Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Daromaddan olinadigan soliqlarning ikkiyoqlama qoʻllanishining oldini olish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati,
daromaddan olinadigan soliqlarning ikkiyoqlama qoʻllanishining oldini olish haqida Bitim tuzish istagini bildirib,
quyidagilarni ahdlashib oldilar:
1-modda
Qoʻllanish doirasi
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki har ikkisining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Mazkur Bitim tegishli boʻlgan soliqlar
1. Mazkur Bitim yigʻish uslubidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari nomidan olinayotgan daromad soliqlariga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Daromad soliqlariga umumiy daromaddan yoki daromadning bir qismidan, shu jumladan, koʻchma va koʻchmas mulkni tasarrufdan chiqarishdan kelgan daromadlardan, hamda korxonalar tomonidan berilayotgan ish haqining umumiy hajmidan, shuningdek kapitalning qiymatining oshishidan olinadigan barcha soliqlar kiradi.
3. Mazkur Bitim qoʻllaniladigan amaldagi soliqlar quyidagilardir:
a) Oʻzbekistonga nisbatan:
(i) korxonalar, birlashmalar, tashkilotlar daromadidan olinadigan soliq;
(ii) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(bundan keyin “Oʻzbekiston soliqlari” deb ataladi);
b) Xitoyga nisbatan:
(i) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(ii) xorijiy investitsiyali korxonalar va xorijiy korxonalar daromadidan olinadigan soliq;
(iii) mahalliy daromad soligʻi;
(bundan keyin “Xitoy soliqlari” deb ataladi).
4. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri tomonidan mazkur Bitim imzolangandan soʻng kelajakda olinadigan amaldagi soliqlarga qoʻshimcha yoki ular oʻrniga kiritilgan har qanday munosib, yoki aslida oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli tashkilotlari oʻz soliq qonunchiligida boʻlgan barcha tub boshqarishlar haqida bir-birlariga maqbul keladigan muddat davomida xabar beradilar.
3-modda
Umumiy atamalar
1. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun, agar matnning mazmunidan boshqa maʼno chiqmasa:
a) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini anglatib, xalqaro qonunchilik asosida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qiladigan yoki kelajakda amal qiladigan dengiz hududini va dengiz hududidan tashqaridagi har qanday hududni va ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining mustaqil huquqidan foydalana oladigan zamin va tabiiy boyliklarni oʻz ichiga qamraydi;
b) “Xitoy” atamasi Xitoy Xalq Respublikasini va jugʻrofiy maʼnoda ishlatilganida Xitoy Xalq Respublikasining soliqqa tortishga nisbatan Xitoy qonunlari qoʻllaniladigan dengizdagi hududini oʻz ichiga oladigan butun hududini va Xitoy Xalq Respublikasi dengiz tubidagi va dengiz tubi ostidagi boyliklarni razvedka qilish va ishlab chiqishga nisbatan va xalqaro huquqqa muvofiq unga birikib turgan suv resurslariga nisbatan suveren huquqlariga ega boʻlgan uning dengiz hududidan tashqaridagi har qanday zonani anglatadi;
c) “Ahdlashuvchi Davlat” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matn mazmuniga koʻra Oʻzbekistoni yoki Xitoyni anglatadi;
d) “soliq” atamasi matn mazmuniga qarab Oʻzbekiston soligʻini yoki Xitoy soligʻini anglatadi;
e) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniya yoki shaxslarning har qanday umumlashmasini anglatadi;
f) “kompaniya” atamasi har qanday korporativ birlashmani yoki soliqqa tortish maqsadida birlashma tizimidek koʻriladigan har qanday korporativ tuzilmani anglatadi;
g) “Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi” atamalari oʻz oʻrni bilan Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani anglatadi;
h) “milliy shaxs” degan atama:
(i) Ahdlashuvchi Davlatning fuqaroligiga ega hamma jismoniy shaxslarni;
(ii) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunchiligi asosida oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxs, hamkorlik yoki uyushmani anglatadi;
i) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlarning rezidenti boʻlgan korxona dengiz, havo kemalari yoki yoʻl transporti vositalarini qoʻllagan holda tashishni anglatadi, lekin faqatgina Ahdlashuvchi Davlatlardagi ikkita punkt oʻrtasida dengiz, havo kemalari yoki yoʻl transport vositalarini qoʻllagan holda tashish bunga kirmaydi;
j) “vakolatli tashkilot” atamasi Oʻzbekistonga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasini ,va uning ishonchli vakilini anglatadi, va Xitoyga nisbatan — Davlat soliq boshqarmasini va uning ishonchli vakilini anglatadi.
