O‘ZBEKISTON “O‘ZKOMMUNXIZMAT” AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
buyrug‘i
Maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 12-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2625]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respubikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019-yil 7-noyabrdagi 11-sonli “Maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3195, 08.11.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv bilan ta’minlash tashkilotlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Maishiy chiqindilarni tashish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor U. XALMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2014-yil 16-oktabr,
104-son
O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktorining 2014-yil 16-oktabrdagi 104-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Maishiy chiqindilarni tashish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv bilan ta’minlash tashkilotlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq, qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
chiqindilar — ishlab chiqarish yoki iste’mol qilish jarayonida xomashyo, materiallar, xomaki mahsulotlar, boshqa buyumlar yoki mahsulotlarning hosil bo‘lgan qoldiqlari, shuningdek o‘zining iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan tovarlar (mahsulotlar);
qattiq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati, shuningdek yuridik shaxslarning faoliyati (oziq-ovqat, shishalar, rezinalar, qog‘ozlar, to‘qimachilik mahsulotlari, o‘rash-joylash materiallari, o‘zining foydalanish xususiyatlarini yo‘qotgan uy-ro‘zg‘or asboblari, supurindi chiqindilarining, qattiq yoqilg‘ida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bug‘qozonlaridan foydalanish natijasida vujudga keladigan chiqindilar) natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar;
suyuq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati, shuningdek yuridik shaxslarning faoliyati (oqova suvlar, chiqindi to‘kiladigan o‘ralar va septiklarda yig‘ilib qolgan turli xil suyuq chiqindilar, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan yuvindi chiqindilari, markazlashmagan kanalizatsiyaning najas chiqindilari) natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar;
iste’molchi — ijrochi bilan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlari bo‘yicha belgilangan tartibda shartnoma tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ijrochi — tuzilgan shartnoma asosida iste’molchilarga qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
“signal” usuli — xususiy sektordagi shoxobchani chiqindi yig‘uvchi avtomashinada aylanib chiqib, signal berish yo‘li bilan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash.
2. Mazkur Qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga muvofiq, qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘llaniladi.
3. Mazkur Qoidalar radioaktiv chiqindilar, biologik chiqindilar, davolash-profilaktika muassasalari chiqindilari, zararli moddalarni atrof muhitga (atmosferaga) chiqarib tashlash va zararli moddalarni suv obyektlariga oqizib yuborish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. Chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish
1-§. Chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketishni tashkil qilish
4. Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar:
shaharlarda — ixtisoslashtirilgan sanitariya-tozalash tashkilotlari tomonidan;
tuman markazlari, shaharchalar va qishloq aholi punktlarida — tuman obodonlashtirish boshqarmalari yoki ixtisoslashtirilgan sanitariya-tozalash tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Chiqindilarning aniq va uzluksiz tashib ketilishini tashkil qilish uchun ijrochi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
chiqindilarning to‘planish me’yorlarini aniqlash;
chiqindilarni olib chiqib ketishning davriy muddatlarini belgilash;
axlat to‘plash shoxobchalarining konteynyerlar bilan jihozlanishini ta’minlash;
iste’molchilar bilan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
maxsus transport vositalarining yo‘nalish jadvallarini ishlab chiqish.
6. Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning davriyligi aholi yashash punktlari, shaharning sanitariya holati ta’minlanishini va kasallik paydo qiluvchi bakteriyalar rivojlanishining oldini olish sharoitlarini hisobga olgan holda, joylardagi iqlim sharoitlardan kelib chiqib, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi, bunda sanitariya me’yorlari va qoidalariga muvofiq maishiy chiqindilarni saqlashning oxirgi muddati o‘tib ketmasligi lozim.
7. Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi: chiqindi yig‘ish punktlaridan — har kuni, xususiy sektordan “signal” usulida — uch kunda bir marotaba.
2-§. Maxsus transport vositalarining harakat yo‘nalishlarini ishlab chiqish
8. Maxsus transport vositalarining harakat yo‘nalishlarini belgilash uchun ijrochi tomonidan yo‘nalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali tuziladi.
