Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Havo yoʻllari va havo transporti sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashayotgan Tomonlar” deb ataladilar,
1944-yilning 7-dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiya qatnashchisi hisoblanib va uning prinsiplari va normalariga amal qilib,
havo transporti sohasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga xohish bildirib,
kuyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Mazkur Bitimning maqsadlari uchun quyidagi atamalar:
a) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasini yoki hozirgi vaqtda ushbu tashkilot tomonidan bajarilayotgan funksiyani amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoxud tashkilotni va Belarus Respublikasiga nisbatan — Transport va kommunikatsiyalar vazirligini yoki hozirgi vaqtda ushbu tashkilot tomonidan bajarilayotgan funksiyani amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoxud tashkilotni;
b) “tayinlangan aviakorxona” atamasi ushbu Bitimning 4-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakil qilingan aviakorxonani;
c) “hudud” atamasi davlatga nisbatan — ushbu davlatning suvereniteti ostida boʻlgan yer yuzi, hududiy va ichki suvlar hamda ular ustidagi havo boʻshligʻini;
d) “tarif” atamasi vakillik va boshqa yordamchi xizmatlar stavkalari va shartlarini oʻz ichiga olgan holda yoʻlovchilarni, yuklarni, yuk va pochtalarni tashiganlik uchun toʻlanadigan stavkalar hamda shu stavkalar qoʻllaniladigan shart-sharoitlarni;
e) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning 7-dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyani, shuningdek, Ahdlashuvchi Tomonlar uni qay darajada qabul qilganlari va ularga nisbatan qoʻllanilishiga qarab, unga kiritilgan har qanday ilova va har qanday tuzatishni;
f) “havo yoʻli” atamasi havo kemalari bilan yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtalarni umumiy tashish maqsadida amalga oshiriladigan har qanday muntazam va muntazam boʻlmagan havo yoʻllarini;
g) “xalqaro havo yoʻli” atamasi bittadan ortiq davlat hududi ustidagi havo boʻshligʻi orqali amalga oʻtadigan havo yoʻlini;
h) “aviakorxona” atamasi xalqaro havo yoʻlini taklif etuvchi yoki undan foydalanuvchi har qanday transport aviakorxonasini;
i) “notijorat maqsadida toʻxtash” atamasi bortga yoʻlovchilarni, yuklarni yoki pochtani olish va undan tushirishdan boshqa har qanday boshqa maqsadda toʻxtashni anglatadi.
2. Ushbu Bitimga ilovalar uning ajralmas qismini tashkil etadi.
2-modda
Har bir Ahdlashayotgan Tomon havo orqali tashiladigan xalqaro yuklarni hamkorlikda tashishni amalga oshirish uchun oʻzaro qulay shart-sharoitlar yaratish prinsipida oʻz hududida uchish yoʻnalishini va oʻz davlat chegaralari ustidan uchib oʻtish darvozasini belgilaydi.
3-modda
1. Har bir Ahdlashayotgan Tomon boshqa Ahdlashayotgan Tomonga mazkur Bitimga ilovada koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro havo liniyalarini (bundan keyin tegishli ravishda “shartlashilgan liniyalar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi) belgilash maqsadida ushbu Bitimda nazarda tutilgan huquqni beradi.
2. Har bir Ahdlashayotgan Tomon tayinlagan aviakorxona belgilangan marshrutlar boʻyicha shartlashilgan liniyalardan foydalanishda quyidagi huquqlardan foydalanadilar:
a) boshqa Ahdlashayotgan Tomon hududidan qoʻnmasdan uchib oʻtish;
b) boshqa Ahdlashayotgan Tomon hududidagi joylarda notijorat maqsadlarida qoʻnish;
c) Ahdlashayotgan Tomonlarning hududlari oraligʻida borayotgan yoʻlovchilar, pochta va yuklarni olish va (yoki) tushirish maqsadida ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning hududida ushbu Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan joylarda qoʻnish;
d) uchinchi mamlakatning punktlariga borayotgan (punktlaridan kelayotgan) yoʻlovchilar, pochta va yuklarni olish za (yoki) tushirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida ushbu Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan joylarda qoʻnish. Bunday huquq Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasidagi kelishuvga koʻra beriladi.