2. Mazkur Bitimni Ahdlashuvchi Davlat qoʻllaganda har qanday unda belgilanmagan atama, agar matn mazmuni boshqa maʼnoni talab qilmasa, qaysi Ahdlashuvchi Davlatning soligʻiga nisbatan ushbu Bitim qoʻllanilayotgan boʻlsa, oʻsha Davlatning qonunlariga koʻra qabul qilinadi.
4-modda
Rezident
1. Mazkur Bitimning maqsadlari yuzasidan “Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti” atamasi mazkur Davlatning qonunchiligi boʻyicha oʻzining turar joyi, doimiy istiqomat qilishi, bosh ofisining qayerda joylashgani, huquqiy shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan joyi, yoki boshqa asli mazmunda shunga oʻxshash mezonlarga koʻra mazkur Davlatda soliq toʻlovchi hisoblangan shaxsni anglatadi.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq, jismoniy shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisida rezident deb qaralsa, uning maqomi quyidagi qoidalar asosida belgilanadi:
a) bu shaxs toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikki Ahdlashuvchi Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlsa, shaxsiy va iqtisodiy aloqalari eng chuqur boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlar markazi mavjud Davlatni aniqlab boʻlmasa yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi boʻlmasa, u odatda koʻp boʻladigan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
c) agar shaxs odatda har ikki Ahdlashuvchi Davlatda tursa yoki ularning hech birida turmasa, u Ahdlashuvchi Davlatlarning qay birining milliy shaxsi boʻlsa, shu Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining milliy shaxsi boʻlsa yoki Davlatlarning hech birining milliy shaxsi boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli tashkilotlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qiladilar.
3. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs boʻlmagan shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, unda Ahdlashuvchi Davlatlar vakolatli organlari bu masalani oʻzaro kelishuvga muvofiq hal etadilar.
5-modda
Doimiy muassasa
1. Mazkur Bitim maqsadlari uchun “doimiy muassasa” atamasi korxona u orqali toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat oʻrnini bildiradi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, xususan, quyidagilarni qamrab oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) boʻlim;
c) idora;
d) fabrika;
e) ustaxona;
f) ruda koni, neft va gaz koni, karyer yoki tabiiy resurslar olinadigan har qanday boshqa joy.
3. “Doimiy muassasa” atamasi yana quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
qurilish maydonchasini, qurilish yoki mantaj qilish yoki yigʻish obyektini yoki ushbu obyekt bilan bogʻliq boʻlgan inspektorlik faoliyatini, biroq faqat bunday maydoncha, obyekt yoki faoliyat 12 oydan ortiq davr mobaynida davom etadigan boʻlsa.
4. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, quyidagi faoliyat turlarini “doimiy muassasa” atamasi oʻz ichiga qamramaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlarni faqat saqlash, namoyish qilish va yetkazib berish maqsadlarida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlar zaxirasining faqat saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida ushlab turilishi;
c) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlar zaxirasining faqat boshqa korxona tomonidan qayta ishlov berilishi maqsadlarida ushlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqat tovarlar yoki mahsulotlar sotib olish yoki mazkur korxona uchun axborot yigʻish maqsadlari uchun ushlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyining ushbu korxona uchun faqat boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi xarakterdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlari yoʻlida ushlab turilishi;
f) doimiy faoliyat joyini faqat a) — e) bandchalarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday majmuasida amalga oshirish uchun bu faoliyat turlari doimiy faoliyat joyi ishining asosiy mazmuni tayyorgarlik yoki yordamchi tusga ega boʻlgani holda ushlab turilishi.
5. 1 va 2-bandlardagi qoidalarga qaramay, agar biron 6-bandda koʻrsatilgan mustaqil maqomli agentdan boshqa boʻlgan shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning birida boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi korxonaning nomidan ish yuritsa va korxona nomidan shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlsa va huquqlardan odatda foydalansa, bu korxona ushbu Ahdlashuvchi Davlatda doimiy vakolatxonaga uning uchun shaxs tomonidan koʻrsatilgan xizmat doirasida ega deb hisoblanadi, lekin ushbu shaxsning faoliyati 4-bandida koʻrsatilgan faoliyat bilan cheklanib qolsa va bu faoliyat doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilgan taqdirda ham bu joyni ushbu bandning qoidalariga asosan doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6. Korxona, agar u boshqa Ahdlashuvchi Davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali faoliyatini amalga oshirsa, bu shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati chegarasida ish yuritgan taqdirda, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaralmaydi.
7. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan nazorat qilish yoki nazoratni boshqa Davlat kompaniyasi ustidan yuritish yoki mazkur kompaniya boshqa Davlatda tijorat faoliyatini amalga oshirish (doimiy vakolatxona orqali yoki boshqa tarzda) fakti oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirib qoʻymaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan (shu jumladan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligidan) olgan daromadi shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligida ega boʻlgan ahamiyatiga ega. Har qanday holda ham ushbu atama koʻchmas mulkka aloqador mol-mulkni, chorva mollari, qishloq xoʻjalik va oʻrmon xoʻjaligi vositalarini, bularga nisbatan haq-huquq yer ustidagi mulkka taalluqli umumiy qonunchilik qoidalari bilan belgilangan, koʻchmas mulk uzufruktini hamda minerallar va boshqa tabiiy resurslar qatlamlarini ishlab chiqish yoki ishlab chiqish huquqi uchun tovon sifatida toʻlanadigan vaqtinchalik yoki qatʼiy belgilangan toʻlovlarga boʻlgan huquqni oʻz ichiga oladi. Kemalar va havo kemalari koʻchmas mulk sifatida koʻrib chiqilmaydi.
3. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki boshqa har qanday shaklda foydalanib olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi olgan foyda faqat ana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi, lekin korxona boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tijorat faoliyatini unda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan hol bundan mustasno. Agar korxona shu aytilgan holdagidek oʻz faoliyatini yuritsa, korxona foydasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo faqat ana shu doimiy muassasaga tegishli qismidangina.
2. 3-band qoidalarini inobatga olgan holda bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tijorat faoliyatini u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Davlatda bunday doimiy muassasaga u xizmat koʻrsatayotgan korxonadan alohida va mustaqil harakat qilib bunday sharoitlarda shunday va shunga oʻxshash faoliyat koʻrsatganda topishi mumkin boʻlgan daromad mansub deb bilinadi.
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda mazkur doimiy muassasa faoliyati maqsadlari uchun sarflangan xarajatlarni chiqarib tashlashga yoʻl qoʻyiladi, doimiy muassasa joylashgan Davlatda yoki har qanday boshqa yerda faoliyati maqsadlari uchun sarflangan boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlar ham shunga kiradi. Biroq doimiy muassasa tomonidan korxonaning bosh ofisi yoki boshqa ofislardan istalgan bittasiga patent yoxud boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun royalti, yigʻimlar yoki shunga oʻxshash boshqa toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan, yoki koʻrsatilgan aniq xizmatlar yoki menejmentlik uchun komission toʻlovlar (amaldagi xarajatlarni qoplash uchun beriladiganlaridan tashqari)toʻlash yoʻli bilan, yoki doimiy muassasaga berilgan qarz summasiga foizlar toʻlash yoʻli bilan toʻlangan summalarning chegirib tashlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bank muassasasining doimiy muassasaga ssudaga bergan summalariga foizlar toʻlash yoʻli bilan koʻrsatilgan xizmatlar bundan istisno qilinadi. Doimiy muassasaning foydasini belgilashda doimiy muassasasining korxonaning bosh ofisiga yoki uning boshqa ofislaridan har qanday biriga patent yoxud boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun royalti, yigʻimlar yoki shunga oʻxshash boshqa toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan, yoki koʻrsatilgan aniq xizmatlar yoki menejmentlik uchun komission toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan, korxonaning bosh ofisiga yoki uning boshqa ofislaridan har qanday biriga berilgan qarz summasiga foizlar toʻlash yoʻli bilan toʻlangan summalardan tashqari boshqa toʻlovlar (amaldagi xarajatlarni qoplash uchun beriladiganlaridan tashqari) ham xuddi shu tarzda eʼtiborga olinmaydi, bank muassasasining doimiy muassasaga ssudaga bergan summalariga foizlar toʻlash yoʻli bilan koʻrsatilgan xizmatlar bundan istisno qilinadi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda korxona foydasining umumiy summasini uning turli boʻlinmalariga mutanosib tarzda taqsimlash negizida doimiy muassasaga tegishli foydani belgilash oddiy hol ekanligiga qaramay 2-banddagi hech narsa Ahdlashuvchi Davlatga soliqqa tortiladigan taqsimot uslubi ushbu moddaga tegishli tamoyillarga munosib natijalar berishi lozim.
5. Doimiy muassasa tomonidan korxona uchun faqat tovarlar yoki mahsulotlar xarid qilish asosida doimiy muassasa hisobiga biron bir foyda yozilmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadlari uchun doimiy muassasaga mansub foyda, agar boshqartirish uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar foyda, mazkur Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan daromad turlarini qamrab oladigan boʻlsa, mazkur moddalar qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro transport
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan korxonaning xalqaro tashishlarda kemalar, samolyotlar yoki yoʻl transporti vositalaridan foydalanib olgan daromadiga faqat shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinadi.
