Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarkibida xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida
Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ilgʻor oʻqitish uslublarini joriy etish asosida Xitoy tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti sohasida chuqur bilimlarga ega boʻlgan va xitoy tilini erkin biladigan yuqori malakali xitoyshunos mutaxassislarni tayyorlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarkibida xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
4. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarkibida xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal qilish uchun 2-ilovaga muvofiq tarkibda maxsus komissiya tuzilsin.
Maxsus komissiya (A.I. Ikramov) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish va institutning nizom hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, shuningdek xitoyshunoslik fakultetining 2014-yil 20-sentabrdan toʻlaqonli faoliyat koʻrsata boshlashini taʼminlash uchun boshqa tashkiliy masalalarni hal etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
xitoyshunoslik fakultetini amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan hamda xitoy tili va adabiyotini, Xitoy tarixi, siyosati va iqtisodiyotini oʻrganish sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish va taʼlim berish jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanuvchi yuqori malakali tashabbuskor kadrlar bilan taʼminlasin;
zamonaviy taʼlim texnologiyalarini, eng yangi axborot va oʻquv-laboratoriya uskunalarini tatbiq etish hamda ulardan keng foydalanish asosida oʻquv rejalari va dasturlarini yangilagan holda xitoyshunoslik masalalari boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil qilishni ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olib, tanqidiy tahlil qilsin va qayta koʻrib chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan Xitoyning shu yoʻnalishdagi yetakchi universitetlari va institutlari oʻrtasida institutda ishlash hamda oʻqituvchilik qilish uchun taniqli mutaxassislar va xitoyshunos olimlarni jalb etish, institutning xitoyshunoslik fakulteti talabalari va oʻqituvchilarining stajirovkalarini tashkil qilish, birgalikdagi oʻquv va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish maqsadida sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Konfutsiy Instituti faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek institut faoliyatini tashkil qilish uchun grantlarni jalb etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi:
ikki hafta muddatda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining shtatlar jadvali xitoyshunoslik fakulteti tashkil etilishini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
tashkil etilayotgan fakultetning oʻquv jarayoni va ilmiy-metodik ishlarini tashkil qilish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, oʻqituvchilar va talabalarning chet ellardagi oliy taʼlim muassasalarida stajirovkadan oʻtishlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida 2014-yilda pul ajratsin va 2015-yildan boshlab ushbu maqsadlarga mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 3-sentabr,
PQ-2228-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-sentabrdagi PQ-2228-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xitoy filologiyasi fakultetini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal qilish boʻyicha maxsus komissiya
TARKIBI
|
A.I. Ikramov |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Maxsus komissiya rahbari |
|
A.V. Vaxabov |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
|
I.U. Majidov |
— |
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bosh boshqarma boshligʻi |
|
A.M. Mannonov |
— |
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori |
|
Sh.Sh. Qayumov |
— |
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori |
|
B.X. Rahimov |
— |
Oliy va oʻrta maxsus taʼlimni rivojlantirish markazi direktori |
|
M.R. Boltabayev |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ATD mudiri, Maxsus komissiya kotibi |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 36-son, 453-modda; 2017-y., 23-son, 447-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son; 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)