Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Normativ-huquqiy atamalar komissiyasining Nizomi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2012-yil 18-apreldagi 472-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Normativ-huquqiy atamalar komissiyasining nizomi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 16-aprel,
776-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2008-yil 16-apreldagi 776-I-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Normativ-huquqiy atamalar komissiyasining
NIZOMI
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) qonun loyihalarining adabiy tilning amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga qatʼiy rioya etilishini, tahriri mukammal, ifodalanishi ravon va yuridik atamashunoslik talablariga mos boʻlishini taʼminlash maqsadida tuziladi.
2-modda. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) deputatlari orasidan rais, rais oʻrinbosari, kotib va aʼzolardan iborat tarkibda Palata qarori bilan tuziladi.
3-modda. Komissiya zimmasidagi vazifalarni hisobga olib va uning faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash uchun Komissiya tarkibiga Palata Devoni (bundan buyon matnda Devon deb yuritiladi) xodimlari ham kiritilishi mumkin.
4-modda. Komissiya aʼzosi Komissiya ishida qatnashishi shart.
5-modda. Muhokamaga qoʻyiladigan qonun loyihasi bilan puxta tanishib chiqish Komissiya har bir aʼzosining zimmasidagi vazifadir.
6-modda. Komissiyaning Palata yalpi majlisiga ikkinchi oʻqishda, zaruratga qarab, uchinchi oʻqishda kiritilayotgan qonun loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishida masʼul qoʻmita raisi va qonun loyihasi boʻyicha maʼruzachi qatnashishi shart, shuningdek masʼul qoʻmitaning boshqa aʼzolari ham ishtirok etishi maqsadga muvofiqdir.
7-modda. Qonun loyihasining muhokamasi vaqtida tegishli sohaga doir atamalar xususida kelib chiqishi mumkin boʻlgan masalalarni hal etish uchun Komissiya yigʻilishiga ekspertlar va mutaxassislar taklif etilishi mumkin.
8-modda. Komissiya:
qonun loyihasi tayyorlanishi jarayonida davlat tili qoidalariga qatʼiy rioya etilishini;
hujjatlar tayyorlanishida normativ-huquqiy atamalardan foydalanish izchilligi saqlanishini;
qonun loyihasining matnida foydalanilgan normativ-huquqiy atamalarning maʼno jihatidan bir xil boʻlishini;
tegishli maʼnoni anglatuvchi soʻzlar barcha hujjatlarda bir xil shaklda ishlatilishini;
turli tillar qoidalaridan kelib chiqadigan nomutanosibliklar normaga ziyon yetkazilmagan holda tahrir qilinishini taʼminlaydi.
9-modda. Komissiya oʻziga taqdim etilgan qonun loyihasini besh kun ichida oʻrganib chiqib, Komissiya yigʻilishini oʻtkazishi lozim.
10-modda. Komissiya oʻz muhokamasidan oʻtgan qonun loyihasida foydalanilgan normativ-huquqiy atamalar boʻyicha kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha muammolar yuzasidan Palata oldida masʼul qoʻmita bilan birga javobgar boʻladi.
11-modda. Komissiyaning umumiy fikriga qoʻshilmagan yoki unga qarshi boʻlgan har bir Komissiya aʼzosi oʻz nuqtai nazarini qonun loyihasi muhokamasining keyingi bosqichlarida bayon etishga haqli.
12-modda. Komissiya oʻz faoliyatini amalga oshirish jarayonida Devonning barcha boʻlimlari bilan hamkorlik qiladi.
13-modda. Matbuot va tarjima boʻlimi:
qonun loyihasini tahririy jihatdan tayyorlash uchun loyihalar tayyorlangan tildagi matnning faqat Palata masʼul qoʻmitasining raisi tomonidan tasdiqlangan variantini olishi;
masʼul qoʻmita qonun loyihasini koʻrib chiqib, rozilik berganidan keyingina uni Komissiyaga taqdim etishi;
Komissiya qabul qilgan tuzatishlarni uch kun ichida qonun loyihasiga kiritishi va tuzatilgan qonun loyihasini masʼul qoʻmitaga taqdim etishi shart.
14-modda. Komissiya muhokamasidan oʻtgan hujjatga normativ-huquqiy atamalarga doir oʻzgarishlarni Komissiya hamda masʼul qoʻmitaning roziligisiz kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 4-son, 241-modda)