9. Yo‘nalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvalida chiqindilar tashib ketiladigan obyektlarning (axlat to‘plash shoxobchalari, tashkilotlarning) manzillari, xizmat ko‘rsatilganligini tasdiqlovchi xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va telefon raqami hamda maxsus transport vositalarining chiqindilar tashib ketiladigan obyektlarga yetib borish masofasi va vaqti ko‘rsatiladi.
Chiqindilar “signal” usulida olib chiqiladigan joylarda yo‘nalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvalida ko‘chalarning nomlari ko‘rsatiladi.
10. Maxsus transport vositalarining harakat yo‘nalishlari yo‘nalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali asosida, hududning bosh rejasi hamda QMQ 2.07.01-94 “Shaharsozlik. Shahar va qishloq aholi yashash joylarini rejalashtirish va qurish” talablari inobatga olingan holda ijrochi tomonidan belgilanadi.
11. Ijrochi maxsus transport vositalarining harakat yo‘nalishlarini ishlab chiqishda quyidagi ma’lumotlarga asoslanishi zarur:
xizmat ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan obyektlarning va hududning batafsil tavsifi;
alohida obyektlarda chiqindilarning to‘planish hajmi;
hududdagi yo‘llarning holati;
ko‘chalardagi harakatning serqatnovligi;
chiqindilarni zararsizlantirish hamda qayta ishlash obyektlari haqidagi umumiy ma’lumotlar;
har bir uchastkadagi konteynyerlarning umumiy soni;
chiqindilarni yuklash va tushirish ishlariga sarflanadigan vaqt.
12. Maxsus transport vositalarining harakat yo‘nalishlarini ishlab chiqishda ko‘chalarda qayta qatnovlar sonini kamaytirish, birinchi navbatda serqatnov ko‘chalarda joylashgan va chiqindilar turli tizimlarda yig‘iladigan obyektlarni birlashtirish, yo‘nalishni imkon qadar shahar markazidan chiqindilarni qayta yuklash yoki zararsizlantirish joyi yo‘nalishi bo‘yicha belgilash, kuzovli maxsus transport vositalaridan foydalanilganda yo‘nalishni kuzovning sig‘imi to‘liq band bo‘lgunga kadar uzaytirish imkoniyati o‘rganilishi zarur.
13. Chiqindilarni qayta yuklash va zararsizlantirish joylari bir nechta bo‘lganda, maxsus transport vositalari qatnovlar sonini kamaytirishni hisobga olib, qayta yuklash va zararsizlantirish joylariga biriktirilishi lozim.
14. Maxsus transport vositalarining harakat yo‘nalishlari chiqindilar tashib ketiladigan obyektlar yoki ularda to‘planadigan chiqindilar miqdori, xizmat ko‘rsatiladigan hududda maxsus transport vositalarining harakatlanish shart-sharoitlari o‘zgarganda qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
3-§. Qattiq maishiy chiqindilarni saralash va olib chiqib ketish
15. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga muvofiq, iste’molchilar qattiq maishiy chiqindilarni bir marotaba ishlatiladigan paketlarga alohida-alohida joylab dastlabki saralashni va ularni quyidagi turlarga ajratishni amalga oshirishlari shart:
1) plastmassa (paketlar, idish, tara, o‘yinchoqlar, butilkalar): qattiq plastmassa (plastmassadan yasalgan mebel, rezina poyabzal), yumshoq plastmassa (shampundan bo‘shagan flakonlar, idishlar va hokazolar);
2) metall chiqindilari (metalldan ishlangan turli maishiy mahsulotlar va idish-tovoq chiqindilari, taralar, jumladan konserva bankalari): qora metall chiqindilari (panjaralar, sim to‘siqlar, quvur qiyqindilari, armatura, maishiy jihozlar va xo‘jalik anjomlari), rangli metall chiqindilari (alyuminiy simlar, mis simlar, alyuminiydan ishlangan idishlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari), shisha (shishadan tayyorlangan turli maishiy mahsulotlar va idishlar chiqindilari, taralar, butilkalar);
3) qog‘oz chiqindilari (qog‘oz, karton va qog‘oz mahsulotiga tenglashtirilgan boshqa mahsulotlar chiqindilari), ip-gazlamalarning qiyqimlari va bo‘laklari, eski uvada lattalar;
4) qayta ishlash va utilizatsiya uchun yaramaydigan biologik va boshqa chiqindilar (kundalik ishlatiladigan oziq-ovqat mahsulotlari chiqindilari, jumladan turli xil ozuqa, yangi meva, poliz va sabzavot mahsulotlarining po‘stloqlari).
