O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKA PUL-KREDIT SIYOSATI KOMISSIYASINING TARKIBINI O‘ZGARTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PF-5296-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. 1996-yil 11-iyuldagi PF-1492-son Farmonning 1-bandini qisman o‘zgartirib, Respublika pul-kredit siyosati komissiyasining tarkibi 1-ilovaga* muvofiq qaytadan tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
2. Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika pul-kredit siyosati komissiyasining raisi F.M. Mullajonov Komissiya maxsus ishchi guruhlarining rahbarlari (G.K. Saidova, T.N. Guskova, M.B. Nurmurodov, Sh.R. G‘ofurov, A.V. Akmalov) bilan birgalikda bir hafta muddatda ishchi guruhlarining tarkibini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu Farmonga muvofiq amaldagi qonun hujjatlariga zarur qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 1-avgust,
PF-1827-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 1-avgustdagi PF-1827-sonli Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 11-iyuldagi PF — 1492-sonli Farmonining 5-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, u Respublika pul-kredit siyosati komissiyasining (kelgusi o‘rinlarda “Komissiya” deb yuritiladi) maqsad va vazifalari hamda ishni tashkil etish shartlarini belgilab beradi.
1.2. Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va qonun tusidagi hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro bitimlari va mazkur Nizomga amal qiladi.
1.3. Komissiya tarkibida quyidagi ishchi guruhlar faoliyat ko‘rsatadi:
— valyuta resurslari manbalari va ularni to‘ldirish zaxiralari bo‘yicha;
— pul-kredit siyosati va pul emissiyasini qisqartirish bo‘yicha;
— investitsiya dasturlari bo‘yicha;
— iste’mol bozorini ta’minlash va uning balansi bo‘yicha.
Komissiya tarkibida maxsus ishchi guruh faoliyat yuritadi.
1.4. Komissiyaning ishchi guruhlari o‘z faoliyatlarini Komissiyasining har bir ishchi guruh to‘g‘risida tasdiqlagan nizomlariga asosan ular zimmasiga yuklatilgan maqsad va vazifalarga muvofiq holda amalga oshiradilar.
1.5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tegishli hududiy Pul-kredit siyosati komissiyalari tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taqdimnomasiga ko‘ra Komissiya hududiy Pul-kredit siyosati komissiyalarining tarkibini tasdiqlaydi.
Hududiy Pul-kredit siyosati komissiyalari o‘z faoliyatini mazkur Nizom va Komissiya qarorlariga muvofiq holda amalga oshiradi.
II. KOMISSIYANING ASOSIY VAZIFALARI
2.1. Komissiyaning asosiy vazifalari:
— Respublikada olib borilayotgan pul-kredit, moliya va valyuta siyosatini muvofiqlashtirish;
— pul muomalasi va xalq xo‘jaligidagi hisob-kitoblar ahvoli, valyuta operatsiyalarini bajarish tartibiga rioya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish uchun ajratilayotgan kreditlardan, shuningdek budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan vakolatli idoralar tomonidan samarali nazorat o‘rnatish;
— barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar, banklar va tashkilotlarning pul muomalasi, kreditlash va hisob-kitoblar, tashqi iqtisodiy faoliyat va valyutani tartibga solish, investitsiyalarni jalb etish va ulardan foydalanish hamda iste’mol bozorini muhofaza qilish borasida amalda bo‘lgan qonunlar va me’yoriy hujjatlarga qat’iy rioya qilishi;
— valyuta tushumlarining o‘sishi, shuningdek tashqi iqtisodiy aloqalar ishtirokchilarining valyuta resurslaridan samarali foydalanishlari;
— mamlakat iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini jalb etish va ulardan samarali foydalanish;
— ichki iste’mol bozorini rivojlantirish, uning yuqori sifatli tovarlar va xizmatlar bilan to‘ldirilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir.
