O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini axborot-metodik ta’minlash xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-maydagi 391-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 12-iyuldagi 204-son qarorini bajarish yuzasidan hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini metodik ta’minlashni yanada takomillashtirishga doir tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini axborot-metodik ta’minlash xizmatining (keyingi o‘rinlarda Xizmat deb ataladi) xodimlarining cheklangan umumiy soni (yordamchi xodimlarsiz) 70 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari 17 nafar bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xizmat davlat muassasasi hisoblanishi, uning xodimlari tarkibini to‘ldirish esa kasb-hunar kollejlaridagi metodist lavozimini tugatish natijasida bo‘shab qoladigan xodimlar hisobiga amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Xizmatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ta’lim standartlari, o‘quv rejalari, dasturlar va metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish, joriy etish va qo‘llash monitoringini, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini tayyorlashni tashkil etish;
o‘quv jarayonini tashkil etishda, o‘qitishning zamonaviy shakllarini, yangi ilg‘or pedagogik va axborot-kompyuter texnologiyalarini joriy etishda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga metodik yordam berish;
o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining pedagogik va kasbiy darajasini oshirish maqsadida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining yuqori malakali mutaxassislarini trenyerlar-moderatorlar sifatida jalb etgan holda ular uchun seminarlar-treninglar tashkil etish;
o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bilimlari, tajribasi va amaliy mahorati oshishiga ko‘maklashuvchi faol shakllar va usullarni, audio-vizual hamda o‘qitishning boshqa ko‘rgazmali vositalarini ishlab chiqish, eksperimental maydonlarda sinovdan o‘tkazish va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga joriy etish;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida fan kabinetlari, laboratoriyalar, o‘quv ustaxonalari va o‘quv poligonlarini jihozlash bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari bilan birgalikda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘quv-ta’lim va tarbiyaviy ishlar darajasini oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalarining o‘quv-metodik ta’minlash bo‘limlari ishlarini muvofiqlashtirish va ularga metodik rahbarlik qilish.
3. Belgilansinki:
Xizmatga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi bilan kelishilgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi;
(3-bandning ikinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-fevraldagi 107-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son)
Xizmat faoliyatiga O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktorining o‘rinbosari — Davlat ta’lim standartlarini takomillashtirish va ta’lim yo‘nalishlarini birxillashtirish boshqarmasining boshlig‘i tomonidan mutasaddilik qilinadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktoriga, zaruriyat bo‘lganda, Xizmat tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bir oy muddatda, belgilangan tartibda:
Xizmat Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Xizmatning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini va uning yuqori malakali mutaxassislar va rahbar xodimlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda Xizmat xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdorlari hamda shartlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, ularga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini tatbiq etsin.
6. Xizmat Toshkent shahar, Universitet ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Kompyuter texnologiyalari akademik litseyi binosiga ijara to‘lovi undirilmasdan joylashtirilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha 2014-yilda — Xizmatning joriy ta’minoti va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur mablag‘larni ajratsin va 2015-yildan boshlab esa ularni “Ta’lim” sohasi uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 14-aprel,
91-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi 91-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini axborot-metodik ta’minlash xizmatining
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi 91-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘zgartirishlar kiritilayotgan qarorlari
ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-avgustdagi 165-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 41-modda) bilan tasdiqlangan Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining boshqa pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlaridagi “Lavozimlar nomi” ustunining 4-bandidan “metodist” so‘zi chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-avgustdagi 180-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 8-son, 45-modda) bilan tasdiqlangan Tayanch kasb-hunar kolleji va uning filiallari to‘g‘risidagi nizomda:
a) 22-banddagi “metodistlar” so‘zi chiqarib tashlansin;
b) 23-banddagi “metodist” so‘zi chiqarib tashlansin;
v) 47-bandning 1-kichik bandidagi “metodistlar” so‘zi chiqarib tashlansin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 16-son, 179-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son)