16. Chiqindilarni axlat to‘plash shoxobchalariga joylashtirish uchun ko‘p kvartirali uylardagi iste’molchilar qattiq maishiy chiqindilarni turlari bo‘yicha paketlarga joylab, tegishli konteynyerlarga tashlaydilar. Xususiy uylarda yashovchi iste’molchilar esa, saralangan qattiq maishiy chiqindilarni o‘z uylarida saqlab, “signal” usulida kelgan maxsus transport vositasiga joylashtiradilar.
17. Qattiq maishiy chiqindilarni axlat to‘plash shoxobchalarida alohida-alohida turlarga ajratish talab etilsa, bu vazifa sanitariya jihatidan tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar yoki obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi kerak.
18. Tarkibida simob bo‘lgan lampalarni to‘plash lampalarga shikast yetkazilishiga imkon bermaydigan va undagi simobli moddalarni havo muhitiga, suv ta’minoti manbalariga, tuproq va oziq-ovqat mahsulotlariga tegib ketishidan saqlovchi maxsus taralarda amalga oshiriladi.
19. Konteynyerlardan chiqindilar tushib ketishi va xodimlarga jarohat yetkazishining oldini olish uchun ular umumiy hajmining 90 foiziga qadar to‘ldirilishi kerak.
20. 80 — 100 litr sig‘imli konteynyerlar ikki g‘ildirakli yengil aravada tashilishi kerak. Aravalar bo‘lmaganda, konteynyerlar chiqindilarni maxsus transport vositasiga yuklash joyidan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada joylashtirilishi zarur.
21. Konteynyerlardan ikkilamchi xomashyoni ajratib olish taqiqlanadi.
22. Konteynyerlar chiqindilardan to‘liq, qoldiqsiz tozalanishi zarur. Ular har doim soz qopqoq bilan berkitilgan bo‘lishi hamda sanitariya talablariga muvofiq dezinfeksiya qilinishi lozim.
23. Chiqindilarni tashib ketish uchun maxsus transport vositalarining turi va soni tashiladigan chiqindilarning hajmi, olib ketish davriyligi va maxsus transport vositalarining samaradorligini inobatga olgan holda aniqlanishi kerak.
4-§. Suyuq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish
24. Kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lmagan uylardagi suyuq maishiy chiqindilar ularning to‘planish me’yorlariga muvofiq, biroq kamida har olti oyda olib chiqib ketilishi zarur.
Suyuq chiqindilarning to‘planish me’yori chiqindi tashlanadigan o‘raning o‘tkazuvchanlik darajasiga, tuproqning filtrlash koeffitsiyenti, sizot suvlarning sathi va har bir jismoniy shaxs tomonidan ishlatilgan suvga bog‘liq holda belgilanadi.
25. Suyuq maishiy chiqindilar tashlanadigan o‘ralarning devorlari va tubi suv o‘tkazmaydigan, yer ustki qismi yuvish va dezinfeksiyalashga qulay bo‘lishi, ularni joylashtirishda maxsus transport vositalarining erkin harakatlanishi uchun zarur joy nazarda tutilishi zarur.
26. Suyuq maishiy chiqindilar to‘kish stansiyalari, maxsus assenizatsiya dalalari va bunday chiqindilarni qabul qilish hamda zararsizlantirishga mo‘ljallangan boshqa joylarga olib ketilishi lozim.
5-§. Yirik o‘lchamli chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish
27. Yirik va gabaritli chiqindilar (mebel, sovutgichlar, velosipedlar, gaz plitalari, bolalar aravalari), qoramol go‘ngi, qurilish chiqindilari, tuproq, agrotexnika ishlari natijasida paydo bo‘ladigan chiqindilar (novdalar, daraxt tanalari, to‘nkalar va shox-butoqlar) (bundan buyon matnda yirik o‘lchamli chiqindilar deb yuritiladi) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, professional boshqaruv tashkilotlari tomonidan tayinlangan, vaqtinchalik maxsus ajratilgan joylarga yig‘ib turilishi kerak.
