Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Daromadlar va mol-mulkka ikki tomonlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati,
daromadlar va mol-mulkka ikki tomonlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida Bitim tuzish hamda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga yordam berish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitim tatbiq etiladigan shaxslar
Bitim tatbiq etiladigan shaxslar
Mazkur Bitim bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanadigan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
2-modda
Bitim joriy etiladigan soliqlar
Bitim joriy etiladigan soliqlar
1. Mazkur Bitim har bir Ahdlashuvchi Davlat nomidan uning maʼmuriy boʻlinmalari yoki mahalliy organlari tomonidan undiriladigan foyda (daromad) va mol-mulk soligʻiga, ularni undirish usulidan qatʼi nazar, joriy qilinadi.
2. Foyda (daromad) va mol-mulk soliqlariga umumiy daromaddan yoki daromadning bir qismidan, koʻchadigan va koʻchmas mulkni begonalashtirishda olinadigan foyda (daromad) soligʻini ham qoʻshib, ish haqi yoki taqdirlash pullari umumiy summasidan olinadigan soliq, shuningdek mulk qiymatining oshishidan olinadigan soliqlar kiritiladi.
3. Mazkur Bitim joriy etiladigan soliqlar quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida:
a) korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar foydasi (daromadi)dan olinadigan soliq;
b) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
c) korxonalar mol-mulkidan olinadigan soliq;
d) jismoniy shaxslar mol-mulkidan olinadigan soliq.
(bundan keyin “Oʻzbekiston soliqlari” deb ataladi)
Turkmanistonda:
a) foydasi (daromadi) dan olinadigan soliq;
b) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
c) yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq;
d) korxonalar mol-mulkidan olinadigan soliq;
e) yer uchun toʻlov;
(bundan keyin “Turkmaniston soliqlari” deb ataladi)
4. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Davlatlardan har birida mazkur Bitim imzolangandan soʻng ushbu modda 3-bandida koʻrsatilgan soliqlarga qoʻshimcha yoki ular oʻrniga undiriladigan har qanday shunday yoki mohiyatiga koʻra shunga oʻxshash soliqlarga joriy qilinadi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻz soliq qonunchiliklaridagi har qanday muhim oʻzgartirishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3-modda
Umumiy taʼrif
Umumiy taʼrif
1. Mazkur Bitim maqsadida, agar mazmundan boshqacha maʼno kelib chiqmasa:
a) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini anglatadi va undan geografik maʼnoda qoʻllanilganda Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquq normalariga muvofiq suveren huquqlarni va yurisdiksiyani, yer osti boyliklari va tabiiy resurslardan foydalanishni ham qoʻshib amalga oshirishi mumkin boʻlgan uning hududini, ichki suvlarini, samo boʻshligʻini anglatadi;
“Turkmaniston” atamasi Turkmanistonni anglatadi va u geografik maʼnoda ishlatilganda xalqaro huquq va Turkmaniston qonunchiligiga muvofiq Turkmaniston dengiz tubi, yer osti boyliklari va ularning tabiiy resurslariga nisbatan oʻz huquqlarini amalga oshiradigan hududni anglatadi;
b) “Ahdlashuvchi Davlat” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari mazmunga koʻra Oʻzbekiston Respublikasini va Turkmanistonni anglatadi;
c) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniyani va shaxslarning boshqa har qanday birlashmasini oʻz ichiga oladi;
d) “kompaniya” atamasi soliq solish maqsadida korporativ tuzilma tarzida qaraladigan har qanday korporativ tuzilma yoki har qanday boshqa tashkilotni anglatadi;
e) “bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” atamalari muvofiq tarzda Ahdlashuvchi Davlat rezidenti tomonidan boshqarilayotgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezident tomonidan boshqarilayotgan korxonani anglatadi;
f) “xalqaro tashishlar” atamasi Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan dengiz, daryo yoki havo kemasida, temir yoʻl yoki avtomobil transportidagi har qanday tashishlarni anglatadi, bundan faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasida amalga oshirilayotgan bunday tashishlar mustasnodir;
h) “milliy shaxs” atamasi:
I) Ahdlashuvchi Davlatlar fuqarolari hisoblanadigan barcha jismoniy shaxslarni;
II) oʻz maqomini Ahdlashuvchi Davlatlarning amaldagi qonunchiligiga muvofiq olgan barcha yuridik shaxslarni, shirkatlarni yoki uyushmalarni anglatadi;
g) “vakolatli organ” atamasi:
I) Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasini;
II) Turkmanistonda — Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Davlat bosh soliq inspeksiyasi yoki ularning vakolatli vakilini anglatadi.
2. Ahdlashuvchi Davlat mazkur Bitimni qoʻllaganda mazkur Bitimda taʼrif berilmagan har qanday atamaga shu Davlat qonunchiligida mazkur Bitim joriy etiladigan soliqlarga nisbatan qanday maʼno kasb etilsa, agar mazmundan boshqacha anglanilmasa, oʻsha maʼnoni anglatadi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Mazkur Bitim maqsadida “Ahdlashuvchi Davlat rezidenti” atamasi shu Davlat qonunchiligiga koʻra uning manzili, doimiy istiqomat joyi, haqiqiy rahbarlik organi joylashgan joy yoki shunday tusdagi har qanday boshqa mezon asosida soliq solinishi lozim boʻlgan har qanday shaxsni anglatadi. Ammo bu atama shu Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatdagi manbalardan yoki mol-mulkdan daromad olayotganligi uchungina soliq solinishi lozim boʻlgan shaxsni oʻz ichiga olmaydi.
