilar tashish Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuvga binoan tashkil etiladi va birgalikda tasdiqlangan jadvallar va harakat yoʻnalishlari asosida amalga oshiriladi.
2. Bunday tashishlarni tashkil etish haqidagi takliflar Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari tomonidan oldindan bir-birlariga beriladi. Bu takliflar quyidagilar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
tashuvchi (firma)ning nomi,
harakat yoʻnalishi,
harakat jadvali,
tarif,
tashuvchi yoʻlovchilarni oladigan va tushiradigan toʻxtash punktlari, shuningdek,
tashishlarni bajarishning moʻljallanayotgan davri va muntazamligi.
3. Ikki davlat hududlari orqali yoʻlovchilarni muntazam tranzit tarzda tashishni amalga oshirish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi. Bunday tashishlar Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari kelishuvi boʻyicha amalga oshiriladi.
3-modda
1. Ikki davlat oʻrtasida, shuningdek ular hududlari orqali tranzit tarzda nomuntazam yoʻlovchilarni tashishni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi, ushbu Bitimning 4-moddasida koʻzda tutilgan tashishlar bundan mustasnodir.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan yoʻlovchilarni nomuntazam tashishni amalga oshirishga ruxsatnoma berish haqidagi iltimosnoma tashuvchi tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organiga yoʻllanadi.
3. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan ruxsatnomalar har bir holga u tomonga va orqaga bitta qatnovni amalga oshirish huquqini beradi.
4-modda
1. Agar bir tarkibdagi yoʻlovchilar guruhi bitta avtobusda ana shu avtobus roʻyxatga olingan Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boshlanadigan va tamom boʻladigan butun safar davomida tashilsa, yoʻlovchilarni nomuntazam tashishni bajarish uchun ushbu Bitimning 3-moddasi 1-bandida koʻzda tutilgan ruxsatnoma talab etilmaydi.
2. Nosoz avtobus boshqa avtobusga almashtirilganda, shuningdek texnik yordam avtomobillari borayotganda ruxsatnoma talab etilmaydi.
3. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan tashishlarni bajarganda, avtobus haydovchisi safar boshlanishidan oldin toʻldirilgan yoʻlovchilar tashish formulyariga ega boʻlishi kerak.
YuK TAShISh
5-modda
1. Ikki davlat oʻrtasida va ular hududlari orqali tranzit tarzda yuklar tashish, shuningdek, bir Ahdlashuvchi Tomon tashuvchisi tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududidan uchinchi davlatga yuklarni tashish Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
2. Har bir yuk tashishga u tomonga va orqaga bitta qatnovni amalga oshirish huquqini beradigan alohida ruxsatnoma berilishi kerak.
3. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan yuklarni tashish nakladnoylar boʻyicha amalga oshirilishi kerak, ularning shakli xalqaro namunalarga mos boʻlishi lozim.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari har yili bir-birlariga yuklarni tashishga oʻzaro kelishilgan miqdordagi ruxsatnomalar blanklarini beradilar. Bu blanklarda ruxsatnomalarni bergan vakolatli organning muhri va imzosi boʻlishi kerak.
6-modda
1. Quyidagi tashishlarni bajarishda ushbu Bitimning 5-moddasida koʻzda tutilgan ruxsatnomalar talab etilmaydi:
a) doimiy yashash joyiga koʻchishda koʻchadigan mulkni tashishda;
b) vafot etganlarning xoki va jasadlarini tashishda;
v) yarmarkalar va koʻrgazmalarga moʻljallangan materiallar va buyumlarni tashishda;
g) sport va tomosha tadbirlarini oʻtkazish, ovoz yozib olish, televideniyega va kinoga olish uchun moʻljallangan texnik vositalar, uskunalar, hayvonlar va turli boshqa mulk hamda jihozlarni tashishda;
d) pochta joʻnatmalarini tashishda;
e) shikastlangan avtotransport vositalariga texnik yordam koʻrsatish bilan bogʻliq tashishlarda;
j) shoshilinch yordam koʻrsatish uchun, ayniqsa tabiiy ofatlar roʻy berganda tibbiy uskunalarni tashishda;
z) toʻla ogʻirligi tirkamani ham qoʻshib hisoblaganda 6 tonnadan yoki yuk koʻtarishi 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtotransport vositalari bilan yuk tashishda.
2. Ushbu moddaning 1-bandi “v” va “g” kichik bandlarida koʻzda tutilgan istisnolar faqat yuk olib chiqib ketiladigan hollardagina amal qiladi.
3. Uchinchi davlatdan qaytishda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga yuk tashishni bajarishda agar mantiqiy tashish yoʻnalishi shu hududdan oʻtsa, ruxsatnomalar talab etilmaydi.
UMUMIY QOIDALAR
7-modda
1. Agar avtotransport vositasi oʻlchovlari yoki ogʻirligi yuksiz yoki yuk bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida belgilangan meʼyorlardan ortiqcha boʻlsa, shuningdek uning hududida amal qilayotgan meʼyorlarga muvofiq tashilayotgan yuklar xavfli sifatida belgilangan boʻlsa, tashuvchi boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organidan maxsus ruxsatnoma olishi kerak.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari ana shunday ruxsatnoma berish haqidagi iltimosnomaga uni olgan kundan boshlab 10 kundan kechikmay javob berishlari kerak.
