Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Hayvonlar sogʻligʻini muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar, hayvonlar sogʻligʻini saqlash sohasida hamkorlikni kuchaytirish, hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olish hamda epizootiyadan oʻz davlatlari hududlarini hamjihatlikda muhofaza qilish istagiga tayangan holda, quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim qoidalari quyidagilarga nisbatan qoʻllaniladi:
a) hayvon — sut emizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchi hayvonlar, arilar, ipak qurti va turli xildagi hasharotlar, amfibiyalar, baliqlar va boshqa suv hayvonlari;
b) hayvonotga mansub mahsulotlar— goʻsht va sut mahsulotlari, baliq, tuxum, asalari mahsulotlari, embrionlar, zigotalar, hayvon urugʻlari (sperma), urugʻlangan (inkubatsiyalangan) tuxumlar;
c) hayvonotga mansub xomashyolar — teri, jun, moʻyna, pat, endokrin va ichki sekretsiya bezlari, kon, suyak va boshqa xomashyolar;
d) hayvonlar uchun yem ozuqalari;
e) veterinariya dori-darmonlari va hayvonotga mansub kolleksiya mahsulotlari.
2-modda
Tomonlar:
a) hayvonlarni kasalliklardan muhofaza etishda Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini muhofaza qilish tashkiloti (OIE) roʻyxatiga kiritilgan kasalliklarning turlari boʻyicha kasallangan hayvonlar soni, kasallikning tarqalish jihati, patogen tipi, shuningdek kasallikka qarshi kurash boʻyicha oʻtkazilgan tadbirlar yuzasidan bir-birlarini xabardor etadilar;
b) hayvonlar va hayvonotga mansub mahsulotlar tarkibida inson hamda hayvonlar sogʻligʻi uchun xavfli hisoblangan kimyoviy, biologik xususiyatga ega moddalar mavjudligi toʻgʻrisida bir-birlariga maʼlumot beradilar;
c) hayvonlar yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurash boʻyicha amaldagi davlat dasturlari va qoidalarining bajarilishi holati va usullari toʻgʻrisida bir-birlariga maʼlumot beradilar;
d) hayvonlar va hayvonotga mansub mahsulotlar, xomashyolar, ozuqalar, preparatlar, hayvonotga mansub kolleksiya mahsulotlarini import, eksport qilish hamda tranzit tashishda veterinariya va sanitariya talablari, shuningdek iqtisodiy zararga sabab boʻladigan zaharli (toksik) mahsulotlar, radioaktiv hamda boshqa moddalar taʼsirida nazorat qilib boʻlmaydigan kasalliklar vujudga kelgan holatlarda qoʻllaniladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida oʻzaro maʼlumot almashadilar;
e) Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligi va veterinariya sohasidagi faoliyat boʻyicha maʼlumotlar almashadilar;
f) Tomonlar oʻz davlatlarining mutaxassislari ishtirokini taʼminlash maqsadida veterinariya tibbiyoti sohasida rejalashtirilgan maxsus uchrashuvlar hamda anjumanlar haqida bir-birlarini xabardor etadilar;
g) Veterinariya amaliyotini rivojlantirish va yanada yaxshilash, shuningdek veterinariya doktorlarining kasbiy mahoratlarini oshirish maqsadida mutaxassislarning bilim va tajriba almashinuvlari orqali veterinariya xizmatlarini amaliy tarzda tashkil etish, oʻqitishni hamda veterinariya fani sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyadilar.
3-modda
Ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan materiallar va maʼlumot almashinuvi boʻyicha xarajatlar ularni joʻnatuvchi Tomon hisobidan qoplanadi.
Mutaxassislar almashinuvi Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga asosan amalga oshiriladi. Bunday holatlarda, joʻnatuvchi Tomon oʻz delegatsiyalarining xalqaro transport xarajatlarini, shuningdek yashash-turar joy, ovqatlanish hamda sogʻliqni sugʻurta qilish xarajatlarini qoplaydi. Qabul qiluvchi Tomon oldindan kelishilgan dasturga muvofiq oʻz mamlakati hududidagi transport xarajatlari, zarur texnik asbob-uskunalar bilan jihozlangan zallarni ijaraga olish hamda tarjimon xizmatlarini qoplaydi.
4-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Sifat, nazorat, inspeksiya va karantin boʻyicha bosh maʼmuriyatiga hayvon va hayvonotga mansub mahsulotlarni import, eksport qilish hamda tranzit tashish uchun belgilanadigan karantin va sanitar talablar toʻgʻrisida Protokollarni muhokama qilish va imzolash, OIE tomonidan tavsiya etilgan modelga asosan tegishli xalqaro veterinariya sertifikatlari namunalarini tasdiqlash va almashish uchun tegishli vakolat beradilar. Imzolangan Protokollar Ushbu Bitimga ilova qilinadi hamda uning ajralmas qismi hisoblanadi.
