Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati oʻrtasida tuzilgan
Bitim
Fuqaro havo transporti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati, bundan buyon matnda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
1944-yilning 7-dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning aʼzolari boʻlgani holda;
Havo qatnovini oʻrnatish va oʻzlarining tegishli hududlariaro va tashqarisida parvozlarni amalga oshirish xususida Bitim tuzish istagida;
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda
Atamalar
Atamalar
1. Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimning maqsadlari yoʻlida:
a) “Chikago Konvensiyasi” atamasi 1944-yil 7-dekabrda Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
(I) 94 -moddaning (a)-bandiga muvofiq kuchga kirgan va har ikkala Ahdlashuvchi Tomon eʼtirof etgan har qanday tuzatishni, va
(II) Chikago Konvensiyasining 90-moddasiga binoan kiritilgan har qanday Ilova va unga kiritilgan shunday tuzatishni anglatadiki, bunda bu tuzatish yoki ilova berilgan har qanday vaqtda har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun kuchga ega boʻlsin;
b) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Fuqaro Aviatsiyasi Bosh direktorini, Polsha Respublikasiga nisbatan esa Transport va Dengiz Xoʻjaligi Vazirini/Fuqaro Aviatsiyasi Departamenti Direktorini yoki har ikkala holda yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar bajaradigan ishlarni yoki shuning singari vazifalarni amalga oshirish vakolati berilishi mumkin boʻlgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
c) “tayinlangan aviakorxona” atamasi istalgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning 4-moddasiga muvofiq tayinlagan va vakolat bergan aviatsiya korxonasini anglatadi;
d) “hudud” atamasi Davlatga nisbatan Chikago Konvensiyasining 2-moddasida unga belgilangan mazmunni anglatadi;
e) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari ularga Chikago Konvensiyasining 96-moddasida tegishli ravishda belgilangan maʼnolarni anglatadi;
2. Ushbu Bitimga kiritilgan Ilovaga uning tarkibiy qismi sifatida qaraladi.
2-modda
Konvetsiyaning qoʻllanilishi
Konvetsiyaning qoʻllanilishi
Modomiki, qoidalar xalqaro havo qatnovida qoʻllanilar ekan, ushbu Bitimning qoidalari Chikago Konvensiyasi qoidalariga asos boʻladi.
3-modda
Tashish huquqlarining berilishi
Tashish huquqlarining berilishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga xalqaro aviatashuv ishlarini amalga oshirish maqsadida quyidagi huquqlarni beradi:
a) oʻzining hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish huquqini;
b) oʻz hududida tijoratga taalluqli boʻlmagan maqsadlarda qoʻnish huquqini.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonga ushbu Bitimga Ilova qilib kiritilgan Parvozlar jadvalining tegishli Boʻlimida koʻrsatilgan xalqaro havo qatnovini amalga oshirish maqsadida bundan buyon ushbu Bitim matnida belgilangan huquqlarni beradi. Bunday qatnovlar va yoʻnalishlar bundan buyon matnda tegishli ravishda “kelishilgan yoʻllar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi. Belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni amalga oshirish vaqtida har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ushbu moddaning 1-bandida belgilangan huquqlarga qoʻshimcha ravishda yoʻlovchilar va yuk olish, pochtani oʻz ichiga olgan holda, va tushirish maqsadida ushbu Bitim Parvozlar jadvalining oʻshal yoʻnalishi boʻyicha boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida belgilangan manzillarda qoʻnish huquqidan foydalanishi mumkin.
3. Ushbu modda 2-bandining hech qaysi bir qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq yoki mukofot evaziga boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning boshqa bir manziliga borish uchun moʻljallangan yoʻlovchi va, pochtani oʻz ichiga olgan holda, yuk tashish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
4. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi qurolli ixtilof, siyosiy tartibsizliklar yoki chiqishlar yoxud maxsus yoki gʻayrioddiy vaziyatlar oqibatida oʻzining doimiy yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmasa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tegishli yoʻnalishlarni qayta tashkillash yoʻli bilan ana shunday yoʻnalishlar boʻyicha havo yoʻllaridan foydalanish uchun oʻzining barcha imkoniyatlarini ishga soladi.
