Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi KENGASHIning
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI HUZURIDAGI AMALDAGI QONUN HUJJATLARI MONITORINGI INSTITUTINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish, inson huquqlari sohasidagi huquqiy normalarga rioya etilishi ustidan monitoring hamda samarali nazoratni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti tashkil etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti yuridik shaxs boʻlib, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobdordir.
3. Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining Ustavi va tarkibiy tuzilishi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining asosiy vazifalari deb quyidagilar belgilansin:
amaldagi qonun hujjatlarini hamda ularning inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalarga muvofiqligini oʻrganish;
inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy normalarni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya etish borasidagi huquqiy-tatbiqiy tajribani oʻrganish va umumlashtirish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
xalqaro va huquqni himoya qilish tashkilotlari bilan inson huquqlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan takliflar tayyorlash;
qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, shu jumladan xorijiy ekspertlar va institutlarni jalb etgan holda shunday ekspertizalar oʻtkazish;
qonunchilik ishining rejalari hamda dasturlariga doir takliflar ishlab chiqish.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining direktori Kengash qarorini keyinchalik sessiyada tasdiqlash sharti bilan Oliy Majlis Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan boʻshatiladi.
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi Instituti direktorining oʻrinbosari Oliy Majlis Raisining taqdimnomasi boʻyicha Oliy Majlis Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan boʻshatiladi.
6. Respublika budjeti mablagʻlari Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutini moliyalash manbalari deb belgilansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki haftalik muddat ichida Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutini tashkil etish va uning faoliyatini moddiy taʼminlash yuzasidan qaror qabul qilsin.
8. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tasdigʻiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1996-yil 3-dekabr,
322-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining
USTAVI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti (matnda bundan buyon Institut deb yuritiladi) ilmiy-tadqiqot muassasasidir.
Institut oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga hamda ushbu Ustavga muvofiq olib boradi.
2. Institut oʻz mol-mulkiga ega boʻlgan yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi banklarida milliy va xorijiy valyutada hisobvaraqlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tushirilgan muhrga hamda oʻz faoliyati uchun zarur boshqa belgilarga ega boʻladi.
Institut oʻz nomidan shartnomalar tuzishi, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni qoʻlga kiritishi, zimmasiga vazifalar olishi hamda sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
Institut oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻz mol-mulki bilan javob beradi.
3. Institutning davlat tilidagi toʻliq rasmiy nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti.
II. INSTITUTNING ASOSIY VAZIFALARI VA FAOLIYAT YOʻNALISHLARI
4. Institutning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
amaldagi qonun hujjatlarini hamda ularning inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalarga muvofiqligini oʻrganish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini demokratiya va inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalar va standartlarga muvofiqlashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy normalarni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
qonunchilik ishi mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha huquqiy tatbiqiy tajribani oʻrganish va umumlashtirish, shuningdek amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
institutlar va xalqaro tashkilotlar bilan Oʻzbekistonda inson huquqlari monitoringi sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan takliflar tayyorlash;
qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, shu jumladan xorijiy ekspertlar va institutlarni jalb etgan holda shunday ekspertizalar oʻtkazish;
amaldagi qonunlarning roʻyobga chiqarilishi va ularning ijrosini nazorat qilish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
qonunchilik ishlari yuzasidan joriy va istiqbolga moʻljallangan rejalar hamda dasturlarga doir takliflar ishlab chiqish.