3. Ushbu moddaga Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan havo kemasiga boshqa Ahdlashayotgan Tomonning hududidagi bir joydan ikkinchi joygacha yoʻlovchilar, pochta va yuklarni olish huquqini beradi deb qaralmasligi kerak.
4. Shartlashilgan liniyalarda havo kemalari parvozlari hamda yoʻlovchilar, yuklar va pochtalarni tashishga taalluqli texnik va tijorat masalalari, shuningdek, tijorat sohasida hamkorlik qilish, chunonchi, reyslarning takrorlanishi, havo kemalarining turlari, aviayonilgʻi quyish, yerda havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish va moliyaviy hisob-kitoblarga tegishli masalalar tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasidagi kelishuvga koʻra hal etiladi va tasdiqlash uchun Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlariga taqdim etiladi.
5. Qoʻshimcha va charter qatnovlar har bir Ahdlashayotgan Tomonning qonunchiligiga muvofiq tayinlangan aviakorxonalarning oldindan berilgan talabnomalariga koʻra amalga oshiriladi; ushbu talabnomalar dam olish va bayram kunlarini hisobga olmagan holda, havo kemasining parvozidan kamida 48 soat oldin Ahdlashayotgan Tomonning aviatsiya maʼmurlariga topshirilishi kerak.
4-modda
1. Har bir Ahdlashayotgan Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan liniyalardan foydalanish maqsadida, bu haqda Ahdlashayotgan Tomonni yozma holda xabardor etgan aviakorxona(lar)ni tayinlash huquqiga ega boʻladi.
2. Bunday xabarnoma olingandan soʻng boshqa Ahdlashayotgan Tomon ushbu moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq tayinlangan har bir aviakorxona(lar)ga parvoz qilish uchun tegishli ruxsatnomalarni beradi.
3. Bir Ahdlashayotgan Tomonning aviatsiya maʼmurlari parvozga ruxsatnoma olingunga qadar boshqa Ahdlashayotgan Tomon tayinlagan aviakorxona(lar)dan qonun va qoidalar bilan belgilangan, odatda xalqaro havo yoʻllaridan foydalanishda shu maʼmurlar qoʻllaydigan shartlarni bajara olishini isbotlovchi dalillarni talab qilishlari mumkin.
4. Ahdlashayotgan Tomonlardan har biri parvoz qiladigan har bir aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish va uning faoliyatini haqiqiy nazorat etish huquqini aviakorxona(lar)ni tayinlagan Ahdlashayotgan Tomonga, uning organlari va fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda, boshqa Ahdlashayotgan Tomon ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga ruxsat berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona(lar) ushbu Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanayotganida bajarilishi zarur boʻlgan shartlarning ijro etilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Mazkur moddada koʻrsatilgan ruxsatnomani olgan tayinlangan aviakorxona mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq bu liniyalarda tariflar joriy etilgan, shuningdek, ushbu Bitim 3-moddasining 5-bandiga muvofiq texnik va tijorat masalalari hal etilgan taqdirda shartlashilgan liniyalardan foydalanishni boshlashi mumkin.
5-modda
1. Har bir Ahdlashayotgan Tomon, agar:
a) tayinlangan aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uni haqiqiy nazorat qilish ushbu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashayotgan Tomonga yoki uning fuqarolariga tegishli ekanligiga ishonch hosil qilgan har qanday holda, yoki
b) bu aviakorxona huquqlarni bergan Ahdlashayotgan Tomonning qonun va qoidalariga rioya etmayotgan hollarda, yoki
s) bu aviakorxona mazkur Bitimda tasdiqlangan shartlarga qandaydir tarzda rioya etmayotgan boʻlsa,
parvozlarga doir ruxsatnomani bekor qilish yoki ushbu Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan boshqa Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki bu huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb hisoblagan shartlarning bajarilishini talab qilish huquqiga egadir.
