O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Oliy ta’lim sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida 1993-yil 19-martda tuzilgan madaniyat,fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, axborot, sport va turizm sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Bitimga, 1993-yil 13-martda Moskva shahrida imzolangan ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish hamda ularning malakalari haqidagi hujjatlarni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida tenglashtirish to‘g‘risidagi Bitimga amal qilib,
oliy ta’lim sohasida teng huquqli hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘zaro manfaatdorlikni hisobga olib,
insonparvarlik va muloqot madaniyati asosida ta’limning milliy tizimlari mazmunini yangilashga intilib,
o‘zaro munosabatlarda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida qayd etilgan umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligidan kelib chiqib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar o‘zaro kelishuvga binoan belgilab olingan yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni sherikchilik tamoyillarida rivojlantiradilar. Ular bu hamkorlik uzoq muddatli va konstruktiv xarakter kasb etish uchun kuch-g‘ayrat sarflaydilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi yo‘nalishlarni hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari deb biladilar:
universitetlar, institutlar va o‘rta o‘quv yurtlari o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish;
ijtimoiy, tabiiy-ilmiy va texnik ta’limni rivojlantirishga yordam beradigan o‘quv va ilmiy dasturlar hamda loyihalarni birgalikda tayyorlashni tashkil etish;
yosh olimlar va professor-o‘qituvchi kadrlar almashish yo‘li bilan ilmiy salohiyatni kengaytirish;
ta’lim tizimida litsenziyalash va akkreditatsiyalashning qiyosiy tahlilini amalga oshirish;
axborot tarmoqlari va matbuot banklarini vujudga keltirish, mavjud materiallarni almashish va distansion ta’lim bo‘yicha yangi texnologiyalar ishlab chiqish;
sherik-mamlakat tilini va madaniyatini o‘rganish.
3-modda
Tomonlar mavjud va kelgusida tuziladigan hamda xalqaro hujjatlarning bir qismi bo‘lib qoladigan qo‘shma dastur va loyihalar ishlab chiqishga ko‘maklashadilar, ularni amalga oshirishda ikkala mamlakat olimlari va mutaxassislari faol jalb etishiga yordam beradilar.
Ular xalqaro dasturlar va loyihalar doirasida oliy ta’lim mazmunini takomillashtirish, fundamental ta’limni rivojlantirish, o‘quv fanlari va o‘quv-metodik materiallarning yangi kurslarini vujudga keltirishni ko‘zda tutuvchi ishlarning bajarilishiga ko‘maklashishni niyat qiladilar.
4-modda
Tomonlar til va adabiyotlar sohasida bilimning boshqa sohalarida Tomonlarning talabnomalari bo‘yicha mutaxassislar almashadilar.
5-modda
Tomonlar o‘z davlatining fuqarolarini boshqa davlatning davlat ta’limi muassasalariga yuborilishiga ko‘maklashadilar.
Ular o‘zaro maqbullik prinsipi asosida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kelishib olingan mutaxassisliklar bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining Oliy ta’lim Davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasining Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qarashli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga qabul qilish uchun ekvivalent kvotalarini belgilaydilar.
O‘qitishga nomzodlarning tayyorgarlik darajasi Tomonlardan har birining qabul qiluvchi oliy o‘quv yurtlari talablariga mos bo‘lishi kerak.
6-modda
Ushbu Bitimning 5-moddasiga asosan o‘qitishga tanlab olingan nomzodlar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilayotgan Tomonning oliy o‘quv yurtlarida qabul qilish qoidalariga muvofiq kiradilar.
7-modda
Tomonlar belgilangan muddatlarda ushbu bitimning 5-moddasiga muvofiq navbatdagi o‘quv yilida o‘qishga kirishni xohlagan nomzodlar ro‘yxatlarini, ularning bo‘lajak ixtisosi va tanlagan oliy o‘quv yurtini ko‘rsatgan holda, o‘zaro almashib turadilar.
Tomonlar o‘qishga kirishni xohlagan nomzodlarni qabul qilish imkoniyatlari haqida har yili 15-iyunga qadar bir-birlarini xabardor qiladilar.
8-modda
Jo‘natayotgan Tomon o‘qitishga kelishilgan har bir nomzodning:
tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasini;
o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi guvohnomasining (aspirantlar uchun oliy ma’lumot haqidagi diplom va unga ilovaning) notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasini;
qabul qilayotgan Tomon oliy o‘quv yurtida o‘qishga noloyiq salbiy ko‘rsatgichlari bo‘lmagan va OITS yuzasidan tekshiruv natijalari albatta qayd etilgan tibbiy ma’lumotnomani;
4 x 6 sm hajmdagi oltita fotosuratni;
nomzodning ma’lumot olganini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etadi.
