O‘ZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI BOSHLIG‘INING
buyrug‘i
Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 13-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2582]
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 25-fevraldagi 3-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3612, 14.03.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)
1. Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Boshliq V. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2014-yil 22-aprel,
22-son
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘ining 2014-yil 22-apreldagi 22-sonli buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar (bundan buyon matnda yo‘l-yo‘riqlar deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 25-fevraldagi 3-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3612, 14.03.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
avtomobilda tashuvchi — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga ega bo‘lgan, tijorat asosida yo‘lovchilar, bagaj, yuklar tashish xizmatini ko‘rsatadigan hamda bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) bo‘lgan yuridik shaxs;
avtotransport vositalari — yo‘lovchilar, bagaj, yuklar tashishga hamda maxsus ishlarni bajarishga mo‘ljallangan avtomobillar, shatakchi avtomobillar, tirkama va yarim tirkamalar;
yo‘l harakati xavfsizligi xizmati — avtomobilda tashuvchining avtotransport vositalari orqali tashishlarni amalga oshirishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan tarkibiy bo‘linmasi (bundan buyon matnda YHX xizmati deb yuritiladi);
avtotransport vositalari guruhlari boshlig‘i — avtotransport vositalari miqdori 150 tadan ortiq bo‘lganda avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati tarkibiga joriy etiladigan lavozim (bundan buyon matnda avtoguruh boshliqlari deb yuritiladi);
Oldingi tahrirga qarang.
yo‘l-transport hodisasi — transport vositasining yo‘lda harakatlanish jarayonida va uning ishtirokida sodir bo‘lgan, fuqarolar vafot etgan yoki ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlangan yoxud boshqa moddiy zarar yetkazilgan hodisa.
(1-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 25-fevraldagi 3-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3612, 14.03.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)
2. Yo‘l-yo‘riqlar berishdan maqsad — haydovchida tashuvlarni amalga oshirishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni hosil qilishdan iborat.
3. Avtomobilda tashuvchi haydovchilarga quyidagi turdagi yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilishini ta’minlashi shart:
dastlabki — ishga qabul qilishda;
reys oldi — yo‘nalishga chiqish oldidan;
maxsus — muayyan mavzu bo‘yicha;
mavsumiy — bahorgi-yozgi va kuzgi-qishki mavsumlardan oldin;
navbatdan tashqari — haydovchilarga alohida shart-sharoitlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot va talablarni yetkazish zarur bo‘lganda.
4. Yo‘l-yo‘riqlar haydovchilarning ish tajribasi va malakasidan qat’i nazar, to‘liq hajmda berilishi lozim.
5. Yo‘l-yo‘riqlar berishning to‘g‘ri va to‘liq hajmda tashkil etilishi uchun mas’uliyat bevosita avtomobilda tashuvchining rahbari zimmasiga yuklatiladi.
6. Tegishli yil uchun yo‘l-yo‘riqlarning turi, mazmuni (mavzusi), berish vaqti, joyi va yo‘l-yo‘riq berish vazifasi yuklatiladigan shaxslar ro‘yxati YHX xizmati tomonidan ishlab chiqiladi va avtomobilda tashuvchining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Yo‘l-yo‘riqlarning mazmuni (mavzusi) va turini belgilashda tashuvlarning xususiyatlari va tashuv sharoitlari hisobga olinishi zarur.
8. Yo‘l-yo‘riq berish vaqtida mehnat ta’tili, kasallik va shu kabi boshqa sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagan haydovchilarga ular ishga chiqqan kuni tegishli turdagi yo‘l-yo‘riq to‘liq hajmda berilishi lozim, dastlabki yo‘l-yo‘riq bundan mustasno.
2-bob. Dastlabki yo‘l-yo‘riq
9. Dastlabki yo‘l-yo‘riq tashuvlarni amalga oshirish bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni hosil qilish maqsadida, avtomobilda tashuvchi tomonidan ishga qabul qilinayotgan barcha haydovchilarga majburiy ravishda beriladi.
