Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari- 1941 - 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash toʻgʻrisida
2015-yil 9-mayda umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni oʻtkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 70 yilligi bayram qilinishi munosabati bilan fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaga bebaho hissa qoʻshgan Oʻzbekiston fuqarolari — 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini munosib ravishda va izzat-ikrom bilan sharaflash maqsadida:
1. 1941 — 1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 70 yilligi sharafiga “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali taʼsis etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — “1941 — 1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” va “Yaponiya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun olingan boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomalariga ega boʻlgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, shuningdek Ikkinchi jahon urushi yillarida fidokorona mehnati uchun mukofotlangan, shu jumladan “1941 — 1945-yillar Ulugʻ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun”, “Mehnatdagi jasorati uchun”, “Mehnatda oʻrnak koʻrsatganligi uchun” medallariga yoki 1941 — 1945-yillardagi urush davrida qurolli kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash boʻyicha shtat lavozimida boʻlganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan mehnat fronti qatnashchilari mukofotlanadilar.
3. “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali toʻgʻrisidagi nizom va uning tavsifi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlanishi lozim boʻlgan 1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari va nogironlarining, mehnat fronti qatnashchilarining aniq roʻyxatini tuzib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Markaziy bank va “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medallari va ularning guvohnomalari blanklari belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin;
2015-yilning 1-martiga qadar Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 70 yilligi mamlakatimizda keng bayram qilinishiga bagʻishlangan tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medallari bilan tantanali va bayramona vaziyatda mukofotlash chora-tadbirlari koʻzda tutilsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 19-fevral,
PF-4704-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 19-fevraldagi PF-4704-sonli farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali toʻgʻrisidagi
Nizom
1. “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — “1941 — 1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” va “Yaponiya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun olingan boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomalariga ega boʻlgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, shuningdek Ikkinchi jahon urushi yillarida fidokorona mehnati uchun mukofotlangan, shu jumladan “1941 — 1945-yillar Ulugʻ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun”, “Mehnatdagi jasorati uchun”, “Mehnatda oʻrnak koʻrsatganligi uchun” medallariga yoki 1941 — 1945-yillardagi urush davrida qurolli kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash boʻyicha shtat lavozimida boʻlganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan mehnat fronti qatnashchilari mukofotlanadilar.
2. “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medalini topshirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, Milliy xavfsizlik xizmati raisi, ichki ishlar vaziri, Davlat bojxona qoʻmitasi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimlari tomonidan mahalliy harbiy boshqarma organlarining, urush va mehnat faxriylari kengashlarining ishtirokida tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.
Mukofotlanganlarga esdalik yubiley medali bilan birga belgilangan shakldagi guvohnoma topshiriladi.
3. “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 19-fevraldagi PF-4704-sonli farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medalining
tavsifi
“Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali 0,25 mikrongacha qalinlikdagi oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 32 millimetrli doira shaklida boʻladi.
Esdalik yubiley medalining oʻng tomonida taralayotgan quyosh nurlari fonida “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksidagi Mangu olov yonida “Motamsaro ona” monumenti tasvirlangan. Monumentning chap va oʻng tomonlarida 1945 va 2015 raqamlari yozilgan boʻlib, ular Ikkinchi jahon urushi tugagan yil va yubiley yilini anglatadi.
Esdalik yubiley medalining orqa tomonida “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 70 yilligi” soʻzlari yozilgan. Yozuv dafna chambari bilan oʻralgan boʻlib, uning novdalari pastda sakkiz qirrali yulduz bilan tutashgan.
Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
Esdalik yubiley medalining qirralari doira bilan hoshiyalangan.
Esdalik yubiley medali xalqachalar yordamida besh burchakli kolodka bilan tutashtiriladi, uning ustki qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ranglaridagi eni 24 millimetrli shoyi lenta bilan oʻralgan. Koʻk, oq va yashil polosalarning eni 7 millimetrdan, qizil polosalarning eni esa 1,5 millimetrdan. Kolodkaning balandligi 48 millimetr, eni 45 millimetr. Toʻgʻnogʻich yordamida qadaladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 8-son, 90-modda)