9-modda
Ushbu Bitimning 5-moddasida ko‘rsatilgan kvotalardan tashqari Tomonlar sherik mamlakat fuqarolarini, ularni o‘qitish uchun xarajatlarni to‘liq qoplash sharti bilan, qabul qilishlari mumkin.
Bunday o‘qitishning moliyaviy va boshqa shartlari Tomonlar alohida tuzgan bitimlar bilan belgilanadi.
10-modda
Tomonlar o‘z oliy o‘quv yurtlariga sherik mamlakat fuqarolarini o‘qishga shartnoma asosida yakka tartibda qabul qilishga ko‘maklashadilar.
11-modda
Jo‘natayotgan tomon 9-moddaga muvofiq o‘qitish sarf-xarajatlarini to‘liq qoplash sharti bilan qabul qilingan o‘z fuqarolarini o‘qitilganlik uchun har yili qabul qilayotgan oliy o‘quv yurtining bankdagi hisob-kitob schyotiga o‘qitish pulining umumiy summasini o‘tkazishni ta’minlaydi.
Keyinchalik Rossiya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish qiymati rubl kursining o‘zgarishiga qarab indeksatsiya qilinishi kerak.
12-modda
Sherik mamlakat fuqarolarini o‘qishga qabul qilgan ikkala Tomon oliy o‘quv yurtlari quyidagi hollarda ularni muddatidan oldin o‘qishdan chiqarib yuborish huquqini o‘zlarida saqlab qoladilar:
o‘qishni o‘zlashtirolmaganda;
sog‘liqni saqlash organlarining o‘qishni davom ettirishi mumkin emasligi haqidagi rasmiy xulosasi bo‘lganda sog‘lig‘iga ko‘ra;
oliy o‘quv yurtlarida o‘zini tutish qoidalarini va hududida o‘zlari o‘qiyotgan davlat qonunlarini qo‘pol ravishda buzganda.
Talaba (aspirant) muddatidan oldin o‘qishdan chiqarib yuborilganda u foydalanmagan vaqt uchun qolgan mablag‘ o‘qitayotgan oliy o‘quv yurti tomonidan jo‘natgan Tomon bilan o‘zaro hisob-kitob qilish uchun o‘z mamlakatining oliy o‘quv yurtlari masalalari bilan shug‘ullanadigan davlat organiga qaytariladi.
13-modda
Ushbu Bitimning 5-moddasi doirasida o‘qishga qabul qilingan sherik mamlakat fuqarolariga qabul qiluvchi Tomon o‘z davlati fuqarolari uchun teng miqdorda stipendiya to‘lashni, o‘z davlati fuqarolari uchun belgilangan shartlarda yotoqxona, o‘quv auditoriyalari, kutubxonalar, laboratoriyalar va oliy o‘quv yurtining sport-sog‘lomlashtirish komplekslaridan foydalanish huquqini berishni kafolatlaydi.
14-modda
Ushbu Bitim doirasida o‘qishga qabul qilingan sherik mamlakat fuqarolari o‘qitayotgan mamlakat fuqarolari uchun yaratilgan shart-sharoitlarda tibbiy yordam va xizmat ko‘rsatish bilan ta’minlanadilar.
15-modda
Jo‘natayotgan Tomon o‘z davlati fuqarolariga o‘qish joyiga borish va u yerdan qaytish, jumladan, ta’tilga kelib-ketish va ushbu Bitimning 12-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan muddatidan oldin o‘qishdan chiqarib yuborilganligi sababli kelishi, shuningdek uchinchi mamlakatga borishi uchun yo‘l xarajatlarini to‘laydi.
O‘qish jarayoni bilan bog‘liq safarlar yo‘l xarajatini qabul qiluvchi Tomon to‘laydi.
16-modda
Tomonlar ta’lim to‘g‘risida, ilmiy daraja va unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlarni ekvivalentlash haqida protokol tayyorlash va imzolash bo‘yicha ish olib boradilar.
17-modda
Tomonlar qo‘shma ikki tomonlama va xalqaro tematik konferensiyalar, kengashlar, seminarlar va ko‘rgazmalar o‘tkazishni, oliy ta’lim muammolari bo‘yicha ilmiy-metodik, axborot va ma’lumotnoma materiallarini o‘zaro almashib turishni rag‘batlantiradilar.
18-modda
Ushbu Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bog‘liq barcha masalalar maslahatlashuv va muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi.
19-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
20-modda
Ushbu Bitim besh yillik muddatga tuzilgan va Tomonlardan biri Bitim kuchini yo‘qotishdan olti oy oldin ikkinchi Tomonga ushbu Bitimdan chiqish haqida xabar bermasa, uning kuchi keyingi besh yillik davrga ham o‘z-o‘zidan uzayaveradi.
1995-yil 27-iyulda Toshkent shahrida ikki nusxada, o‘zbek va rus tillarida tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga egadir.
(imzolar)