10. Dastlabki yo‘l-yo‘riq haydovchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tganlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etganlaridan so‘ng beriladi.
11. Dastlabki yo‘l-yo‘riq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
ichki mehnat tartibi qoidalari;
haydovchiga biriktiriladigan avtotransport vositasida ishlash shart-sharoitlarining o‘ziga xos xususiyatlari;
Oldingi tahrirga qarang.
yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining asosiy talablari hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalari (bundan buyon matnda yo‘l harakati qoidalari deb yuritiladi) buzilganligi uchun javobgarlik;
(11-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining 2022-yil 4-iyuldagi 10-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2582-2, 25.07.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.07.2022-y., 10/22/2582-2/0671-son)
muntazam tashuvlarni amalga oshirish yo‘nalishi, oddiy (alohida xususiyatlari bo‘lmagan) yuklarni ortish, qayta ortish va tushirish, yuk ortish va tushirish ishlarini bajarish jarayonida mexanik vositalardan foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalari;
yo‘l harakati qoidalari buzilishi va yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishining oldini olish choralari;
yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda haydovchining harakatlari, shu jumladan yo‘l-transport hodisasi natijasida jabr ko‘rganlarga birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatish usullari;
yo‘nalishga chiqishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yo‘l-yo‘riqlarni olish tartibi;
tegishli sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablari.
12. Dastlabki yo‘l-yo‘riq YHX xizmatining xodimi yoki uning vazifasi yuklatilgan boshqa xodim tomonidan beriladi. Agar haydovchilar alohida hududda joylashgan avtoguruhga ishga qabul qilinayotgan bo‘lsa, dastlabki yo‘l-yo‘riq avtoguruh boshlig‘i tomonidan berilishi lozim.
13. Yong‘in xavfsizligi qoidalari, birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatish usullari hamda maxsus bilim va ko‘nikmalarni talab qiladigan boshqa masalalar bo‘yicha dastlabki yo‘l-yo‘riq berish uchun avtomobilda tashuvchining tegishli xizmatlari yoki kelishuv asosida boshqa tashkilotlardan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Dastlabki yo‘l-yo‘riq YHX xizmati yoki mehnat muhofazasi xonalarida yoxud zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa xonalarda o‘qitishning texnik vositalari, ko‘rgazmali o‘quv qurollari va adabiyotlari hamda yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlaridan foydalangan holda berilishi lozim.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
15. Dastlabki yo‘l-yo‘riq berishdan oldin yo‘l-yo‘riq beradigan xodim haydovchi bilan qisqa tanishuv suhbati o‘tkazishi, yo‘l-yo‘riq berish yakunlangandan keyin esa, haydovchi dastlabki yo‘l-yo‘riqning mazmunini o‘zlashtirganligi yuzasidan uning bilimini tekshirishi kerak.
16. Dastlabki yo‘l-yo‘riq, unda ishtirok etayotganlarning sonidan qat’i nazar, to‘liq hajmda beriladi. Yo‘l-yo‘riq berish davomiyligi avtomobilda tashuvchining rahbari tomonidan belgilanadi. Yo‘l-yo‘riq berish davomiyligi kamida 2 soatdan iborat bo‘lishi lozim.
17. Ishga yangi qabul qilingan haydovchilar mustaqil tashuvlarni amalga oshirish uchun dastlabki yo‘nalishga avtoguruh boshlig‘i yoki zarur ish tajribasiga ega bo‘lgan haydovchi bilan birga qo‘yilishi zarur.
3-bob. Reys oldi yo‘l-yo‘riq
18. Reys oldi yo‘l-yo‘riq haydovchilarga yo‘nalishga chiqish oldidan avtotransport vositasidan foydalanish, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashni to‘g‘ri va xavfsiz bajarishga o‘rgatish maqsadida beriladi.