2. 1-band qoidalari, shuningdek transport vositalaridan foydalanish boʻyicha pulda (umumiy jamgʻarma), qoʻshma korxonalar yoki xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishdan olingan foydalarga ham qoʻllaniladi.
9-modda
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa,
yoki
b) shu shaxslarning oʻzi bevosita yoki bilvosita ham Ahdlashuvchi Davlatning korxonasini ham boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning kapitalida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, va har qanday holda, ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mutlaqo mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar barpo etilsa yoki belgilansa, ularning birortasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan, lekin yuqoridagi sharoitlar tufayli hisoblanmagan har qanday foyda Ahdlashuvchi Davlat tomonidan ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va tegishli ravishda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Agar Ahdlashuvchi Davlat mazkur Davlatning korxonasi foydasiga boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasining ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilgan foydasini qoʻshib va tegishli ravishda soliqqa tortsa, va shu alfozda qoʻshilgan foyda, birinchi aytilgan korxonaga hisoblanishi mumkin boʻlgan foyda boʻlsa, agar ikki korxona oʻrtasidagi munosabatlar mustaqil korxonalar oʻrtasidagi munosabatlardek boʻlsa, bunda mazkur boshqa Davlat ushbu foydadan olinadigan soliq miqdoriga tegishli munosiblikni kiritishi shart. Bunday munosiblikni belgilashda ushbu Bitimning boshqa qoidalari koʻrib chiqilishi lozim, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli tashkilotlari esa zarur boʻlgan taqdirda bir-birlari bilan maslahatlashadilar.
10-modda
Dividendlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlangan dividendlar ana shu boshqa Davlat tomonidan soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda shu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligiga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, biroq dividendlar oluvchi ularning haqiqiy egasi boʻlsa, u holda shu tariqa undiriladigan soliq dividendlar yalpi summasining 10 foizidan oshmasligi kerak.
Ushbu band dividendlar toʻlanadigan foydaga nisbatan kompaniyani soliqqa tortishga daxl qilmaydi.
3. “Dividendlar” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda, aksiyalardan yoki qarz talabi boʻlmagan boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, foydada ishtirok etish huquqini, shuningdek daromadlarni taqsimlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan Davlatning soliq qonunchiligi asosida aksiyalardan olinadigan daromadlarga kiritiladigan korporativ huquqni, hamda dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga binoan soliqqa tortiladigan daromadlarni ham qamrab oladi.
4. Agar benefitsiar (dividendlarning manfaatdor egasi) Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgani holda dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz faoliyatini unda joylashgan doimiy muassasasi orqali amalga oshirsa, yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy bazadan mustaqil xususiy xizmatlar koʻrsatsa va dividendlar unga nisbatan toʻlanayotgan xolding aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa mazkur moddaning 1 va 2-bandlaridagi qoidalar qoʻllanilmaydi. Bunday holda sharoitga qarab 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda olayotgan boʻlsa, bu boshqa Davlat ana shu kompaniya toʻlayotgan dividendlardan hech qanday soliq ola olmaydi, lekin bunday dividendlar ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanayotgan boʻlgan yoki dividendlar toʻlanayotgan xolding aslida mazkur boshqa Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlgan hollar bundan mustasno; va kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan taqsimlanmagan foydadan olinadigan soliqlar olinmaydi, hatto-ki toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
11-modda
Foizlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ammo bunday foizlar hosil boʻlgan mazkur Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo foizlarni oluvchi benefitsiar (dividendlarning manfaatdor egasi) boʻlsa soliqning miqdori foizlar umumiy hajmining 10 foizidan oshmasligi kerak.
3. Ushbu moddaning 2-bandi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning Hukumati yoki uning mahalliy hokimiyatlari va Markaziy banki yoki hukumat tusidagi har qanday moliyaviy muassasasi tomonidan olinadigan va toʻlaligicha ushbu hukumatning tasarrufida boʻlgan foizlar birinchi eslatilgan Davlatda soliqqa tortishdan ozod qilinadi.
4. “Foizlar” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda qarzdor foydasida qatnashishga huquq beradigan yoki bermaydigan, har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni va, xususan, Hukumat qimmatli qogʻozlari, obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni, shu jumladan, ushbu qimmatli qogʻozlar, obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlari boʻyicha mukofotlar va yutuqlarni bildiradi. Oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlovlar uchun jarimalar ushbu modda maqsadlarida foizlar sifatida koʻrib chiqilmaydi.