2. Jismoniy shaxs 1-band qoidalariga muvofiq har ikkala Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblansa, uning maqomi quyidagi tartibda aniqlanadi:
a) u oʻzi yashashi uchun doimiy uy joyga ega boʻlgan oʻsha Davlat rezidenti hisoblanadi: agar u har ikkala Ahdlashuvchi Davlatda oʻzi uchun qulay doimiy uy joyga ega boʻlsa, u yaqinroq shaxsiy va iqtisodiy aloqalar (hayotiy manfaatlar markazi)ga ega boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanadi;
b) agar shaxs hayotiy manfaatlar markaziga ega boʻlgan Davlatni aniqlash mumkin boʻlmasa yoki bunday shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning hech birida doimiy turar joyga ega boʻlmasa, u odatda yashab turgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanadi;
c) agar shaxs odatda ikkala Ahdlashuvchi Davlatda yashasa yoki odatda ularning birortasida ham yashamasa, u milliy shaxsi boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanadi;
d) agar Ahdlashuvchi Davlatlardan ikkalasi ham uni oʻz milliy shaxsi deb qarasa yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan hech qaysi biri uni bunday deb hisoblamasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur masalani oʻzaro kelishuvga koʻra hal qiladilar.
3. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs boʻlmagan shaxs ikkala Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblansa, u oʻzining haqiqiy rahbarlik qiluvchi organi joylashgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy vakolatxona (muassasa)
Doimiy vakolatxona (muassasa)
1. Mazkur Bitim maqsadida “doimiy vakolatxona (muassasa)” atamasi Ahdlashuvchi Davlat korxonasi u orqali boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan doimiy faoliyat joyini anglatadi.
2. “Doimiy vakolatxona (muassasa)” atamasi xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqarish joyi;
b) boʻlinma (filial);
c) idora (ofis);
d) fabrika;
e) ustaxona;
f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, kon yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan boshqa har qanday joy.
3. “Doimiy vakolatxona (muassasa)” atamasi shu jumladan quyidagilarni qamrab oladi:
a) qurilish maydoni, qurilish, montaj yoki yigʻuv obyekti yoki ularga daxldor texnik nazorat faoliyatni, ammo bunday maydon, obyekt 12 oydan ortiq davr mobaynida mavjud boʻlgan yoki faoliyat amalga oshirilayotgan hollarda;
b) korxona tomonidan korxona bu maqsadda maxsus yollagan xizmatchilar yoki boshqa xodimlar orqali xizmatlar, maslahat xizmatlari ham koʻrsatilganda, ammo bu turdagi faoliyat (bir yoki bir necha obyektlar uchun) mamlakat hududida har qanday 12 oylik davr mobaynida 183 kundan ortiq davr yoki davrlar doirasida amalga oshirilganda.
4. Mazkur moddaning yuqoridagi qoidalariga qaramay “doimiy vakolatxona (muassasa)” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan faqat shu korxonaga tegishli boʻlgan tovarlar yoki buyumlarni saqlash, namoyish maqsadlarida foydalanishni;
b) faqat saqlash yoki namoyish qilish maqsadlarida shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxiralarini ushlab turishni;
c) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlarni faqat uni boshqa korxona tomonidan qayta ishlanishi maqsadlarida ushlab turishni;
d) doimiy faoliyat joyini faqat tovarlar yoki buyumlar xarid qilish yoki shu korxona uchun axborot toʻplash maqsadlarida ushlab turishni;
e) doimiy faoliyat joyini faqat shu korxona manfaatlaridagi har qanday boshqa tayyorlov yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadida ushlab turishni;
f) doimiy faoliyat joyini “a” — “e” kichik bandlarida koʻrsatib oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday kombinatsiyasini amalga oshirish uchungina ushlab turishni, bunda bunday doimiy joyning ana shunday kombinatsiya qilish asosida yuzaga kelgan qoʻshma faoliyati tayyorlov yoki yordamchi tusda boʻlsa.
5. 1 va 2-bandlar qoidalariga qaramay, agar shaxs, 7-bandda aytib oʻtilgan mustaqil maqomga ega boʻlgan agent boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi nomidan ish yuritsa, bunday korxona birinchi eslatilgan Ahdlashuvchi Davlatda bu shaxs korxona uchun amalga oshiradigan har qanday faoliyatga nisbatan doimiy vakolatxonaga (muassasaga) ega deb qaraladi, agar bu shaxs:
a) shu Davlatda korxona nomidan kontraktlar tuzish vakolatiga ega boʻlsa va undan odatda foydalansa, bundan mazkur shaxsning faoliyati 4-bandda koʻrsatilganlar bilan cheklansa mustasnodir, yaʼni mazkur bandga koʻra doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilsada, u bundan doimiy faoliyat vakolatxonasi (muassasasi) tashkil qilmaydi;
b) hech qanday vakolatga ega emas, ammo odatda birinchi eslatilgan Davlatda tovarlar yoki mahsulotlar zaxirasini saqlaydi, undan u korxonaga muntazam yetkazib beradi.
6. Mazkur moddaning oldingi qoidalariga qaramay Ahdlashuvchi Davlatning sugʻurta korxonasi, qayta sugʻurtalash holatlaridan tashqari, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy vakolatxona (muassasa)ga ega deb hisoblanadi, agarda u shu boshqa Davlat huquqida sugʻurta puli yigʻsa yoki 7-band tegishli boʻlgan mustaqil maqomga ega boʻlgan agentdan farq qiluvchi shaxs vositasida oʻsha yerda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan tavakkalchilikdan sugʻurta qilsa.
7. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda broker, vositachi yoki mustaqil maqomga ega boʻlgan har qanday boshqa agent orqali, agar bu shaxslar oʻzlarining odatiy faoliyati doirasida ish yuritsalar, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, u shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy vakolatxona (muassasaga) ega deb qaralmaydi.
8. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanuvchi kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanuvchi kompaniyani nazorat qilishi yoki nazorat qilinishi yoki shu boshqa Davlatda tadbirkorlik faoliyatini doimiy vakolatxona (muassasa) yoki boshqacha yoʻsinda) amalga oshirishning oʻzi mana shu kompaniyalardan birini ikkinchisining doimiy vakolatxonasi (muassasasi)ga aylantirmaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlgan koʻchmas mulkdan (qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligidan ham) olinadigan daromadlarga faqat shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Mazkur Bitimda “koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan koʻchmas mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligida ega boʻlgan maʼnoni anglatadi. Bu atama har qanday holatda ham koʻchmas mulkka nisbatan yordamchi boʻlgan mulkni, qishloq xoʻjaligi yoki oʻrmon xoʻjaligida ishlatiladigan chorva va asbob-uskunani, yerga egalik munosabatida umumiy huquq qoidalari qoʻllaniladigan huquqni, koʻchmas mulk uzufruktini va tabiiy resurslarni qazib olish yoki qazib olish huquqini berganlik uchun kompensatsiya sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki oʻzgarmas belgilangan toʻlovlar huquqini oʻz ichiga oladi.
3. “Uzufrukt” atamasi mazkur moddada ishlatilganda begona mulkdan va undan olinadigan daromadlardan umrbod foydalanish huquqini anglatadi.
4. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan bevosita foydalanish, ijara yoki koʻchmas mulkdan har qanday boshqacha shaklda foydalanishdan olingan daromadlarga nisbatan qoʻllanadi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi olgan foydaga birinchi eslatilgan Davlatda soliq solinadi,bunda bu foyda oʻsha yerda joylashgan doimiy muassasa orqali olingan boʻlsa va faqat shu doimiy muassasaga tegishli boʻlgan qismiga soliq solinadi.
2. 3-band qoidalarini hisobga olib, agar bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tadbirkorlik faoliyatini oʻsha yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa, unda har bir Ahdlashuvchi Davlatda, agar u xuddi shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni shunday yoki shunga oʻxshash sharoitlarda amalga oshiradigan va oʻzi doimiy vakolatxona (muassasa)si boʻlgan korxonadan tamoman mustaqil tarzda faoliyat yurituvchi alohida ajralgan va mustaqil korxona boʻlgan taqdirda olishi mumkin boʻlgan shunday doimiy muassasaga tegishli foyda deb qaraladi.
3. Doimiy muassasa foydasi (daromadi)ni aniqlashda mazkur doimiy muassasa faoliyat maqsadlarini amalga oshirish uchun qilingan hujjat bilan tasdiqlangan, boshqaruv va umummaʼmuriyat xarajatlari ham, bu xarajatlar doimiy muassasa joylashgan Davlatda yoki uning tashqarisida qilinganligidan qatʼi nazar, chiqarib tashlanishi kerak.
Doimiy muassasaga uning bosh muassasasi (ofisi)ga yoki rezidentining har qanday boshqa muassasalariga (ofislariga) patentlar yoki boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun royalti, yigʻimlar yoki boshqa oʻxshash toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan yoki koʻrsatilgan muayyan xizmatlar yoki menejment uchun vositachilik toʻlovlarini toʻlash yoki doimiy muassasaga qarzga berilgan summa uchun foizlar toʻlash yoʻli bilan qilingan toʻlovlarni chiqarib tashlashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Hech qanday foyda Ahdlashuvchi Davlat rezidenti doimiy muassasa shu korxona uchun tovarlar yoki buyumlar xarid qilinganligi uchungina muassasa foydasi deb qaralmaydi.
5. Oldingi bandlar maqsadlarida doimiy muassasaga tegishli boʻlgan foyda (daromad) har yil ayni bir xil metodda, agarda uni almashtirish uchun asosli va yetarli sabablar boʻlmasa, aniqlanadi.
6. Agar foyda mazkur Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtiladigan daromad turlarini oʻz ichiga olsa, bu moddalar qoidalariga mazkur modda qoidalari daxl qilmaydi.
8-modda
Xalqaro transport
Xalqaro transport
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining dengiz, daryo va havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transport vositalaridan xalqaro tashishlarda foydalanishdan olgan foydasi (daromadi)ga faqat mana shu Davlatda soliq solinadi.
2. Ichki suvlarda daryo kemalaridan foydalanishdan olingan foydaga korxonaning haqiqiy boshqaruv organi joylashgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinadi.
3. Mazkur Bitim maqsadida dengiz, daryo va havo kemalaridan, temir yoʻl va yoki avtomobil transport vositalaridan xalqaro tashishlarda olingan daromadlar transport vositalaridan bevosita foydalanish, ularni ijaraga berish yoki ulardan har qanday boshqa shaklda foydalanishdan, konteynyerlardan foydalanish, saqlash yoki ijaraga berishdan ham (bunga treylyerlar va konteynyerlarni tashishdagi yordamchi asbob-uskunalar ham kiradi) olingan daromadlarni oʻz ichiga oladi.
9-modda
Uyushgan korxonalar
Uyushgan korxonalar
1. Kuyidagi hollarda, yaʼni:
a) Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki kapitalida bevosita yoki bilvosita ishtirok etsa, yoki
b) ayni bir shaxslarning oʻzi bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasini va boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki kapitalida bevosita yoki bilvosita ishtirok etsalar har qanday holatda ham korxonalar oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy oʻzaro munosabatlarida shunday holatlar yuzaga keladiki yoki oʻrnatiladiki, ular mustaqil korxonalar boʻlganlarida, foyda korxonalardan biriga hisoblangan boʻlardi, ammo bunday munosabat birligi uchun unga hisoblanmagan foyda, shu korxona foydasiga (daromadiga) kiritilishi va shunga koʻra soliq solinishi mumkin.
