O‘zbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT BUDJETINING G‘AZNA IJROSI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-361-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining (shu jumladan davlat maqsadli jamg‘armalarining) va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘larining g‘azna ijrosi (bundan buyon matnda Davlat budjetining g‘azna ijrosi deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Davlat budjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Davlat budjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Davlat budjeti g‘azna ijrosining asosiy prinsiplari
Davlat budjeti g‘azna ijrosining asosiy prinsiplari kassaning yagonaligi hamda buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishning yagonaligidan iborat.
4-modda. Davlat budjetining g‘azna ijrosi
Davlat budjetining g‘azna ijrosi Davlat budjetining barcha daromadlarini yagona g‘azna hisobvarag‘iga kiritishdan, shuningdek Davlat budjetining xarajatlarini shu hisobvaraqdan to‘lashdan iborat.
5-modda. Davlat budjetining g‘azna ijrosi muddatlari
Davlat budjetining g‘azna ijrosi moliya yili mobaynida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan qo‘shimcha vaqt davrida amalga oshiriladi.
6-modda. G‘aznachilik
Davlat budjetining g‘azna ijrosi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladigan maxsus vakolatli moliya organi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlardagi hududiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda G‘aznachilik deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
7-modda. G‘aznachilikning asosiy vazifalari
G‘aznachilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Davlat budjetining kassa ijrosi;
Davlat budjeti mablag‘larining tushumi va sarfi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Davlat budjeti mablag‘larini boshqarish, yagona g‘azna hisobvarag‘ini va hududiy g‘azna hisobvaraqlarini yuritish;
budjet mablag‘lari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi) bilan tuzilgan shartnomasini, shuningdek buyurtmachining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kapital qurilish uchun tuzilgan shartnomasini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish;
Davlat budjetida qaysi yuridik yoki jismoniy shaxslar uchun mablag‘lar nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘sha yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan va ularning topshirig‘iga binoan to‘lovlarni amalga oshirish;
Davlat budjeti g‘azna ijrosining buxgalteriya hisobini yuritish;
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va hisobotni tuzish;
O‘zbekiston Respublikasining davlat ichki va tashqi qarzlariga xizmat ko‘rsatish, O‘zbekiston Respublikasining kafolatlarini ijro etish.
(7-modda matni O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 17-dekabrdagi O‘RQ-130-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 50-51-son, 509-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasiga kelayotgan barcha turdagi, shu jumladan nomoddiy shakldagi insonparvarlik yordami hamda texnik ko‘maklashish vositalarini to‘liq va tizimli hisobga olish.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 6-apreldagi O‘RQ-204-sonli Qonuniga asosan o‘ninchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2009-y., 15-son, 174-modda)
8-modda. G‘aznachilikning boshqa organlar va tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlari
G‘aznachilik o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda bajaradi. Mazkur organlar va tashkilotlar Davlat budjetining kassa ijrosini amalga oshirishda, uning mablag‘larini boshqarishda, Davlat budjeti mablag‘larining tushumi va sarfi ustidan nazoratni amalga oshirishda G‘aznachilikka ko‘maklashishlari shart.
G‘aznachilik bilan davlat soliq, bojxona xizmati organlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar, Davlat budjetida mablag‘lar nazarda tutilgan yuridik shaxslar, shuningdek budjet jarayonining boshqa ishtirokchilari Davlat budjetining g‘azna ijrosi sohasidagi ma’lumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda almashib turadilar.
Davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar, Davlat budjetida mablag‘lar nazarda tutilgan yuridik shaxslar, shuningdek budjet jarayonining boshqa ishtirokchilari G‘aznachilikka taqdim etiladigan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va asosliligi uchun javobgar bo‘ladilar.