2. Agar ruxsatnomani tezda bekor qilish, huquqlarni toʻxtatib qoʻyish, mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shartlarning bajarilishini talab qilish qonun va qoidalarning bundan keyin buzilishining oldini olish uchun zarur deb hisoblanmasa, ushbu bandda aytilgan huquqdan Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida maslahatlashuvlardan soʻng foydalaniladi. Aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida bunday maslahatlashuvlar soʻrov tushgan kundan boshlab imkoni boricha qisqa muddatda boʻlib oʻtishi kerak.
6-modda
1. Ahdlashayotgan Tomonlar shartlashilgan liniyalardan xavfsiz va samarali foydalanishni taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradilar. Ana shu maqsadda har bir Ahdlashayotgan Tomon ikkinchi Ahdlashayotgan Tomon tayinlagan aviakorxonaning havo kemalariga shartlashilgan liniyalardan foydalanish uchun zarur boʻlgan radiosvetotexnika, meteorologiya va boshqa xizmat koʻrsatish vositalarini beradi.
2. Bir Ahdlashayotgan Tomonning aviatsiya maʼmurlari ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning maʼmurlariga asosiy va zaxiradagi aerodromlar, havo trassalari, aloqa va radionavigatsiya vositalari tizimlari haqidagi, havo kemalari parvozlarini boshqarish toʻgʻrisidagi va boshqa masalalar boʻyicha maʼlumotlarni shartlashilgan liniyalardan xavfsiz va samarali foydalanishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan hajmlarda berishlari kerak.
7-modda
1. Bir Ahdlashayotgan Tomonning xalqaro parvozlarni amalga oshirayotgan havo kemalarining uning hududiga uchib kirishi va u yerdan uchib chiqishini yoki ushbu havo kemalaridan foydalanishni yoxud ularning qatnovlarini oʻz hududi doirasida tartibga soluvchi qonunlari va qoidalari boshqa Ahdlashayotgan Tomonning tayinlagan aviakorxonasi havo kemalariga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashayotgan Tomonning xalqaro tashishlarga taalluqli, uning hududiga yoʻlovchilar, ekipajlar, yuk va pochtaning kirib kelishi, unda boʻlishi va joʻnatilishini tartibga soluvchi qonunlar hamda qoidalar, xususan, pasport, bojxona, valyuta va sanitariya qoidalariga oid tartibotlar boshqa Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo kemalariga, yoʻlovchilar, ekipaj, yuk va pochtaga nisbatan ularning koʻrsatilgan hudud doirasida boʻlishi davrida qoʻllaniladi.
8-modda
Har bir aeroportdan, jumladan, uning inshootlari, texnika va boshqa vositalari hamda xizmatlaridan foydalanganlik uchun yigʻimlar va boshqa toʻlovlar, shuningdek, aeronavigatsiya vositalari, aloqa vositalari va xizmatlardan foydalanganlik uchun har qanday toʻlovlar har bir Ahdlashayotgan Tomon oʻz hududida belgilab qoʻygan stavkalar va tariflarga muvofiq undiriladi, bunda yigʻimlar va toʻlovlar boshqa davlatlarning aviakorxonalaridan undiriladigan shunday yigʻimlardan oshib ketmasligi kerak.