28. Yirik o‘lchamli chiqindilar to‘plash joylari qattiq qoplamali va maxsus transport vositalarining harakatlanishi uchun qulay hamda xizmat ko‘rsatiladigan uylarga 20 metrdan yaqin va ulardan 300 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada joylashtirilishi kerak.
29. Yirik o‘lchamli chiqindilarni olib chiqib ketish uchun ag‘darma ochiq kuzovli yoki katta hajmli turar joylar hududida ajratilgan maxsus maydonlarda o‘rnatiladigan bunker to‘plagichlar bilan ta’minlangan maxsus transport vositalaridan foydalanish kerak.
30. Yirik o‘lchamli chiqindilarni konteynyerlarga tashlash va ulardagi chiqindilar bilan birgalikda tashish taqiqlanadi.
31. Yirik o‘lchamli chiqindilar ularning to‘planish me’yorlariga muvofiq, biroq har oyda kamida ikki marotaba olib chiqib ketilishi zarur.
6-§. Chiqindilarni yo‘llarda tashish
32. Ijrochi maxsus transport vositalarini sanitariya qoidalari hamda texnika xavfsizligi talablariga javob beradigan holda yo‘nalishga chiqarishi kerak.
33. Maxsus transport vositalarini yo‘nalishga chiqarishdan oldin ularning texnikaviy, sanitariya holati va tashqi ko‘rinishi ko‘zdan kechirilishi lozim.
34. Maxsus transport vositasining ekipaji haydovchi va yuklovchilardan iborat bo‘lishi zarur.
35. Chiqindilarni maxsus transport vositasining belgilanmagan joylariga qo‘yib tashish taqiqlanadi.
36. Chiqindilarni tashishga ixtisoslashtirilmagan — ag‘darma, bortli transport vositalaridan maxsus transport vositasi sifatida foydalanilganda, sochiluvchi jismlarning yo‘lga to‘kilishi va suyuqlik (filtrat) oqishining oldini olish choralari ko‘rilishi lozim.
7-§. Chiqindilarni poligonga joylashtirish
37. Poligon hududiga kirayotgan va undan chiqib ketayotgan maxsus transport vositalari kirish punktida maxsus dezinfeksiyalovchi to‘siqdan o‘tishi, og‘irligi tarozida tortilishi, ro‘yxatga olinishi kerak.
38. Maxsus transport vositalarining poligonga kirishi va uning hududida harakatlanishi tasdiqlangan yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi zarur.
39. Chiqindilarni tushirish vaqtida maxsus transport vositasi qo‘l tormozida ishonchli to‘xtatilgan, harakatni almashtiruvchi moslamadagi pastki uzatmadan yoki orqaga harakatlanuvchi uzatmadan uzib qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
40. Maxsus transport vositasi yoki tirkamaning bortlari kamida ikki nafar xodim tomonidan ochilishi lozim.
41. Bortlarni ochishdan oldin yuklangan chiqindilar xavfsiz holatda ekanligiga ishonch hosil qilinishi zarur.
42. Yuk ustiga yopilgan brezent yoki boshqa materialni olib tashlash uchun kuzov ustiga chiqish man etiladi. Bunda bu ish bortlar ochilgandan keyin yerdan turib bajarilishi kerak. Brezent yoki boshqa materialni bortlarni ochmasdan olib tashlash lozim bo‘lganda mazkur ish maxsus transport vositasining zinapoyasi ustida yoki boshqa xavfsiz joyda turgan holda bajarilishi kerak.
43. Bortli transportlardan chiqindilarni qo‘lda tushirish shamolga teskari holatda, uning faqat bir tomonidan amalga oshirilishi lozim.
44. Poligon hududida maxsus transport vositalari harakatlanadigan yo‘llar qattiq qoplamali yig‘ma qismlardan ishlangan bo‘lishi, ular qishda muzdan tozalanib, qum yoki shlak sepib qo‘yilishi lozim.
45. Chiqindilarni tushirish maydonchasida maxsus transport vositalari ketma-ket joylashtirilganda, ularning oralig‘i 1 metrdan, yonma-yon turgan maxsus transport vositalari orasidagi masofa esa 4 metrdan kam bo‘lmasligi zarur.