9-modda. G‘aznachilikning bank hisobvaraqlari
Yagona g‘azna hisobvarag‘i G‘aznachilik tomonidan boshqariladigan maxsus bank hisobvarag‘i bo‘lib, bu hisobvaraqqa Davlat budjeti mablag‘lari hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari kiritiladi. Yagona g‘azna hisobvarag‘idan Davlat budjetida mablag‘lar nazarda tutilgan yuridik va jismoniy shaxslarning xarajatlari to‘lanadi, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlari amalga oshiriladi.
Yagona g‘azna hisobvarag‘i belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida G‘aznachilik tomonidan ochiladi.
G‘aznachilik O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida va o‘zga banklarda boshqa bank hisobvaraqlari ochish huquqiga ega.
G‘aznachilikning bank hisobvaraqlaridan mablag‘larning so‘zsiz tartibda hisobdan chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
10-modda. Davlat budjeti daromadlarini hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘larini hisobga kiritish
Davlat budjetiga to‘lanadigan soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar yagona g‘azna hisobvarag‘iga kiritilib, ular tegishincha respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, mahalliy budjetlar, davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlarida aks ettiriladi. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari yagona g‘azna hisobvarag‘iga kiritilib, ular mazkur tashkilotlarning daromadlarida aks ettiriladi
Davlat budjetiga chet el valyutasida to‘lanadigan soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shuningdek budjet tashkilotlarining chet el valyutasida tushadigan budjetdan tashqari mablag‘lari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar nazarda tutilgan bo‘lmasa, G‘aznachilikning bankdagi valyuta hisobvaraqlariga kiritiladi.
11-modda. Soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini qaytarish
G‘aznachilik yuridik va jismoniy shaxslarga ular tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yagona g‘azna hisobvarag‘idan yoki G‘aznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridan qaytarilishini amalga oshiradi.
12-modda. Davlat budjetining xarajatlarini amalga oshirish
Davlat budjetining xarajatlari yagona g‘azna hisobvarag‘i yoki G‘aznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridan belgilangan muddatlarda va tegishincha respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, mahalliy budjet, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘larining qoldiqlari doirasida amalga oshiriladi.
13-modda. Mablag‘larni sudning qaroriga binoan o‘tkazish, dotatsiyalar va ssudalarni o‘tkazish
Mablag‘larni sudning qaroriga binoan o‘tkazish, dotatsiyalar va ssudalarni o‘tkazish yagona g‘azna hisobvarag‘idan yoki G‘aznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridan Davlat budjetida mablag‘lar nazarda tutilgan yuridik va jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlariga g‘aznachilik tomonidan o‘tkaziladi.
14-modda. Davlat budjeti mablag‘larini boshqarish
G‘aznachilik yagona g‘azna hisobvarag‘idagi va G‘aznachilikning boshqa bank hisobvaraqlaridagi Davlat budjeti mablag‘larini ularni Davlat budjetining xarajatlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun yo‘naltirish, shuningdek Davlat budjeti bo‘sh mablag‘larini bank depozitlari va boshqa aktivlarga vaqtincha joylashtirish hamda ular hisobidan respublika budjetiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, mahalliy budjetga, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalariga budjet ssudalari berish yo‘li bilan boshqarib boradi.
15-modda. Davlat budjeti g‘azna ijrosining buxgalteriya hisobi
Davlat budjeti g‘azna ijrosining buxgalteriya hisobi G‘aznachilik tomonidan, shuningdek davlat soliq va bojxona xizmati organlari, budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan Davlat budjeti g‘azna ijrosining buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarining yagona rejasi va budjet tasnifi asosida tashkil etiladi hamda amalga oshiriladi.
Davlat budjeti g‘azna ijrosining buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarining yagona rejasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
16-modda. Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot G‘aznachilik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlarning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar G‘aznachilik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligiga, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar moliya organlariga taqdim etiladi.
17-modda. Nizolarni hal qilish
Davlat budjetining g‘azna ijrosi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
18-modda. Davlat budjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Davlat budjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-avgust,
664-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 43-son, 453-modda; 2007-y., 50-51-son, 509-modda; 2009-y., 15-son, 174-modda)