9-modda
1. Tayinlangan aviakorxonalarning havo kemalari ikkinchi Ahdlashayotgan Tomon hududi ustidan uchib oʻtayotganda oʻz davlatlarining tanitish belgilariga, roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga, parvozlarga yaroqlilik toʻgʻrisidagi guvohnomaga va Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari belgilab qoʻygan havo kemalarining boshqa hujjatlariga ega boʻlishlari kerak. Uchuvchilar va ekipajning boshqa aʼzolari belgilangan guvohnomaga ega boʻlishlari zarur. Bunday guvohnomalarni berishda qoʻyiladigan talablar Konvensiya talablariga muvofiq belgilanadigan minimal standartlarga mutanosib yoki ulardan yuqori boʻlishi kerak.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan barcha hujjatlar, shuningdek, Ahdlashayotgan Tomonlar tomonidan berilgan yoki tasdiqlangan va muddati oʻtkazib yuborilmagan foydalanuvchining guvohnomasi hamda tegishli tashishlarni va boshqa transport — ekspeditsiya faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnomalar boshqa Ahdlashayotgan Tomon hududida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.
3. Ahdlashayotgan Tomonlar fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tartibga soluvchi, ushbu Bitim imzolangan paytda amalda boʻlgan qoidalar, qoʻllanmalar, nizomlar, yoʻriqnomalar, texnik shartlar va boshqa normativ hujjatlarni, shu jumladan, parvozlarni uchuvchilik, shturmanlik, muhandis-texnik, aeronavigatsiya, tibbiy, meteorologiya va uchishlarni aerodromlar bilan taʼminlash normativ hujjatlarini qoʻllashga rozilik bildirdilar.
4. Boshqa Ahdlashayotgan Tomonning manfaatlariga taalluqli boʻlgan yangi normativ hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, tasdiqlash Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda
Ahdlashayotgan Tomonlardan biri aviakorxonasining havo kemasi noilojlikdan qoʻnganda, halokatga uchraganda yoki boshqa hodisa roʻy berganda, hududida hodisa sodir boʻlgan Ahdlashayotgan Tomon bu haqda darhol ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qiladi, hodisa sabablarini tekshirish uchun zarur choralar koʻradi za ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning iltimosiga binoan hodisani tekshirishda qatnashish maqsadida shu Ahdlashayotgan Tomon vakillarining oʻz hududiga moneliksiz kirishlarini taʼminlaydi, shuningdek, hodisa chogʻida jabrlangan boʻlsalar ekipaj va yoʻlovchilarga yordam koʻrsatish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar koʻradi hamda ushbu havo kemasidagi pochta, yoʻlovchilarning yuklari va yuklarning saqlanishini taʼminlaydi. Hodisani tekshirayotgan Ahdlashayotgan Tomon ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonni uning natijalari toʻgʻrisida xabardor qilishi shartdir.
11-modda
Ahdlashayotgan Tomonlardan birining hududi orqali toʻgʻri tranzit bilan oʻtayotgan va shu maqsad uchun aeroport hududidan ajratilgan joyni tark etmaydigan yoʻlovchilar, ularning yuklari va yuklar, agar aviatsiya xavfsizligini taʼminlash choralari buni taqozo etmasa, yuzaki tekshiruvdan oʻtkaziladi. Toʻgʻri tranzit bilan oʻtayotgan bagajlar va yuklardan boj yigʻimlari undirilmaydi.
12-modda
1. Ahdlashayotgan Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalariga ularning tegishli hududlari oʻrtasida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan liniyalardan foydalanishda adolatli va teng shart-sharoitlar yaratib beriladi.
2. Shartlashilgan liniyalardan foydalanishda Ahdlashayotgan Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ana shu yoʻnalish boʻyicha havo liniyasidan yoki uning bir qismidan foydalanayotgan ikkinchi Ahdlashayotgan Tomon tayinlagan aviakorxonaning tashish ishlariga ziyon yetkazmasligi va uning manfaatlarini eʼtiborga olishi kerak.
