Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bahrayn Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan boʻyin tovlashni bartaraf etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bahrayn Qirolligi Hukumati, ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan boʻyin tovlashni bartaraf etish toʻgʻrisida Bitim tuzish niyatida, shuningdek ikkala mamlakat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Qoʻllash sohasi
Qoʻllash sohasi
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki har ikkalasining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Bitim tatbiq etiladigan soliqlar
Bitim tatbiq etiladigan soliqlar
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlat yoki uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoxud mahalliy hokimiyat organlari nomidan undiriladigan daromad va mol-mulk soliqlariga nisbatan, ularni undirish usulidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad va mol-mulk soliqlariga, jami daromaddan, jami mol-mulkdan yoxud daromad yoki mol-mulkning bir qismidan, shu jumladan, koʻchar yoki koʻchmas mulkni boshqa shaxslarga berishdan olinadigan daromadlardan, korxonalar tomonidan toʻlanadigan ish haqining umumiy summalaridan, shuningdek mol-mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan barcha soliqlar kiradi.
3. Ushbu Bitim tatbiq etiladigan amaldagi soliqlar, xususan quyidagilardir:
a) Bahraynga nisbatan — 22/1979-son Amir Qonuni boʻyicha toʻlanadigan daromad soligʻi “neft soligʻi”);
(bundan keyin “Bahrayn soligʻi” deb ataladi).
b) Oʻzbyokiston Respublikasiga nisbatan:
I) yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligʻi;
II) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi; va
III) mol-mulk soligʻi;
(bundan keyin “Oʻzbyokiston soligʻi” deb ataladi);
4. Ushbu Bitim shu Bitim imzolangan sanadan soʻng undiriladigan soliqlarga qoʻshimcha yoki mavjudlari oʻrniga kiritilgan har qanday aynan bir xil yoki mohiyati jihatidan oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzlarining tegishli soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga kiritilgan har qanday oʻzgartishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Bitim maqsadi uchun, agar matndan oʻzga maʼno kelib chiqmasa:
a) Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini va jugʻrofiy maʼnoda ishlatilganda ular doirasida Oʻzbekiston Respublikasi suveren huquqlari va yurisdiksiyasini, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga binoan va xalqaro huquqqa muvofiq yer osti va tabiiy resurslardan foydalanish huquqini amalga oshirishi mumkin boʻlgan uning hududi, hududiy suvlari va osmon kengliklarini anglatadi;
b) “Bahrayn” atamasi Bahrayn Qirolligi hududini, shuningdek ular doirasida xalqaro huquqqa muvofiq Bahrayn suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan dengiz hududlari, dengiz tubi, yer osti va tabiiy resurslarini anglatadi;
c) “bir Ahdlashuvchi Davlat” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matnga bogʻliq ravishda, Oʻzbekiston Respublikasini yoki Bahrayn Qirolligini anglatadi;
d) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniyani va shaxslarning har qanday boshqa birlashmasini oʻz ichiga oladi;
e) “kompaniya” atamasi har qanday korporativ birlashmani yoki soliqqa tortish borasida korporativ birlashma sifatida qaraladigan har qanday tashkilotni yoki bir yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligi boʻyicha korporativ tashkilot sifatida tashkil etilgan yoki shunday deb topilgan har qanday boshqa tashkilotni anglatadi;
f) “bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” atamalari tegishlicha bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvida ish yuritayotgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqaruvida ish yuritayotgan korxonani anglatadi;
g) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan foydalaniladigan dengiz yoki havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transportida har qanday tashishni anglatadi, dengiz yoki havo kemalarining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan punktlar oʻrtasidagina foydalanish hollari bundan mustasno;
h) “vakolatli organ” atamasi:
(I) Oʻzbekistonga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasini yoki uning vakolatli vakilini;
(II) Bahrayn Qirolligiga nisbatan — Moliya vazirligini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi.
i) “milliy shaxs” atamasi:
(I) Ahdlashuvchi Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni,
(II) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxsni, shirkat va uyushmani anglatadi.
j) “soliq” atamasi mazkur Bitimning 2-moddasi bilan qamrab olingan har qanday soliqni anglatadi.
2. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlat tomonidan qoʻllanilganda, unda belgilanmagan har qanday atama, agar matn mazmunidan oʻzga maʼno kelib chiqmasa, u ushbu Bitim tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan shu Davlatning qonunlariga muvofiq belgilangan maʼnoga ega boʻladi. Atamaning maʼnosi ana shu Davlatning soliq toʻgʻrisidagi (hujjat) qonunlariga muvofiq, shu Davlatning boshqa huquq sohalarida shu atama uchun belgilangan maʼnodan ustuvor boʻladi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Ushbu Bitim maqsadlari uchun “Ahdlashuvchi Davlat rezidenti” atamasi quyidagilarni anglatadi:
a) Bahraynga nisbatan, uning mahalliy hokimiyat organlarini va Bahrayn qonunchiligiga muvofiq Bahrayn hududida yashash joyiga ega yoki uning rezidenti, fuqarosi boʻlgan yoki korporativ yoxud boshqaruv sifatida tashkil etilgan joyi boʻlgan har qanday shaxsni; va
b) Oʻzbekistonga nisbatan, Oʻzbekiston qonunlari boʻyicha unda oʻzining yashash joyi, doimiy boʻlib turish joyi, boshqaruv joyi yoki har qanday boshqa shunga oʻxshash mezon asosida soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni anglatadi, shuningdek har qanday maʼmuriy-hududiy boʻlinmani yoki mahalliy hokimiyat organini oʻz ichiga oladi.
