Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Pokiston Islom Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida
Bitim
giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatishga qarshi kurashda hamkorlik toʻgʻrisida
Bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Pokiston Islom Jumhuriyati Hukumati,
giyohvand vositalar va psixotrop moddalarning jiddiy jinoiy taʼsiri va ularni qoʻllashning sogʻliq uchun hamda insoniyatning jamiyatdagi iqtisodiy, madaniy va axloqiy asoslari boʻlgan farovonligiga xavf tugʻdirishini anglab,
1961-yili qabul qilingan giyohvand vositalar toʻgʻrisidagi Yagona Konvensiya, 1971-yili imzolangan psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi Konvensiya hamda 1988-yili qabul qilingan giyohvand vositalar va psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Konvensiyasini giyohvand vositalar va psixotrop moddalar jinoiy taʼsirini bartaraf etishga qaratilgan xalqaro intilishlar sifatida qayd etib, va
ularning giyohvand vositalar va psixotrop moddalarni qonunsiz tarqatish hamda ularni isteʼmol qilish xavfining oldini olish boʻyicha taʼsirini kuchaytirishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
“Qonunsiz tarqatish” atamasi 1988-yili qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Konvensiyasi 3-moddasi 1 va 2-bandlarida belgilangan.
2-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar giyohvand vositalar, psixotrop moddalar, ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatishning oldini olish, uni tergov qilish va jazolashda bir-birlari bilan hamkorlik qilish va oʻzaro yordamlashish majburiyatini oladilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlangan idoralari orqali, ushbu Bitimning 1-ilovasiga binoan, muntazam ravishda giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatish boʻyicha jinoyatlarga tegishli axborotlar almashadilar.
4-modda
Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatishga tegishli axborotlar almashish ikkala Hukumat tarafidan ularga berilgan huquq va kompetensiyalarga mutanosib ravishda vakolatli idoralar orqali amalga oshiriladi.
5-modda
Zarur boʻlib qolsa, Ahdlashuvchi Tomonlar telefonlar, telekslar va kommunikatsiya aloqasining boshqa turlari orqali oʻzlarining tegishli vakolatli idoralari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatadilar.
6-modda
Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatishning tarqatuvchilari, moliyaviy taʼminotchilari, tashkilotchilari, shunga gumon qilinuvchilar va bunga qoʻshilgan boshqa kishilar toʻgʻrisida ochiq maxsus maʼlumotlar tartibida mufassal axborotlar almashlash korrespondensiya vositasida amalga oshiriladi.
7-modda
Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini tarqatuvchilari toʻgʻrisida axborot almashlash ikkala mamlakatda ham odatda ushbu Bitim 2-ilovasida oʻrnatilgan “Shakl”ga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda.
Zarurat tugʻilgan taqdirda ishga aloqador har qanday axborot 2-ilovada oʻrnatilgan cheklangan bichim/hajm cheklovlarisiz qabul qilinishi mumkin.
9-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlarida giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatish boʻyicha taniqli tarqatuvchilarni qoʻlga tushirish yuzasidan ular faoliyatini toʻxtatish uchun tegishli qadamlar tashlaydilar.
10-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatish uchun qoʻllanadigan yoʻllar va usullar toʻgʻrisida axborotlar almashadilar.
11-modda.
Tomonlar tegishli masalalar boʻyicha axborotlar almashish yuzasidan bir-birlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyatlar beradilar.
Alohida holatlarda Ahdlashuvchi Tomonlar, zarur boʻlib qolsa, vakolatli idoralar hamkorligining kafolati sifatida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tegishli amaldorlarini tergov uchun taklif qilishni koʻpaytirishi mumkin.
12-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari va ekspertlari giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini yetkazib berish va tarqatish yoʻllari toʻgʻrisida texnikaviy axborotlar almashlash uchun imkoni boricha tez-tez uchrashib turadilar. Bu sohadagi hamkorlikni kengaytirish tartibida ekspertlar uchun maʼruza va seminarlar oʻtkazishlari ham mumkin.
13-modda.
Ushbu Bitim besh yilgacha amal qiladi va, agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri koʻrsatilgan muddatdan kamida olti oy ilgari ikkinchi Tomonga yozma ravishda ushbu Bitimni toʻxtatish istagida ekanini bildirmasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatga uzaytiriladi.
14-modda.
Ushbu Bitim ikkala Tomon oʻrtasida uni kuchga kiritish uchun zarur konstitutsion tadbirlar bajarilgani toʻgʻrisida bildirishnomalar almashtirilgan kundan kuchga kiradi.
15-modda.
Ilovalar Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
Toshkent shahrida 1996-yil 19-oktabrida har biri oʻzbek va ingliz tillaridagi ikki nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalari talqinida ixtiloflar kelib chiqsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
1-ILOVA
Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatish toʻgʻrisida axborotlar almashlash uchun vakolatli idoralar
Oʻzbekiston Respublikasidagi aloqa uchun rasmiy tomon:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Xavfsizlik Xizmati;
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Soliq Qoʻmitasi.
Pokiston Islom Jumhuriyatida aloqa uchun rasmiy tomon:
Giyohvandlarni nazorat qilish vazirligi, Islomobod.
2-ILOVA
Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning kimyoviy prekursorlarini qonunsiz tarqatishga aloqador shaxslar toʻgʻrisida axborot shakli
(Har bir shaxs uchun alohida-alohida toʻldiriladi).
1. Ismi, nasabi
2. Otasining ismi
3. Jinsi
4. Yoshi
5. Tugʻilgan sanasi va joyi
6. Fuqaroligi
7. Pasporti raqami
8. Berilgan sanasi va joyi
9. Kasbi
10. Manzili
11. Aloqadorlik darajasi
12. Ilgarigi aloqadorligi
13. Ishtirokchiligi
14. Qamoq/Ushlab turish
15. Qamoqqa olingan joy
16. Huquqiy va maʼmuriy choralar qoʻllash
17. Fotosurat (pasportdagidek)
Ishning qisqa hisoboti
Bunda tergov yoki tekshiruv paytida foydalanilishi mumkin boʻlgan har bir chizgini koʻrsatish iltimos qilinadi.