4-modda
Tayinlash va parvozga doir vakolat
Tayinlash va parvozga doir vakolat
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon Ilovada belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanish maqsadlarida bir korxonani tayinlash huquqiga ega boʻladi. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini bu tayinlash toʻgʻrisida xabardor etishlari lozim.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarni olganidan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 3 va 4-bandi qoidalariga muvofiq ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga parvozlarni amalaga oshirish uchun darhol tegishli ruxsatnoma beradi. Parvozlar uchun berilgan vakolat uni bergan Ahdlashuvchi Tomonning roziligisiz boshqa aviakorxonaga berilishi yoki oʻtkazilishi mumkin emas.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan ushbu maʼmurlar tomonidan xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida Chikago Konvensiyasining qoidalariga muvofiq odatda va oqilona qoʻllaniladigan qonunlar va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga ustun egalik qilish va uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga ruxsat berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanish chogʻida bajarilishi zarur deb hisoblaydigan shartlar ijro etilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq tayinlangan aviakorxona vakolatga ega boʻlganidan soʻng har qanday kelishilgan havo qatnovini istalgan vaqtda amalga oshirishni boshlashi mumkin, basharti, ushbu Bitimning 10-moddasi qoidalariga muvofiq ravishda oʻsha qatnovga nisbatan tariflar belgilangan boʻlsa.
5-modda
Parvozga doir ruxsatnomani bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
Parvozga doir ruxsatnomani bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi parvozga doir vakolatini bekor qilish yoki ushbu Bitimning 3-moddasida belgilangan huquqlardan foydalanishini toʻxtatib qoʻyish yoki oʻsha huquqlardan foydalanish chogʻida oʻzi zarur deb bilgan quyida keltirilgan shartlar bajarilishini talab qilish huquqiga egadir:
a) aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat ushbu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga tegishli ekanligiga ishonch hosil qilmagan har qanday holda; yoki
b) oʻsha aviakorxona huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomonning odatda va oqilona tatbiq etiladigan qonun va qoidalariga rioya etmasa;
yoki
c) agar tayinlangan aviakorxona ushbu Bitim va unga kiritilgan Ilovada belgilangan qoidalarga muvofiq ravishda parvozlarni amalga oshirolmayotgan boʻlsa.
2. Agar huquqlarni bekor qilish, amalda toʻxtatib qoʻyish yoki bu moddaning 1-bandi shartlari bajarilishini talab qilish qonun-qoidalarning bundan buyon yana buzilishiga zaruriy ogohlantirish deb topilmasa, bunday huquqlardan boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuvdan soʻng foydalanish mumkin.
6-modda
Kelishilgan yoʻllarda parvozlarni boshqarish uslublari
Kelishilgan yoʻllarda parvozlarni boshqarish uslublari
1. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga ularning tegishli hududlariaro kelishilgan yoʻllar boʻyicha belgilangan yoʻnalishlarda parvozlarni amalga oshirish jarayonida haqqoniy va teng imkoniyatlar berilishi lozim.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan yoʻllardan foydalanayotganda aynan bir yoʻnalish yoki uning bir qismida undan keyin parvozlarni amalga oshirayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari parvozlariga ziyon yetkazmaslik uchun uning manfaatlarini ham nazarda tutishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlangan aviakorxonalarining amalga oshirayotgan kelishilgan havo qatnovlari belgilangan yoʻnalishlardagi tashuvga boʻlgan ehtiyojlarga yaqin munosabatda boʻlishi va har bir aviakorxona oʻzini tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududidan kelayotgan yoki unga borish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar va yuk, pochtani oʻz ichiga olgani holda, tashishga boʻlgan ehtiyojni qondirish uchun yetarli hajm taʼminlanishini oʻz oldiga birinchi darajali oqilona vazifa qilib qoʻyishi lozim. Aviakorxonani tayinlamagan Davlatlar hududidagi yoʻnalishlardagi manzillarda olingan va tushirilgan yoʻlovchi va yuk, pochtani oʻz ichiga olgan holda, tashish qoidalari umumiy qoidalarga muvofiq tuzilishi lozimki, bunda hajm:
a) aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududiga yoki undan tashqariga tashish ehtiyojiga;
b) shartlashilgan yoʻllar oʻtadigan oʻlkaning tashuvga boʻlgan ehtiyojlari, bunda oʻsha oʻlka oʻz ichiga qamrab oladigan Davlatlar oʻrnatgan transport qatnovlari ham inobatga olinadi; va
s) yoʻlovchilar tashiladigan yoʻnalishlar orqali oʻtadigan iqtisodiy parvozlarga boʻlgan ehtiyojga muvofiq kelishi lozim.
