O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AHOLINING ISh BILAN TA’MINLANGANLIGINI HISOBGA OLISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 24-maydagi 106-sonli “Ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band bo‘lmagan aholini hisobga olish metodikasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholining ish bilan ta’minlanganlik darajasi va tarkibi xalqaro standartlarga muvofiq to‘liq va xolis baholanishini ta’minlash, mintaqalarda aholini ish bilan oqilona ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini barpo etish muammosini samarali hal etish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlash, aholining ish bilan ta’minlanganligini hisobga olish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan Mehnat resurslari balansini tuzish va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlash metodikasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
tasdiqlangan metodika asosida 2002-yildan boshlab har chorakda ishchi kuchining ish bilan ta’minlanganligi masalalari bo‘yicha o‘rganib chiqishlar o‘tkazilishini va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarning soni aniqlanishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Davlat matbuot qo‘mitasi bilan birgalikda o‘n kun muddatda Mehnat resurslari balansini tuzish va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlash bo‘yicha o‘quv-metodik qo‘llanmani nashrga tayyorlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda, joriy o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va boshqa o‘quv muassasalarining tegishli fanlar bo‘yicha ta’lim dasturlariga mehnat resurslari balansini tuzish va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlashning tasdiqlangan metodikasi o‘rganilishini kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi:
Mehnat resurslari balansini tuzish va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlash metodikasi asosida bir oy muddatda iqtisodiyot va statistika organlari amaliyotiga mehnat resurslari bo‘yicha hisobot va prognoz balanslarini tuzishni joriy etish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqsin;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda iqtisodiyot va statistika organlari tizimining amaliyotchi xodimlari uchun mehnat resurslari balansini ishlab chiqish va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlash bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda 2002-yilning birinchi choragida Mehnat resurslari balansini tuzish va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlash metodikasini va o‘quv-metodik qo‘llanmani nashr etsin hamda ularning mintaqaviy iqtisodiyot va statistika organlari, mehnat organlari, ta’lim muassasalari va boshqa manfaatdor tuzilmalar o‘rtasida tarqatilishini ta’minlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 31-yanvar,
42-son
Mehnat resurslari balansini tuzish va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni aniqlash
METODIKASI
1. UMUMIY QOIDALAR
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Metodika O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda mehnat resurslari mavjudligini va ular taqsimlanishini tavsiflovchi mehnat resurslari balansini va uning ko‘rsatkichlarini tuzish tartibini, shu jumladan:
(birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 4-son, 42-modda)
mehnat resurslari sonini;
iqtisodiy faol aholi sonini, shu jumladan ish bilan ta’minlangan aholini va uning iqtisodiyot tarmoqlari va iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanishini, va ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan aholi sonini;
iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi sonini belgilab beradi.
Metodika mehnat statistikasi sohasidagi xalqaro standartlarga asoslangan hamda O‘zbekiston Respublikasining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat resurslari balansini tuzishda axborot bazasi sifatida Davlat statistika qo‘mitasining statistika ma’lumotlaridan va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan ish bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha ishchi kuchini o‘rganib chiqish natijalaridan foydalaniladi.
(oltinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami,2003-y., 4-son, 42-modda)
2. MAZKUR METODIKADA FOYDALANILADIGAN ASOSIY ATAMALAR VA TUShUNChALAR
Mehnat resurslari — mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi hamda qonun hujjatlarida belgilangan iqtisodiy faollikning quyi va yuqori yosh chegaralariga kirmaydigan ishlayotgan shaxslar.
Mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi — ishlamayotgan I va II guruh nogironlari va yoshiga ko‘ra imtiyozli shartlarda pensiya oluvchi shaxslardan tashqari mehnatga qobiliyatli yoshdagi shaxslar (16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar).
Ish bilan ta’minlanganlar — ko‘rib chiqilayotgan davrda:
a) pul yoki naturada taqdirlash uchun yollanish bo‘yicha haftada kamida 2 soat mobaynida ish bajargan shaxslar, shuningdek o‘z faoliyati uchun taqdirlanish yoki daromad olish muddatidan qat’i nazar, foyda yoki oilaviy daromad olish uchun yollanmagan tarzda ish bajaruvchi shaxslar;
b) kasallik yoki jarohat, bemorni parvarish qilish tufayli; har yillik ta’til yoki dam olish kunlari; o‘z ish joyidan tashqarida o‘qish; ma’muriyatning tashabbusi bilan ish haqi saqlangan yoki saqlanmagan holdagi ta’til hamda boshqa shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra ishda vaqtincha bo‘lmagan shaxslar;
v) haq to‘lanmagan holda oilaviy korxonada ishlarni bajargan shaxslar.
Ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan aholi — amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq rasman ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (mehnat organlari tomonidan tashkil etiladigan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ish bilan ta’minlanish davri ham shu jumlaga kiradi) shaxslar, shuningdek haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiruvchi mashg‘ulotga (yoxud haftada 2 soatdan kam bo‘lgan haq to‘lanadigan), mehnat organlari ko‘magida yoki mustaqil ravishda faol ish izlovchi va bunday ish taklif etilsa, ishga joylashishga tayyor bo‘lgan mehnatga qobiliyatli yoshdagi vaqtincha ish bilan ta’minlanmagan shaxslar.
Iqtisodiy faol aholi (ishchi kuchi) — mehnat faoliyatining daromad keltiruvchi har qanday turi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, shuningdek ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan aholi. Iqtisodiy faol aholi ham fuqarolardan bo‘lgan iqtisodiy faol aholini, ham Qurolli kuchlarda xizmatni o‘tayotgan shaxslarni qamrab oladi.
Iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi — ishchi kuchi tarkibiga kirmaydigan mehnatga qobiliyatli:
ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olayotgan o‘quv yurtlarining (akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, oliy o‘quv yurtlari, kurslar, shuningdek kunduzgi aspirantura va doktoranturalar ham shu jumlaga kiradi) o‘quvchilari va talabalari, tinglovchilari va kursantlari;
yoshiga ko‘ra imtiyozli shartlarda pensiya oluvchi shaxslar, I va II guruh nogironlari, shuningdek ishlashni xohlamaydigan III guruh nogironlari;
agar bunday ish ularga taklif etiladigan bo‘lsa daromad keltiruvchi ishga kirishni xohlamaydigan yoki bunday imkoniyati bo‘lmagan ro‘zg‘orni yuritish, bolalarni parvarish qilish, kasal qarindoshlarga qarash bilan band bo‘lgan shaxslar;
ixtiyoriy ravishda ishlashni xohlamaydigan ish bilan ta’minlanmagan shaxslar, shuningdek ishlashni xohlaydigan, biroq ishga joylashish yoki o‘zini mustaqil daromad bilan ta’minlash uchun hech bir harakat qilmaydigan shaxslar.
Mehnat resurslari balansi — mehnat resurslari mavjudligini va ularning iqtisodiyot tarmoqlari va iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanishini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar tizimi.
Mehnat resurslari hisobot va prognoz balansi sifatida tavsiflanadi.
Mehnat resurslarining hisobot balansi — mehnat resurslarining amaldagi ko‘rsatkichlari va ularning hisobot davrida (yilda) taqsimlanishi, shuningdek hisobot yilida o‘tkazilgan ishchi kuchini o‘rganib chiqish natijalari asosida ishlab chiqiladi.
Mehnat resurslarining prognoz balansi — mehnat resurslari prognozi ma’lumotlari va ularning prognoz qilinayotgan davrda (qisqa muddatli, o‘rtacha muddatli va uzoq muddatli davrlar) taqsimlanishi bo‘yicha tuziladi.
(Mehnat resurslari balansi ko‘rsatkichlarini hisoblash sxemasi mazkur Metodikaga 1-ilovada berilgan).
3. MEHNAT RESURSLARINING HISOBOT BALANSINI TUZISh
Mehnat resurslarining hisobot balansi mazkur Metodikaga 2-ilovada ko‘rsatilgan shaklga muvofiq shahar va qishloq joylarga taqsimlagan holda O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha har bir yil yakunlariga ko‘ra tuziladi.
Hisobot balansi quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi:
3.1. Mehnat resurslari soni
Mazkur miqdor mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi soni va mehnatga qobiliyatli yoshdan kichik va katta yoshdagi ishlovchilar soni yig‘indisi sifatida aniqlanadi:
MR=MQA+IO‘P,
bunda: MR — mehnat resurslari;
MQA — mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi;
IO‘P — ishlayotgan o‘smirlar va pensionyerlar;
MQA soni mehnat yoshidagi aholi (16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar) sonidan mehnatga qobiliyatli yoshdagi har ikkala jinsdagi I va II guruh nogironlar soni chiqarib tashlangan holda aniqlanadi:
MQA = E,(16-60) + X(16-55) — Nog,
bunda: E(16-60) — 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar;
X(16-55) — 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar;
Nog — mehnatga qobiliyatli yoshdagi I va II guruh nogironlari (16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar hamda 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar).
