Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Protokol
Ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf etish toʻgʻrisida Bitimga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati,
2000-yil 2-martda Praga shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish xamda daromad va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf etish toʻgʻrisida Bitimga (bundan buyon matnda “Bitim” deb yuritiladi) oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Protokol qabul qilish istagini bildirib,
kuyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimning 7-moddasi 1-bandi quyidagi tahrirda oʻzgartiriladi:
“1. Agar korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻsha yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining foydasi faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar korxona oʻz faoliyatini yuqorida aytilganidek amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning foydasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda faqat mazkur doimiy muassasa faoliyatiga taalluqli qismida soliqqa tortilishi mumkin”.
2-modda
1. 10-moddaning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya qaysi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, ushbu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo dividendlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlsa, unda shu tarzda undiriladigan soliqning miqdori:
a) dividendlar umumiy miqdorining 5 foizidan oshmasligi kerak, agar haqiqiy ega kompaniya kapitalining kamida 25 foiziga ega boʻlgan dividend toʻlaydigan kompaniya boʻlsa;
b) boshqa barcha holatlarda dividendlar umumiy miqdorining 10 foizidan oshmasligi kerak.
Bu band kompaniyaning dividendlar toʻlanadigan foydasining soliqqa tortilishiga daxl qilmaydi.”.
2. Bitimning 10-moddasi 3-bandidagi “foydani taqsimlaydigan” soʻz birikmasi “toʻlovni amalga oshiradigan” soʻz birikmasi bilan oʻzgartiriladi.
3-modda
1. Bitim 11-moddasi 3-bandining a) kichik bandi quyidagilarga oʻzgartiriladi:
“a) olingan va quyidagilarga tegishli boʻladi:
(I) boshqa Ahdlashuvchi Davlatning Hukumati, maʼmuriy-hududiy boʻlinmasi yoki mahalliy hokimiyat organiga, ushbu boshqa Davlatning Markaziy bankiga yoki boshqa Davlatning Hukumatiga tegishli boʻlgan yoki u tomonidan nazorat qilinadigan istalgan moliyaviy muassasaga;
yoki
(II) boshqa Ahdlashuvchi Davlatning Hukumati, ushbu boshqa Davlatning Markaziy banki yoki ushbu Hukumatga tegishli boʻlgan yoxud u nazorat qiladigan istalgan moliyaviy muassasa tomonidan kafolatlangan yoki sugʻurtalangan qarz yoki kreditga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga;”
2. Bitimning 11-moddasining 4-bandi kuyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Foizlar” atamasi 10-moddaning 3-bandi qoidalari bilan dividendlar sifatida qaraladigan hech qanday daromad turlarini oʻz ichiga olmaydi.”.
4-modda
Bitimning 12-moddasining 3-bandi “videokassetalar” soʻzini “vizual yoki ovozli takror hosil qilishning istalgan boshqa vositalari” soʻz birikmasi bilan oʻzgartirilsin.
5-modda
Bitimning 13-moddasi 4-bandi quyidagicha oʻzgartirilsin:
“4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniyaning aksiyalarini uchinchi shaxsga berishdan yoki boshqa foizlardan olgan daromadlari ushbu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.”.
6-modda
Bitimning 14-moddasi 1-bandi b) kichik bandi quyidagi matnga almashtirilsin:
“b) agar uning boshqa Davlatda boʻlishi tegishli moliya yilida boshlanadigan yoki tugaydigan istalgan 12 oylik davrda jami 183 kunni tashkil etadigan yoki undan oshadigan davr yoxud davrlar mobaynida davom etsa; ushbu holda uning mazkur boshqa Davlatdagi faoliyatidan olingan daromad qismigina soliqqa tortilishi mumkin.”.
7-modda
Bitimning 23-moddasi kuyidagi matnga oʻzgartirilsin:
“23-modda. Ikkiyoqlama soliq solishni bartaraf etish
1. Oʻzbekiston rezidentiga nisbatan qoʻllanganda ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston rezidenti ushbu Bitim qoidalariga muvofiq Chexiya Respublikasida soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki mol-mulkka egalik qilsa, Oʻzbekiston:
a) ushbu rezident daromad soligʻidan Chexiyada toʻlangan daromad soligʻiga teng summani chegirishga;
b) ushbu rezidentning mol-mulk soligʻidan Chexiyada toʻlangan mol-mulk soligʻiga teng miqdorni chegirishga ruxsat berishi kerak.
Bunday chegirmalar har qanday holda chegirishgacha hisoblangan mazkur holda holatlarga bogʻliq holda Chexiyada soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki mol-mulkka taalluqli boʻlgan daromad yoki mol-mulk soligʻi tegishli qismidan oshmasligi kerak.
2. Chexiya Respublikasi qonun hujjatlarining Chexiya Respublikasi rezidentiga nisbatan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olishga taalluqli qoidalarini hisobga olgan holda ikkiyoqlama soliqqa tortish quyidagicha bartaraf etiladi:
Chexiya Respublikasi oʻz rezidentlaridan soliq undirishda, mazkur Bitim qoidalariga koʻra Oʻzbekistonda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki mol-mulk turlaridan olinadigan soliqlarni soliq bazasiga kiritishi mumkin, biroq hisoblangan soliq miqdoridan Oʻzbekistonda toʻlangan soliqqa teng miqdorni ushbu bazadan chegirishga ruxsat beradi.