3. Ahdlashayotgan Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari xizmat koʻrsatadigan shartlashilgan liniyalar belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tashishlarda umumiy ehtiyojlarga muvofiq boʻlishi kerak hamda har bir aviakorxona shunday sigʻim berish yuzasidan birinchi navbatdagi vazifaga ega boʻlishi kerakki, toki bu ish bilan taʼminlanishning oqilona koeffitsiyentida ularning tegishli hududlari oʻrtasida yoʻlovchilar, yuklar va pochtalarni tashishda mavjud hamda oqilona moʻljallangan ehtiyojlarga javob bersin.
13-modda
1. Tariflar har qanday shartlashilgan liniyalarda foydalanish xarajatlarini, oqilona foydani, havo yoʻli tavsifini (masalan, tezlik va qulaylikni) hamda belgilangan yoʻnalishlarning har qanday qismi uchun boshqa aviakorxonalarning tariflarini qoʻshgan holda barcha tegishli omillarni hisobga olib oqilona darajada belgilanishi kerak. Bu tariflar ushbu moddaning quyida keltirilgan qoidalariga muvofiq belgilanishi kerak.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan tariflar, shuningdek, mazkur tariflardan olinadigan vakillikka oid vositachilik haqi miqdori, iloji boricha, butun yoʻnalishdan yoki uning bir qismidan foydalanadigan tayinlangan manfaatdor aviakorxonalar oʻrtasida belgilangan yoʻnalishlarning har biri boʻyicha kelishib olinadi.Shu tariqa kelishilgan tariflar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari tomonidan tasdiqlanadi.
3. Agar tayinlangan aviakorxonalar 15 kun mobaynida ana shu tariflarning birortasiga rozi boʻlmasalar yoki birorta boshqa sababga koʻra tarif ushbu moddaning 2-bandi shartlariga muvofiq kelishib olinishi mumkin boʻlmasa, Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro kelishuvga binoan tarif belgilashga harakat qilishlari kerak.
4. Agar aviatsiya maʼmurlari ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq ularga taqdim qilingan biron-bir tarifni tasdiqlash masalasi boʻyicha yoki ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq biron-bir tarif belgilash boʻyicha kelishuvga erisha olmasalar, bu kelishmovchilik ushbu Bitimning 21-moddasi shartlariga muvofiq hal qilinishi kerak.
5. Ahdlashayotgan Tomonlardan birining aviatsiya maʼmurlari tariflarni tasdiqlamasa, birorta tarif ham kuchga kirmaydi.
6. Mazkur modda qoidalariga muvofiq belgilangan tariflar ushbu modda shartlariga yangi tariflar belgilanmaguncha oʻz kuchida qolishi kerak.
14-modda
1. Har bir Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasi parvozlar boshlangunga qadar kamida 30 kun oldin moʻljallanayotgan uchish jadvalini ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning aviakorxonasi maʼmurlariga tasdiqlash uchun taqdim etishlari kerak, jadvalda uchishlarning takroriyligi, havo kemasining turi, oʻrinlarining joylashishi va sotish uchun moʻljallangan joylarning soni koʻrsatiladi. Ayrim hollarda bu muddat Ahdlashayotgan Tomonlar aviatsiya maʼmurlari oʻrtasidagi kelishuvga koʻra qisqartirilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasining tasdiqlangan jadvaliga keyinchalik kiritiladigan oʻzgartirishlar tasdiqlash uchun ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning aviatsiya maʼmurlariga taqdim etilishi kerak.
15-modda
1. Bir Ahdlashayotgan Tomon tayinlagan aviakorxonasi tomonidan shartlashilgan liniyada foydalanilayotgan havo kemalari, shuningdek,bunday havo kemalari ichidagi ularning roʻyxatdagi mol-mulki, yonilgʻi zaxiralari va moylash materiallari, bort zaxiralari (oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlari) ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning hududiga kelingach, aytib oʻtilgan mol-mulk, materiallar va zaxiralar, ularni qaytarib olib ketilgunga qadar havo kemasi ichida qolishi sharti bilan, barcha boj toʻlovlari hamda boshqa soliqlar va yigʻimlardan ozod qilinadi.
