Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlardan va saygʻoqlarni muhofaza qilish, qayta tiklash va sonini barqaror rivojlantirish sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish manfaatlaridan kelib chiqib,
har bir avlod kelgusi avlodlar uchun tabiat boyliklarini asrovchi hisoblanadi va biologik xilma-xillikning saqlanishini taʼminlash majburiyatini anglagan holda,
saygʻoqlar Yevrosiyoning quruq iqlimli landshaftlarida yashovchi hayvonlardir, ularning soni oxirgi oʻn yilliklarda uzluksiz qisqarib ketayotgani va yoʻq boʻlib ketish mumkinligini eʼtirof etib,
saygʻoqlar yer usti faunasining eng qadimgi, koʻchib yuruvchi va muhim ilmiy ahamiyatga ega turi hisoblanishini, ularning migratsiya yoʻnalishi Tomonlar davlatlarining hududlari boʻylab oʻtishini eʼtiborga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisida 1998-yil 31-oktabrdagi Shartnomaga, Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash boʻyicha 1979-yil 23-iyundagi Konvensiyaga va Saygʻoqlar sonini saqlash, qayta tiklash va barqaror foydalanish boʻyicha 2006-yil 25-sentabrdagi Anglashuv memorandumiga amal qilib,
saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqish va samarali oʻtkazish Tomonlar davlatlarining hamkorligidagina amalga oshirilishi mumkinligini tan olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mustaqil ravishda oʻz davlatlari hududlarida, oʻz davlatlarining milliy qonunchiligi normalari asosida saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga va ular ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalarga muvofiq saygʻoq ovlashni taqiqlash yoki cheklash mumkin.
Agar Tomonlardan birining davlatida saygʻoqlar alohida muhofaza qilinadigan tur hisoblansa, boshqa Tomon davlatida esa saygʻoqlarni ovlash taqiqlanmagan boʻlsa, Tomonlar saygʻoqlar koʻpayishi holati monitoringini tashkil etishni nazarda tutadigan kelishilgan qaror qabul qiladilar va shu asosda saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydilar.
Vakolatli organlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq har yili saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish boʻyicha amaliy tadbirlarning natijalari toʻgʻrisida bir-biriga axborot beradilar va shuningdek monitoring maʼlumotlari bilan almashadilar.
2-modda
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha kuyidagilar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi;
Qozogʻiston Tomonidan — Qozogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjalik vazirligining Oʻrmonchilik va ovchilik xoʻjaligi qoʻmitasi.
2. Mazkur vakolatli organlarning nomlari yoki vazifalari oʻzgarganda Tomonlar oʻz vaqtida diplomatik kanallar orqali xabardor qilinadi.
3-modda
Saygʻoqlar yillik siklining hamma bosqichlarida ularning koʻpayishini saqlash va oshirish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini taʼminlash maqsadida Tomonlar saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish ishlarini oʻtkazishda hamkorlikda harakat qiladilar.
Har bir Tomon saygʻoqlarni va ularning yashash joylarini (shu jumladan migratsiya yoʻllarini) saqlash maqsadida oʻz davlati hududida qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar yaratish uchun zarur choralarni amalga oshiradi.
Ushbu Bitim maqsadida huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortish va kurashish choralarini oʻzaro uygʻunlashtirish va birxillashtirish maqullanadi, chunki Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga zid boʻlmaydi.
4-modda
Tomonlardan har biri oʻz davlati milliy qonunchiligiga muvofiq saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtiradi.
Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etadilar.
5-modda
Zaruriyatga qarab, saygʻoqlar sonini muhofaza qilish, qayta tiklash va barqaror rivojlantirish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari va ilmiy tashkilotlari vakillaridan iborat Qoʻshma ishchi guruhi tuzilishi mumkin.
6-modda
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlardan birining saygʻoqlarni va ularning yashash joylarini saqlash boʻyicha boshqa chora-tadbirlar koʻrish huquqlarini cheklamaydi va taʼsir koʻrsatmaydi.
7-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda bahs va kelishmovchiliklar yuzaga boʻlsa, Tomonlar ularni maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qiladilar.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
9-modda
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi va Tomonlar mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Agar Tomonlardan birortasi joriy davr tugashidan olti oy ilgari diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga Bitimning amal qilishini uzaytirmaslik niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma yubormasa, ushbu Bitim oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytiriladi.
Tomonlarning roziligi bilan saygʻoqlar yashaydigan arealdagi har qanday davlatning, uning Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisida 1979-yil 23-iyundagi Konvensiya ishtirokchisi hisoblanishidan qatʼi nazar, qoʻshilishi uchun ushbu Bitim ochiqdir.
Toshkent shahrida 2010-yil 17-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)