Axborot olish manbalari:
E(16-60) X(16-55) bo‘yicha — aholining jinsiy yosh tarkibi to‘g‘risidagi statistika ma’lumotlari;
Nog bo‘yicha — Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining mehnatga qobiliyatli yoshdagi nogironlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlari;
IO‘P bo‘yicha — korxonalarning ishlayotgan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar va pensionyerlar to‘g‘risidagi statistika ma’lumotlari.
3.2. Iqtisodiy faol aholi soni
Mazkur miqdor quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
IF = IT+IM,
bunda: IF — aholining iqtisodiy faol qismi;
IT — ish bilan ta’minlanganlar;
IM — ishga joylashtirishga muhtoj bo‘lgan ish bilan ta’minlanmagan shaxslar.
3.2.1. Ish bilan ta’minlanganlar soni
Hisobot davrida ish bilan ta’minlanganlar soni quyidagi formula bo‘yicha hisoblab chiqiladi:
IT = ITr + ITdh + ITnr,
bunda: ITr — iqtisodiyotning rasmiy sektorida ishlovchilar, shu jumladan yuridik shaxsni tashkil etmasdan faoliyatni amalga oshiruvchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan tadbirkorlar;
ITdh — dehqon xo‘jaliklarida ishlovchilar;
ITnr — iqtisodiyotning norasmiy sektorida ishlovchilar;
Axborot olish manbai:
ITr bo‘yicha — korxonalar va tashkilotlarning mehnat bo‘yicha statistika hisobotlari, soliq organlarining ma’lumotlari;
ITdh bo‘yicha — statistika ma’lumotlari va ish kuchini o‘rganib chiqish natijalari;
ITnr bo‘yicha — ish kuchini o‘rganib chiqish ma’lumotlari.
Iqtisodiyotning norasmiy sektorida ish bilan ta’minlanganlar sonini aniqlash
Iqtisodiyotning norasmiy sektorida ishlovchilarga rasmiy statistikada hisobga olinmagan yollanib doimiy, vaqtinchalik, bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchi, shu jumladan ushbu ishlarni amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiquvchi shaxslar; o‘z biznesini yurituvchi shaxslar; sheriklar bilan yollanmagan holda ishlovchi shaxslar; taqiqlanmagan, biroq ro‘yxatdan o‘tkazilmagan faoliyatdan ish haqi yoki daromad oluvchi shaxslar (masalan, mol boqish va yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar, dehqon bozorlari va chakana bozorlarda xaridorlar va sotuvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar, turg‘un bo‘lmagan savdo joylarida savdo bilan, xususiy kirakashlik qiluvchi va faoliyatning boshqa turlari bilan shug‘ullanuvchilar).
Iqtisodiyotning norasmiy sektorida ish bilan ta’minlangan shaxslar soni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan maxsus ishlab chiqilgan savolnoma bo‘yicha har chorakda amalga oshiriladigan ish kuchini o‘rganib chiqish asosida aniqlanadi.
Iqtisodiyotning norasmiy sektorida ish bilan ta’minlangan aholi sonini aniqlash uchun ishchi kuchini tanlab o‘rganib chiqish ma’lumotlari asosida:
A) Iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyatning tegishli turlari bilan shug‘ullanuvchi shaxslar sonining mehnatga layoqatli yoshdagi so‘rab chiqilganlarning umumiy sonidagi salmog‘i quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
SChSi= SSi:SS * 100
bunda: SChSi — iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyatning aniq turi (i) bilan shug‘ullanuvchi so‘rab chiqilganlar salmog‘i;
SSi — iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyatning aniq turi bilan shug‘ullanuvchi so‘rab chiqilganlar soni;
SS — mehnatga layoqatli yoshdagi so‘ralganlar soni, hammasi.
B) Olingan salmoq bo‘yicha iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyatning aniq turi bilan shug‘ullanuvchi aholi sonining hisob-kitobi quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
ITNRi = MQA * SChSi : 100
bunda: ITNRi — iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyatning aniq turi (i) bilan shug‘ullanuvchilar soni;
MQA — mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi soni.
Mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi soni to‘g‘risida axborot olish manbai — aholining jinsiy va yoshi tarkibi to‘g‘risidagi statistika hisoboti ma’lumotlari.
V) Iqtisodiyotning norasmiy sektorida ish bilan ta’minlanganlarning umumiy sonini aniqlash uchun faoliyatning har bir aniq turi bo‘yicha ITNR to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlanadi:
ITNR = ∑ ITNRi
bunda: ITNR — iqtisodiyotning norasmiy sektorida ta’minlanganlar soni, hammasi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ish bilan ta’minlangan aholining taqsimlanishi
Ish bilan ta’minlangan aholi mazkur Metodikaga muvofiq tarmoqlar va iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanadi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va iqtisodiy faoliyat turlari amaldagi milliy klassifikatorlarga muvofiq tasniflanadi.