5-modda
Tomonlar hayvonlar karantini hamda veterinariyaga oid oʻz qonun va qoidalariga muvofiq boshqa Tomondan import qilingan hayvonlar va hayvonotga mansub mahsulotlarni karantin nazoratidan oʻtkazishga haqli. Har bir Tomon aniqlangan zararli materiallarga karantin ishlov berish huquqiga ega.
Har bir Tomon qoʻllayotgan chora-tadbirlar hayvonlar va hayvonotga mansub mahsulotlar savdosida har ikki mamlakat uchun keraksiz toʻsiqlarni keltirib chiqarmasligi lozim.
Har bir Tomon tegishli veterinariya va karantin qonun va qoidalariga muvofiq kelmaydigan hayvonlar kasalliklari, kasallik keltirib chiqaruvchi patogen qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlar hamda boshqa har qanday zararkunandalar aniqlanganda bu haqda boshqa Tomonni kechiktirmasdan xabardor qiladi.
Bir Tomon hududidan ikkinchi Tomon hududiga eksport qilingan hayvonlar va hayvonot mahsulotlari boshqa Tomonning veterinariya va karantin qonun va qoidalariga, shuningdek Tomonlar imzolagan tegishli shartnomalarga muvofiq kelishi xamda eksport qilayotgan mamlakatning vakolatli veterinariya organlari tomonidan berilgan xalqaro veterinariya sertifikatining asl nusxasi ilova qilinishi lozim. Xalqaro veterinariya sertifikati ingliz tilida hamda eksport qilayotgan mamlakatning rasmiy davlat tilida berilishi lozim.
6-modda
Agar chegaradan oʻtishda veterinariya nazoratini amalga oshirish davomida tirik hayvonlar, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyolardan iborat boʻlgan import qilinayotgan tovarlar yoki alohida transport vositalari veterinariya va gigiyena talablari boʻyicha veterinariya sertifikati shartlariga muvofiq kelmasa yoki tovarlar tashilayotgan transport vositasi veterinariya talablariga javob bermasa, import qilayotgan mamlakatning vakolatli organlari bu haqda eksport qilayotgan mamlakatning vakolatli organlarini xabardor qilishlari hamda Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq oʻz mamlakati hududiga inson va hayvonlar uchun umumiy yuqumli kasalliklar (antropozoonoz) tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar qoʻllaydilar.
7-modda
OIE roʻyxatiga kiritilgan kasalliklar Tomonlardan birining davlati hududida aniqlangan holatlarda, mazkur Tomonning vakolatli organlari zudlik bilan boshqa Tomonning vakolatli organlarini bu haqda xabardor etadilar hamda kasallik bilan bogʻliq boʻlgan ushbu Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan tovarlarning eksportga chiqarilishini toʻxtatadilar.
Ushbu turdagi tovarlarni eksport qilish oʻrnatilgan xalqaro tartib va qoidalar asosida davom ettiriladi.
8-modda
Tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga binoan ushbu Bitimning qoidalari boshqa maʼlum va nomaʼlum boʻlgan kasalliklar turlariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin. Bunday holatlarda, ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan qushimcha bayonnomalar tuziladi.
Mazkur bayonnomalar 12-moddada belgilangan tartibda kuchga kiritiladi.
9-modda
Tomonlar ushbu Bitim qoidalarini bajarish uchun quyidagi vakolatli organlarni tayinlashga kelishib oldilar:
Oʻzbek tomoni uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi.
Xitoy tomoni uchun — Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Xitoy Xalq Respublikasi Sifat, nazorat, inspeksiya va karantin boʻyicha bosh maʼmuriyati.
10-modda
Tomonlar ikki tomonlama oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha hamjihatlik siyosatini olib borish maqsadida xalqaro tashkilotlar doirasida maslahatlashuvlar va muzokaralar olib boradilar.
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardagi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish yoki amalga oshirish bilan bogʻliq barcha nizolar Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida oʻz yechimini topmagan muammolar diplomatik kanallar orqali muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
12-modda
Ushbu Bitim Tomonlardan uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilgani toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingandan boshlab 30 (oʻttiz) kundan soʻng kuchga kiradi va 5 (besh) yil muddatga tuziladi.
Agar Tomonlardan biri ushbu Bitim amal qilish muddatining tugashidan kamida 6 (olti) oy oldin uning amal qilishini toʻxtatish maqsadi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi 5 (besh) yillik muddatga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
2012-yil 6-iyunda Pekin shahrida har biri oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelganda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)