Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sogʻliqni saqlash va tibbiy fanlar sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
sogʻliqni saqlash va tibbiy fanlar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga intilib,
ikki davlat aholisi sogʻligʻini yaxshilash va mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar har ikkala davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq va ularning xalqaro majburiyatlarini inobatga olgan holda, tenglik va oʻzaro manfaat tamoyillariga amal qilib, sogʻliqni saqlash va tibbiy fanlar sohasida hamkorlik qiladilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantiradilar:
1) sogʻliqni saqlash xizmatlarini tashkil etish (dastlabki tibbiy-sanitariya yordamini mustahkamlash, ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarni maqbullashtirish, gospital tibbiy yordam samaradorligini oshirish, tibbiy xizmatlar bozorini rivojlantirish, jamoat sogʻligʻini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish);
2) sogʻliqni saqlash va tibbiy fanlar sohasida har ikki davlat uchun ustuvor hisoblangan yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va tatbiq qilish;
3) sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va jamoat sogʻligʻini saqlash sohasidagi kadrlarni, shu jumladan sogʻliqni saqlash tizimidagi pedagogik, ilmiy va boshqaruv xodimlarini oʻqitish va qayta tayyorlash;
4) farmatsiya va tibbiyot asbob-uskunalari;
5) aholi sogʻligʻini himoya qilish va mustahkamlash maqsadida profilaktik, klinik hamda eksperimental sohalarda ilmiy-fundamental va amaliy izlanishlarni rivojlantirish;
6) sogʻliqni saqlash sohasidagi iqtisodiyot, jumladan moliyaviy menejment va tibbiy sugʻurtalashni amalga oshirish;
7) sogʻliqni saqlash tizimida axborot-texnologiyalar menejmenti;
8) yuqumli kasalliklar (ayniqsa sil va OIV/OITS) hamda yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha (yurak-qon tomiri, onkologik kasalliklar, diabet va boshqalar) profilaktika, epidemiologik kuzatuv va ular ustidan nazorat oʻrnatish;
9) ona va bola sogʻligʻini himoya qilish;
10) sogʻliqni saqlash tizimida sifatni boshqarish, shu jumladan, sogʻliqni saqlash muassasalarini litsenziyalash tizimining amal qilishi;
11) Tomonlarning oʻzaro roziligi hamda ularning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda texnikaviy yordam koʻrsatish;
12) har ikki davlatda tibbiy turizmni rivojlantirish borasida hamkorlik qilish.
Tomonlar sogʻliqni saqlash va tibbiy fanlarning oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa sohalarida ham hamkorlik qilishlari mumkin.
3-modda
Tomonlar mazkur Bitimning 2-moddasi qoidalarini amalga oshirish maqsadida oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazish, kadrlar va maʼlumotlar almashish, simpozium va konferensiyalar tashkil qilish, monografiya va maqolalarni nashr etish orqali hamda oʻzaro kelishuv asosida boshqa shakllarda hamkorlikni amalga oshiradilar.
4-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun Tomonlar quyidagi vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Oʻzbekiston tomonidan: Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Latviya tomonidan: Latviya Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Tomonlarning vakolatli organlari muayyan davrga moʻljallangan batafsil hamkorlik Dasturini tuzishlari mumkin.
5-modda
Tomonlar tibbiyot oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, tibbiyot muassasalari hamda ikkala davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi boshqa muassasalar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar.
6-modda
Tomonlar oʻz davlatlari hududlarida boshqa Tomon davlatining fuqarolariga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish va koʻrsatilgan tibbiy yordam uchun hisob-kitob qilish tartibini belgilash boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Mazkur moddaga muvofiq shoshilinch yordam olish huquqi Tomonlar oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida tegishli bitim imzolanganidan soʻng haqiqiydir.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Latviya Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash uchun vakolatli organlar hisoblanadilar.
7-modda
Tomonlar kongresslar, konferensiyalar, koʻrgazmalar va oʻz davlatlarining sogʻliqni saqlash va tibbiy fanlar sohasidagi boshqa tadbirlarida maʼlumotlar almashinuviga koʻmaklashadilar.
8-modda
Mazkur Bitim qoidalari Tomonlar ishtirokchisi boʻlgan boshqa amaldagi xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanuvchi alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Mazkur Bitimni qoʻllash va talqin qilish bilan bogʻliq har qanday nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlar tarafidan uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qilish uchun diplomatik kanallar orqali yuborilgan yozma shakldagi soʻnggi xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh yillik muddatga tuziladi va basharti Tomonlardan hech biri boshqa Tomonga Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy oldin uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma yubormasa, mazkur Bitim oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
2013-yil 17-oktabrda Riga shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, latish va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2013-y., 3-4-son,)