III. KOMISSIYANING ASOSIY FUNKSIYALARI
Komissiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq holda quyidagi funksiyalarni bajaradi:
3.1. Valyuta resurslari manbalari va ularni to‘ldirish zaxiralari bo‘yicha:
— vazirliklar va idoralarning valyuta siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish, tashqi iqtisodiy majmuaning samaradorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish, eksport-import tarkibini yaxshilash hamda O‘zbekiston Respublikasiga valyuta resurslari oqimini ko‘paytirishga doir ishlarini muvofiqlashtiradi;
— Respublikada, valyuta resurslarining yangi manbalarini shakllantirish va mavjudlarini kengaytirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda Hukumatga taqdim etadi;
— vazirliklar va idoralarning kelishilgan holda valyuta nazoratini amalga oshirishlarini ko‘zda tutuvchi chora-tadbirlar majmuini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
— ichki valyuta bozori ahvolini tahlil qilish, valyutani tartibga solishga doir qonunlar va me’yoriy hujjatlarning tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalda qo‘llanilishi tajribasini o‘rganish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— respublikaning birja va birjadan tashqari valyuta bozorlarida operatsiyalarni samarali ravishda amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3.1-bandning yettinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-oktabrdagi PF-3323-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3.1-bandning sakkizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-oktabrdagi PF-3323-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 165-modda)
— ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularga ajratilgan maqsadli valyuta mablag‘laridan boshqa shartnomalar bo‘yicha to‘lov uchun foydalanish, shuningdek, ularni aynan shu maqsadlar uchun o‘z xorijiy valyutasi hisobidan ilgari sarflagan miqdorda joriy valyuta hisob raqamlariga o‘tkazishga ruxsat berishga doir iltimosnomalarini ko‘rib chiqadi va qarorlar qabul qiladi;
— O‘zbekiston Respublikasi Valyuta birjasining hisob-kitob muddatlari belgilanmagan operatsiyalarini nihoyasiga yetkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
— zaruriyat tug‘ilganida hokimliklar, vazirliklar, idoralar va vakolatli banklarning tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va valyuta operatsiyalarini amalga oshirish sohasidagi faoliyatlari natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarini tinglaydi, ular yuzasidan tegishli xulosa va takliflar tayyorlaydi.
3.2. Pul-kredit siyosati va pul emissiyasini qisqartirish sohasida:
— “Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari” bajarilishini ta’minlashga qaratilgan takliflarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi;
— yagona davlat pul-kredit va moliya siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
— pul muomalasini barqarorlashtirish, kreditlash va hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, moliyaviy tizimlar faoliyatini rivojlantirish yuzasidan Hukumatga takliflar kiritadi;
— pul qadrsizlanishi jarayonlarining pasayishini ta’minlash, bank ssudalari bo‘yicha qarzlar o‘sishini cheklashga doir takliflarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
— markazlashtirilgan moliya mablag‘lari, shu jumladan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan markazlashgan kreditlarni ajratish shartlari va qaytarish muddatlariga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqadi hamda ular bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qiladi;
— pul bozori va qimmatli qog‘ozlar bozorining joriy ahvoli to‘g‘risidagi axborot, ularni rivojlantirishga doir takliflarni ko‘rib chiqadi va o‘z vakolati doirasida tegishli qarorlar qabul qiladi;
— to‘lov intizomi ahvolini yaxshilash, hisob-kitoblar tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan tezkor qarorlarni qabul qilishga doir takliflarni ko‘rib chiqadi va Hukumatga taklif kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3.2-bandning to‘qqizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 2-oktabrdagi PF-3143-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 10-11-son, 189-modda)
— naqd pul massasi muomalasini tartibga solish va naqd puldagi, shuningdek mayda ulgurji operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirishga doir masalalarni ko‘rib chiqadi hamda qarorlar qabul qiladi;
— pul muomalasini tahlil qilish, pul-kredit siyosati va hisob-kitoblar sohasidagi qonunlar va me’yoriy hujjatlarni amalda qo‘llash tajribasini o‘rganib chiqish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— zarurat tug‘ilganida to‘lov va kassa intizomining belgilangan qoidalariga rioya qilish, ajratilayotgan bank kreditlari va budjet mablag‘laridan samarali foydalanish yuzasidan hokimliklar, vazirliklar, idoralar, uyushmalar va konsernlar rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi;
— zaruratga qarab tijorat banklari va boshqa moliya-kredit muassasalari rahbarlarining samarali kredit va depozit siyosati o‘tkazish, qonunlar va me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan kredit, depozit, sug‘urta operatsiyalarini bajarish qoidalariga rioya qilishning ahvoliga doir hisobotlarini tinglaydi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.