Biroq, bu atama ana shu Ahdlashuvchi Davlatda faqat shu Davlatda joylashgan manbalardan yoki mulkdan daromad olayotgani uchungina soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni anglatmaydi.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda aniqlanadi:
a) U qaysi Davlatda oʻzi uchun toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy turar joyiga ega boʻlsa, faqat shu Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikkala Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy turar joyiga ega boʻlsa, shaxsiy va iqtisodiy aloqalari eng tigʻiz (hayotiy manfaatlar markazi) boʻlgan Davlatninggina rezidenti hisoblanadi;
b) agar shaxsning hayotiy manfaatlar markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa yoki uning Davlatlardan hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy turar joyi boʻlmasa, u odatda boʻlib turadigan Davlatninggina rezidenti hisoblanadi;
c) agar shaxs odatda har ikkala Davlatda yashasa yoki odatda ularning hech birida yashamasa, faqat uning fuqarosi hisoblangan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar u har ikkala Davlatning fuqarosi boʻlsa yoki hech birining fuqarosi boʻlmasa, unda Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani oʻzaro kelishib hal qilishlari lozim.
3. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxsdan boshqa boʻlgan shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda u faqat uning amaldagi rahbar organi joylashgan Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa
Doimiy muassasa
1. Ushbu Bitim maqsadlari uchun “doimiy muassasa” atamasi korxonaning tadbirkorlik faoliyatini toʻliq yoki qisman amalga oshiradigan doimiy faoliyat joyini anglatadi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) boʻlim;
c) ofis;
d) fabrika;
e) ustaxona; va
f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joy;
g) tozalovchi zavod;
h) savdo shoxobchasi; va
i) boshqalar uchun uskunalarni saqlashni taʼminlovchi shaxsga nisbatan omborni.
3. “Doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
a) qurilish maydonchasi, qurilish, montaj yoki yigʻuv obyekti yoki ular bilan bogʻliq boʻlgan nazorat qilish faoliyatini, biroq shunday maydoncha, obyekt yoki faoliyatning muddati 6 oydan koʻproq davom etsagina;
b) Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan korxona shu maqsad uchun yollagan xizmatchilar yoki boshqa xodimlar orqali xizmatlar koʻrsatish, jumladan konsalting yoki boshqaruv xizmatlari amalga oshirilsa, biroq agar shu tusdagi faoliyat boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida jami 6 oydan oshadigan davr yoki davrlar mobaynida davom etsagina.
4. Korxona bitta Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega va doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini yuritadi deb hisoblanadi, agarda u ushbu Davlatda ishlov berilmagan neftni yoki ushbu Davlat eriningʻ boshqa tabiiy uglevodorodlarini qazib olish yoki ishlab chiqarish bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliq boʻlgan har qanday faoliyatni, oʻzining uskunalarida, bu Davlatning qayerida amalga oshirilmasin, oʻz hisobidan yoki unga yoki boshqalarga tegishli ishlov berilmagan neftni qayta ishlash uchun amalga oshirsa.
5. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, “doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki buyumlarni faqatgina saqlash yoki namoyish qilish maqsadida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki buyumlar zaxirasining faqatgina saqlash, namoyish qilish maqsadida saqlab turilishi;
c) shu korxonaga tegishli tovar yoki buyumlar zaxirasining boshqa korxona tomonidan faqat qayta ishlash maqsadida saqlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqat tovar yoki buyumlar sotib olish yoki ushbu korxona uchun axborot yigʻish maqsadida saqlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyining ana shu korxona manfaati uchungina boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadida saqlab turilishi;
f) doimiy faoliyat joyining a — e-kichik bandlarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday kombinatsiyalashuvi uchungina, bunday doimiy faoliyat joyining jami faoliyati ana shu kombinatsiyalashuv natijasida, tayyorgarlik yoki yordamchi tusda boʻlgan taqdirda, saqlab turilishi.
