Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sport obyektlarini qurish tartibini yanada takomillashtirish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz koʻchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrsida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi Homiylik kengashining sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlarini shakllantirish jarayonini takomillashtirish, ulardan samarali foydalanish, bolalarning har tomonlama rivojlanishini taʼminlash, yoshlarni sportga keng jalb etish, professional sportchilarni tarbiyalash, shuningdek yuqori malakali sportchilarni tayyorlash yuzasidan 2015-yil 25-fevraldagi topshiriqlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha ekspert guruhlar (keyingi oʻrinlarda Ekspert guruhlar deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Belgilansinki, Ekspert guruhlar sport obyektlarini qurish joylarini tanlash tartibotlariga, shuningdek qurilishi va rekonstruksiya qilinishi tugallangan sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini foydalanishga qabul qilishga majburiy tartibda jalb etiladi.
3. Quyidagilar Ekspert guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sport inshootlariga ularning tiplari boʻyicha real ehtiyojni, tegishli hududda muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishning holatini hisobga olgan holda qurilish uchun eng qulay va gavjum joylarni tanlash, xususan, sport obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlarini shakllantirishga doir takliflar hamda xulosalar ishlab chiqish va mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etish;
qurilishi tugallangan sport obyektlarining, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining davlat qabuli jarayonida ishtirok etish;
sport obyektlarining, shu jumladan, bolalar sporti obyektlaridan samarali foydalanilishini oʻrganish;
fuqarolarni, nodavlat notijorat tashkilotlarini, tashkilotlarni, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini qurish sohasidagi masalalarni muhokama qilishga jalb etish.
4. Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha ekspert guruh toʻgʻrisidagi nizom hamda uning Namunaviy tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi — Ekspert guruhlarning muvofiqlashtiruvchi organi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boʻlinmalari — Ekspert guruhlarning ishchi organi etib belgilansin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda Ekspert guruhlarning shaxsiy tarkibini tasdiqlasinlar.
7. Belgilab qoʻyilsinki, stadionlar va balansda saqlovchisi budjet tashkilotlari va davlat korxonalari boʻlgan yirik sport obyektlarining direktorlari lavozimga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda tayinlanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda sport obyektlarining faoliyat koʻrsatishi holatini puxta va sinchiklab tahlil qilish asosida sport obyektlaridan, shu jumladan bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqsinlar, bunda quyidagi masalalarning hal etilishiga asosiy eʼtibor qaratilsin:
umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar oʻquvchilarining sport bilan ommaviy ravishda shugʻullanishlarini taʼminlash;
sport inshootlarini, belgilangan normativlardan kelib chiqqan holda, zamonaviy sport asbob-uskunalari va inventarlari bilan jihozlash;
sport inshootlarini yuqori malakali, kasbiy jihatdan tayyorlangan trener kadrlar, shu jumladan ayol trenerlar bilan taʼminlash;
sport va sport tadbirlarining har xil turlari boʻyicha oʻtkaziladigan muntazam mashgʻulotlar sonini koʻpaytirish yoʻli bilan sport obyektlarining bandligini taʼminlash;
bolalar va yosh sportchilardan, shuningdek Oʻzbekiston terma jamoalari va ularning rezervdagi aʼzolaridan respublika va xalqaro musobaqalarda sovrindorlar tayyorlash hisobiga sport bilan shugʻullanish natijadorligini oshirish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining oʻz hududida tashkil etilgan sport obyektlarining, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining belgilangan maqsaddan tashqari va past samarali ishlari yuzasidan shaxsiy javobgarligini kuchaytirish.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 20-may,
130-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-maydagi 130-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha Ekspert guruh toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalarni ishlab chiqish boʻyicha Ekspert guruh (keyingi oʻrinlarda Ekspert guruh deb ataladi) faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Ekspert guruh doimiy ishlaydigan kengashuvchi — maslahat beruvchi organ hisoblanadi.
3. Ekspert guruh oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Ekspert guruh faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Ekspert guruh faoliyati mintaqaviy ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.
II. Ekspert guruh faoliyatining maqsadlari, vazifalari
6. Fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ehtiyojlarini hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdan manfaatdorligini hisobga olgan holda sport obyektlaridan, shu jumladan bolalar sporti obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va taqdim etish Ekspert guruh faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
7. Quyidagilar Ekspert guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
sport inshootlariga ularning tiplari boʻyicha real ehtiyojni, tegishli hududda muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishning holatini hisobga olgan holda qurilish uchun eng qulay va gavjum joylarni tanlash, xususan, sport obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlarini shakllantirishga doir takliflar hamda xulosalar ishlab chiqish va mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etish;
qurilishi tugallangan sport obyektlarining, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining davlat qabuli jarayonida ishtirok etish;
sport obyektlarining, shu jumladan, bolalar sporti obyektlaridan samarali foydalanilishini oʻrganish;
fuqarolarni, nodavlat notijorat tashkilotlarini, tashkilotlarni, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarini qurish sohasidagi masalalarni muhokama qilishga jalb etish.