Bunday chegirmalar har qanday holda Chexiya soligʻining chegirishga qadar hisoblangan, mazkur xolda mazkur Bitim qoidalariga muvofiq Oʻzbekistonda soliq solinishi mumkin boʻlgan daromad yoki mol-mulkka taalluqli boʻlgan qismidan oshmasligi kerak.
3. Mazkur Bitimning biror-bir qoidasiga muvofiq Ahdlashuvchi Davlat rezidenti egalik qiladigan, olingan daromad yoki mol-mulk ushbu Davlatda soliqqa tortishdan chiqarilgan boʻlsada, ushbu Davlat mazkur rezident daromadi yoki mol-mulkining qolgan qismiga soliq miqdorini hisoblayotganda soliq solishdan chiqarilgan daromad yoki mol-mulk miqdorini hisobga olishi mumkin.
4. Mazkur moddaning 1, 2 va 3-bandlari maqsadlari uchun Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga tegishli boʻlgan. mazkur Bitimga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan rezident olgan daromad va unga tegishli mol-mulk ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi manbalardan olingan va ushbu boshqa Davlatga tegishli deb hisoblanadi.”.
8-modda
Bitimning 27-moddasi quyidagi tahrirda oʻzgartirilsin:
“27-modda. Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitim qoidalarini bajarish uchun yoxud Ahdlashuvchi Davlatlar yoki ularning maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari nomidan undiriladigan har qanday turdagi va tavsifdagi soliqlarga taalluqli maʼmuriyatchilik yoki milliy qonun hujjatlari boʻyicha olish mumkin boʻlgan axborotni ushbu qonun hujjatlari boʻyicha soliq solish ushbu Bitimga zid boʻlmagan darajada almashinadilar. Axborot almashish 1 va 2-moddalar bilan cheklanmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlat tomonidan mazkur moddaning 1-bandi doirasida olingan har qanday axborot xam, shu Davlat ichki qonun hujjatlariga muvofiq olingan axborot singari, xuddi shu maʼnoda maxfiy hisoblanadi hamda 1-bandda tilga olingan yoki yuqorida koʻrsatilganidek muayyan soliqlarni belgilash yoki undirish, majburiy undirish yoki sud orqali taʼqib qilish yoxud ularga nisbatan apellatsiyalarni koʻrib chiqish bilan bogʻlik shaxslar yoki organlargagina (shu jumladan sudlar va maʼmuriy organlar) ochib beriladi. Bunday shaxslar yoki organlar bu axborotdan faqat shu maqsadlarda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisi vaqtida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
3. Hech qanday holatda ham mazkur moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlardan birining zimmasiga kuyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoidalar sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning ichki qonunlariga yoki maʼmuriy taomiliga zid boʻlgan maʼmuriy choralar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning ichki qonunlariga koʻra yoki maʼmuriy taomili davomida olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
s) savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki xizmat sirini yoxud savdo jarayonini ochib beruvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga (jamoat tartibiga) zid kelishi mumkin boʻlgan axborotni taqdim etish.
4. Agar axborot bir Ahdlashuvchi Davlat tomonidan mazkur moddaga muvofiq soʻralsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlat soʻralgan axborotni hatto agar bunday axborot ushbu boshqa Davlatga oʻz soliq maqsadlari uchun talab qilinmasa-da, olish uchun chora-tadbirlarni koʻrib, oʻzining axborotidan foydalanadi. Bundan avvalgi jumlada keltirilgan majburiyatlar mazkur moddaning 3-bandidagi cheklovlar obyekti hisoblanadi, biroq hech qanday holda bunday cheklovlar Ahdlashuvchi Davlatga uning manfaatdorligi yoʻqligi sababli axborot taqdim etishdan bosh tortishga ruxsat beradi deb qarash mumkin emas.
5. Mazkur moddaning 3-bandi birorta qoidasi Ahdlashuvchi Davlatga faqat axborotning egasi bank yoki boshqa moliyaviy muassasa yoki ishonchli vakil hisoblanishi yoki axborot shaxsning mulk huquqlariga tegishli ekanligi sababli axborot taqdim etishdan voz kechishga ruxsat beradi deb qaralmasligi kerak.”.
9-modda
Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri ushbu Protokolning kuchga kirishi uchun qonunchilikka muvofiq talab etiladigan protseduralarni bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlariga diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar. Bitimning ajralmas qismi hisoblangan ushbu Protokol oxirgi ana shunday xabarnoma olingan kundan kuchga kiradi va ikkala Davlatda Protokol kuchga kirgan yildan keyingi kalendar yilning 1-yanvaridan yoki 1-yanvardan keyin boshlanadigan soliq davrlari mobaynida amal qiladi.
Buni tasdiqlash uchun, bunga tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar mazkur Protokolni imzoladilar.
Praga shahrida 2011-yil 8-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, chex va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)