6. Mazkur modda 1 va 2-bandlarining qoidalariga qaramay, agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi nomidan ish yuritsa (mazkur moddaning 7-bandi tatbiq etiladigan mustaqil maqomli agentdan oʻzgacha boʻlgan), bu korxona birinchi eslatib oʻtilgan Davlatda doimiy muassasaga ega, deb hisoblanadi agar:
a) bu shaxs birinchi aytib oʻtilgan Davlatda korxona uchun yoki uning nomidan muzokaralar yuritish va shartnomalar tuzish vakolatiga ega boʻlsa va odatda amalga oshirsa, yoki
b) bu shaxs birinchi aytib oʻtilgan Davlatda korxonaga tegishli boʻlgan va undan har doim uning uchun yoki uning nomidan tovar yoki buyum sotib turadigan tovarlar va buyumlar zaxirasiga ega boʻlsa yoki bundan shaxsning faoliyati 5-bandda eslatib oʻtilganlar bilan cheklanib qolgunigacha, agar faoliyat shu bandning qoidalariga binoan doimiy faoliyat joyidan doimiy muassasa hosil qilmasdan doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilsa.
7. Ushbu moddaning bundan avvalgi qoidalariga qaramay Ahdlashuvchi Davlatning sugʻurta korxonasi, takror sugʻurtalash hollaridan tashqari, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega, deb hisoblanadi, agar u ana shu boshqa Davlat hududida sugʻurta mukofotlarini yigʻsa yoki u erda yuz berishi mumkin boʻlgan tavakkalchilikni sugʻurtalashni 8-bandga binoan mustaqil maqomli agentdan oʻzga boʻlgan shaxs orqali amalga oshirsa.
8. Korxona, agar ana shu boshqa Davlatda broker, komissioner yoki har kundai boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bunda bu shaxslarning harakati oʻzlarining odatdagi faoliyati doirasida boʻlishi sharti bilan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega, deb qaralmaydi.
9. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyani nazorat qilsa yoki kompaniya tomonidan nazorat qilinsa yoki ana shu boshqa Davlatda tijorat faoliyatini (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) amalga oshirayotgan boʻlsa, bu hol oʻz-oʻzidan bu kompaniyalardan hech birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan (jumladan qishloq yoki oʻrmon xoʻjaligidan) oladigan daromadi ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mol-mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunlari boʻyicha belgilangan maʼnoga egadir. Ushbu atama har qanday holda ham huquqi yer ustidagi mulkchilikka taalluqli umumiy qonunlarning qoidalari bilan belgilangan koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan mol-mulkni, chorva mollari, qishloq va oʻrmon xoʻjaligiga tegishli anjomlarni, koʻchmas mulk uzufruktini va minerallar, manbalar va boshqa tabiiy resurslarning qatlamlarini qazish uchun tovon sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki qayd etilgan toʻlovlar huquqini yoki minerallar, manbalar va boshqa tabiiy resurslar qatlamlarini qazish huquqini oʻz ichiga oladi; dengiz va havo kemalari koʻchmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki har qanday boshqa shaklda foydalanishdan olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Agar, korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻsha erda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining foydasi faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi, Agar korxona oʻz faoliyatini yuqorida aytilganidek amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning foydasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, ammo, faqat quyidagilarga tegishli boʻlishi mumkin boʻlgan qismigina soliqqa tortiladi:
a) ana shu doimiy muassasa faoliyatiga;
b) ana shu boshqa Davlatda doimiy muassasa orqali sotiladigan tovar yoki mahsulotlarga oʻxshash turdagi yoki shunday tovarlarni sotishga.
2. 3-band qoidalariga muvofiq, agar bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Davlatda bunday doimiy muassasaga oʻtkaziladigan foyda u alohida va mustaqil korxona sifatida xuddi shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni xuddi shunday yoki shunga oʻxshash shartlar asosida amalga oshirib, doimiy muassasa hisoblangan korxonadan mutlaqo mustaqil ravishda ish koʻrib olishi mumkin boʻlgan foyda kabi oʻtkaziladi,
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda ushbu doimiy muassasa faoliyati uchun sarflangan, jumladan doimiy muassasa joylashgan Davlatda va uning hududidan tashqaridagi faoliyati uchun sarflangan boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlarni chegirib tashlashga yoʻl qoʻyiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga tegishli boʻlgan foydani korxona oladigan umumiy foyda miqdorini uning turli boʻlinmalariga mutanosib taqsimlash asosida aniqlash odatdagi amaliyot ekanligiga qaramay, 2-banddagi hech bir narsa, amaliyotda qabul qilinganidek, bu Davlatga shunday taqsimlash asosida soliqqa tortiladigan foydani aniqlashga xalaqit bermaydi; biroq, taqsimlashning tanlangan usuli ushbu moddada mavjud boʻlgan tamoyillarga muvofiq keluvchi natijalarni berishi lozim.
5. Doimiy muassasa tomonidan korxona uchun tovar yoki buyumlarning xarid qilinishigagina asoslanib doimiy muassasaga biron-bir foyda hisoblanmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadi uchun doimiy muassasaga taalluqli boʻlgan foyda, agar uning oʻzgarishi uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil usulda aniqlanadi.