19. Reys oldi yo‘l-yo‘riq quyidagi haydovchilarga beriladi:
shaharlararo va xalqaro tashuvlar, bolalarni, sayohatga chiqqan yo‘lovchilarni, shuningdek xavfli, katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni tashishni amalga oshiradigan haydovchilarga;
mavsum davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashishni amalga oshiradigan haydovchilarga;
bir muntazam yo‘nalishdan boshqa muntazam yo‘nalishga xizmat ko‘rsatishga o‘tgan haydovchilarga.
20. Reys oldi yo‘l-yo‘riq YHX xizmati rahbari tomonidan foydalanish xizmati rahbari bilan birgalikda beriladi.
21. Reys oldi yo‘l-yo‘riq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
haydovchi boshqaradigan avtotransport vositasining tuzilishi, unga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashning o‘ziga xos xususiyatlari, ushbu avtotransport vositasini xavfsiz boshqarish usullari;
harakatlanish shartlari va yo‘nalishda mavjud bo‘lgan xavfli manzillar;
ob-havo sharoitlari;
harakatlanish, dam olish va ovqatlanishni tashkil qilish tartibi;
avtotransport vositasini to‘xtatib turish va qo‘riqlash tartibi;
yuklar va yo‘lovchilarni tashishning xususiyatlari, temir yo‘l kesib o‘tish joylari, odamlar to‘planib turadigan joylardan o‘tish tartibi;
bolalarni tashishning alohida xususiyatlari;
tashuvlarni amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiquvchi boshqa muhim masalalar.
22. Avtomobilda tashuvchining texnika xizmati xodimi quyidagi hollarda reys oldi yo‘l-yo‘riq berishda ishtirok etadi:
haydovchini boshqa rusumli avtotransport vositasini boshqarishga o‘tkazishda;
haydovchini ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasini boshqarishga o‘tkazishda;
tirkama ulangan avtomobilni boshqarishda;
yoqilg‘i-moylash materiallarini tashishda.
23. Reys oldi yo‘l-yo‘riq berish vaqtida ish tajribasi va malakasidan qat’i nazar, ishga yangi qabul qilingan har bir haydovchining avtotransport vositasini boshqarish ko‘nikmalari tekshiriladi.
4-bob. Maxsus yo‘l-yo‘riq
24. Maxsus yo‘l-yo‘riq haydovchilarni yo‘nalishda xavfsiz va tejamli ishlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bilan tanishtirish maqsadida muayyan mavzu bo‘yicha beriladi.
25. Maxsus yo‘l-yo‘riq yakka tartibda yoki guruh uchun o‘tkazilishi mumkin. Yo‘l-yo‘riqning ushbu turi avtotransport vositalari guruhlari boshliqlari yoki avtomobilda tashuvchi rahbarining buyrug‘i bilan tayinlangan boshqa xodim tomonidan beriladi.
26. Maxsus yo‘l-yo‘riq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
keskin vaziyatlar yuzaga kelganda, xususan, avtomobilning turli tizimlari (tormoz tizimi, rul boshqaruvi, shinalar, mexanizmlarning harakatlanish qismi va shu kabilar) ishlamay qolganda haydovchi tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar;
avtotransport vositasini olib qochish, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz berishiga qarshi choralar.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Har bir mavzu bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berishda sodir bo‘lgan muayyan yo‘l harakati qoidalari buzilishi yoki yo‘l-transport hodisasi batafsil o‘rganib chiqilishi, mavzu harakat xavfsizligi nuqtai nazaridan bir yoki bir necha yo‘nalishlarda yoritilishi hamda bu boradagi qonunchilik hujjatlari talablari tanishtirib o‘tilishi zarur.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5-bob. Mavsumiy yo‘l-yo‘riq
28. Mavsumiy yo‘l-yo‘riq bir yilda ikki marta: bahorgi-yozgi va kuzgi-qishki mavsum boshlanishi oldidan haydovchilarni avtotransport vositasini boshqarish va undan foydalanishda yuzaga keladigan qo‘shimcha qiyinchiliklarga tayyorlash maqsadida beriladi.