2. Agar 1-band qoidalariga koʻra bir Ahdlashuvchi Davlat tomonidan shu Davlat korxonasi foydasiga kiritilgan foyda (daromad) soʻngra boshqa Ahdlashuvchi Davlat tomonidan boshqa korxona foydasiga kiritilsa, birinchi Davlat bunday foydadan birinchi korxonaga hisoblangan soliq summasiga tegishli tuzatishlar kiritadi. Bunday toʻgʻrilashni belgilashda mazkur Bitimning boshqa qoidalari hisobga olinadi va Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari zarur boʻlgan hollarda bir-birlari bilan maslahatlashib oladilar.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlarga shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ammo bunday dividendlarga dividendni toʻlayotgan kompaniya rezidenti hisoblangan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda va shu Davlat qonunlariga muvofiq soliq solinishi mumkin, ammo agar dividendlarni oluvchi haqiqatan ularni olish huquqiga ega boʻlsa, unda olinayotgan soliq dividendlar yalpi summasining 10 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Bu band dividend toʻlanayotgan foydaga soliq solishga daxl qilmaydi.
3. “Dividendlar” atamasi mazkur moddada ishlatilganda qarz majburiyatlari boʻlmagan, foydada ishtirok etish huquqini beradigan aksiyalar va boshqa huquqlardan olinadigan daromadlarni, shuningdek, foydani taqsimlovchi kompaniya rezidenti boʻlgan oʻsha Davlat qonunchiligiga koʻra aksiyalardan olinadigan daromad singari soliq bilan tartibga solinishi lozim boʻlgan boshqa korporativ huquqlardan olinadigan daromadlarni ham anglatadi.
4. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari, dividendlarni olish haqiqiy huquqiga ega boʻlgan shaxs Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻla turib, tadbirkorlik faoliyatini dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda unda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa yoki oʻsha yerda joylashgan doimiy bazadan mustaqil xizmatlar koʻrsatsa hamda dividendlar toʻlashda asos boʻlgan xolding asosida shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, qoʻllanmaydi. Bunday holatda mazkur Bitim 7-moddasi yoki 14-moddasining qoidalari, vaziyatga koʻra qoʻllaniladi.
5. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblanadigan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatda foyda olsa, bu boshqa Davlat shu kompaniya toʻlayotgan dividendlarga soliq solmasligi mumkin, bundan bunday dividendlar shu boshqa davlat rezidentiga toʻlanadigan yoki dividendlar toʻlashda asos boʻlgan xolding haqiqatdan ham shu boshqa Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq holatlar istisnodir, shuningdek, kompaniyaning taqsimlanmagan foydasiga, hatto toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda toʻliq yoki qisman shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda yuzaga keluvchi foyda yoki daromaddan iborat boʻlsa ham soliq solmasligi mumkin.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda yuzaga keladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanayotgan foizlarga shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Biroq bunday foizlarga ular yuzaga keladigan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda ham shu Davlat qonunchiligiga muvofiq soliq solinishi mumkin, ammo agar foizlarni oluvchi foizlarning haqiqiy egasi boʻlsa, unda bu yoʻsinda undirilayotgan soliq foizlar yalpi summasining 10 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
3. 2-band qoidalaridan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻladigan foiz shu Davlatda soliqdan ozod etiladi, agar:
a) foizlarning haqiqiy oluvchisi boshqa Ahdlashuvchi Davlat Hukumati yoki uning mahalliy hokimiyati yoki shu Hukumat yoki mahalliy hokimiyatning har qanday organi hisoblansa;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki Turkmaniston Markaziy banki (Ahdlashuvchi Davlatlarning “banklar banki”), davlat eksport va import kreditlarini kafolatlash boʻyicha tashkilot yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tegishli huquqlar berilgan shunga oʻxshash boshqa tashkilotlar haqiqiy oluvchi hisoblansa.
4. Mazkur Bitimdan foydalanishda “foizlar” atamasi ipoteka taʼminotidan va foydada qatnashish huquqiga ega boʻlishdan qatʼi nazar har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni, jumladan hukumat qimmatli qogʻozlari va obligatsiyalaridan yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni anglatadi, ushbu qimmatli qogʻozlar va qarz majburiyatlari boʻyicha mukofotlar va yutuqlar ham shu jumlaga kiradi. Toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi uchun olinadigan jarimalar ushbu modda maqsadlari uchun foizlar sifatida qaralmaydi.
5. Basharti foizlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan holda tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirsa 1 va 2-bandlarning qoidasi qoʻllanilmaydi, bu Davlatda bunda joylashgan doimiy muassasa orqali foizlar paydo boʻlsa, yoki mustaqil shaxsiy xizmatlarni u yerda joylashgan doimiy bazalar orqali amalga oshirsa, va ular asosida foizlar toʻlanadigan qarz talablari boʻlsa, bunday doimiy muassasa yoki doimiy bazaga haqiqatda tegishli boʻladi. Bunday holda vaziyatga bogʻliq ravishda mazkur Bitimning 7-moddasi yoki 14-moddasi qoidasi qoʻllaniladi.
6. Toʻlovchi Davlatning oʻzi, mahalliy hokimiyatlar yoki ushbu Davlat rezidenti boʻlgan taqdirda foizlar Ahdlashuvchi Davlatlarda paydo boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq, foizlarni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgani holda yoki boʻlmagan taqdirda, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, shu munosabat bilan qarzlar boʻyicha foizlar toʻlanishi kelib chiqsa, ushbu holda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda paydo boʻlgan deb hisoblanadi.
7. Agar foizlarga haqiqatda huquqi boʻlgan toʻlovchilar va shaxslar oʻrtasidagi, yoki ularning bir-biri oʻrtasida va biror bir boshqa shaxslar oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida ular toʻlaydigan qarz talabiga nisbatan tegishli boʻlgan foizlar summasi bunga haqiqatda huquqi boʻlgan toʻlovchi va shaxs oʻrtasida kelishilgan summadan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar mavjud boʻlmasa, mazkur modda qoidasi faqat oxirgi tilga olingan summaga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda mazkur Bitimning boshqa qoidalarini hisobga olgan holda har bir Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligiga muvofiq toʻlovning ortiqcha qismidan soliq olinishi davom etadi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda paydo boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda rezidentga toʻlanadigan royalti agar bu rezident ushbu royaltilarning haqiqiy egasi hisoblansa, ushbu boshqa Davlatda unga soliq solinishi mumkin.