7. Foyda ushbu Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan daromad turlarini qamrab oladigan boʻlsa, unda ana shu moddalarning qoidalari ushbu modda qoidalariga taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro transport
Xalqaro transport
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri korxonasining xalqaro tashishlarda dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan foydalanishdan oladigan foydalari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. 1-band qoidalari quyidagilarga nisbatan ham qoʻllaniladi:
a) xalqaro tashishlarda foydalaniladigan ijaradan, shu jumladan ekipajsiz kema yoki samolyotlarni fraxt qilish asosida olingan odatdan tashqari foydalarga;
b) konteynerlar (bunga konteynerlarni tashish uchun foydalaniladigan treyler va boshqa uskunalar ham kiradi)dan foydalanish, saqlash yoki ijaraga berishdan olinadigan foydalar, agar bunday foydalar 1-band qoʻllaniladigan foydalarga nisbatan qoʻshimcha yoki tasodifiy boʻlsa.
9-modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, yoki
b) oʻsha shaxslar bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasini va boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa,
va har qanday holatda ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mustaqil korxonalar oʻrtasida yaratiladigandan farqli boʻlgan sharoitlar vujudga keltirilsa yoki belgilansa, bunda ulardan biriga hisoblanishi mumkin boʻlgan, ammo shunday sharoitlar natijasida unga hisoblanmagan har qanday foyda ana shu korxonaning daromadi yoki foydasiga hisoblanishi mumkin va tegishli ravishda soliqqa tortiladi.
2. Ahdlashuvchi Davlat shu Davlat korxonasi foydasiga boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boʻyicha ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortiladigan foydani kiritsa — tegishli tarzda soliqqa tortsa va shu tariqa kiritilgan foyda, agar ikkala korxona oʻrtasidagi munosabatlar ikki mustaqil korxona oʻrtasidagi munosabatlar kabi boʻlganida birinchi eslatilgan Davlat korxonasiga hisoblanadigan foyda boʻlsa, u holda ana shu boshqa Davlat shu Davlatga tegishli foydadan olinadigan soliq miqdoriga zarur tuzatishlar kiritadi. Bunday tuzatishlarni belgilashda ushbu Bitimning boshqa qoidalariga tegishincha eʼtiborni qaratishi kerak va Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari zarur boʻlsa, oʻzaro maslahatlashishlarni boshlashlari lozim.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bunday dividendlar, shuningdek dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda, biroq dividendlarning amaldagi egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, ana shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, unda shu tarzda olingan soliqning miqdori dividendlar umumiy miqdorining 8 foizidan oshmasligi kerak.
Bu band kompaniyaning dividendlar toʻlanadigan foydasini soliqqa tortishga taalluqli emas.
3. “Dividendlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanganida, aksiyalardan yoki qarz talablari hisoblanmagan, foydada ishtirok etish huquqini beruvchi aksiyalardan olinadigan yoki aksiyalardan foydalanish yoxud huquqlardan foydalanish, kon qazish sanoati aksiyalaridan, taʼsischilar aksiyalari va boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezidenti boʻlgan Davlatning qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan daromad kabi xuddi shunday soliqlar orqali tartibga solinadigan boshqa daromadlarni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgani holda, ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz faoliyatini u erda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni u erda joylashgan doimiy bazadan koʻrsatsa va dividendlar toʻlanadigan xolding aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, 1 va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlardan soliq olmasligi mumkin, bunda dividendlar ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanadigan yoki dividendlar toʻlanadigan xolding shu boshqa Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlgan hollar bundan mustasno, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olmaydi, kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi hatto toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
11-modda
Qarz majburiyatlaridan daromadlar
Qarz majburiyatlaridan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan qarz majburiyatlaridan daromadlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday daromadlar, shuningdek ular hosil boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda, shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo foizlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bunday holda soliq foizlar yalpi miqdorining 8 foizidan oshmasligi kerak.
3. “Qarz majburiyatlaridan daromad” yoki “daromad” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganida ipoteka taʼminotidan qatʼi nazar va qarzdorning foydalarida ishtirok etish huquqidan hamda xususan hukumatning qimmatli qogʻozlaridan olinadigan daromad va obligatsiya yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromaddan, jumladan ana shu qimmatbaho qogʻozlar, obligatsiya yoki qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofot va yutuqlardan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni anglatadi. Toʻlov muddati choʻzib yuborilganligi uchun qoʻllaniladigan jarimalar ushbu modda maqsadi uchun daromadlar sifatida qaralmaydi.
