Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Singapur Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan oʻzaro ozod qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Singapur Respublikasi Hukumati, (quyida birgalikda “Tomonlar”, alohida holda esa “Tomon” deb ataluvchilar),
ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish niyatida; va
mazkur Bitim Ilovasida koʻrsatilgan harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan fuqarolarning safar qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlarning mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kirishi, chiqishi va tranzit oʻtishi, shuningdek kirish sanasidan boshlab 90 (toʻqson) kundan ortiq boʻlmagan muddatda mazkur hududda boʻlishi mumkin, ushbu holatdan yollanib ishlash, taʼlim olish yoki boshqa haq toʻlanadigan faoliyatni amalga oshirish maqsadida foydalanilmaydi.
2-modda
Tomonlardan birining mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan va boshqa Tomon davlati hududida 90 (toʻqson) kundan ortiq muddatda boʻlish yoki yollanib ishlash, taʼlim olish yoxud boshqa haq toʻlanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun kirishni maqsad qilgan fuqarolari boshqa Tomon hududiga kelguniga qadar viza olish uchun ariza bilan murojaat qilishlari lozim.
3-modda
1. Tomonlardan birining mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasasida faoliyat yuritayotgan yoki boshqa Tomon davlati hududida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlarda oʻz mamlakatlarining vakillari hisoblangan fuqarolari mazkur Bitimning 1- va 2-moddasi qoidalari talablaridan qatʼi nazar, oʻzlarining rasmiy xizmat faoliyati davomida boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kirishi, chiqishi va boʻlishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan fuqarolar ismlari ular kelgan paytdan eʼtiboran 30 (oʻttiz) kunlik muddat ichida boshqa Tomonga taqdim qilinadi.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandi talablari yuqorida koʻrsatilgan bunday shaxslar butun xizmat faoliyati davomida mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan va birgalikda yashaydigan oila aʼzolariga nisbatan ham qoʻllaniladi. Mazkur bitim doirasida “oila aʼzosi” tushunchasi quyidagilarga nisbatan taalluqli boʻladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun turmush oʻrtogʻi va 18 yoshga toʻlmagan oila qurmagan farzandlari;
b) Singapur Respublikasi fuqarolari uchun turmush oʻrtogʻi va 21 yoshga toʻlmagan oila qurmagan farzandlari.
4-modda
Tomonlardan birining mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan va boshqa Tomon davlati hududida boʻlishi vaqtida oʻz pasportini yoʻqotib qoʻygan fuqarolari boshqa Tomonning vakolatli organlariga darhol xabar beradilar. Bunday organlar tomonidan hujjat yoʻqotilganini tasdiqlovchi guvohnoma beriladi. Tegishli davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi ushbu guvohnoma asosida yangi pasport beradi.
5-modda
Tomonlardan birining mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududiga kirishi va chiqishi maxsus belgilangan kirish va chiqish punktlari orqali amalga oshiriladi.
6-modda
1. Mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan shaxslar boshqa Tomon davlati hududida boʻlish vaqtida ushbu Tomonning qonun va qoidalariga rioya qilishlari lozim.
2. Mazkur Bitim har ikkala Tomon sababini izohlamay turib, mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga ega boʻlgan istalmaydigan yoki “persona non grata” deb eʼlon qilingan shaxslarning oʻz hududiga kirishini rad qilish yoki bu hududda boʻlishini toʻxtatish huquqini cheklamaydi.
7-modda
1. Tomonlar mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlarining namunalari, shu jumladan ushbu hujjatlarning tavsifini mazkur Bitimning kuchga kirishidan kamida 30 (oʻttiz) kun oldin diplomatik kanallar orqali oʻzaro almashadilar.
2. Tomonlardan biri mazkur Bitim ilovasida koʻrsatilgan amaldagi harakatlanish hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritsa, ushbu Tomon bunday oʻzgartirishlar kuchga kirishidan kamida 30 (oʻttiz) kun oldin boshqa Tomonga ushbu hujjatlarning namunalarini diplomatik kanallar orqali yuboradi.
8-modda
1. Tomonlardan har biri ommaviy tartib, milliy xavfsizlik, sogʻliqni saqlash va boshqa sanitariya sabablariga koʻra mazkur Bitimning amal qilishini vaqtincha, toʻla yoki qisman toʻxtatib turishi mumkin.
2. Boshqa Tomon bunday toʻxtatishlarning boshlanishi va tugatilishi haqida diplomatik kanallar orqali darhol xabardor qilinadi.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq mazkur Bitimga diplomatik notalar almashish yoʻli bilan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bunday oʻzgartishlar har ikkala Tomonning mazkur oʻzgartishlarning kuchga kirishi uchun talab etiladigan barcha ichki protseduralarni bajarganligini tasdiqlovchi diplomatik notalar almashilgan paytdan eʼtiboran 30 (oʻttiz) kundan keyin kuchga kiradi.
10-modda
Mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash yoki talqin qilishda nizo va ixtiloflar kelib chiqqan taqdirda, Tomonlar ularni diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etadilar.
11-modda
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilganligi toʻgʻrisida Tomonlarning diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnomasi olingan sanadan eʼtiboran 30 (oʻttiz) kundan soʻng kuchga kiradi.
Mazkur Bitimning amal qilishi istalgan paytda Tomonlardan birining boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma shaklda xabardor qilishi bilan tugatilishi mumkin. Bitimning amal qilishi bunday xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran 30 (oʻttiz) kundan soʻng tugaydi.
Barchasini tasdiqlash maqsadida bunga tegishli ravishda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
2012-yil 3-aprelda Toshkent shahrida oʻzbek va ingliz tillarida ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelganda ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Singapur Respublikasi Hukumati oʻrtasida diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan oʻzaro ozod qilish toʻgʻrisidagi Bitimga
ILOVA
ILOVA
Mazkur Bitim maqsadi uchun quyidagilar Tomonlarning amaldagi harakatlanish hujjatlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun:
Diplomatik pasportlar, shu jumladan elektron (biometrik) diplomatik pasportlar.
Singapur Respublikasi fuqarolari uchun:
Diplomatik pasportlar, shu jumladan elektron (biometrik) diplomatik pasportlar.