3.3. Investitsiya dasturlari sohasida:
— qulay investitsiyaviy iqlimning ta’minlanishiga, ichki investitsiyaviy faollikning o‘sishiga va xorijiy sarmoyalarning jalb qilinishiga yo‘naltirilgan qarorlarni qabul qiladi;
— davlatning maqsadli va investitsiyaviy dasturlarini amalga oshirishga jalb qilinuvchi tijorat banklari ro‘yxatini tuzadi va tasdiqlaydi;
— ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va ulardan samarali foydalanish, birgalikda moliyalash va kreditlash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishni davlat tomonidan ko‘llab-quvvatlashga doir takliflarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlaydi;
— qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish yo‘li bilan sarmoyalarning iqtisodiyotga to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilinishini oshirishga doir takliflarni ko‘rib chiqadi va qarorlar qabul qiladi;
— xorijiy texnologiyalar, “nou-xau”, asbob-uskunalar, va maxsus materiallar qo‘llaniladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan buyurtmachilar va bosh pudratchilarning shaxsiy va qarzga olingan mablag‘larini ayirboshlab berish mexanizmini yaxshilash yuzasidan tahlil o‘tkazadi va tavsiyanomalar ishlab chiqadi;
— ichki nodavlat va xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, sarmoya solig‘iga dotatsiyalar, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar berishni qisqartirishga yo‘naltirilgan takliflarni ko‘rib chiqadi, tegishli xulosalar va tavsiyanomalar tayyorlaydi;
— jalb etilayotgan xorijiy kreditlarning samaradorligi va o‘zini-o‘zi qoplashi masalalarini ko‘rib chiqadi;
— xorijiy sarmoyalarni respublika iqtisodiyotiga jalb qilish va ulardan foydalanishga doir takliflarni ko‘rib chiqadi;
— sarmoyalarni jalb qilish va ulardan foydalanish sohasidagi mavjud vaziyatni tahlil qilish, investitsiya siyosatiga oid qonunlar va me’yoriy hujjatlarning tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalda qo‘llanilishini o‘rganib chiqish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— zaruratga qarab hokimliklar, vazirliklar, idoralar hamda vakolatli banklarning investitsiya siyosatini rivojlantirish sohasidagi faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarini tinglaydi, ular yuzasidan tegishli xulosalar va tavsiyanomalar tayyorlaydi.