2. Biroq, bu royaltilarga ular paydo boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda ushbu Davlatning qonunchiligiga muvofiq soliq solinishi mumkin, biroq agar ularni oluvchilar benefitsiar (royalti egalaridan foyda oluvchilar) hisoblansa, soliq royalti yalpi summasining 10 foizidan oshmasligi kerak. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzaro kelishuviga koʻra bunday cheklashlarni qoʻllash usullarini taʼsis etadilar.
3. Mazkur moddada “royalti” atamasidan foydalanish istalgan adabiyot, sanʼat yoki fan asaridan, shu jumladan kinofilmlar va radioeshittirish va televideniye hamda videokassetalar uchun yozuvlar, istalgan patentlar, savdo markalari, dizayn yoki model reja, kompyuter dasturlari, maxfiy formulalar yoki jarayonlar, yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy tajriba bilan bogʻliq axborot uchun va sanoat, tijorat yoki ilmiy asbob-uskunalardan foydalanganlik yoki ulardan foydalanish huquqini berganlik uchun toʻlovlarga foydalanganlik yoki mualliflik huquqlardan foydalanish huquqini berganlik uchun qoplash sifatida olinadigan istalgan turdagi toʻlovlarni oʻz ichiga oladi.
4. Agar royaltining haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgani holda tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirsa, bu davlatda unda joylashgan doimiy muassasa yoki baza orqali royalti paydo boʻlsa, va ularga nisbatan royalti toʻlanadigan huquq yoki mol-mulk boʻlsa, bunday doimiy muassasa yoki baza bilan haqiqatda bogʻlangan boʻladi. Bunday holda vaziyatga bogʻliq ravishda mazkur Bitimning 7-moddasi yoki 14-moddasi qoidasi qoʻllanadi.
5. Agar toʻlovchi ushbu Davlatning rezidenti hisoblansa, royalti Ahdlashuvchi Davlatda paydo boʻlgan deb hisoblanadi. Agar royalti toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanishi yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasa yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, u boʻyicha royalti toʻlanadigan qarzdorlik paydo boʻlishi munosabati bilan, ushbu royaltilarni toʻlash boʻyicha xarajatlarni bunday doimiy muassasa yoki doimiy baza toʻlasa, royalti doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Davlatda paydo boʻlgan deb hisoblanadi.
6. Agar foizlarga haqiqatda huquqi boʻlgan toʻlovchilar va shaxslar oʻrtasidagi, yoki ularning bir-biri oʻrtasida va biror bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida tegishli boʻlgan foizlar summasi bunga haqiqatda huquqi boʻlgan toʻlovchi va foydalanishga, foydalanish huquqiga yoki ular uning uchun haq toʻlagan axborotga tegishli boʻlgan toʻlangan royalti summasi toʻlovchi bilan bunga haqiqatda huquqi boʻlgan shaxs oʻrtasida kelishilgan summadan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar mavjud boʻlmasa, mazkur modda qoidasi faqat oxirgi tilga olingan summaga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda mazkur Bitimning boshqa qoidalarini hisobga olgan holda har bir Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligiga muvofiq toʻlovning ortiqcha qismidan soliq olinishi davom etadi.
13-modda
Mol-mulk qiymatining oʻsishi
Mol-mulk qiymatining oʻsishi
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti 6-moddada tilga olingan, boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi koʻchmas mulk musodara qilinishidan oladigan daromadlarga ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlatning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan korxonasi doimiy muassasasining ishbilarmon mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchadigan mulkni musodara qilishdan olingan daromadlarga, yoki doimiy bazaga tegishli boʻlgan hamda bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirish maqsadida foydalanadigan boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi koʻchadigan mulkdan olinadigan daromadlarga, bunday doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) yoki bunday doimiy bazani musodara qilishdan olinadigan daromadlar ham shu jumlaga kiradi, mana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, daryo yoki havo kemalarini, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarini yoki ushbu transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan koʻchadigan mulkni musodara qilishdan olinadigan daromadlarga faqat mana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi kerak.
4. Mol-mulkni asosan bevosita yoki bilvosita Ahdlashuvchi Davlat hududida boʻlgan koʻchmas mulkdan iborat boʻlgan kompaniyaning aksionerlik sarmoyasi aksiyalarini musodara qilishdan olinadigan daromadlarga mana shu Davlatda soliq solinishi mumkin.
5. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblangan kompaniya sarmoyasida 15 foiz miqdorda va undan yuqori miqdorda tegishlicha qatnashgan aksiyalarni 4-bandda eslatib oʻtilganlaridan tashqari, musodara qilishdan olingan daromadlarga, ushbu Davlatda soliq solinishi mumkin.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti tomonidan professional xizmatlar koʻrsatishdan yoki xususiyatidan qatʼi nazar, boshqa xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromaddan faqat mana shu Davlatda soliq solinishi mumkin. Biroq bunday daromaddan ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda ham soliq olinishi mumkin, biroq faqat:
a) jismoniy shaxs oʻz faoliyatini amalga oshirish maqsadlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Davlatda uning uchun foydalanish mumkin boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlsa, yoki
v) jismoniy shaxs istalgan 12 oylik davr davomida umuman olganda 183 kundan ortiq boʻlgan davr yoki davrlar mobaynida ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda boʻlsa,
va faqat bu ikkinchi Davlatda koʻrsatilgan xizmatlarga tegishli boʻlgan qismidan soliq olinadi.
2. “Mustaqil shaxsiy xizmatlar” atamasi, jumladan mustaqil ilmiy, adabiy, artistlik, taʼlim yoki oʻqituvchilik faoliyatini, shuningdek vrachlar, yuristlar, muhandislar, arxitektorlar, stomatologlar va buxgaltyerlarning mustaqil shaxsiy faoliyatini oʻz ichiga oladi.
