Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va turkiya jumhuriyati hukumati oʻrtasida
Bitim
turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
1997-yil 18-noyabr, Anqara
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida turizmni teng huquqli va oʻzaro foydali asosda rivojlantirishga intilishlarini ifodalab,
turizm sohasida ikki tomonlama asosda yanada samaraliroq hamkorlikka erishish istagini bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikkala mamlakat oʻrtasida turistik oqimni ragʻbatlantirish maqsadida, oʻz milliy qonunlari doirasida, tegishli sharoitlarni yaratib berish yoʻli bilan ikki tomonlama turistik almashishni rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlar oʻz mamlakatlarining turizm bilan shugʻullanuvchi firma va tashkilotlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirish yoʻli bilan turistik oqimni oʻzaro koʻpaytirishga koʻmaklashadilar. Ular, asosan, oʻz milliy qonunlari doirasida va oʻzaro asosda, turistik nashrlar va reklama materiallari bilan, shu jumladan televizion filmlar va audio-video materiallar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar, imkon darajasida, turizmga aloqador maʼlumotlarni diplomatik yoʻllari orqali tarqatishni ragʻbatlantiradilar va shu munosabat bilan ular oʻz milliy qonunlari doirasida maʼlumot va ekspertlar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Tomonlar ikkala mamlakatda turizmni rivojlantirish ishida gʻoyat muhim deb qaraladigan mehmonxonalar va boshqa turistik muassasalarni qurish, jihozlash va menejment masalalari bilan shugʻullanuvchi firma va tashkilotlar oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganadilar. Tomonlar ularning milliy qonunlariga muvofiq tegishli xizmat koʻrsatish vositalarini kengaytirish yoʻli bilan bu borada hamkorlikka koʻmaklashish majburiyatini oladilar.
5-modda
Tomonlar turizm sektoriga investitsiyalar masalalarida birgalikdagi hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganadilar va shu maqsadda tajriba almashadilar, shuningdek ularning milliy qonunlari tomonidan taʼminlanadigan investitsiyalash shartlari, jumladan ikki mamlakatdan har birida investitsiyalar uchun mavjud boʻlgan imkoniyatlar boʻyicha bir-birlari bilan bogʻlanib turadilar.
Tomonlar ularning milliy turistik organlari va tegishli turistik tashkilotlari, oʻz milliy qonunlariga muvofiq, turizm sektorida qoʻshma korxonalar va boshqa investitsiya loyihalarini yaratishlariga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar xalqaro turizm, jumladan xalqaro turistik tadbirlarda ishtirok etish sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha fikr almashib turadilar.
7-modda
Tomonlar oʻz milliy turistik organlari va tegishli turistik tashkilotlari orqali turizm sohasida kadrlarni, ayniqsa turizm industriyasida band boʻlgan xodimlarni tayyorlashda oʻzlarining texnikaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar.
8-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida turizm sohasida qoʻshma Komissiya tuzishga ahdlashib oldilar.
Qoʻshma Komissiya yigʻilishlari Tomonlar kelishib olingan muddatlarda, ikki yilda bir marotaba, har bir mamlakatda navbatma-navbat oʻtkaziladi. Oʻzaro kelishuv asosida Komissiya yigʻilishlari koʻproq oʻtkazilishi ham mumkin.
9-modda
Tomonlar ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab, Toshkentda 1992-yil 5-oktabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi deb kelishib oldilar.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab vaqtincha va Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirishi uchun mamlakatlardan har birida zarur boʻlgan huquqiy protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisida diplomatik yoʻllari orqali bir-birini xabardor qilgan sanadan boshlab tamomila kuchga kiradi. Ushbu Bitimning tamomila kuchga kirish sanasi deb soʻnggi bildirishnomaning sanasi hisoblanadi.
Ushbu Bitim besh (5) yil davomida oʻz kuchini saqlaydi va istalgan Tomon amal qilishning tegishli davri tugashidan kamida olti (6) oy ilgari boshqa Tomonni ushbu Bitimni bekor qilish toʻgʻrisida xabardor qilmagunicha qoʻshimcha besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Anqara shahrida 1997-yil 18-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)