4. Agar qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻla turib, qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyati olib borayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadlar toʻlanayotgan qarz majburiyatlari shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatan ham bogʻliq boʻlsa, 1 va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda vaziyatga qarab, 7 yoki 14-moddalarning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi, mahalliy hokimiyat organlari yoki ushbu Davlatning rezidenti boʻlsa, qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadlar shu Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi. Biroq, daromadni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻladimi yoki yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, shu tufayli qarz boʻyicha daromadlar toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa va shunday foizlar toʻlash boʻyicha xarajatlarni doimiy muassasa yoki doimiy baza amalga oshirsa, unda daromadlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda foizlar olish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi yoki ularning ikkalasi va boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talablariga nisbatan toʻlanadigan daromadlar miqdori toʻlovchi bilan amalda uni olish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismi ushbu Bitimning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga muvofiq, avvalgidek soliqqa tortiladi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Agar royaltilarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bu royaltilar, shuningdek ular hosil boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda, ana shu Davlatning qonunlariga muvofiq ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo bunday holda, shunday tarzda undiriladigan soliq royaltilar yalpi miqdorining 8 foizidan oshmasligi kerak.
3. “Royalti” atamasi ushbu moddada qoʻllanganida har qanday adabiy, sanʼat va ilmiy asarlarni, shu jumladan, radio va televideniye uchun kinofilm, yozuvlar va videokassetalar, har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki modellar, reja, kompyuter dasturlari, maxfiy formula yoki jarayonlar yoki har qanday sanoat, tijorat yoinki ilmiy uskuna yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli boʻlgan har qanday mualliflik huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqdan foydalanish huquqi uchun mukofot tarzida olinadigan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Agar royaltining benefitsilari bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻla turib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda u erda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirayotgan boʻlsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoki mulk shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatan bogʻliq boʻlsa, 1 va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllanadi.
5. Agar toʻlovchi shu Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻladimi yoki yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, har qanday Davlatda royaltini toʻlash majburiyati zimmasiga tushgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki baza toʻlov xarajatlarini toʻlasa, bunday royaltilar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi yoki ularning ikkalasi va boshqa biron bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga, foydalanish huquqiga yoki axborot uchun toʻlanadigan royaltining miqdori toʻlovchi va amalda shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda, toʻlovning ortiqcha qismi ushbu Bitimning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga muvofiq avvalgidek soliqqa tortiladi.
13-modda
Mol-mulk qiymatining oʻsishi
Mol-mulk qiymatining oʻsishi
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining 6-moddada koʻrsatilgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga berishdan oladigan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasi tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni boshqa shaxsga berishdan oladigan yoki bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishida bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mulkni boshqa shaxsdan oladigan daromadlari, jumladan ana shu doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) yoki shunday doimiy bazani boshqa shaxsga berishdan olgan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz yoki havo kemalarini boshqa shaxsga berishdan yoki shunday dengiz yoki havo kemalaridan foydalanishga taalluqli boʻlgan koʻchar mulkni boshqa shaxsga berishdan olinadigan daromadlar faqat oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan, mulki asosan bevosita yoki bilvosita koʻchmas mulkdan tashkil topgan kompaniya aksiyalari yoki aksiyadorlik kapitalini boshqa shaxsga berishdan olinadigan daromadlar ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
5. Ushbu moddaning 1, 2, 3 va 4-bandlarida sanab oʻtilmagan har qanday boshqa mulkni boshqa shaxsga berishdan olinadigan daromadlar faqat mol-mulkni boshqa shaxsga beruvchi shaxs rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining kasbiy xizmatlarni koʻrsatish yoki mustaqil tusdagi boshqa faoliyatdan oladigan daromadlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi, bunday daromadlar, shuningdek quyidagi hollarda, istisno tariqasida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin:
a) agar u oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻzi uchun muntazam qulay boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlsa; bunday hollarda daromadning faqat shunday doimiy bazaga taalluqli boʻlgan qismigina ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin; yoki
b) agar uning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlib turishi koʻrib chiqilayotgan har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshadigan davr yoki davrlar mobaynida davom etsa.
2. “Kasbiy xizmatlar” atamasi, xususan, mustaqil ilmiy, adabiy, badiiy, maʼrifiy va oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek shifokorlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgalterlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
15-modda
Tobe shaxsiy xizmatlar
Tobe shaxsiy xizmatlar
1. 16, 18 va 19-moddalarning qoidalarini hisobga olgan holda, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining yollanma ishga nisbatan oladigan maoshi, ish haqi va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash haqlari, agar yollanma ish boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar yollanma ish shu tarzda bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan taqdirlash haqlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. 1-band qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan biri rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiradigan yollanma ishiga nisbatan oladigan taqdirlash haqlari faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliqqa tortiladi, agar:
a) oluvchi boshqa Davlatda koʻrib chiqilayotgan moliya yilida boshlanadigan yoki tugaydigan har qanday koʻrib chiqilayotgan oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida boʻlib tursa, va
b) taqdirlash haqlari boshqa Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi tomonidan yoki yollovchi nomidan toʻlanadigan boʻlsa, va
c) taqdirlash haqlari boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olmasa.
3. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasining xalqaro tashishlarda foydalaniladigan havo kemasi yoki samolyot bortida yoki temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarida amalga oshiriladigan yollanma ish uchun oladigan taqdirlash haqlari ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
16-modda
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari va bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya Direktorlar Kengashining yoki uning shunga oʻxshash boshqa organlari aʼzosi sifatida oladigan shunga oʻxshash boshqa toʻlovlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14 va 15-moddalarning qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyatidan oladigan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, balki boshqa shaxsga hisoblab yozilgan holatda, bu daromad 7, 14 va 15-moddalarning qoidalariga qaramay, sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
3. Agar bu Davlatga boʻlgan tashrif toʻlaligicha boshqa Ahdlashuvchi Davlatning jamoat fondlari, maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoxud mahalliy hokimiyat organlari tomonidan mablagʻ bilan taʼminlansa, 1 va 2-bandlarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlatda sanʼat xodimi yoki sportchi tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatdan olinadigan daromadga taalluqli boʻlmaydi. Shunday hollarda daromad faqat ushbu sanʼat xodimi yoki sportchi rezidenti boʻlgan oʻsha Davlatda soliqqa tortiladi.
18-modda
Pensiyalar
Pensiyalar
19-modda 2-bandining qoidalarini hisobga olib avvalgi yollanma ish uchun Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga kompensatsiya sifatida toʻlanadigan nafaqa va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash haqlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
19-modda
Hukumat xizmati
Hukumat xizmati
1. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoxud mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ana shu Davlatga yoki uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoxud mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatgan xizmatlari uchun jismoniy shaxsga toʻlanadigan, nafaqadan tashqari, ish haqi, maosh va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash haqlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
b) Biroq agar xizmat ana shu Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs ana shu Davlatning rezidenti boʻlgan holda, agar u:
I) ana shu Davlatning milliy shaxsi boʻlsa, yoki
II) shu xizmatni amalga oshirish maqsadidagina ana shu Davlatning rezidenti boʻlgan boʻlmasa, bunday ish haqi, maosh va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash haqlari faqat ana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
2. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmasi yoxud mahalliy hokimiyat organlari yoki ular tomonidan tuzilgan jamgʻarmalar tomonidan shu Davlatga yoki uning maʼmuriy- hududiy boʻlinmasi yoxud mahalliy hokimiyat organiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlanadigan har qanday pensiya faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
b) Biroq agar jismoniy shaxs ana shu Davlatning rezidenti va milliy shaxsi boʻlsa, shunday pensiya faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. 15, 16 va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat yoki uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmasi yoki mahalliy hokimiyat organi tomonidan amalga oshiriladigan tijorat faoliyatiga bogʻliq koʻrsatilgan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan ish haqi, maosh va shunga oʻxshash taqdirlash haqlariga nisbatan tatbiq etiladi.
20-modda
Talabalar
Talabalar
Bir Ahdlashuvchi Davlatga kelgunga qadar bevosita boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanib turgan yoki boʻlgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqatgina oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadidagina yashab turgan talaba yoki stajorning yashashi, oʻqishi va maʼlumot olishi uchun moʻljallangan toʻlovlar, basharti bunday toʻlovlar shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan paydo boʻlgan taqdirda ana shu Davlatda soliqqa tortilmaydi.
21-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining ushbu Bitimning oldingi moddalarida aytib oʻtilmagan daromad turlari, ularning qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. 1-band qoidalari, 6-moddaning 2-bandida belgilangan koʻchmas mulkdan olingan daromadlardan tashqari, daromadlarga nisbatan qoʻllanilmaydi, agarda bunday daromadlarni oluvchi Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻla turib, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa yoki u erda joylashgan doimiy bazadan mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirayotgan boʻlsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mol-mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻlangan boʻlsa. Bu holatda, vaziyatga qarab, 7 yoki 14-moddalarning qoidalari qoʻllaniladi.
22-modda
Mol-mulk
Mol-mulk
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulki ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasi tijorat mulkining bir qismini tashkil etadigan koʻchar mulk yoki bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida unga qulay boʻlgan doimiy bazaga tegishli koʻchar mulk ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining mulki boʻlgan va xalqaro tashishlarda foydalaniladigan havo kemasi va samolyotlardan iborat boʻlgan mulk va shunday havo kemasi va samolyotlarni ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan koʻchar mulk faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti mulkining boshqa barcha unsurlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
23-modda
Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti ushbu Bitim qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki mol-mulkka ega boʻlsa, birinchi eslatib oʻtilgan Davlat:
a) ushbu rezidentning daromad soligʻidan ana shu boshqa Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga;
b) ushbu rezidentning mol-mulk soligʻidan ana shu boshqa Davlatda toʻlangan mol-mulk soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga ruxsat berishi kerak.