3.4. Iste’mol bozorini ta’minlash va uning balansi sohasida:
— xalq iste’moli mollarini ishlab chiqaruvchi hamda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi kichik va o‘rta korxonalar sektorini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlashga yordam beradi;
— iste’mol mollari importi tarkibini tahlil qilish, ular hajmi va sifatining ichki bozor talablariga mos kelishi asosida, shuningdek, iste’molchilar va ichki tovar ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilishni hisobga olgan holda xalq iste’moli mollarini import qilishni tartibga solish to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;
— tegishli idoralar va hokimliklarning mintaqaviy tovar bozorlarini barpo etish va rivojlantirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada takomillashtirish, savdo korxonalari faoliyatining samaradorligini oshirishga doir takliflarini ko‘rib chiqadi;
— Markaziy bankning so‘mlarni markazlashtirilgan valyuta resurslari hisobidan erkin ayirboshlanadigan valyutaga imtiyozli ayirboshlash huquqini beruvchi litsenziyalari berilishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida Komissiyaning maxsus ishchi guruhi xulosalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
— iste’mol bozoridagi mavjud vaziyatni tahlil qilish, uning faoliyat yuritishi va rivojlanishiga doir qonunlar va me’yoriy hujjatlarning amalda qo‘llanilishini o‘rganib chiqish asosida ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— yangidan barpo etilayotgan yoki qayta tashkil qilinayotgan supermarketlarning belgilangan nizomlar va talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlaydi;
— zaruratga qarab hokimliklar, vazirliklar va idoralarning joylarda iste’mol bozorlarini to‘ldirish, xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarishni oshirish, pullik xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirish, kichik va o‘rta korxonalar barpo etish va ularni rivojlantirish sohasidagi faoliyatlari natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ko‘rib chiqadi.
3.5. Komissiya o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiquvchi boshqa funksiyalarni ham bajaradi.
3.6. Komissiya xorijiy mamlakatlar, MDH davlatlari hamda xalqaro moliya tashkilotlari bilan uning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari doirasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha tuzilgan bitimlarning bajarilish jarayonini ko‘rib chiqadi, ular bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish yuzasidan tegishli takliflar kiritadi.
IV. KOMISSIYA IShINI TAShKIL ETISh
4.1. Komissiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun mazkur Nizomga qat’iy rioya qilgan holda quyidagilarni bajaradi:
— ishchi guruhlar hamda hududiy komissiyalar zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarga muvofiq holda, ular faoliyatini nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
— o‘z majlislarida ishchi guruhlar, hududiy komissiyalar hisobotini va Komissiya qarorlarining bajarilishi haqidagi axborotni, shuningdek, hokimliklar, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘z faoliyati natijalari va Komissiya qarorlarini bajarish to‘g‘risidagi hisobotlarini tinglaydi.
4.2. Ishni samarali tashkil etish va mazkur Nizomga muvofiq holda o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish borasida tegishli natijalarga erishish maqsadida Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
— o‘z faoliyati doirasiga kiruvchi masalalarga doir qonunlari va me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
— amaldagi qonunlar va me’yoriy hujjatlarga rioya qilish, hukumat qarorlarining bajarilishi sohasida Komissiya tomonidan aniqlangan kamchilik va tartibbuzarliklar haqida tegishli qarorlar qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlariga materiallar taqdim etish;
— amaldagi qonunchilikka muvofiq Davlat hokimiyati va boshqa davlat va nodavlat muassasalardan uning vakolatiga kiruvchi masalalarga oid zarur ma’lumotlarni talab qilish.
4.3. Komissiya har chorakda respublika Hukumatiga o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi.
4.4. Komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladigan barcha masalalarni oldindan ishlab chiqish, ular bo‘yicha takliflar va qarorlar loyihalarini tayyorlash mazkur nizomning 1.3-bandiga muvofiq tashkil etilgan tegishli ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.
4.5. Komissiya majlislari zaruratga qarab, lekin kamida oyda bir marta o‘tkaziladi.
4.6. Komissiya ishini komissiya Raisi, u yo‘q bo‘lganda uning o‘rinbosarlaridan biri boshqaradi.
Komissiya Raisi va uning o‘rinbosarlari, ishchi guruhlar rahbarlari, shuningdek, komissiyaning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlanadi.
4.7. Komissiya qarorlari komissiya a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingandan so‘ng kuchga kiradi.
Komissiya qarorlari Komissiya Raisi tomonidan imzolanadigan majlis bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar, assotsiatsiyalar, kompaniyalar, boshqa xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar va banklar tomonidan bajarish uchun majburiydir.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 8-son, 200-modda)