5. Agar foizlar benefitsiari (foizlardan amalda manfaatdor) Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, doimiy muassasasi orqali foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tijorat faoliyati olib borayotgan boʻlsa, yoki mazkur boshqa Davlatda joylashgan doimiy bazasidan mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatgan yoki koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga haqiqatan mansub boʻlsa 1-, 2 va 3-bandlar qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda sharoitga qarab 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
6. Foizlarni toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning Hukumati, yoki shu Davlatning mahalliy hokimiyatlari yoki uning rezidenti boʻlsa, foizlar mazkur Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Lekin foizlarni toʻlovchi shaxs, Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga, doimiy bazaga ega boʻlib shu tufayli foizlarni toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa, bunday holda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan deb hisoblanadi.
7. Agar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasida, yoki ular ikkalasi va qandaydir boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasiga nisbatan toʻlanayotgan foizlar miqdori toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda mazkur modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismidan mazkur Bitimning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq yana soliq olinadi.
12-modda
Royalti
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq, bunday royaltilar ular hosil boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda va shu Davlat qonunlariga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, ammo bu royaltilarni oluvchi daromadlarning benefitsiar egasi (daromadga ega boʻlgan shaxs) boʻlsa, shu tarzda olinadigan soliq royaltilar yalpi miqdorining 10 foizidan oshib ketmasligi lozim.
3. “Royalti” atamasi mazkur Bitimda qoʻllanilganda har qanday adabiyot, sanʼat va fan asarlarini, shu jumladan, kinofilmlar hamda radioeshittirish va televideniye yozuvlari, videokassetalar, har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki model, sxema, maxfiy formula yoki jarayon mualliflik huquqidan foydalanish huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqni berganlik uchun, yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqni berganlik uchun yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olingan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlib, royaltiga nisbatan amalda huquqqa ega boʻlgan shaxs royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini yuritayotgan boʻlsa, yoki mazkur boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil xizmatlarni amalga oshirsa, yoki royalti toʻlanayotgan huquq yoki mol-mulk amalda shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa 1- va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday xolda vaziyatga qarab, 7- va 14-moddalarining qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlat Hukumati, uning mahalliy hokimiyati organi yoki shu Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi. Biroq, agar, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidentimi, yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, ahdlashuvchi Davlatda royaltini toʻlash majburiyati zimmasiga tushgan doimiy muassasaga va doimiy bazaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki doimiy baza toʻlov xarajatlarini toʻlasa, bunday royalti doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi va amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi, yoki ularning ikkovi va boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltining foydalanishga, huquqqa va axborotga taalluqli toʻlangan miqdori toʻlovchi va amaldagi shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, mazkur modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismiga, mazkur Bitimning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq ilgaridek soliq solinadi.
13-modda
Kapital qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlgan va 6-moddada eslatib oʻtilgan koʻchmas mulkni begonalashtirishdan oladigan daromadlarga oʻsha boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa tadbirkorlik mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni begonalashtirishdan oladigan yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishida bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mulkni begonalashtirishdan oladigan daromadlarga, bunga shu doimiy muassasa (alohida yoki korxona bilan birga) yoki shunday doimiy bazani begonalashtirishdan olingan daromadni ham qoʻshib, mana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan Ahdlashuvchi Davlat korxonasi xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan kema, samolyot yoki yoʻl transporti vositalarini begonalashtirishdan olgan daromadlari yoki mana shu transport vositalarini ishlatishda foydalaniladigan koʻchar mulkni sotishdan oladigan daromadlariga faqat ana shu Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinadi.
4. Mol-mulki asosan Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri yoki bevosita iborat boʻlgan kompaniya aksionerlik kapitali aksiyalarni begonalashtirishdan olinadigan daromadlarga mana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
5. 4-bandda eslatib oʻtilganidan boshqa boʻlgan va kompaniyada kamida 25 foiz bilan qatnashgan aksiyalarni begonalashtirishdan olingan daromadlarga shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
6. Mazkur moddaning 1 — 5-bandlarida aytib oʻtilganidan boshqa istalgan mulkni begonalashtirishdan olinadigan daromadlarga mulkni sotuvchi shaxs rezidenti boʻlgan mazkur Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinishi mumkin.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti kasb xizmatlarini koʻrsatish yoki boshqa mustaqil tusdagi faoliyatlardan olgan daromadiga faqat mana shu Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinadi, bunday daromad boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa solinishi mumkin boʻlgan quyidagi holatlar bundan mustasno:
a) agar u boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy, qulay bazaga ega boʻlsa bunda mana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda, daromadining faqat shunday doimiy bazaga kiritiladigan qismigagina soliq solinadi.
b) agar u boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlgan davri koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda 183 kunga teng yoki undan oshadigan davrdan iborat boʻlsa, bu holda daromadning ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilayotgan faoliyatidan olinadigan qismigagina soliq solinadi.