III. Ekspert guruhning funksiyalari va huquqlari
8. Ekspert guruh oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
sport obyektlari qurish uchun joylarni tayyorlash jarayonida, jumladan qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlari loyihalarini, oʻrtacha muddatli, uzoq muddatli rivojlantirish dasturlarini, konsepsiyalarni hamda hududlarning jismoniy tarbiya va sport infratuzilmasini rivojlantirish sohasiga taalluqli boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashadi;
qurilgan sport obyektlarini, shu jumladan bolalar sporti obyektlarining davlat qabuli jarayonida mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflarni va ekspert xulosani taqdim etadi;
sport obyektlari, shu jumladan bolalar sporti obyektlari infratuzilmasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari tahlili va monitoringini olib boradi;
sport obyektlari, shu jumladan bolalar sporti obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamoatchilik tashabbuslarini, davlat hokimiyati organlarining takliflarini koʻrib chiqadi va ekspertizadan oʻtkazadi;
sport obyektlari, shu jumladan bolalar sporti obyektlari infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini oshirish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tahliliy va axborot materiallari, loyihalar va boshqa hujjatlar shaklidagi takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqadi hamda koʻrib chiqish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritadi;
Ekspert guruh majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
9. Ekspert guruhning mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etilgan takliflari va xulosalarini koʻrib chiqish majburiydir.
10. Ekspert guruh quyidagi huquqlarga ega:
sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish masalalarini koʻrib chiqishda ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari va tashkilotlari rahbarlarini, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini Ekspert guruh majlisiga taklif etish;
Ekspert guruh vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etish, ularning tarkibiga samarali ishlash uchun nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiritilishi mumkin;
Ekspert guruhlarning sifatli ishlashi uchun zarur boʻlgan ularning vakolatiga kiradigan axborotni mahalliy davlat hokimiyati organlaridan hamda boshqa davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlaridan, tadbirkorlik subyektlaridan soʻrab olish.
IV. Ekspert guruhni shakllantirish tartibi, uning tarkibi va tuzilmasi
11. Ekspert guruh tarkibi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillaridan, sport trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sport xodimlaridan, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan shakllantiriladi.
12. Ekspert guruh aʼzolari oʻz vazifalarini jamoatchilik asosida bajaradilar.
13. Ekspert guruh uning faoliyatida ixtiyoriy qatnashish asosida shakllantiriladi.
14. Ekspert guruh tarkibiga quyidagilar kiradi:
Ekspert guruh raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boʻlinmasi rahbari;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Ekspert guruh raisining oʻrinbosarlari — Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boʻlinmasi rahbari oʻrinbosari va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining hududiy vakillari;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
Ekspert guruh aʼzolari — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, sport trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sportning boshqa mutaxassislari, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari;
Ekspert guruh kotibi — Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boʻlinmasi mutaxassisi.
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
15. Ekspert guruh raisi boʻlmagan taqdirda uning vazifalarini bajarish raisning oʻrinbosarlaridan biriga yuklanadi.
16. Ekspert guruhning shaxsiy tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
17. Ekspert guruh raisi:
Ekspert guruh faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Ekspert guruh ishlarini tashkil etadi va uning majlislarida raislik qiladi;
Ekspert guruh majlislari bayonnomalarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;
Ekspert guruh majlisi sanasini, joyini, vaqtini, kun tartibini belgilaydi;
raisning oʻrinbosarlari va Ekspert guruh aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Ekspert guruh faoliyati doirasida ularga topshiriqlar beradi;
ishchi guruhlar tarkibini tasdiqlaydi;
Ekspert guruh faoliyati masalalari boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
V. Ekspert guruhning ishchi organi
18. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tegishli hududiy boʻlinmasi Ekspert guruhning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
19. Ishchi organ:
Ekspert guruh faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlaydi;
Ekspert guruh majlislarini oʻtkazishga barcha zarur materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi hamda unga davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, shuningdek Ekspert guruh aʼzolaridan zarur materiallar va ekspert xulosalarini olish huquqi beriladi;
Ekspert guruh majlislari oʻtkazilishini va kun tartibidagi masalalar boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanishini tashkil etadi;
Ekspert guruh xulosalari bajarilishini joyiga borib oʻrganadi;
Ekspert guruh aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni, tegishli materiallarni yuborgan holda, majlis oʻtkaziladigan sana, joy va vaqt toʻgʻrisida xabardor qiladi.
20. Ekspert guruhning qarori bilan ishchi organga uning faoliyati samaradorligini oshirish va attestatsiya oʻtkazish maqsadida boshqa funksiyalar ham yuklanishi mumkin.
VI. Yakunlovchi qoidalar
21. Quyidagi hollarda Ekspert guruh aʼzosining vakolatlari toʻxtatiladi:
u Ekspert guruh tarkibidan chiqish toʻgʻrisida ariza berganda;
qonun hujjatlariga muvofiq u huquqiy layoqatsiz, sababsiz hozir boʻlmagan yoki vafot etgan deb eʼtirof etilganda.
22. Ekspert guruh aʼzosi uning tarkibiga kirishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlar yuz bergan taqdirda, u tegishli holatlar yuzaga kelgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida Ekspert guruh raisi nomiga Ekspert guruh tarkibidan chiqish toʻgʻrisida yozma ariza yuborishi shart.
23. Ekspert guruhning shaxsiy tarkibi va faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mahalliy davlat hokimiyati organining rasmiy saytida joylashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-maydagi 130-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Sport obyektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha ekspert guruhning
NAMUNAVIY TARKIBI
|
Rais |
― |
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boʻlinmasi rahbari |
|
Rais oʻrinbosari |
― |
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boʻlinmasi rahbari oʻrinbosari |
|
Rais oʻrinbosari |
― |
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining hududiy vakili |
|
guruh aʼzolari |
― |
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, sport trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sportning boshqa mutaxassislari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari |
|
guruh kotibi |
― |
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boʻlinmasining mutaxassisi”. |
(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 20-son, 258-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son; 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son)