O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi RAYoSATIning
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY PARLAMENT GURUHINING QOIDALARI HAMDA IJROIYA QO‘MITASI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy parlament guruhining Qoidalari tasdiqlansin. (Ilova qilinadi).
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 3-iyuldagi Qarori bilan tashkil etilgan Parlamentlararo Ittifoq Milliy guruhining kengashi bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi Milliy parlament guruhining Ijroiya qo‘mitasi deb atalsin.
3. Ushbu Qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdagi sessiyasi tasdig‘iga kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YO‘LDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 11-mart,
793-XII-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY PARLAMENT GURUHINING
q o i d a l a r i
1-modda
O‘zbekiston Respublikasining Milliy parlament guruhi parlamentining barcha a’zolaridan iborat bo‘lib, u Oliy Kengashning qarori bilan tuziladi.
2-modda
Milliy parlament guruhi o‘z faoliyatida Parlamentlararo Ittifoqning, o‘zi a’zo bo‘lgan boshqa parlamentlararo tashkilotlarning tartib-qoidalariga amal qiladi, ularning Ustavlari va Qoidalariga rioya etadi.
3-modda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Milliy parlament guruhining Rahbari hisoblanadi.
4-modda
Parlament guruhi a’zolarining umumiy yig‘ilishi Milliy parlament guruhining rahbar idorasi hisoblanadi, bu yig‘ilish zaruratga qarab o‘tkaziladi. Milliy parlament guruhining yig‘ilishi, basharti unda parlament jami a’zolarining uchdan ikki qismidan ko‘pi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Umumiy yig‘ilish Milliy parlament guruhining Ijroiya qo‘mitasini saylaydi, Ijroiya qo‘mitasi ishiga doir hisobotlarni tinglaydi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy parlament guruhining faoliyati bilan bog‘liq eng muhim masalalarni qarab chiqadi.
Umumiy yig‘ilishni Milliy parlament guruhining rahbari, Ijroiya qo‘mitasi chaqiradi.
Umumiy yig‘ilish qaror va murojaatnomalar qabul qiladi, noma va maktublar yo‘llaydi.
Basharti, yig‘ilishda ishtirok etayotgan parlament a’zolarining yarmidan ko‘pi yoqlab ovoz bersa, yig‘ilish qarori qabul qilingan hisoblanadi.
5-modda
Milliy parlament guruhining Ijroiya qo‘mitasi tarkibi Rais, kotib va qo‘mita a’zolaridan iborat bo‘ladi.
Ijroiya qo‘mitasi:
— ish rejasi tayyorlaydi va uni tasdiqlash uchun taqdim etadi;
— Ijroiya qo‘mitasining har bir a’zosiga aniq ish jabhasini biriktirib qo‘yadi;
— O‘zbekiston Respublikasi Milliy parlament guruhi a’zo bo‘lgan parlamentlararo tashkilotlarning qarorlarini amalda ro‘yobga chiqarish uchun chora-tadbirlar ko‘radi;
— parlamentlararo tashkilotlar faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun ma’muriy va moliyaviy masalalarga doir zarur chora-tadbirlar ko‘radi hamda bu tashkilotlarning Kotibiyatlari bilan muntazam aloqa bog‘laydi;
— Parlamentlararo Ittifoq va boshqa parlamentlararo tashkilotlarning tadbirlarida qatnashish uchun Milliy parlament guruhi a’zolari yuborilishini ta’minlaydi, delegatlarning vazifalarini belgilab beradi, ishlarida ko‘maklashadi hamda tadbir o‘tkazilayotgan mamlakatda bo‘lishlari bilan bog‘liq barcha zarur choralarni ko‘radi;
— qabul qilingan qarorlar yuzasidan Milliy parlament guruhining tutadigan mavqeyini belgilaydi, ana shu mavzular bo‘yicha materiallar (bayonnoma, rezolyutsiya loyihasi, qo‘shimchalar, tuzatishlar) taqdim etadi, hukumat tasarrufidagi va hukumat tasarrufida bo‘lmagan tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashish zarurligi to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
— kundalik faoliyatga doir masalalarni o‘rganadi va parlamentlararo tashkilotlarning faoliyatiga, Ustavi, tuzilishi va budjetiga o‘zgartishlar kiritishga, ular o‘tkazadigan tadbirlarning kun tartibiga qo‘shimcha bandlar kiritishga doir takliflarni ilgari suradi;
— parlamentlararo uchrashuv o‘tkaziladigan mamlakat parlamenti rahbariyati va delegatsiyasi bilan ikki tomonlama aloqalar o‘rnatadi.
6-modda
Parlamentlararo tashkilotlarning qarorlaridan Milliy parlament guruhi, shuningdek zaruratga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti va Hukumati ham xabardor etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy parlament guruhining parlamentlararo tadbirlarda ishtirok etayotgan delegatsiyasi yozma ravishda hisobotlar tayyorlaydi va Ijroiya qo‘mitasining majlislarida, zaruratga ko‘ra parlament guruhining umumiy yig‘ilishlarida axborot beradi.
Delegatsiyaning hisoboti parlamentning rasmiy hujjati sifatida e’lon qilinishi ham mumkin.
7-modda
O‘zbekiston Respublikasining Parlamentiga navbatdagi saylov o‘tkazilganidan keyin Milliy parlament guruhining yangi tarkibi tuzilib, uning umumiy yig‘ilishida Ijroiya qo‘mitasining yangi a’zolari saylangunga qadar avvalgi tarkibdagi Ijroiya qo‘mitasi o‘z ishini davom ettiraveradi.
8-modda
Ushbu Qoidalarga doir har qanday tuzatish umumiy yig‘ilishda ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinishi lozim.
Parlament guruhining barcha a’zolari kiritiladigan tuzatishlar bilan ular yig‘ilishda muhokama qilinishidan oldin tanishib chiqishlari lozim.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 3-son, 162-modda)