46. Har bir chiqindi tushirish maydonchasi kirish joyida ushbu hududda bir vaqtning o‘zida to‘xtashi va ishlashi mumkin bo‘lgan maxsus transport vositalarining soni ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
47. Qorong‘i vaqtlarda ishlarni bajarish uchun chiqindilarni tushirish maydonchalari zarur me’yorda tashqi yoritish manbasi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
48. Ag‘darma transportlarni kuzatib boruvchi yuklovchilar va boshqa shaxslar poligon hududiga kirishlari taqiqlanadi. Ular maxsus transport vositasining qaytishini poligonning maishiy xonalarida kutishlari kerak.
3-bob. Maxsus transport vositalaridan foydalanishga qo‘yiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
49. Har bir maxsus transport vositasi rostlash va mayda ta’mirlash uchun zarur asbob-uskuna hamda moslamalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
50. Maxsus transport vositalarining tashqi qoplamasida va tirkamalarida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning shikastlanishiga sabab bo‘ladigan o‘tkir va yulingan qirralar, yoriqlar va boshqa nuqsonlar bo‘lmasligi kerak.
51. Maxsus transport vositalarining zinapoyasi, qanotlari va tirkamalarida odam tashish taqiqlanadi.
52. Barcha turdagi maxsus transport vositalaridan belgilanmagan maqsadlarda foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
2-§. Kuzovli maxsus transport vositalaridan foydalanishga qo‘yiladigan talablar
53. Kuzovdan yo‘lga chiqindilar yoki suyuqlik to‘kilishi mumkin bo‘lgan tirqishlar va nozich birikish joylari bo‘lgan transport vositalaridan chiqindilarni tashishda foydalanish taqiqlanadi.
54. Kuzovli maxsus transport vositasi troslarining sozligi, ularning rama ostidaligi, bunker qopqog‘i kronshteynlariga mahkamlash moslamalarining holati, troslar blokining mahkamlagichi, shuningdek troslarning tarangligi muntazam ravishda tekshirib turilishi lozim.
55. Kuzovli maxsus transport vositasini siltantirish yoki keskin harakatlantirish yo‘li bilan kuzovdan chiqindilarni tushirish taqiqlanadi.
56. Kuzovli maxsus transport vositasini kuzovi ko‘tarilgan holatda yurgizish taqiqlanadi.
57. Chiqindilarni kuzovli maxsus transport vositasi kuzovidan tushirmasdan undagi ikkilamchi xomashyoni ajratib olish taqiqlanadi.
3-§. Maxsus assenizatsiya transporti vositalaridan foydalanishga qo‘yiladigan talablar
58. Maxsus assenizatsiya transporti vositalarini suyuq maishiy chiqindilar tashlanadigan o‘raga yaqinlashtirishdan oldin ish joyini diqqat bilan ko‘zdan kechirishi va transport vositasi hamda xodimning o‘raga xavfsiz yaqinlashishini ta’minlaydigan minimal masofani aniqlab olishi kerak. Maxsus assenizatsiya transporti vositasi yuk ortiladigan joyga o‘rnatilgandan so‘ng, tormozlab qo‘yilishi, uni qiyalikda to‘xtatish zarur bo‘lganda esa, g‘ildiraklari ostiga ponalar yoki qistirmalar qo‘yilishi lozim.
59. Tortish ishlari yakunlangach, so‘ruvchi shlang suv bilan yuvib tozalanishi zarur.
60. Maxsus assenizatsiya transporti vositasining nasos va uzatma mexanizmini moylash dvigatel o‘chirilgan holatda amalga oshirilishi zarur.
61. Maxsus assenizatsiya transporti vositalari ko‘chalarda ifloslangan va nuqsonlari bo‘lgan holda harakatlanishi taqiqlanadi.
4-bob. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar
62. Ijrochi maishiy chiqindilarni tashishda atrof tabiiy muhitning chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish choralarini ko‘rishi zarur.
63. Chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarda va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarda, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish obyektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish tahdidi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda saqlash va bunday joylarga ko‘mib tashlash taqiqlanadi.
5-bob. Yakuniy qoida
64. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi va “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 15-oktabr
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 15-oktabr
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZOKIROV
2014-yil 15-oktabr
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2014-yil 15-oktabr
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. QURBANOV
2014-yil 15-oktabr
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2014-yil 15-oktabr
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 46-son, 555-modda)