Axborot olish manbai: statistika hisoboti, ishchi kuchini o‘rganib chiqish ma’lumotlari.
3.2.2. Ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar sonini aniqlash
Ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar soniga mehnat organlari tomonidan ishsizlik maqomi (IMB) berilgan; mehnat organlarida ish izlovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (II); mehnat organlariga murojaat qilmasdan mustaqil ravishda ish izlovchilar (IIm) kiradi.
Axborot olish manbai:
IMB va II — mehnat organlarining hisobot ma’lumotlari. II sonini aniqlash uchun balans tuzish paytida mehnat organlarida hisobda turgan shaxslar sonidan shu paytda rasman ishsiz maqomi berilgan shaxslar soni, shu jumladan mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha jamoat ishlarida band bo‘lgan va mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha kasb-kor tayyorgarligidan o‘tayotgan, qayta o‘qiyotgan va malaka oshirayotgan ishsizlik nafaqasi oluvchi shaxslar soni chiqarib tashlanadi;
IIm — ishchi kuchini o‘rganib chiqish ma’lumotlari.
Mustaqil ravishda ish izlayotgan shaxslar sonini hisoblab chiqish uchun:
a) ish kuchini o‘rganib chiqish natijalari bo‘yicha ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan aholi soni aniqlanadi:
IMS =(IBBo‘ — IFBo‘) : SS*100,
bunda: IMS — ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar salmog‘i;
IBBo‘ — ishchi kuchini o‘rganib chiqish natijasida aniqlangan ish bilan ta’minlanmagan shaxslar soni, hammasi;
IFBo‘ — ishchi kuchini o‘rganib chiqish natijasida aniqlangan iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi;
SS — ish kuchini o‘rganib chiqish davomida so‘rab chiqilganlar soni.
Axborot olish manbai — ishchi kuchini o‘rganib chiqish.
b) ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslarning umumiy soni quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
IM = MQA * IMS : 100,
bunda: IM — ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar soni;
MQA — mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi soni;
IMS — ishchi kuchini o‘rganib chiqishda ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar salmog‘i.
v) mustaqil ravishda (mehnat organlariga murojaat qilmasdan) ish izlayotgan shaxslar soni ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar soni bilan ish izlovchi sifatida mehnat organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va rasmiy ishsiz maqomiga ega bo‘lgan shaxslar soni o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi:
IIm = IM — II — IMB
bunda: IIm — mustaqil ravishda ish izlayotganlar;
IM — ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar;
II — mehnat organlarida ish izlovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxslar;
IMB — rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan ishsizlar.
3.3. Iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi
Iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi soni quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
IFB = O‘ + XQ + IPN + IX,
bunda: IFB — iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi;
O‘ — 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotganlar (o‘qishning kunduzgi shaklida), umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, kurslar, oliy o‘quv yurtlari va boshqa o‘quv yurtlarining o‘quvchilari va talabalari ham shu jumlaga kiradi;
XQ — homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lgan, bola 3 yoshga to‘lgungacha uni parvarish qilish bo‘yicha ta’tilda bo‘lgan ayollar, shuningdek bola 2 yoshga to‘lguncha uni parvarish qiluvchi ishlamaydigan onalar;
IPN — yoshiga ko‘ra imtiyozli shartlarda pensiya oluvchi mehnatga qobiliyatli yoshdagi ishlamaydigan shaxslar, I va II guruh nogironlari.
IX — ixtiyoriy ravishda ish bilan ta’minlanmagan, ishlashni istamaydigan yoki ishga kirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan III guruh nogironlari.
Axborot olish manbalari:
O‘ bo‘yicha — statistika hisoboti;
XQ bo‘yicha — statistika hisoboti, ishchi kuchini o‘rganib chiqish ma’lumotlari;
IPN bo‘yicha — statistika hisoboti ma’lumotlari;
IX bo‘yicha — ishchi kuchini o‘rganib chiqish ma’lumotlari.
4. MEHNAT RESURSLARINING PROGNOZ BALANSINI TUZISh
Mehnat resurslarining prognoz balansi hisobot balansi ko‘rsatkichlarini, mehnat resurslari o‘sishi istiqbollarini, ularning tarmoqlar va iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanishini, shuningdek ishga joylashtiriladigan aholi sonini hisobga olgan holda tuziladi.
Mehnat resurslari balansi prognozi mehnat resurslari hisobot balansini tuzish uchun nazarda tutilgan tartibga muvofiq prognoz hisob-kitoblari ma’lumotlari bo‘yicha ishlab chiqiladi.