7-modda
Bojxona bojlari
Bojxona bojlari
1. Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasiga qarashli xalqaro havo qatnovini amalga oshirayotgan havo kemalari, shuningdek, uning doimiy moslamalari, yoqilgʻi zaxiralari va moylash mahsulotlari va bort zaxiralari (oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ham oʻz ichiga oladi) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kelgan vaqtda barcha bojxona bojlari, nazorat yigʻimlari va boshqa soliqlar yoki yigʻimlardan ozod qilinadi, basharti, oʻsha havo kemalari mazkur hududdan chiqib ketsa va moslamalar, zaxiralar va mahsulotlar toki qaytib ketgunga qadar havo kemasi ichida qolsa.
2. Koʻrsatilgan xizmat uchun olinadigan yigʻimlarni mustasno etganda, xuddi shunday bojlar, soliqlar va yigʻimlardan quyidagilar ham ozod qilinadi:
a) har qanday Ahdlashuvchi Tomonning hududida shu Ahdlashuvchi Tomonning maʼmurlari belgilagan meʼyorlar chegarasida va boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining mazkur hududdan xalqaro havo qatnovini amalga oshirayotgan havo kemasi ichida foydalanish uchun olgan zaxiralari;
b) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududiga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo qatnovida foydalaniladigan havo kemasining holatini ushlab turish yoki uni taʼmirlash uchun keltirilgan ehtiyot qismlar va doimiy moslamalari;
c) bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo qatnovida foydalanadigan havo kemasida ishlatilishi uchun moʻljallangan yoqilgʻi va moylash mahsulotlari, hatto bu zaxiralar havo kemasiga olingan Ahdlashuvchi Tomonning hududi ustida amalga oshiriladigan parvoz davomida ishlatilgan taqdirda ham;
d) tayinlangan aviakorxona tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida ishlatiladigan tijoriy qiymatga ega boʻlmagan reklama mahsulotlari.
3. Mabodo, istalgan bir Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari talab qilsa ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan mahsulotlar uqtirib oʻtilgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona nazoratida ushlab koʻriladi.
4. Istalgan bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan havo kemasidagi doimiy moslamalar, shuningdek, materiallar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻsha Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmurlarining roziligi bilan havo kemasidan tushirilishi mumkin.
Bunday holda, ular qaytib olib chiqib ketilgunga yoki uqtirib oʻtilgan maʼmurga roziligi bilan boshqa joyga koʻchirilgunga qadar oʻshal maʼmurlar nazorati ostiga olinishi mumkin.
8-modda
Bevosita tranzit
Bevosita tranzit
Bir Ahdlashuvchi Tomon hududidan toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan va bu maqsad uchun tayyoragoh hududidan ajratilgan joyni tark etmaydigan yoʻlovchilar, ularning yuki va yuklar faqat yuzaki koʻzdan kechiriladi xolos. Toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan yoʻlovchi yuklari va yuklar bojxona bojlari va shuning singari soliqlardan ozod qilinadi.
9-modda
Qonunlar va qoidalarning qoʻllanilishi
Qonunlar va qoidalarning qoʻllanilishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro havo navigatsiyasini amalga oshirayotgan havo kemasini yoki oʻsha havo kemasining oʻsha hudud doirasidagi parvozi va navigatsiyasini shu havo kemasining oʻz hududiga uchib kelishi, unda boʻlib turishi yoki undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo kemalariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oʻz hududiga havo kemalarida tashib keltirilgan yoʻlovchilar, ekipaj, pochta yoki yuk kelishi, unda boʻlib turishi, hamda undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi hamda, aniqrogʻi pasport, bojxona va tibbiy nazorat qonun va qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining havo kemasiga olingan yoʻlovchilar, ekipaj, yuk va pochtaga nisbatan qoʻllanadi.
10-modda
Tariflar
Tariflar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining boshqa bir Ahdlashuvchi Tomon hududiga va hududidan tashishda qoʻllaydigan tariflari foydalanishga ketadigan xarajatlar, foydaning oqilona miqdori va boshqa aviakorxonalarning tariflariga asoslanib barcha tegishli omillarni hisobga olgan holda oqilona meʼyorlarda belgilanadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida uqtirib oʻtilgan tariflar, mumkin boʻlsa, har ikki Ahdlashuvchi Tomonning manfaatdor tayinlangan aviakorxonalari oʻrtasida yoʻnalishdan toʻla yoki qisman foydalanayotgan boshqa aviakorxonalar bilan maslahatlashuv orqali kelishilishi lozim. Bunday kelishuvga, lozim boʻlgan taqdirda, Xalqaro Havo Transporti Birlashmasi tariflarni belgilash jarayonlarini qoʻllash orqali erishilishi mumkin.
3. Bunday tarzda oʻzaro muvofiqlashtirilgan tariflar ular joriy etilishi taxminlangan kunga kamida qirq besh kun qolganida har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlarining tasdigʻi uchun taqdim etilishi lozim, ushbu cheklangan muddat uqtirib oʻtilgan maʼmurlarning kelishuvi asosida qisqartirilishi mumkin.