3. Ushbu moddaning 1-bandida eslatilgan ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yoʻnalish boʻyicha harakatlanishini koʻzda tutsa, tashish ana shu yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
8-modda
1. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan tashishlar oʻz davlatining ichki qonunlariga muvofiq faqat xalqaro tashishlarni amalga oshirishga qoʻyilgan tashuvchilar tomonidan bajarilishi mumkin.
2. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan tashishlarni amalga oshirayotgan avtotransport vositalari milliy roʻyxatga olish va oʻz mamlakatining farqlovchi belgilariga ega boʻlishi kerak.
9-modda
Agar tegishli Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organining maxsus ruxsatnomasi olinmagan boʻlsa, tashuvchiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida joylashgan manzillar orasida yoʻlovchilar yoki yuklarni tashishni amalga oshirishga ruxsat etilmaydi.
10-modda
Avtotransport haydovchisi milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomasiga va avtotransport vositasining milliy registratsiya hujjatlariga ega boʻlishi kerak.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning tashuvchilari va avtotransport vositalari haydovchilari hududida tashishlar bajarilayotgan davlatning yoʻl harakati qoidalari va huquqiy normalariga rioya etishga majburdirlar.
12-modda
1. Ushbu Bitim asosida tashishlar bajarilayotganda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga olib kirilayotgan quyidagi narsalar bojxona yigʻimlari, bojlari va ruxsatnomalaridan oʻzaro ozod qilinadi:
a) motorni energiya bilan taʼminlash tizimi va avtotransport vositasi sovutish qurilmasi bilan bogʻliq tizimga texnik va konstruksiya jihatidan bogʻliq boʻlgan, uni ishlab chiqargan zavod tomonidan koʻzda tutilgan idishlardagi yonilgʻi;
b) tashishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan miqdordagi moylash materiallari;
v) tashishni bajarayotgan avtotransport vositalarini taʼmirlash uchun moʻljallangan ehtiyot qismlar va asboblar.
2. Ishlatilmagan ehtiyot qismlar qaytarib olib chiqib ketilishi, almashtirilgan detallar esa davlatdan olib chiqib ketilishi yoxud tegishli Ahdlashuvchi Tomon bojxonasi vakillari ishtirokida yoʻq qilinishi kerak.
13-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlat hududida roʻyxatga olingan va ushbu Bitim asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida yoʻlovchilar yoki yuklarni tashishni bajarayotgan transport vositalari ana shu hududda transport vositalaridan foydalanganlik va ularga egalik qilganlik, shuningdek transport operatsiyalarini amalga oshirganlik uchun olinadigan hamma turdagi toʻlovlar, yigʻimlar va soliqlardan oʻzaro ozod qilinadilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida eslatib oʻtilgan ozod qilishlar yoʻllar, koʻpriklar va boshqa inshootlardan foydalanganlik uchun toʻlovlarga, qoʻshimcha qiymatdan olinadigan soliqlarga va yonilgʻi olganlik uchun aksiz soligʻiga taalluqli boʻlmaydi.
14-modda
Chegara, bojxona va sanitariya nazoratiga, shuningdek ushbu Bitimda alohida qayd etilmagan boshqa barcha masalalarga nisbatan Ahdlashuvchi Tomonlar qatnashchilari hisoblangan xalqaro bitimlarning qoidalari, ular yoʻq boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Tomonning ichki qonunlari va qoidalari qoʻllanadi.
15-modda
Ogʻir bemorlarni tashishda, yoʻlovchilarni avtobuslar bilan muntazam tashishda, shuningdek hayvonlar va tez buziladigan yuklarni tashishda chegara, bojxona va sanitariya nazorati navbatdan tashqari amalga oshiriladi.
16-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlat hududida ushbu Bitimning u yoki bu qoidasi buzilishiga yoʻl qoʻyilgan holda avtotransport vositasi roʻyxatga olingan davlatning vakolatli organi boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organi iltimosiga koʻra ushbu Bitimning bajarilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan barcha tadbirlar va jazo choralarini koʻradi. Vakolatli organ boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organini koʻrilgan choralar haqida xabardor qiladi.
17-modda
Ushbu Bitimni bajarishga koʻmaklashish va vujudga kelayotgan nizoli masalalarni hal etish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar ular vakolatli organlari vakillaridan Aralash Komissiyani tashkil etadilar, uning majlislari zaruratga koʻra, lekin yiliga kamida bir marta Ahdlashuvchi Tomonlar davlat hududlarida navbati bilan oʻtkaziladi. Aralash Komissiya qarorlari protokol bilan rasmiylashtiriladi.
18-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar tuzgan boshqa xalqaro shartnomalar va Bitimlardan kelib chiqadigan ularning huquqlari hamda majburiyatlariga daxl qilmaydi.
19-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar diplomatik kanallar boʻyicha har bir davlatda amal qilayotgan qonunlarda koʻzda tutilgan tadbirlar bajarilgani haqida bir-birlarini xabardor qilganlaridan keyin 30 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim bir yil davomida amalda boʻladi va shundan keyin uning amal qilishi Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni Bitimning bekor qilinishi haqida uning navbatdagi amal qilish muddati tugashidan kamida uch oy oldin xabardor qilmaguncha avtomatik tarzda yildan yilga davom ettirilaveradi.
Toshkent shahrida 1996-yil 23-mayda ikki nusxada, oʻzbek, latish va rus tillarida tuzildi, bunda hamma matnlar bir xil kuchga ega. Bitim moddalari turlicha talqin qilinganda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)