Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlarining bank ishi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 472-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2019-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-573-son va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2019-yil 5-noyabrdagi OʻRQ-580-son qonunlari)”gi qaroriga asosan 2020-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2013-yil 15-avgustdagi 225-son qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarining bank ishi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishining yagona tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;
Banklarda auditorlik tekshirishlarini oʻtkazish huquqiga sertifikat berishda ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq;
Yuridik shaxslar — rezidentlar tomonidan chet elda hisob raqamlari ochishga ruxsatnomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga* muvofiq;
Vakolatli banklar tomonidan naqd xorijiy va (yoki) milliy valyutani olib kirish va olib chiqishga ruxsatnomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga* muvofiq;
Binoning Markaziy bank talablariga muvofiqligi asbob-uskunalar, kassa uzelining tayyorligi va dasturiy-texnik vositalar bilan jihozlanganligi toʻgʻrisida xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga* muvofiq.
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
*1 — 6-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 10-mart,
56-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 11-son, 125-modda, 31-son, 380-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda, 15-son, 181-modda; 2016-y., 18-son, 195-modda, 34-son, 405-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son, 07.09.2019-y., 09/19/744/3712-son)