4. Basharti-ki, tayinlangan aviakorxonalar mazkur tariflar borasida bir qarorga kela olmasalar yoki qandaydir bir sabablarga koʻra ushbu moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq tariflar belgilanmasa yoxud ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq belgilangan qirq besh kunlik muddatning birinchi oʻttiz kuni davomida bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga ushbu modda 2-bandi qoidalariga muvofiq belgilangan biror bir kelishilgan tarif yuzasidan oʻz noroziligini izhor etsa, har ikki Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro kelishuvlariga asosan tarifni belgilashga harakat qilishlari lozim.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari tasdiqlamagan hech qanday tarif kuchga kirmaydi.
6. Ushbu moddaning qoidalariga muvofiq belgilangan tariflar to mazkur moddaning qoidalariga muvofiq yangi tariflar belgilanguniga qadar kuchga ega boʻladi.
11-modda
Mablagʻlarni oʻtkazish
Mablagʻlarni oʻtkazish
Tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasidagi hisob-kitoblar va toʻlovlar har ikki mamlakat oʻrtasida kuchda boʻlgan toʻlovlar toʻgʻrisidagi bitim va ularning hududlarida amalda boʻlgan valyuta qoidalariga muvofiq ravishda olib boriladi.
Toʻlovlar toʻgʻrisidagi bitimda tegishli qoidalar mavjud boʻlmagan taqdirda yuqorida uqtirib oʻtilgan hisob-kitoblar va toʻlovlar almashlanadigan valyutada muvofiqlashtiriladi.
12-modda
Ikki martalab soliq solish
Ikki martalab soliq solish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo qatnovida foydalanayotgan havo kemasining parvozlaridan tushgan daromadlarni har qanday soliqlardan, foydadan olinadigan yigʻimlardan, shuningdek, boshqa moliyaviy chiqimlardan ozod qiladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Bitim 13-moddasida uqtirib oʻtilgan vakolatxonalarida ishlash uchun oʻz mamlakatidan vakil qilib yuborgan xizmatchilarining oylik-maoshlariga soliq solmaslik majburiyatini oladi.
13-modda
Aviakorxona vakolatxonasi va sotish
Aviakorxona vakolatxonasi va sotish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning oʻz hududiga kirishga, istiqomat qilish va ishlashga taalluqli qonun va qoidalariga muvofiq shu boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga havo qatnovini taʼminlash ehtiyoji uchun oʻz boshqaruvchisi, texnik, ishchi xodimlar va boshqa havo qatnovini taʼminlashda zaruriy boʻlgan mutaxassis xodimlarni keltirish va ushlab turish huquqiga egadir.
2. Tijorat faoliyatida oʻzaro hamjihatlik uslubiga amal qilinadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida bevosita yoki agentlari orqali aviachiptalarni sotishga huquqli boʻladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi aviachiptalarni sotishga huquqli boʻladi va har qanday shaxs bunday tashuvni mahalliy yoki erkin almashlanadigan pulga erkin sotib olishga huquqi boʻladi.
14-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Har qaysi Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning bajarilishi, sharhlanishi, qoʻllanilishi yoki tuzatishlar yoxud ushbu Bitimga amal qilinishi yuzasidan xohlagan vaqtida maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishi mumkin. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida boshqacha kelishuv boʻlmagan taqdirda, bunday maslahatlashuvlar aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonning maslahatlashuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozma ravishda yuborilgan xabarnomani olgan kunidan boshlab oltmish kun ichida oʻtkazilishi lozim.
15-modda
Bahslarga barham berish
Bahslarga barham berish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida nizo kelib chiqsa, Ahdlashuvchi Tomonlar uni birinchi navbatda oʻzaro muzokaralar orqali hal etishga harakat qilishlari lozim.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar, ular ushbu bahsni hal qilish uchun bir necha shaxs yoki tashkilotning ixtiyoriga oshirishlari mumkin yoki mazkur bahs Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan tayinlaydigan ikki hakam va ana shu ikki hakam tayinlaydigan yana bir hakamdan iborat, jami uch hakamdan tashkil topadigan hayʼatga topshirilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik vosita orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonning nizoni hakamlikda hal etish toʻgʻrisidagi talabini olganidan keyin oltmish (60) kun ichida bittadan hakam tayinlaydi, uchinchi hakam esa, yuqoridagi ikki hakam tayinlangan kundan boshlab keyingi oltmish (60) kun ichida tayinlanishi lozim. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat ichida oʻz hakamini tayinlay olmasa yoxud belgilangan muddat ichida uchinchi hakam tayinlanmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti Kengashi Prezidentidan vaziyatga qarab hakamni yoki hakamlarni tayinlashni iltimos qilishi mumkin. Bu holda, uchinchi hakam uchinchi Davlatning fuqarosi boʻlishi lozim va hakamlar hayʼatining prezidenti sifatida ish koʻrishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq chiqarilgan har qanday qarorni bajarish majburiyatini zimmaga oladilar.