Ishchi kuchini o‘rganib chiqish natijalari bo‘yicha olingan ma’lumotlardan, shuningdek ishga joylashtiriladigan mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi soni o‘sishini aniqlashda ham foydalaniladi. Buning uchun mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholining prognoz qilinadigan o‘sishi ishlashni xohlamaydigan yoki ishga kirish imkoniyati bo‘lmagan shaxslar, shuningdek norasmiy sektorda ish bilan ta’minlangan shaxslar soni miqdoriga qarab o‘zgartiriladi (kamaytiriladi).
Mehnat resurslarining hisobot va prognoz balanslari va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslar soni asosida mehnat resurslarining ish bilan ta’minlanganligi va ishsizlik darajasi aniqlanadi, aholining ish bilan oqilona ta’minlanganligini va uning daromadlarini oshirishni ta’minlovchi chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Metodikaga 1-ilova
Mehnat resurslari balansi ko‘rsatkichlarini hisoblash sxemasi
Metodikaga 2-ilova
Mehnat resurslari balansi
|
T/r |
Ko‘rsatkichlar |
jami |
shaharda |
qishloq joylarda | ||
| | | | | | ||
| 1. |
I. Jami mehnat resurslari |
| | | ||
| | shu jumladan: | | | | ||
| 2. | mehnatga qobiliyatli yoshdagi aholi | | | | ||
| 3. | iqtisodiyotda band bo‘lgan katta yoshdagi shaxslar va o‘smirlar | | | | ||
|
II. Mehnat resurslarining taqsimlanishi |
| | | |||
| 4. |
II.1. Iqtisodiy faol aholi |
| | | ||
| 5. | II. 1.1. Jami ish bilan ta’minlanganlar | | | | ||
| | shu jumladan: | | | | ||
| 6. | a) rasmiy sektorda ulardan: |
| | | ||
| 7. | ulardan: | | | | | |
| 8. | qishloq va o‘rmon xo‘jaligida (dehqon xo‘jaliklarisiz) | | | | ||
| 9. | qurilishda | | | | ||
| 10. | transport va aloqada | | | | ||
| 11. | savdo, umumiy ovqatlanishda | | | | ||
| 12. | moddiy-texnika ta’minoti va sotishda, tayyorlovda | | | | ||
| 13. | uy-joy kommunal xo‘jaligi va aholiga xizmat ko‘rsatishning noishlab chiqarish turlarida | | | | ||
| 14. | sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy ta’minotda | | | | ||
| 15. | maorif, fan va ilmiy xizmatlar ko‘rsatish, madaniyat va san’atda | | | | ||
| 16. | moliya kreditlash va sug‘urta sohasida | | | | ||
| 17. | davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida | | | | ||
| 18. | moddiy ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohasining boshqa tarmoqlarida | | | | ||
| 19. | dehqon xo‘jaliklarida | | | | ||
| 20. | yuridik shaxs tashkil etmasdan ro‘yxatga olingan tadbirkorlik faoliyatida | | | | ||
| 21. | ish bilan ta’minlangan aholining boshqa toifalari (din xizmatchilari, harbiy xizmatchilar) | | | | ||
| 22. | b) norasmiy sektorda ulardan: |
| ||||
| 23. | vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajaruvchilar | | ||||
| 24. | ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlayotgan xususiy tadbirkorlar | | ||||
| 25. | tadbirkorlarga ko‘maklashuvchilar | | ||||
| 26. | II. 1.2. Ishga joylashtirishga muhtoj ish bilan ta’minlanmagan shaxslar ulardan: |
| ||||
| 27. | rasmiy ro‘yxatga olingan ishsizlar | | ||||
| 28. | mehnat organlarida ish qidirayotgan sifatida ro‘yxatga olinganlar | | ||||
| 29. | ishsizlar sifatida ro‘yxatga olinmasdan mustaqil ravishda ish qidirayotganlar | | ||||
| 30. | II. Iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi shu jumladan: |
| ||||
| 31. | Ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olayotgan shaxslar | | ||||
| 32. | yoshi bo‘yicha imtiyozli shartlarda pensiya olayotgan shaxslar, nogironlar | | ||||
| 33. | ko‘p bolali onalar, bolasi 3 yoshga to‘lgunga qadar parvarish qilib ishlamayotgan ayollar | | ||||
| 34. | ixtiyoriy ravishda ishlamayotgan va ishlashni xohlamaydigan boshqa shaxslar, shu jumladan uy bekalari | | ||||
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 2-son, 25-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda)