O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida yoshlar ta’lim-tarbiyasi va xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilash, mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Toshkent shahrida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, milliy g‘oya targ‘ibotini kuchaytirish orqali ta’lim-tarbiyasini yanada yaxshilash, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda mahalla fuqarolar yig‘inlari rolini oshirish, xotin-qizlar va oila muammosini izchil o‘rganish hamda ma’naviy dunyoqarashni sog‘lomlashtirishga doir tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Moliya vazirligi bilan kelishilgan taklifi ma’qullansin.
Taklifga ko‘ra joriy yilda eksperiment tariqasida:
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida joylashgan umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti yetakchilariga “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati mablag‘lari hisobidan umumta’lim maktablarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,46 barobari miqdorida, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,81 barobari miqdorida ustama ish haqi to‘lanishini belgilash;
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Toshkent shahridagi yuqori natijalarga erishgan, samarali mehnat qilgan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan bir lavozim maoshi miqdorida, lekin yiliga lavozim maoshining 5 barobaridan oshmaydigan miqdorda qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirish;
“Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida Olmazor, Shayxontohur va Uchtepa tumanlarida tashkil etilgan Ayollar maslahat markazlari faoliyatining ijobiy natijalaridan kelib chiqib, Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan Toshkent shahrining boshqa tumanlarida ham ushbu markazlarni tashkil etish va ularning faoliyatini ta’minlash.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligining o‘z vazifalarini vijdonan va mas’uliyat bilan bajarayotgan respublikadagi tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislarini, profilaktika (katta) inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yilda:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 346-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2019-y., 09/19/346/2994-son)
bir oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirgan holda mukofotlash;
bir oylik ish haqi fondining 50 foizi miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirgan holda moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislarining takliflariga binoan, raislarini esa — “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi raisi takliflariga ko‘ra fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish tuman kengashlari qarori asosida amalga oshiriladi.
4. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi bilan birgalikda:
eksperiment o‘tkazilayotgan ta’lim muassasalaridagi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti yetakchilarini yoshi 35 yoshgacha bo‘lgan, oliy ma’lumotli, ish faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, yetakchilik va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan iqtidorli yoshlar orasidan belgilangan tartibda saylash bo‘yicha vaqtinchalik tartibni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tizimli monitoring tashkil etib, yosh avlod qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhini singdirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Toshkent shahar hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi:
ikki hafta muddatda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining ish faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini belgilashni va ular asosida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari umumiy sonining 75 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashlari qarorlari asosida qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin;
budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan mahalla fuqarolar yig‘inlarining faol va tashabbuskor raislari hamda boshqa xodimlariga mukofot va ustamalar belgilashning amaldagi mexanizmlaridan keng foydalansin.
6. Toshkent shahar hokimligi va Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi:
ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent shahar va tuman bo‘limlarini Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qo‘llab-quvvatlash;
markazning Toshkent shahar tuman bo‘limlarining xodimlarini bir oylik maoshi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirish hamda samarali targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, ularni uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsinlar.
7. Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrining 2016-yilgi mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan jami 2,2 mlrd so‘m, shu jumladan:
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limiga — Toshkent shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun 1,0 mlrd so‘mgacha va Ayollar maslahat markazlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 700,0 mln so‘mgacha;
Ma’naviyat targ‘ibot markazi shahar bo‘limiga — shahar va tuman bo‘limlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 500,0 mln so‘mgacha mablag‘larni ajratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Toshkent shahrida eksperiment tarzida o‘tkaziladigan tadbirlarni moliyalashtirish hisob-kitobi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
9. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va Ma’naviyat targ‘ibot markazi 2016-yil 1-avgustgacha eksperiment natijalarini o‘rganib, tegishli xulosa va takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Y. Xodiyev va Toshkent shahar hokimi R.J. Usmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 5-fevral,
30-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 6-son, 53-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 09/18/327/1173-son; 23.04.2019-y., 09/19/346/2994-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)