15-modda
Yollanma ish
Yollanma ish
1. Mazkur Bitimning 16, 18 va 19-moddalari qoidalarini hisobga olgan holda bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan yollanma ish boʻyicha olinadigan ish haqi va boshqa shunga oʻxshash taqdirlashlardan, agar bunday ish boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmasa, faqat mana shu Davlatda soliq olinadi. Agar yollanma ish shunday tartibda amalga oshirilsa, shu munosabat bilan olingan taqdirlashga mana shu boshqa davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti tomonidan ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiriladigan yollanma ish uchun olinadigan taqdirlashga 1-band qoidasidan qatʼi nazar, agar:
a) taqdirlashni oluvchi ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda istalgan 12 oylik davr davomida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida boʻlsa; va
b) taqdirlash ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanmagan yollovchi yoki yollovchining nomidan toʻlansa; va
s) taqdirlash boʻyicha xarajatlarni yollovchi ikkinchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza toʻlamasa, faqat birinchi tilga olingan Davlatda soliq solinadi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalaridan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, daryo yoki havo kemasi bortida, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositasida amalga oshiriladigan yollanma ish uchun olinadigan ish haqi va boshqa shunga oʻxshash taqdirlashlarga mana shu Davlatda soliq solinishi mumkin.
16-modda
Direktorlar kengashi aʼzolari tomonidan olinadigan daromadlar
Direktorlar kengashi aʼzolari tomonidan olinadigan daromadlar
Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan direktorlar kengashi yoki kompaniyaning shunga oʻxshash organi aʼzosi sifatida yoki ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblangan istalgan boshqa yuridik shaxs tomonidan olinadigan gonorarlar va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlardan mana shu ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda soliq olinishi mumkin.
17-modda
Artistlar va sportchilarning daromadlari
Artistlar va sportchilarning daromadlari
1. Mazkur Bitimning 14 va 15-moddalari qoidalaridan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan sanʼat xodimi, teatr, kino, radio yoki televideniye artisti, yoki musiqachi, yoki sportchi sifatida uning ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiriladigan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromadga mana shu ikkinchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi tomonidan uning mana shu sifatida amalga oshiriladigan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, balki boshqa shaxs hisobiga oʻtkazilsa, bu daromaddan mazkur Bitimning 7, 14 va 15-moddalari qoidalariga qatʼi nazar, sanʼat xodimi yoki sport faoliyati amalga oshiriladigan Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. 1 va 2-bandlar qoidalari Ahdlashuvchi Davlatda sanʼat xodimlari yoki sportchilar tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatdan olinadigan daromadlarga nisbatan, agar ushbu Davlatda boʻlish asosan ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat, uning subyektlari yoki mahalliy hokimiyatlari tomonidan mablagʻ bilan taʼminlansa, qoʻllanilmaydi. Bunday holda bunday daromaddan ushbu sanʼat xodimi yoki sportchi rezidenti hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq olinadi.
18-modda
Pensiya va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar
Pensiya va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar
1. 19-moddaning 2-bandi qoidalarini hisobga olgan holda ilgari yollanma ish boʻyicha ishlaganligi munosabati bilan Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan pensiya va shunga oʻxshash boshqa taqdirlashlarga faqat mana shu Davlatda soliq solinadi.
2. “Annuitetlar” atamasi jismoniy shaxsga adekvat va toʻliq kompensatsiya oʻrniga majburiy toʻlov boʻyicha (koʻrsatiladigan xizmatlardan farq qilgan holda) hayoti davomida yoki muayyan vaqt mobaynida vaqti-vaqti bilan toʻlanadigan belgilangan summani anglatadi.
3. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti foydasiga beriladigan alimentlar yoki boshqa shunga oʻxshash toʻlovlardan mana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq olinishi mumkin.
19-modda
Davlat xizmatida boʻlganlik uchun taqdirlash
Davlat xizmatida boʻlganlik uchun taqdirlash
1. Ahdlashuvchi Davlat, uning hududiy boʻlinmalari yoki mahalliy hokimiyatlari tomonidan istalgan jismoniy shaxsga mana shu Davlat yoki mahalliy hokimiyatlar uchun amalga oshiriladigan xizmat uchun toʻlanadigan taqdirlashdan, pensiyadan boshqa, faqat mana shu Davlatda soliq olinadi;
2. Biroq, xizmat mana shu ikkinchi Davlatda amalga oshirilsa, va ana shu Davlatning rezidenti hisoblangan jismoniy shaxs;
(I) shu Davlatning milliy shaxsi hisoblansa; yoki
(II) faqat ana shunday xizmatni amalga oshirish maqsadida shu Davlatning rezidenti boʻlmay qolsa, faqat ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda soliq olinadi.
20-modda
Talabalar, oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarga toʻlanadigan summa
Talabalar, oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarga toʻlanadigan summa
1. Ahdlashuvchi Davlatga bevosita kelish oldidan ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblangan yoki rezidenti boʻlgan hamda birinchi tilga olingan Davlatda mutlaqo maʼlumot olish yoki praktika oʻtkazish maqsadida boʻlgan, talabalar, aspirantlar yoki praktikantlar oladigan toʻlovlardan mana shu birinchi tilga olingan Davlatda soliq solinmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlatga bevosita kelishdan oldin ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan va birinchi tilga olingan Davlatda asosan oʻqituvchilik qilish yoki tadqiqot oʻtkazish maqsadida boʻlib turgan oʻqituvchi yoki ilmiy xodim tomonidan olinadigan taqdirlash mana shu taxlitda mana shu Davlatda ikki yil davomida mana shunday oʻqituvchilik qilish yoki tadqiqot oʻtkazish uchun taqdirlashga nisbatan soliqdan ozod qilinadi.
21-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining mazkur Bitimning boshqa moddalarida gapirilmaydigan daromadlari turlaridan ular qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat mana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq olinadi.