2. “Kasb xizmatlari” atamasi, jumladan mustaqil ilmiy, adabiy, artistlik, taʼlim va oʻqituvchilik faoliyatini, shuningdek shifokorlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgaltyerlarning mustaqil faoliyatini oʻz ichiga oladi.
15-modda
Bogʻliq shaxsiy xizmatlar
1. Mazkur Bitimning 16-, 18-, 19 va 20-moddalari qoidalarini hisobga olib, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti yollash boʻyicha oladigan maoshi, ish haqi va boshqa shunday taqdirlash miqdoriga faqat mana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin, agar yollash boʻyicha ish boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilayotgan boʻlsa. Agar yollash boʻyicha ish shu tariqa amalga oshirilayotgan boʻlsa, shu munosabat bilan olingan taqdirlash pullariga faqat ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinadi.
2. 1-band qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilayotgan yollash boʻyicha ishga nisbatan oladigan taqdirlash puliga faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliq solinadi, agar:
a) taqdirlash puli oluvchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida boʻlsa; va
b) taqdirlash puli boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi yoki yollovchi nomidan toʻlanadi; va
c) taqdirlash puli boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza zimmasiga olmaydi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan korxona xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan kema, samolyot, yoʻl transporti vositalarida yollanma ish boʻyicha oladigan taqdirlash puliga faqat ana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
16-modda
Direktorlarning gonorarlari
Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya direktorlari Kengashining aʼzosi sifatida oladigan direktorlar gonorarlari va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlari mazkur boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. Mazkur Bitimning 14 va 15-moddalari qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyati tufayli oladigan daromadiga shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatiga nisbatan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, boshqa shaxsga yozilsa 7-, 14 va 15-moddalar qoidalariga qaramay, ushbu daromadga sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. 1 va 2-bandlarning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentlari boʻlgan sanʼat xodimlari va sportchilar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ikkala Ahdlashuvchi Davlat hukumatlari oʻrtasidagi madaniy hamkorlik rejasiga koʻra amalga oshirayotgan faoliyatidan oladigan daromad ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqdan ozod qilinadi.
18-modda
Pensiyalar
1. Mazkur Bitimning 19-modda 2-bandidagi qoidalarga koʻra Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga ilgarigi yollash boʻyicha ishi uchun tovon sifatida toʻlanadigan pensiyalar va boshqa shunga oʻxshash taqdirlash pullariga faqat ana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinadi.
2. 1-band qoidalariga qaramay, toʻlanayotgan pensiyalarga va Ahdlashuvchi Davlatning Hukumati yoki uning mahalliy maʼmurlari shu Ahdlashuvchi Davlatning ijtimoiy taʼminoti tizimining jamoat farovonligi dasturiga muvofiq toʻlaydigan boshqa shunga oʻxshash toʻlovlarga faqat shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
19-modda
Hukumat xizmati
1. a) Ahdlashuvchi Davlat Hukumati yoki uning mahalliy hokimiyatlari tomonidan jismoniy shaxsga mana shu Davlat hukumatiga yoki uning mahalliy hokimiyatlariga koʻrsatgan xizmatlari uchun toʻlanadigan taqdirlash puliga, pensiya bundan mustasno, faqat mana shu Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinishi mumkin.
b) Agarda xizmatlar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs shu Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, yaʼni:
(i) shu Davlatning milliy shaxsi boʻlsa, yoki
(ii) faqatgina xizmat koʻrsatish maqsadlarida shu Davlatning rezidenti boʻlmagan boʻlsa taqdirlash pullariga faqat ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinadi.
2. a) Ahdlashuvchi Davlat Hukumati yoki uning mahalliy hokimiyatlari tomonidan yoki fondlardan shu Ahdlashuvchi Davlat Hukumatiga yoki uning mahalliy hokimiyatlariga koʻrsatilgan xizmatlari uchun jismoniy shaxsga toʻlangan har qanday pensiyaga, faqat mana shu Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinadi.
b) Agar jismoniy shaxs shu Ahdlashuvchi Davlatning milliy shaxsi va rezidenti boʻlsa, bunday pensiyaga faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinadi.