Har qanday holatda ham bunday chegirmalar, ushbu holatdagi daromadga yoki mol-mulkka taalluqli boʻlgan chegirmadan oldin hisoblab chiqilgan, vaziyatga bogʻliq ravishda ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki mol-mulk soligʻi qismidan oshib ketmasligi kerak.
2. Ushbu Bitimning biron-bir qoidasiga muvofiq Ahdlashuvchi Davlat rezidenti ega boʻlgan daromad yoki mol-mulk ana shu Davlatda soliqqa tortishdan chiqarilgan boʻlsa, bu Davlat ana shu rezidentning daromadi yoki mol-mulkining qolgan qismiga soliq miqdorini hisoblashda daromad yoki mol-mulkka solingan soliqdan chiqarib tashlangan miqdorni hisobga olishi mumkin.
3. Soliq summasi Ahdlashuvchi Davlatning ichki qonunlariga muvofiq beriladigan muayyan maxsus imtiyozli choralarga koʻra soliqqa tortishdan ozod qilingan yoki u kamaytirilgan boʻlsa, unda summa Ahdlashuvchi Davlatda toʻlangan, deb hisoblanadi va shu bilan birga u ushbu moddaning 1-bandiga binoan boshqa Ahdlashuvchi Davlatning soligʻidan chegirib tashlanishi lozim boʻladi.
24-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda, ushbu boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda, jumladan rezidensiyaga nisbatan solinishi mumkin boʻlganidan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador holatlarga duchor qilinmaydilar. Bu qoida 1-modda qoidalaridan qatʼi nazar, bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlmagan jismoniy shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasini soliqqa tortish ushbu boshqa Davlatda aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalarni soliqqa tortishdan koʻra kamroq maqbul boʻlmaydi. Ushbu qoida bir Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentini soliqqa tortish boʻyicha oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqeyi yoki oilaviy sharoiti asosida beradigan qandaydir shaxsiy imtiyozlar, ozod qilishlar yoki chegirmalar berishga majburlovchi tarzda talqin qilinmasligi lozim.
3. 9-moddaning 1-bandi, 11-moddaning 7-bandi yoki 12-moddaning 6-bandi qoidalari qoʻllanilgan hollardan tashqari, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga bunday korxonaning soliqqa tortiladigan daromadini aniqlash maqsadida toʻlaydigan qarz majburiyatidan olinadigan daromadlar, royaltilar va boshqa qarz toʻlovlari, agar bunday toʻlovlar birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlanganidek, shartlar asosida chegirib tashlanadi. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga nisbatan boʻlgan har qanday shunga oʻxshash qarzlari shu korxonaning soliqqa tortiladigan mol-mulkini aniqlash maqsadida birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga nisbatan boʻlgan qarzi singari shartlar asosida chegirib tashlanishi kerak.
4. Kapitali toʻliq yoki qisman boshqa Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga tegishli boʻlgan yoki bevosita yoxud bilvosita ular tomonidan nazorat qilinayotgan Ahdlashuvchi Davlat korxonasi birinchi eslatilgan Ahdlashuvchi Davlatning shunday korxonalariga solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgan har qanday soliq solish yoki unga aloqador majburiyatlarga yoki soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq va u bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarga duchor qilinmaydi.
5. Ushbu moddaning qoidalari, 2-modda qoidalariga qaramay, har qanday tur va tavsifdagi soliqlarga nisbatan qoʻllaniladi.
25-modda
Oʻzaro kelishuv taomili
Oʻzaro kelishuv taomili
1. Agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining harakati unga ushbu Bitim qoidalariga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishga olib keladi yoki olib kelishi mumkin, deb hisoblasa, u ushbu Davlatlarning ichki qonunlarida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga yoki agarda uning holati ushbu Bitimning 24-moddasi 1-bandiga muvofiq kelsa, oʻzi milliy shaxsi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatga taqdim etishi mumkin. Bu ariza ushbu Bitim qoidalariga nomuvofiq keladigan soliqqa tortishga olib keluvchi harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
2. Vakolatli organ uning arizasini asosli deb topsa, ammo oʻzini qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani ushbu Bitimga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortilishdan qochish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan-oʻzaro kelishib hal etishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashuvchi Davlatlar ichki qonunlaridagi har qanday vaqtincha cheklashlarga qaramay amalga oshirilishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik yoki ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal etishga harakat qiladilar. Ular ikkiyoqlama soliqqa tortishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Bitimda nazarda tutilmagan holatlar yuzasidan ham bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlar maʼnolarini tushunishda hamfikrlikka erishish maqsadida bir-birlari bilan ularning oʻzlaridan yoki ularning vakillaridan tashkil etilgan birlashgan komissiya doirasida bevosita aloqada boʻlib turishlari mumkin.
26-modda
Imtiyozlarning cheklanishi
Imtiyozlarning cheklanishi
Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan kelishganidan soʻng har qanday ishga nisbatan, agar uning fikricha shunday imtiyozlarning taqdim etilishi ushbu Bitimni suiisteʼmol qilishga olib kelsa, ushbu Bitimdan kelib chiqadigan imtiyozlarni qoʻllashdan voz kechishi mumkin.
27-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitim qoidalarini yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning soliqqa tortishga tegishli ichki qonunlarini qoʻllash uchun ushbu qonunlardan ushbu Bitimga zid tushmaydigan darajada foydalanish uchun zarur axborotlarni almashib turadilar. Axborot almashish 1-modda bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlat olgan har qanday axborot, ushbu Davlatning ichki qonunlariga muvofiq olingan maʼlumot kabi maxfiy hisoblanadi va faqat aniqlash yoki undirish, majburiy undirish yoki sud orqali taʼqib etish bilan yoki ushbu Bitim tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan appelatsiyalarni koʻrib chiquvchi shaxslar yoki organlargagina, shu jumladan sudlar va maʼmuriy organlarga ham ochiladi. Bunday shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin. .
2. Hech qanday holatda ushbu moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlardan birini quyidagilarga majburlovchi tarzda talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotiga zid maʼmuriy choralar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyot mobaynida olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
c) savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki kasb siri yoki savdo jarayonini ochib tashlovchi yoki ochilishi davlat siyosatiga (jamoat tartibiga) zid keluvchi axborotni taqdim etish;
d) uning vakolati bilan tasdiqlanmagan, uning hududiy yurisdiksiyasi chegarasida boʻlgan shaxslar egaligida yoki boshqaruvida boʻlmagan axborotni taqdim etish.
3. Agar ushbu moddaga muvofiq, bir Ahdlashuvchi Davlat tomonidan axborot talab qilinsa, boshqa Ahdlashuvchi davlat talab qilinayotgan axborotlarni olish uchun chora -tadbirlar koʻrib, oʻzining axborotidan foydalanadi, hatto agar bu boshqa davlat oʻzining soliq sohasidagi maqsadlari uchun bunday axborotga muhtoj boʻlmasa ham. Avvalgi jumlada koʻrsatilgan majburiyatlar 3-bandning cheklovlari hisoblanadi, lyokin hech qanday sharoitda bunday cheklovlar Ahdlashuvchi Davlat uchun axborot berishni rad qilishga ruxsat deb qaralmasligi kerak, chunki uning negizida bunday axborotdan manfaatdorlik mutlaqo yoʻq.
4. 3-banddagi hech narsa Ahdlashuvchi Davlatga axborot berishni rad qilishga ruxsat deb qaralmasligi kerak, chunki axborotda bank uchun, yoki boshqa moliya muassasasi uchun yoki ishonchli shaxs uchun, yoki agentlikda yoki ishonchnoma bilan ish qilayotgan shaxs uchun maʼlumot mavjud, yoki u axborotni inson mulkiga aloqasi bor.
28-modda
Diplomatik agentlar va konsulxona xizmatchilari
Diplomatik agentlar va konsulxona xizmatchilari
Ushbu Bitimning hech bir qoidasi diplomatik agentlar va konsulxona xizmatchilarining xalqaro huquq umumiy normalariga yoki maxsus bitimlarning qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
29-modda
Kuchga kirishi
Kuchga kirishi
Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun ichki qonunchilikka muvofiq — talab etiladigan taomillar bajarilganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali bir-birlarini xabardor qiladilar. Bu Bitim ana shunday xabarnomalardan oxirgisi olingan kundan boshlab kuchga kiradi va shundan keyin quyidagilarga nisbatan amal qiladi:
a) ushbu Bitim kuchga kiradigan yildan keyin keladigan taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab yoki shu sanadan keyin toʻlanadigan daromad manbalaridan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Bitim kuchga kirgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyingi sanadan boshlab har bir soliqqa tortiladigan yil uchun undiriladigan boshqa soliqlariga nisbatan.
30-modda
Amal qilishini toʻxtatish
Amal qilishini toʻxtatish
Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Davlat uning amal qilishini toʻxtatmagunicha oʻz kuchida qoladi. Har bir Ahdlashuvchi Davlat Bitimning amal qilishini Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab besh yil oʻtgach istalgan taqvimiy yilning tugashidan kamida olti oy avval diplomatik kanallar orqali amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berish orqali toʻxtatishi mumkin.
Bunday holatda Bitimning amal qilishi:
a) amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berilgan yildan keyin keladigan taqvimiy yilning birinchi yanvaridan yoki bundan keyingi sanadan boshlab olingan daromad manbaidan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi xabarnoma berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyingi sanadan boshlab har bir soliqqa tortiladigan yil uchun undiriladigan boshqa soliqlarga nisbatan toʻxtatiladi.
Tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar, shunga guvohlik berib ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2009-yil 5-iyunda ikki asl nusxada har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)