5. Yuqorida sanab oʻtilgan vazifalarni bajarish uchun Institut:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qoʻmitalari va komissiyalari bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlarini, Institutning ilmiy-tadqiqot ishlari rejalarini roʻyobga chiqaradi;
qonunchilik faoliyatining dolzarb muammolarini ilmiy tadqiq etish sohasida, shu jumladan inson huquqlari sohasida respublikadagi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy oʻquv yurtlari bilan, ularning idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi;
xalqaro tashkilotlar, xorijiy ilmiy-tadqiqot, maslahat va oʻquv markazlari, olimlar va mutaxassislar bilan ilmiy va amaliy aloqalar oʻrnatadi, aloqalarni rivojlantiradi va mustahkamlaydi, ular bilan hamkorlik shartnomalarini tuzadi;
xalqaro huquqning amaldagi normalari, shu jumladan inson huquqlari sohasidagi normalari maʼlumotlarining bankini shakllantiradi;
respublika va xorijiy davlatlarning olimlari hamda mutaxassislari ishtirokida muammoli, aniq maqsadga qaratilgan ilmiy munozaralar, konferensiyalar, simpoziumlar oʻtkazadi;
xalqaro huquq normalarining oʻrganilishi va taqqoslanishini hamda inson huquqlari sohasidagi davlatlararo shartnomalarga Oʻzbekistonning qoʻshilishi yuzasidan takliflar tayyorlanishini taʼminlaydi;
qonun loyihalari yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlarga rioya etishi nuqtai nazaridan qonunlarning ekspertizasini oʻtkazadi.
III. INSTITUTNING HUQUQLARI
6. Institut oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqiy munosabatlarga oʻz nomidan kirishish;
Institut vakolat doirasiga kiruvchi muammolar yuzasidan muvofiqlashtiruvchi, ilmiy-maslahat va boshqa kengashlar, idoralararo ekspert komissiyalari tuzish, shuningdek maxsus yigʻilishlar chaqirish;
amaldagi qonun hujjatlari monitoringi sohasida takliflar, xulosalar va tahliliy materiallar tayyorlash uchun zaruratga qarab olimlar, mutaxassislardan muvaqqat ishchi guruhlari tuzish;
tegishli xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan belgilangan tartibda mutaqobillik asosida kerakli axborot almashuvini oʻtkazish;
oʻz faoliyatini moliyalash uchun Institut olayotgan budjetdan tashqari mablagʻlardan, shu jumladan valyuta mablagʻlaridan qonunda belgilangan tartibda foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasining normativ hujjatlarini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridan, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar, hokimliklardan yoʻriqnoma yoʻsinidagi hisobot, axborot va tahliliy materiallarni belgilangan tartibda olish;
shartnoma asosida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, olingan daromadni Institut xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, ijtimoiy masalalarni hal etishga sarflash;
banklarda hisobvaraqlar ochish va ular boʻyicha tegishli operatsiyalar oʻtkazish.
IV. INSTITUTNI BOSHQARISH
7. Institutga direktor boshchilik qiladi, u Oliy Majlis Kengashi tomonidan, Kengash qarorini keyinchalik sessiyada tasdiqlash sharti bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan boʻshatiladi.
Direktor davlat hokimiyati va boshqaruvining respublika hamda mahalliy organlarida, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda, jamoat birlashmalarida, xalqaro tashkilotlarda Institut nomidan ish koʻradi.
8. Institut direktori:
Institutning faoliyatiga rahbarlik qiladi;
oʻzining vakolat doirasiga taalluqli masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Institut xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
Institutga yuklangan vazifalar bajarilishi va oʻz zimmasidagi vazifalar amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi;
belgilab qoʻyilgan miqdor va ish haqi fondi doirasida, Oliy Majlis Kengashi bilan kelishilgan holda Institutning shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Institutning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Institutning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Institutning hisobotlarini, uslubiy va yoʻriqnoma ishlanmalarini tasdiqlaydi;
Institut nomidan shartnomalar va bitimlar tuzadi;
qonun hujjatlariga muvofiq xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi va ularni toʻxtatadi;
xodimlarni ragʻbatlantirish va taqdirlash shakllarini belgilaydi, lavozim maoshlariga ustama va qoʻshimcha haqlar belgilab qoʻyadi, xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Institutning moddiy boyliklari va undirilgan mablagʻlarini tasarruf etadi, mol-mulkni boshqarish yuzasidan qarorlar qabul qiladi, moliyaviy, toʻlov va hisob-kitob hujjatlari hamda boshqa hujjatlarni imzolaydi, ishonchnomalar beradi;
Institut xodimlari oʻrtasida lavozim vazifalarini taqsimlaydi;
oʻz vakolati doirasida boshqa masalalarni hal etadi.