2. Agar 6-moddaning 2-bandida belgilangan koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlardan boshqa daromadlarga nisbatan, agar bunday daromadlarni oluvchi bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti hisoblansa, tijorat faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda unda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa va bu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy bazadan mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatsa, va ular munosabati bilan daromad olingan huquq yoki mol-mulk mana shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlsa, 1-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda vaziyatga bogʻliq ravishda 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
22-modda
Mol-mulk
Mol-mulk
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi koʻchmas mol-mulkdan ushbu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa mol-mulkining bir qismi (tadbirkorlik) hisoblangan koʻchadigan mol-mulkdan, yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlatda Ahdlashuvchi Davlat rezidenti mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirish maqsadlarida foydalanadigan doimiy bazaga tegishli boʻlgan koʻchadigan mol-mulk tomonidan berilgan koʻchadigan mol-mulkdan ushbu ikkinchi Davlatda soliq olinishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining mol-mulki boʻlgan va xalqaro tashkilotlarda foydalaniladigan dengiz, daryo va havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transportida, va bunday transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan koʻchadigan mol-mulk tomonidan berilgan mol-mulkdan ushbu Bitimning 8-moddasida qayd etilganidan faqat mana shu Davlatda soliq olinadi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti mol-mulkining boshqa barcha elementlaridan faqat ushbu Davlatda soliq olinadi.
23-modda
Ikki tomonlama soliq solishni bartaraf etish
Ikki tomonlama soliq solishni bartaraf etish
1. Agar bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda daromad olsa va bu daromaddan mazkur Bitim qoidalariga muvofiq ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda soliq olinsa, ushbu daromaddan mana shu ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda toʻlanishi kerak boʻlgan soliq summasi bunday shaxsdan daromad munosabati bilan birinchi yilga olingan Davlatda undiriladigan soliqdan chiqarib tashlanishi mumkin. Biroq bunday chiqarib tashlash koʻrsatib oʻtilgan daromadga birinchi Davlatning soliq qonunchiligi va qoidalariga muvofiq hisoblab chiqilgan soliq summasidan oshmaydi.
2. Mazkur Moddaning 1-bandi maqsadlari uchun Turkmaniston va Oʻzbekistonning soliq solishdan ozod qilish yoki imtiyozlar mavjud boʻlmagan taqdirda ushbu Davlatning soliq sifatida toʻlanadigan istalgan summani oʻz ichiga oladi, deb hisoblanadi, shu munosabat bilan ushbu summa ushbu Davlatning imtiyozli rejim haqidagi qonunchiligi asosida toʻlanmaydi.
3. Agar Bitimning istalgan qoidasiga muvofiq, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining olingan daromadi ushbu Davlatda soliqdan ozod etilgan boʻlsa, ushbu Davlat shunga qaramay ushbu rezident daromadining qolgan qismining soliq summasini hisoblab chiqishda soliqdan ozod etilgan daromadni eʼtiborga olish kerak.
24-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat millatiga mansub shaxslar ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda ayni bir vaziyatda ikkinchi Ahdlashuvi Davlat millatiga mansub shaxslar taʼsir doirasiga tushirilgan yoki tushirilishi mumkin boʻlgan har qanday soliq solishga, yoki u bilan bogʻliq majburiyatlarga, soliq solish va u bilan bogʻliq boshqa va ulardan ogʻir majburiyatlar taʼsiriga tushirilmaydi.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasidan soliq olish ushbu ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatda ushbu ikkinchi Davlatning mana shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonasidan olinadigan soliqdan kam qulay boʻlmaydi. Ushbu qoida bir Ahdlashuvchi Davlatga ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat rezidentlariga biror-bir shaxsiy imtiyozlar berish, ularning fuqarolik yoki oilaviy ahvollariga asoslanib ular oʻz rezidentlariga beradigan soliq solishdan ozod qilish va chegirmalar berish majburiyatini yuklash sifatida talqin qilinmasligi kerak.
3. Mazkur Bitimning 9, 11 yoki 12-moddalari qoidalari qoʻllaniladigan hollardan tashqari Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan foizlar, royaltilar va boshqa qoplashlar bunday korxonaning soliq solinadigan foydasini aniqlash maqsadida ular birinchi tilga olingan Davlatning rezidentiga toʻlanishi mumkin boʻlgan shartlarda hisoblab chiqilishi kerak. Shunga oʻxshash, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga nisbatan istalgan qarzi ushbu korxonaning soliq solinadigan mol-mulkini aniqlash maqsadida birinchi tilga olingan Davlat rezidentining qarzi bilan boʻlgandek shartlarda hisoblab chiqilishi kerak.
4. Ahdlashuvchi Davlatning mol-mulki ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga toʻliq yoki qisman tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan korxonasi birinchi tilga olingan Davlatda birinchi tilga olingan Davlatning ana shunday korxonalari taʼsir doirasiga olinadigan istalgan soliq solishlarga yoki u bilan bogʻliq majburiyatlarga, soliq solish va bu bilan bogʻliq boshqa yoki ogʻirroq majburiyatlarga tortilmaydi.
25-modda
Oʻzaro kelishiladigan ish tartibi
Oʻzaro kelishiladigan ish tartibi
1. Agar shaxs bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlat xatti-harakati unga ushbu Bitimga muvofiq boʻlmagan soliq solinishiga olib keladi deb hisoblansa, u, ushbu Davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezidenti hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga, yoki, uning vaziyati 24-moddaning 1-bandi amal qilishi taʼsiri doirasiga tushsa, oʻzi milliy shaxsi hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatga taqdim etishi mumkin. Ariza ushbu Bitim qoidalariga muvofiq boʻlmagan soliq solishga olib keluvchi xatti-harakatlar toʻgʻrisida birinchi bildirishnoma berilgan paytdan boshlab uch yil davomida taqdim etilishi kerak.