2. Bunday boj toʻlovlari, soliqlar va yigʻimlardan (koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar bundan mustasno) quyidagilar ham ozod qilinadi:
a) bir Ahdlashayotgan Tomon hududida shu Ahdlashayotgan Tomonning maʼmurlari belgilagan limitlar doirasida olingan va ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasi shartlashilgan liniyalarda foydalanadigan havo kemasi ichida ishlatish uchun moʻljallangan bort zaxiralari;
b) ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasi shartlashilgan liniyalarda foydalanadigan havo kemasiga texnik xizmat koʻrsatish uchun yoki uni tuzatish uchun Ahdlashayotgan Tomonlardan birining hududiga olib kirilgan ehtiyot qismlar;
s) Ahdlashayotgan Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi shartlashilgan liniyalarda foydalanadigan havo kemasida ishlatish uchun moʻljallangan yonilgʻi va moylash materiallari, hatto bu zaxiralar yoʻnalishning ularni bortga olingan ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning hududi doirasidagi qismida ishlatilgan taqdirda ham. Koʻrsatilgan bort zaxiralari, ehtiyot qismlar, yonilgʻi va moylash materiallari nazorat ostida yoki bojxona maʼmurlarining kuzatuvi ostida yetkazib berilishi mumkin.
3. Ahdlashayotgan Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning hududiga oʻzining ehtiyojlari uchun olib kelgan eki keltirayotgan yonilgʻi, moylash materiallari, ehtiyot qismlar, roʻyxatdagi mol-mulk, oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holdagi bort zaxiralari, reklama materiallari, avtotransport, bronlash hamda aloqa qilish uchun elektron uskunalar va ularga ehtiyot qismlar, vakolatxonalarni jihozlash va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun mebel va jihozlar, ularni olib kirishda, olib chiqishda hamda ana shu ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning hududida turgan vaqtida barcha boj toʻlovlaridan za boshqa soliqlar hamda yigʻimlardan ozod qilinadilar.
16-modda
1. Tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasidagi hisob-kitoblar Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasida amal qilayotgan hisob-kitoblar va toʻlovlar toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Har bir Ahdlashayotgan Tomon ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga shu aviakorxona shartlashilgan liniyalardan foydalanishdan olgan daromadning xarajatlardan ortib qolgan qismini erkin tarzda oʻtkazish huquqini beradi.
3. Bunday pul oʻtkazish Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi bitim qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Bunday Bitim boʻlmagan taqdirda Ahdlashayotgan Tomonlarning vakolatli maʼmurlari ana shunday pul oʻtkazish tartibini belgilashlari kerak. Agar bunday tartib belgilanmasa, pul oʻtkazish erkin almashtiriladigan valyutada rasmiy kurs boʻyicha Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasida qoʻllanilayotgan valyuta ayirboshlash qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
17-modda
1. Shartlashilgan liniyalardan foydalanishni taʼminlash uchun Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning hududida zarur maʼmuriy, tijorat va texnik xodimlar bilan oʻz vakolatxonalarini ochish huquqi beriladi.
2. Bir Ahdlashayotgan Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning hududida aviatashuvlarni oʻz tashuv hujjatlarini ishlatgan holda mustaqil sotish hamda shu Ahdlashayotgan Tomonning qonun-qoidalariga muvofiq ularni sotadigan vakillarni tayinlash huquqiga ega boʻladi. Agar bir Ahdlashayotgan Tomon korxonalarining ikkinchi Ahdlashayotgan Tomon hududidagi aviatashuvlarni sotishni qoʻshgan holdagi tijoratchilik faoliyati Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasidagi maxsus Bitim bilan tartibga solinsa, unda shu Bitim qoʻllaniladi.
