Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SKS-2 qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasining amalga oshirilishini taʼminlashiga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Shoʻrtan konida uglevodorodlarning qoldiq zaxiralarini maksimal darajada qazib olish hisobiga tabiiy gaz qazib olishni koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi yiliga 9 mlrd kub metr tabiiy gaz quvvatini saqlab qolish uchun 18 ta ishlatish qudugʻini burgʻulashni, 16 ta quduqni kapital taʼmirlashni, tabiiy gazni yigʻish va tashishning mavjud tizimini kengaytirishni va siquv kompressor stansiyasini qurishni nazarda tutuvchi 309,5 mln AQSH dollariga teng miqdordagi kapital qoʻyilmalarni oʻzlashtirgan holda “SKS-2 qurish bilan Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasini amalga oshirishi;
koʻrsatib oʻtilgan investitsiya loyihasi doirasida tanlov savdolari oʻtkazilgani va umumiy qiymati 177,795 mln AQSH dollari boʻlgan asosiy texnologik asbob-uskunalarni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “SKS-2ni qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari va ishlarni tugallash muddati 1-ilovaga* muvofiq boʻlgan, 2014-yil dekabrda foydalanishga topshiriladigan texnik-iqtisodiy asosi maʼqullansin.
3. Quyidagilar:
“Oʻzbekneftgaz” MXKning ekvivalenti 96,57 mln AQSH dollariga teng boʻlgan oʻz mablagʻlari;
“Oʻzsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 53,36 mln AQSH dollari miqdoridagi, tuzilgan shartnomalar doirasida batafsil spetsifikatsiyalar va texnik loyiha yechimlari ishlab chiqilishiga qarab, ularni Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida ekspertizadan oʻtkazgan holda 7 yil muddatga, shu jumladan 2 yil imtiyozli davr bilan, yillik 3,5 foizli stavka bilan, shu jumladan qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,5 foizli marjasi bilan beriladigan krediti;
Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi mablagʻlari hisobidan davlat tijorat Xalq bankining 70,56 mln AQSH dollariga teng miqdordagi krediti 7 yil muddatga, shu jumladan 2 yil imtiyozli davr bilan, yillik 10 foiz stavkasi bilan;
tijorat banklari, shu jumladan xorijiy banklarning 89,02 mln AQSH dollari miqdoridagi kreditlari “SKS-2 qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasining moliyalashtirish manbalari etib belgilansin;
4. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi ikki oy muddatda “SKS-2 qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tijorat banklari, shu jumladan xorijiy banklarning kreditlari jalb etilishi va tegishli qarz bitimlari imzolanishini taʼminlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekneftgaz” MXK qarz oluvchi va investitsiya loyihasini amalga oshirish hamda kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanish uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organ hisoblanadi;
investitsiya loyihasi doirasida jalb etiladigan kreditlarni qaytarish va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzbekneftgaz” MXKning oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
6. Quyidagilar:
“SKS-2 qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditini soʻndirishning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
“SKS-2 qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasi boʻyicha davlat tijorat Xalq bankining asosiy qarzini va kredit foizlarini toʻlashning hisob-kitob jadvali 3-ilovaga* muvofiq;
“SKS-2 qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasi boʻyicha tijorat banklari, shu jumladan xorijiy banklarning asosiy qarzi va kredit foizlarini toʻlashning hisob-kitob jadvali 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 4-ilovalar berilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi “SKS-2 qurish orqali Shoʻrtan konini qoʻshimcha jihozlash” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida loyiha hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan tegishli davlat arxitektura-qurilish nazoratini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.A. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimovlar zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 9-aprel,
86-son