16-modda
Xavfsizlik
Xavfsizlik
1. Ahdlashuvchi Tomonlar Chikago Konvensiyasi va 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo Kemalarida Sodir Etiladigan Jinoyatchilik va Boshqa Harakatlar Toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo Kemalarini Gʻayriqonuniy Ravishda Egallab Olishga Qarshi Kurash Toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasiga Qarshi Noqonuniy Harakatlarga Qarshi Kurash Haqidagi Konvensiya oʻz ichiga oladigan xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻz huquqlarini qaytadan tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini himoya qilishga doir majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilish va yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolariga, havo kemasiga, tayyoragohlarga va havo navigatsiyasi vositalariga hamda aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi gʻayriqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf qilish uchun mumkin boʻlgan barcha yordamni bir-birlariga beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlari qoʻllaydigan darajada Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti tomonidan belgilangan va Chikago Konvensiyasiga Ilovalar tariqasida kiritilgan aviatsiya xavfsizligi tartiblariga muvofiq ish koʻradilar; ular oʻzlari qayd etgan asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining boshqaruvchilaridan yoki xizmatchilari va oʻz hududida joylashgan tayyoragohlarning boshqaruvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻzining tayinlagan aviakorxonasidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning shu boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kirish, undan chiqish yoki unda boʻlib turgan vaqtida ushbu moddaning 3-bandida belgilangan aviatsiya xavfsizligi talablariga rioya qilishini talab qilishiga rozilik beradi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududi doirasida havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilar va ularning olib ketayotgan yuklarini tekshirish hamda ekipaj aʼzolarini, ortish va tushirish vaqtida yukni va havo kemasi zaxiralarini tegishli nazoratdan oʻtkazilishi uchun samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan qarab chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasini tutqun qilib olish voqeasi sodir boʻlsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemalari, ulardagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va havo navigatsiyasi vositalarining xavfsizligiga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday voqea yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
17-modda
Oʻzgartish kiritish
Oʻzgartish kiritish
1. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri ushbu Bitimning qaysidir bir shartini oʻzgartirish lozim deb hisoblasa, u xohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu toʻgʻrisida soʻrov kiritishi mumkin. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida boʻladigan bunday maslahatlashuv moʻljallangan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida bir Ahdlashuvchi Tomondan talab tushgan kundan boshlab (60) oltmish kun ichida boshlanishi lozim.
2. Basharti-ki, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning Ilovasiga oʻzgartirishlar kiritishni moʻljallasa, har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari bunday oʻzgartirishlar kiritish borasida bevosita kelishishlari mumkin.
18-modda
Bitim amal qilishini toʻxtatish
Bitim amal qilishini toʻxtatish
Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri xohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni amalda toʻxtatish istagida ekanligidan yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Bu holda xabarnoma yuborilgandan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon uni olgan zahotiyoq (xabarnomani olingan joydayoq) bir yil ichida, basharti bu muddat ichida bu xabarnoma orqaga qaytarib olinmasa, ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtaydi. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olgani toʻgʻrisida maʼlumot boʻlmasa, Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti xabarnoma olganidan keyin oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu xabarnomani qoʻlga kiritgan deb hisoblaniladi.
19-modda
Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida roʻyxatga olish
Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan har qanday oʻzgartirish Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
20-modda
Bitimning kuchga kirishi
Bitimning kuchga kirishi
1. Ushbu Bitim har ikki Davlatning qonunchiligiga binoan tasdiqlanishi lozim va u mazkur qonunchiliklar nihoyasiga yetdi deb koʻrsatilgan Notalar almashilgan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim shartli ravishda u imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbuni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolatga ega boʻlgan muxtor vakillar mazkur Bitimni imzoladilar.
1995-yilning 11-yanvarida oʻzbek, polyak va ingliz tillarida ikki asl nusxada Varshava shahrida tuzildi, har uch tildagi matn bir xil kuchga ega. Talqin qilish yoki qoʻllashda hamfikrlik boʻlmasa, ingliz tilidagi matn ustuvor darajada qoʻllaniladi.
(imzolar)