18-modda
1. Ahdlashayotgan Tomonlar xalqaro huquqlardan kelib chiqadigan oʻz qoidalari va majburiyatlariga muvofiq fuqaro aviatsiyasining gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan xavfsizligini taʼminlashga doir zimmasiga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashayotgan Tomonlar xalqaro huquqqa doir oʻz huquqlari va majburiyatlarining umumiy yoʻnalishlarini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir boʻladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiya, 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qaratilgan gʻayriqonuniy harakatlarga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiya, 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro aeroportlarda gʻayriqonuniy kuch ishlatish harakatlariga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Bayonnoma qoidalariga, Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasidagi amalda boʻlgan ikki tomonlama bitimlar qoidalari, shuningdek, ular oʻrtasida keyinchalik tuziladigan bitimlarga muvofiq ish olib boradilar.
2. Ahdlashayotgan Tomonlar havo kemalari gʻayriqonuniy ravishda egallab olinishining va havo kemalariga, ularning yoʻlovchilari va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va aeronavigatsiya vositalariga qarshi qaratilgan boshqa gʻayriqonuniy harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasiga xavf soluvchi har qanday boshqa xatti-harakatning oldini olish yuzasidan bir-birlarining iltimoslariga koʻra barcha zarur yordamni koʻrsatadilar.
3. Ahdlashayotgan Tomonlar fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan belgilanadigan aviatsiya xavfsizligi va texnik talablarga oid qoidalarga muvofiq shunday darajada ish olib boradilarki, toki bunday qoida va talablar Ahdlashayotgan Tomonlar uchun ham qoʻllashga qulay boʻlsin; ular asosiy faoliyat joylari yoki doimiy boʻlish joylari ularning hududida boʻlgan havo kemalaridan foydalanuvchilarning va ularning hududidagi xalqaro aeroportlardan foydalanuvchilarning aviatsiya xavfsizligiga oid qoidalar va talablarga muvofiq harakat qilishlarini talab qiladilar.
4. Xar bir Ahdlashayotgan Tomon havo kemalarining bunday foydalanuvchilaridan ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan qoidalarga va ana shu ikkinchi Ahdlashayotgan Tomon havo kemasi oʻz hududiga kirib kelayotganda, undan chiqib ketayotganda yoki unda boʻlgan vaqtida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etishini talab qilishi mumkinligiga rozi boʻladi. Xar bir Ahdlashayotgan Tomon oʻz hududi doirasida havo kemalarini himoya qilish, yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, bagajlar, yuklar va bort zaxiralarini tushishgacha va tushish vaqtida yoki yuklashda tekshirish uchun zarur chora-tadbirlar qoʻllanishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashayotgan Tomon ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning aniq xavf solinishi mumkinligi munosabati bilan maxsus xavfsizlik chora-tadbirlarini koʻrish toʻgʻrisidagi har qanday iltimosiga ham hayrxohlik bilan qaraydi.
5. Agar fuqaro havo kemalarini gʻayriqonuniy egallab olish yoki havo kemalari, ularning yoʻlovchilari va ekipaj aʼzolari, aeroportlar yoki aeronavigatsiya vositalarining xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa noqonuniy xatti-harakatlar bilan bogʻliq mojaro yoki mojaro chiqarish uchun tahdid qilingan vaqtda Ahdlashayotgan Tomonlar bunday mojaroni tezlik bilak xavfsiz tarzda bartaraf etish yoki mojaro chiqish xavfining oldini olish maqsadida aloqani yengillashtirish va chora-tadbirlar koʻrish bilan bir-birlariga yordam koʻrsatadilar.
6. Agar Ahdlashayotgan Tomonlardan biri ikkinchi Ahdlashayotgan Tomon ushbu moddaning aviatsiya xavfsizligiga oid qoidalardan chekinayotganligi uchun yetarli asosga ega boʻlsa, ushbu Ahdlashayotgan Tomonning aviatsiya maʼmurlari ikkinchi Ahdlashayotgan Tomonning aviatsiya maʼmurlari bilan shoshilinch maslahatlar oʻtkazilishini talab qilishlari mumkin. Maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat etilgan kundan boshlab 15 kun mobaynida muqobil kelishuvga erishilmagan yoki bevosita aviatsiya xavfsizligiga tahdid qilish hollari paydo boʻlganda mazkur Bitimning 5-moddasini qoʻllashga asos paydo boʻladi.