2. Vakolatli organ, agar u arizani asosli deb hisoblasa va agar uning oʻzi qoniqarli qaror qabul qila olmasa, Bitimga muvofiq boʻlmagan soliq solishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishuv boʻyicha masalani hal etishga intiladi. Istalgan erishilgan ahdlashuv Ahdlashuvchi Davlatlar milliy qonunchiliklarida nazarda tutilgan biror-bir vaqtinchalik cheklashlardan qatʼi nazar bajariladi.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash paytida paydo boʻladigan istalgan masalalarni oʻzaro kelishib hal etishga intiladilar. Ular shuningdek ushbu Bitim bilan nazarda tutilmagan hollarda ikki tomonlama soliq solishni bartaraf etish maqsadida bir-birlari bilan maslahatlashishlari ham mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlarni tushunishda kelishuvga erishish maqsadida bir-birlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqaga kirishishlari mumkin. Agar kelishuvga erishish uchun ogʻzaki fikrlashishni tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlsa, bunday fikr almashish komissiya majlisi doirasida Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari vakillaridan iborat tartibda boʻlib oʻtishi mumkin.
26-modda
Axborot ayirboshlash
Axborot ayirboshlash
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Bitim yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning ichki qonunchiligi qoidalarini qoʻllash uchun Bitim soliq solish ushbu qonunchilik boʻyicha mazkur Bitimga zid boʻlmagan darajada joriy etiladigan soliqlarga tegishli axborotni oʻzaro ayirboshlaydilar. Ahdlashuvchi Davlat tomonidan olingan istalgan axborot maxfiy hisoblanadi hamda faqat ushbu Bitim joriy etiladigan soliqlarga nisbatan baholash, undirish, majburiy undirish, sud taʼqibi yoki appelatsiyani koʻrib chiqish bilan bogʻliq boʻlgan shaxslar yoki organlar, shu jumladan sudlar va maʼmuriy organlar tomonidan maʼlum qilinishi mumkin. Bunday shaxslar yoki organlar ushbu axborotdan faqat mana shu maqsadlarda foydalanadilar. Bu axborot ochiq sud majlisi davomida yoki sud qarori qabul qilingach oshkor etilishi mumkin.
2. Hech bir holda mazkur moddaning 1-bandi qoidasi Ahdlashuvchi Davlatlardan istalgan birining vakolatli organiga:
a) Ahdlashuvchi Davlatlarning qonunchiligiga yoki maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan maʼmuriy choralar koʻrish;
v) qonunchilikka koʻra yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oddiy maʼmuriy amaliyoti davomida olinishi mumkin boʻlmagan axborotni berish;
s) biror-bir savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki professional sirni yoki savdo jarayonini oshkor etishi mumkin boʻlgan axborotni yoki oshkor etilishi davlat manfaatlariga zid boʻlishi mumkin boʻlgan axborotni berish majburiyatini yuklash sifatida talqin etilmaydi.
27-modda
Soliq yigʻishda yordam berish
Soliq yigʻishda yordam berish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolati organlari soliq yigʻishda bir-birlariga yordam beradilar, bunda ushbu qoida mazkur Bitimning moddasi qoidalari bilan cheklanmaydi.
2. Ushbu moddadagi hech bir narsa Ahdlashuvchi Davlatga uning oʻz soliqlarini yigʻishda foydalanadiganlardan farq qiladigan yoki uning odatdagi amaliyotiga zid boʻlgan maʼmuriy tusdagi choralarni qoʻllash majburiyatini yuklash sifatida talqin qilinmaydi.
3. Ushbu moddani qoʻllashga doir amaliy xatti-harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasidagi soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish va oʻzaro yordam berish toʻgʻrisidagi Bitim qoidalari bilan belgilanadi.
28-modda
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari
Mazkur Bitimning hech bir qoidasi xalqaro huquqning umumiy normalari bilan yoki maxsus bitimlar qoidalariga muvofiq diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xodimlariga berilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
29-modda
Kuchga kirish
Kuchga kirish
Mazkur Bitim ratifikatsiya qilinishi va ratifikatsiya yerliklari ayirboshlangan paytdan boshlab kuchga kirishi kerak, bunda uning qoidalari:
a) Bitim kuchga kirgan oydan keyingi uchinchi oyning birinchi yoki birinchi kunidan keyin toʻlanadigan yoki hisoblanadigan summadan manbadan undiriladigan soliqlarga nisbatan uch oydan keyin;
v) boshqa soliqlarga nisbatan — Bitim kuchga kiradigan yildan keyingi kalendar yilning birinchi yanvaridan yoki birinchi yanvardan keyin boshlanadigan soliq solinadigan davrlar uchun uch oydan keyin; va
s) 26 va 27-moddalar maqsadlari uchun Bitim kuchga kirgan kundan boshlab amal qiladi.
30-modda
Amal qilishining toʻxtatilishi
Amal qilishining toʻxtatilishi
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Davlatlar uning amal qilishini toʻxtatmagunlariga qadar kuchda boʻladi. Har bir Ahdlashuvchi Davlat Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab 5 yillik muddat tamom boʻlgandan keyin boshlanadigan istalgan kalendar yil tamom boʻlishidan kamida olti oy oldin uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida diplomatik yoʻllar orqali bildirishnoma berish yoʻli bilan Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin. Bunday holda Bitim:
a) bildirishnoma berilgan yildan keyingi kalendar yilning birinchi yanvarida yoki birinchi yanvaridan keyin toʻlanadigan yoki hisoblangan summadan manbadan undiriladigan soliqlarga nisbatan birinchi yanvardan boshlab;
v) bildirishnoma berilgan yildan keyingi kalendar yilning birinchi yanvaridan yoki birinchi yanvaridan keyin boshlanadigan soliq davrlari uchun — daromadlar yoki mol-mulkka boshqa soliqlarga nisbatan birinchi yanvardan boshlab; va
s) 26 va 27-moddalar maqsadlari uchun — bildirishnoma berilgan yildan keyingi kalendar yilning birinchi yanvaridan keyin birinchi yanvardan boshlab amal qilishini toʻxtatadi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir kuchga egadir.
Mazkur Bitimni talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)