9. Institut direktorining oʻrinbosari direktorning topshirigʻi boʻyicha uning ayrim vazifalarini bajaradi va u boʻlmagan yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan holda direktor lavozimini vaqtincha egallab turadi.
10. Boʻlinmalarning boshliqlarini, muvaqqat ijodiy jamoalarning rahbarlarini Institut direktori tayinlaydi.
11. Institutning asosiy tarkibiy boʻlinmalari quyidagilardan iborat: boʻlim, shuʼba, aniq muammolarni hal etish uchun tuziladigan tadqiqot ishchi guruhi.
12. Institut doirasida Institut taʼsis etadigan davriy nashrlarning tahrir hayʼati va tahririyati tashkil etilishi mumkin.
V. INSTITUTNING MOL-MULKI, MULKI VA MOLIYAVIY MABLAGʻLARI
13. Institutning mol-mulkini asosiy fondlar, muomaladagi mablagʻlar, shuningdek moliyaviy resurslar va moliya bilan taʼminlashning barcha manbalari hisobidan olingan boshqa moddiy boyliklar tashkil etadi.
Institut mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks etiladi.
14. Institut mablagʻlari:
Institut Ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirishi uchun kerakli budjet mablagʻlari;
Davlat ilmiy-texnika dasturlari roʻyxatiga kiritilgan ilmiy dasturlarni moliya bilan maqsadli taʼminlash, tanlov ishlarini, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining buyurtmalari asosida bajariladigan ishlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlardan tashkil topadi.
VI. HISOB VA HISOBDORLIK
15. Institut oʻz faoliyati natijalarining buxgalteriya hisobini yuritadi, statistika hisobdorligini olib boradi.
VII. INSTITUT USTAVIGA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH
16. Institut Ustaviga oʻzgartishlar va qoʻshimchalarni Oliy Majlis Kengashi keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida tasdiqlash sharti bilan kiritishi mumkin.
VIII. INSTITUTNI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH
17. Institutni qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlish, ajratib chiqarish, qayta tuzish) yoki tugatish Oliy Majlis Kengashining qarori asosida keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida tasdiqlash sharti bilan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining
TARKIBIY TUZILISHI
1. Institut maʼmuriyati — direktor;
direktor oʻrinbosari.
2. Milliy qonun hujjatlarini va xalqaro huquq normalarini umumlashtirish va tartibga solish axborot-tahlil boʻlimi
2.1. Boʻlim boshligʻi
2.2. Bosh ilmiy xodim
2.3. Yetakchi ilmiy xodim
2.4. Katta inspektor
3. Xalqaro huquq normalarini milliy qonun hujjatlariga joriy etish muammolarini oʻrganish boʻlimi
3.1. Boʻlim boshligʻi
3.2. Bosh ilmiy xodim
3.3. Katta inspektor
Oldingi tahrirga qarang.
4. Norma yaratish faoliyati istiqbolini belgilash va qonun loyihalari ekspertizasi boʻlimi
4.1. Boʻlim boshligʻi
4.2. Bosh ilmiy xodim
4.3. Bosh ilmiy xodim
4.4. Yetakchi ilmiy xodim
4.5. I toifali ish yurituvchi-kotiba
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2000-yil 19-iyundagi 98-XII-son Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 197-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Amaldagi qonun hujjatlarini ijro etish tajribasini oʻrganish boʻlimi
5.1. Boʻlim boshligʻi
5.2. Bosh ilmiy xodim
5.3. Bosh ilmiy xodim
5.4. Yetakchi ilmiy xodim
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2000-yil 19-iyundagi 98-XII-son Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 197-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining 2000-yil 19-iyundagi 98-XII-son Qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 197-modda)
7. Kotibiyat
7.1. Kotibiyat boshligʻi
7.2. Ish yuritish boʻyicha katta inspektor
7.3. Buxgalter
Jami 21 kishi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 1-son, 19-modda; 2000-y., 5-6-son, 197-modda)