19-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar quyidagi sohalarda yaqindan hamkorlik qiladilar va birgalikda harakat qiladilar:
havo transporti sohasidagi ilmiy-texnika siyosati;
aviakorxonalarni moddiy-texnik taʼminlash;
aviatsiya mutaxassislarini oʻqitish va ularni tayyorlash darajasiga qoʻyiladigan Yagona talablarni ishlab chiqish;
aviatsiya texnikasidan texnik foydalanish, uni tuzatish va oʻzaro yetkazib berish.
Hamkorlik qilishning ushbu sohalariga taalluqli masalalar Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida tuziladigan maxsus bitimlarning mavzusi boʻladi.
20-modda
Ushbu Bitimni bajarishga taalluqli boʻlgan barcha masalalar boʻyicha hamkorlikni taʼminlash uchun Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida vaqt-vaqti bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilib turiladi.
21-modda
Mazkur Bitimni va uning Ilovalarini talqin qilish yoki qoʻllanish bilan bogʻliq har qanday bahs ikkala Ahdlashayotgan Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida boʻladigan bevosita muzokaralar orqali hal etiladi. Agar maʼmurlar bir bitimga kelisha olmasalar, bahs bevosita Ahdlashayotgan Tomonlar oʻrtasida hal qilinadi.
22-modda
Agar Ahdlashayotgan Tomonlardan biri ushbu Bitim yoki uning Ilovalari shartlarini oʻzgartirishni taklif qilsa, Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida moʻljallanayotgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida maslahatlashuvlar oʻtkaziladi. Agar Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari belgilangan 30 kun muddatni uzaytirish toʻgʻrisida biror bitimga kelmasalar, maslahatlashuvlar ularni oʻtkazish toʻgʻrisidagi soʻrov tushgan kundan boshlab shu muddat mobaynida boshlanishi kerak. Ushbu Bitimga kiritilgan har qanday oʻzgartirish diplomatik vositalar orqali notalar ayirboshlash yoʻli bilan tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi. Ilovaga oʻzgartirishlar Ahdlashayotgan Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasidagi kelishuvga koʻra kiritilishi mumkin.
23-modda
1. Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Har bir Ahdlashayotgan Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashayotgan Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish istagida ekanligidan diplomatik yoʻl bilan yozma holda xabardor qilishi mumkin. Bunday holda Bitimning amal qilishi boshqa Ahdlashayotgan Tomon bunday xabarnomani olgan kundan boshlab 12 oydan soʻng, agar Bitimning amal qilishini toʻxtatish haqidagi xabarnoma bu muddat tugagunga qadar Ahdlashayotgan Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra qaytarib olinmasa, toʻxtatiladi.
Bitim 1994-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, belarus va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Mazkur Bitimni talqin qilishda anglashilmovchiliklar paydo boʻlsa, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
ILOVA
1. Oʻzbekiston Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi(lari) har ikki tomonga uchishda foydalanadigan yoʻnalishlar:
Oʻzbekistondagi manzillar — oraliq manzillar Belarusdagi manzillar — tashqaridagi manzillar
Minsk
Brest
Grodno
2. Belarus Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi(lari) har ikki tomonga uchishda foydalanadigan yoʻnalishlar:
Belarus Respublikasidagi manzillar — oraliq manzillar — Oʻzbekistondagi manzillar — uning tashqarisidagi manzillar:
Toshkent
Samarqand
Termiz
Eslatma: har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tijorat huquqlaridan foydalanmagan holda tashqaridagi xohlagan manzilidan foydalanishi mumkin.