O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish tartibini takomillashtirishga yo‘naltirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuniga muvofiq, shuningdek siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini va ularning saylov kampaniyasidagi ishtirokini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 13-yanvar,
9-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-yanvardagi 9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-yanvardagi 37-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.01.2021-y., 09/21/37/0067-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-martdagi 86-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 3-4-son, 16-modda) bilan tasdiqlangan Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga ajratilgan davlat mablag‘lari partiya tomonidan partiyaning ustavda nazarda tutilgan vazifalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadi.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga ajratilgan davlat mablag‘larini sarflashda siyosiy partiyalarga nisbatan budjet mablag‘larini sarflash talablari, tartibi, normativlari, shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar uchun belgilangan buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritish qo‘llanmaydi.
Har yili ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga davlat mablag‘lari oladigan siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tasdiqlangan xarajatlar smetasini, shuningdek o‘zlarining banklar tomonidan tasdiqlangan hisob raqamlarini quyidagi muddatlarda taqdim etadilar:
yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining birinchi yilida — siyosiy partiya davlat tomonidan moliyalashtirish huquqini oladigan oy boshlangungacha;
keyingi yillarda — navbatdagi moliya yilidan oldingi yilning o‘ninchi dekabrigacha.
Xarajatlar smetasiga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda partiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida 10 kun muddatda yozma xabar beradi. Bunda joriy yil xarajatlar smetasiga joriy yilning 15-dekabridan keyin o‘zgartirishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”;
b) 8-bandda:
“davlat budjeti” va “O‘zbekiston Respublikasi Qonunida” so‘zlari tegishli ravishda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti” va “O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirishga Yagona g‘aznachilik hisob raqamidan ajratiladigan budjet mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasi, smetada budjet tizimining budjetlar xarajatlari iqtisodiy klassifikatsiyasini bir satrda aks ettirgan holda, umumiy summa uchun tuziladi”;
v) 15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Siyosiy partiya tomonidan moliya yili mobaynida foydalanilmagan davlat mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilmaydi va ulardan kelgusi yillarda ularning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun foydalaniladi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 3-son, 24-modda; 27.01.2021-y., 09/21/37/0067-son)