29. Mavsumiy yo‘l-yo‘riq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
mavsumiy iqlim o‘zgarishlarining (havo haroratining keskin ko‘tarilishi yoki pasayishi, qor yog‘ishi, yo‘llarning muzlashi, bahorgi sel kelishi va boshqalar) asosiy xususiyatlari;
tegishli mavsumga xos bo‘lgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari va yo‘l-transport hodisalari, ularning yuzaga kelish sabablari;
avtotransport vositalari, yo‘lovchi va piyodalar oqimining mavsumga xos bo‘lgan xususiyatlari;
mavsumga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish usullari.
30. Mavsumiy yo‘l-yo‘riq avtomobilda tashuvchining texnika xizmati va YHX xizmati xodimlari tomonidan beriladi.
6-bob. Navbatdan tashqari yo‘l-yo‘riq
31. Navbatdan tashqari yo‘l-yo‘riq to‘satdan vujudga kelgan alohida shart-sharoitlar bo‘yicha haydovchilarga qo‘shimcha ma’lumot va talablarni yetkazish maqsadida beriladi.
32. Navbatdan tashqari yo‘l-yo‘riq quyidagi holatlarda beriladi:
yo‘nalishlardagi harakatlanish sharoitlarida xavfli o‘zgarishlar yuz berganda (yo‘llarda xavfli joylar paydo bo‘lishi, ob-havoning keskin o‘zgarishi va shu kabi boshqa holatlarda);
yuk yoki yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlari keskin o‘zgarganda;
Oldingi tahrirga qarang.
haydovchilarni yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar, shu jumladan qabul qilingan yangi qonunchilik hujjatlari mazmuni bilan tanishtirish zarurati yuzaga kelganda;
(32-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
avtomobilda tashuvchining avtotransport vositalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda;
haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganda;
haydovchi bir necha kunlik xizmat safariga yuborilayotganda.
33. Navbatdan tashqari yo‘l-yo‘riqda berilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar har bir holatda uning maqsadidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
34. Navbatdan tashqari yo‘l-yo‘riq avtotransport vositalari guruhlari boshliqlari yoki YHX xizmati xodimi tomonidan beriladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
35. Haydovchilarga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish bo‘yicha xarajatlar avtomobilda tashuvchining mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
36. Avtomobilda tashuvchining rahbari mazkur Nizomda belgilangan yo‘l-yo‘riqlarning berilishini tashkil etish uchun mas’uldir.
37. Avtomobilda tashuvchining YHX xizmati, foydalanish xizmati va texnika xizmati xodimlari haydovchilarga yo‘l-yo‘riqlar berish bo‘yicha mazkur Nizomga muvofiq zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishi uchun javobgardir.
38. Haydovchilar mazkur Nizomga muvofiq yo‘l-yo‘riq berishda ishtirok etishlari hamda unda berilgan ko‘nikmalarga rioya qilishlari lozim.
39. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 22-aprel
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2014-yil 22-aprel
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2014-yil 22-aprel
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2014-yil 22-aprel
Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Yo‘l-yo‘riqlar berishni qayd qilish
KITOBI
| T/r |
Yo‘l-yo‘riq turi | Yo‘l-yo‘riq berilgan sana | Yo‘l-yo‘riq berilgan shaxsning F.I.O. |
Kasbi, lavozimi |
Avtotransport vositasining rusumi |
Imzolar | |
| yo‘l-yo‘riq bergan shaxs |
yo‘l-yo‘riq berilgan shaxs | ||||||
| | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| | | | | | | | |
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 20-son, 234-modda; 2016-y., 50-son, 577-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 25.07.2022-y., 10/22/2582-2/0671-son; 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)