3. 15-, 16-, 17 va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat Hukumati yoki uning mahalliy hokimiyatlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyatlari munosabati bilan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlanadigan taqdirlash pullari va pensiyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
20-modda
Studentlar va praktikantlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan biriga kelguncha qadar boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan yoki hozir ham rezidenti boʻlib turgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqat oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadlardagina yashab turgan student, praktikant yoki stajorga yashash, maʼlumot olish yoki praktika oʻtish uchun toʻlanadigan toʻlovlarga mana shu Davlatda, agarda bunday toʻlovlar shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan olib toʻlanadigan boʻlsa, soliq solinmaydi.
2. 1-banda eslatilgan yollash boʻyicha ishlar uchun mukofotlar, stipendiyalar va taqdirlash pullariga nisbatan, 1-bandda eslatib oʻtilgan student, praktikant yoki stajor oʻqish yoki praktika vaqtida qoʻshimcha ravishda oʻzi yashab turgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga solinadigan soliqlarga nisbatan boʻlganidek, soliqlardan ozod qilishlar, ularni kamaytirishlar yoki chegirib tashlashlardan foydalanadi.
21-modda
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining daromad turlariga, mazkur Bitimning oldingi moddalarida tilga olinmagan, daromadlari qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat mana shu Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinadi.
2. 1-bandning qoidalari 6-modda 2-bandida taʼriflangandek koʻchmas mulkdan olingan daromad hisoblanmaydigan daromadga nisbatan, agarda bunday daromadni oluvchi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, Ahdlashuvchi boshqa Davlatda u yerdagi doimiy muassasasi orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa yoki u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻlangan boʻlsa, qoʻllanmaydi. Bu holatda vaziyatga qarab 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllanadi.
22-modda
Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Oʻzbekistonda ikkiyoqlama soliqqa solish quyidagicha bartaraf etiladi:
Agar Oʻzbekiston rezidenti mazkur Bitim qoidalariga koʻra Xitoyda soliq solinishi mumkin boʻlgan daromad olsa, Oʻzbekiston Xitoyda toʻlangan daromad soligʻiga teng summada shu rezidentning daromad soligʻidan chegirishga imkon berishi kerak. Ammo, bunday chegirish daromad soligʻining chegirishga ruxsat berilguniga hisoblangan qismidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Daromadning bu qismi vaziyatga qarab Xitoyda soliq solinadigan daromadga kiritilishi mumkin.
2. Xitoyda ikkiyoqlama soliqqa solish quyidagiga bartaraf etiladi:
Agar Xitoy rezidenti Oʻzbekistondan daromad olayotgan boʻlsa, mazkur Bitimning qoidalariga muvofiq Oʻzbekistonda ana shu daromad uchun toʻlanadigan soliq summasi ana shu rezidentdan undiriladigan Xitoy soligʻiga nisbatan kreditlangan boʻlishi mumkin. Biroq kredit summasi Xitoy soliq qonunchiligiga va qoidalariga muvofiq hisoblangan shu daromaddan olinadigan Xitoy soligʻi summasidan oshib ketmasligi kerak.
23-modda
Kamsitmaslik
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining milliy shaxslari Ahdlashuvchi boshqa Davlatda boshqa Davlatning milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliq solishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador holatlarga duchor qilinmaydilar. Mazkur band qoidalari 1-modda qoidalariga qaramay, bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidentlari boʻlmagan shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi Ahdlashuvchi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasiga soliq solish ushbu Ahdlashuvchi boshqa Davlatda aynan shunday faoliyatni amalga oshirayotgan ana shu boshqa Davlat korxonalariga soliq solishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Mazkur band qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlardan birini Ahdlashuvchi boshqa Davlat rezidentlariga ularning fuqarolik maqomi va oilaviy vaziyatlari asosida soliq solish maqsadida oʻz rezidentlariga beradigan biron bir xususiy imtiyozlar, ozod qilishlar va chegirib tashlashlarga ruxsat beradigan qoida, deb talqin qilinmasligi kerak.
3. Mazkur Bitimning 9-moddasi, 11-moddasining 7-bandi yoki 12-moddasining 6-bandi qoidalari qoʻllaniladigan holatlarni istisno qilib, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga bunday korxonaning soliq solinadigan foydasini aniqlash maqsadlarida toʻlaydigan foizlar, royaltilar va boshqa xarajatlar goʻyoki birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlangandagi tarzda chegirib tashlanadi.
4. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi kapitali Ahdlashuvchi boshqa Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga toʻliq yoki qisman tegishli boʻlsa va ular tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinsa, u birinchi eslatilgan Davlatda Ahdlashuvchi birinchi eslatilgan Davlatning shunday korxonalariga solinadigan har qanday soliq yoki unga aloqador holatlar, boshqa yoki soliq solishdan koʻra mushkulroq holatlarga duchor qilinmaydi.
5. 3-band qoidalari soliqlardan qochish maqsadini koʻzlovchi operatsiyalarga va ahdlashuvlarga toʻsqinlik qilish uchun chiqarilgan Ahdlashuvchi Davlatning soliqqa tortish toʻgʻrisidagi qonunlarining qoidalariga taʼsir qilmaydi.
24-modda
Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Agarda shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining faoliyati mazkur Bitimda nazarda tutilganga muvofiq kelmaydigan soliq solinishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb hisoblasa yoki agarda uning holati 24-modda 1-bandiga muvofiq kelsa, u mazkur Davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga taqdim etishi mumkin. Ariza Bitim qoidalariga muvofiq, soliqqa solishga olib keladigan harakatlar toʻgʻrisida birinchi marta xabar berilgan paytdan boshlab, uch yil mobaynida taqdim etilishi kerak.
2. Vakolatli organ uning arizasini asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani mazkur Bitimga muvofiq kelmaydigan soliq solinishidan qochish maqsadlarida Ahdlashuvchi boshqa Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal qilishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday ahdlashuv Ahdlashuvchi Davlatlarning milliy qonunlarida mavjud boʻlgan biron bir vaqtinchalik cheklashlarga qaramay, bajarilishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organlari Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik va ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal qilishga harakat qiladilar. Ular ushbu Bitimda koʻzda tutilmagan xollarda ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish maqsadida bir-birlari bilan maslahatlashib turishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlar maʼnolarini tushinishda hamfikirlikka erishish maqsadlarida bir-birlari bilan bevosita aloqa bogʻlab turadilar. Agar hamfikirlikka erishish maqsadga muvofiq kelsa, u holda Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ogʻzaki fikr almashuv uchun uchrashishlari mumkin.
25-modda
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Bitim qoidalarini qoʻllanish uchun yoki mazkur Bitim tatbiq etiladigan Ahdlashuvchi Davlatlarning soliqlarga tegishli ichki qonunchiligi ushbu qonunchilikdan mazkur Bitimga zid tushmaydigan darajada foydalanish, uchun jumladan bunday soliqlarni toʻlashdan bosh tortishlarning oldini olish uchun zarur axborotlar bilan almashib turadilar. Axborot almashish 1-modda bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlat olayotgan har qanday axborot, mazkur Davlatning ichki qonunlari haqida olingan maʼlumot kabi maxfiy hisoblanadi, hamda faqat aniqlash, olib qoʻyish, majburiy chora koʻrish, sud orqali taʼqib qilish yoki Bitim tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan appelatsiyalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq shaxslarga va organlargagina (jumladan, sudlar va maʼmuriy organlarga) ochiladi. Bunday shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
2. Hech qanday holatda ham 1-band qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlar zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoida sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga yoki maʼmuriy amaliyotiga zid, maʼmuriy choralar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
c) har qanday savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki xizmat siri yoki savdo jarayonini fosh etuvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga zid keluvchi axborotni taqdim etish.
26-modda
Diplomatik xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Mazkur Bitimning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilarining xalqaro huquqning umumiy normalari bilan yoki maxsus Bitim qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
27-modda
Kuchga kirish
Mazkur Bitim u imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi. Mazkur Bitim u kuchga kirgan kundan keyin keladigan birinchi yanvardan yoki undan keyin boshlanadigan soliqqa tortish yilida olinadigan daromadga nisbatan amal qiladi.
28-modda
Bitimni toʻxtatish
Mazkur Bitim nomuayyan vaqtgacha oʻz kuchida qoladi. Biroq Ahdlashuvchi Davlatlardan har biri uning amal qilishi toʻxtaganligi toʻgʻrisida iyun oyining oʻttizinchi kunida yoki Bitim kuchga kirgan kundan boshlab besh yil oʻtgach, boshlanadigan istalgan taqvimiy yilning shu sanasigacha diplomatik yoʻl orqali yozma ravishda xabar beradi. Bunday xolda ushbu Bitim oʻz taʼsirini ogohlantirish berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning 1-yanvaridan boshlab yoki undan keyingi yildan boshlab soliq olinadigan yildagi daromadlarga nisbatan oʻz taʼsirini yoʻqotadi.
Tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 1996-yil 3-iyulda ikki nusxada, oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida imzolandi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar boʻlgan hollarda inglizcha matn asos qilib olinadi.
(imzolar)