O‘zbekiston Respublikasining qonuni
EKSPORT NAZORATI TO‘G‘RISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi eksport nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari eksport nazoratini amalga oshirish orqali O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligini hamda O‘zbekiston Respublikasining yalpi qirg‘in quroli va boshqa turdagi qurol-yarog‘larni tarqatmaslik sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlashdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Eksport nazorati to‘g‘risidagi qonunchilik
Eksport nazorati to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining eksport nazorati to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Eksport nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
Eksport nazorati O‘zbekiston Respublikasi hududidan eksport nazorati obyektlarini olib chiqishning (bundan buyon matnda eksport nazorati obyektlarini olib chiqish deb yuritiladi) eksport nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ta’minlanishiga qaratilgan barcha chora-tadbirlardan iborat bo‘ladi.
(3-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Eksport nazorati obyektlari
O‘z xossa hamda xususiyatlariga ko‘ra yalpi qirg‘in qurolini (yadroviy, kimyoviy, bakteriologik (biologik) va zaharlovchi qurol) hamda uni yetkazib berish vositalarini (raketalar va yalpi qirg‘in qurolini yetkazib berishga qodir boshqa texnika vositalarini), boshqa turdagi qurol-yarog‘ hamda harbiy texnikani yaratishda muhim hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan, eksport nazorati obyektlari ro‘yxatlarida ko‘rsatilgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari eksport nazorati obyektlaridir.
Eksport nazorati obyektlarining ro‘yxatlari belgilangan tartibda e’lon qilinishi kerak.
5-modda. Eksport nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari
Eksport nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligi manfaatlarining ustuvorligi;
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining vijdonan bajarilishi;
eksport nazorati masalalariga doir axborotning oshkoraligi va barcha uchun ochiqligi.
6-modda. Eksport nazoratini amalga oshirish usullari
Eksport nazoratini amalga oshirishning usullari quyidagilardan iborat:
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish tartibini belgilash;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat o‘tkazish;
ichki nazorat o‘tkazish;
eksport nazorati sohasida xalqaro hamkorlik qilish.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining eksport nazorati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
eksport nazorati sohasida davlat siyosati o‘tkazilishini ta’minlaydi;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
eksport nazorati obyektlari ro‘yxatlarini tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi;
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 27-noyabrdagi O‘RQ-1099-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-mart)
O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligini hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida eksport nazorati obyektlarining olib chiqilishiga, shu jumladan ayrim chet davlatlarga olib chiqilishiga nisbatan cheklashlar va taqiqlar joriy etadi;
ichki nazoratni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(7-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Eksport nazorati sohasidagi vakolatli davlat organi
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi eksport nazorati sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi).
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Vakolatli organ:
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 27-noyabrdagi O‘RQ-1099-sonli Qonuniga asosan 8-modda ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisining chiqarilish sanasi — 2026-yil 1-mart — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son)
eksport nazorati sohasida davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslarni xabardor qilish ishlarini tashkil etadi;
eksport nazoratini amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni va boshqa axborotni talab qilib oladi;
chet davlatning eksport nazorati obyektlaridan O‘zbekiston Respublikasi hududida bayon etilgan maqsadlarda foydalanilishiga taalluqli yozma majburiyat beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
eksport nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
(8-modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(8-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi
Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollarda, eksport nazorati obyektlarini olib chiqish eksport nazorati obyektlarini oluvchi chet davlatning va (yoki) chet davlat yuridik hamda jismoniy shaxslarining mazkur obyektlardan yalpi qirg‘in qurolini hamda uni yetkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikani yaratish maqsadida foydalanilmasligi to‘g‘risida yozma majburiyati bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 27-noyabrdagi O‘RQ-1099-sonli Qonuniga asosan 9-modda uchinchi qismining chiqarilish sanasi — 2026-yil 1-mart — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Yalpi qirg‘in qurolini ishlab chiqarishda komponentlar sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan yadroviy, kimyoviy va bakteriologik (biologik) materiallarni, shu jumladan o‘ta xavfli infeksiyalarning patogenlari va shtammlarini olib chiqish qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan kelishuvga binoan amalga oshiriladi.
(9-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat
Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat:
eksport nazorati obyektlarini olib chiqishni amalga oshirishda bojxona nazoratini;
olib chiqilayotgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar, xizmatlar, intellektual faoliyat natijalarining eksport nazorati obyektlari ro‘yxatlariga kiritilgan eksport nazorati obyektlariga muvofiqligini aniqlashni;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollarda, olib chiqilayotgan eksport nazorati obyektlaridan yalpi qirg‘in qurolini hamda uni yetkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikani yaratish maqsadida foydalanilmasligi to‘g‘risida yozma majburiyat olishni;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish monitoringini;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibini buzish hollari to‘g‘risida axborot to‘plash hamda bunday axborotlarni tekshirishni;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanishning belgilangan tartibini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini qo‘llashni o‘z ichiga oladi.
11-modda. Ichki nazorat
Ichki nazorat eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibiga rioya etishning yuridik shaxslar tomonidan belgilangan barcha chora-tadbirlaridan iborat bo‘ladi.
Eksport nazorati obyektlarini olib chiquvchi yuridik shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati hamda xavfsizligini saqlash sohasida davlat ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha ilmiy va (yoki) ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun ichki nazorat o‘tkazish majburiydir.
12-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning eksport nazorati obyektlarini olib chiqishdagi majburiyatlari
Eksport nazorati obyektlarini olib chiquvchi yuridik va jismoniy shaxslar:
eksport nazorati obyektlarini olib chiqishga ruxsatnoma olishi;
eksport nazoratini amalga oshirish uchun zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni vakolatli organ hamda boshqa davlat organlarining talabiga binoan taqdim etishi;
agar eksport nazorati obyektlari ro‘yxatlariga kiritilmagan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari olib chiqilayotgan bo‘lsa, ulardan yalpi qirg‘in qurolini hamda uni yetkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikani yaratish uchun foydalanish ehtimoli to‘g‘risida ma’lumotlar mavjudligidan vakolatli organni xabardor qilishi shart.
Eksport nazorati obyektlarini olib chiqishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar eksport nazorati obyektlarini olib chiqishga ruxsatnoma olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligiga javobgardirlar.
13-modda. Eksport nazorati sohasidagi xalqaro hamkorlik
Oldingi tahrirga qarang.
Eksport nazorati sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
(13-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
14-modda. Eksport nazoratini amalga oshirish uchun taqdim etilgan axborotdan foydalanish
Eksport nazoratini amalga oshirish uchun davlat organlariga taqdim etilgan axborotdan faqat eksport nazorati maqsadida foydalaniladi.
15-modda. Nizolarni hal qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Eksport nazorati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Eksport nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Eksport nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-avgust,
658-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 37-son, 406-modda; 2005-y., 49-50-son, 365-modda; 2006-y., 25-26-son, 223-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son)