O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Shaharning tarixiy qismidagi madaniy meros obyektlarini ehtiyotlab saqlash va ulardan zamonaviy foydalanishni oqilona tashkil etish yo‘li bilan Shahrisabz shahrining bosh rejasi amalga oshirilishini ta’minlash, uning tarixiy-arxitekturaviy, ijtimoiy-madaniy va turizm salohiyatini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish, aholi yashashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin, Dastur quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
1-ilovaga* muvofiq yo‘l-transport infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish;
2-ilovaga* muvofiq shahar atrofida yangi zamonaviy avtobus stansiyalari qurish va mavjudlarini mukammal ta’mirlash, shuningdek avtobus parkining harakatdagi tarkibini yangilash;
3-ilovaga* muvofiq kommunikatsiyalar tizimlarini rivojlantirish;
4-ilovaga* muvofiq arxitekturaviy-rejalashtirish qiyofasini yaxshilash;
5-ilovaga* muvofiq tarixiy-madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va ularning holatini yaxshilash;
6-ilovaga* muvofiq zamonaviy mehmonxonalar qurish;
7-ilovaga* muvofiq yakka tartibdagi va ko‘p qavatli uy-joylarni loyihalash va ularni qurish uchun yer uchastkalari ajratish.
*1—7-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlarini amalga oshirish hamda ularning bajarilishi monitoringini olib borish bo‘yicha 8-ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi komissiya (keyingi o‘rinlarda Ishchi komissiya deb ataladi) tuzilsin.
Ishchi komissiya (R.S. Azimov)ga:
Dasturga kiritilgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarining amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshirish, shuningdek ularning belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini ta’minlashga doir zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
Dasturga kiritilgan obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirishni o‘z vaqtida ochish, shuningdek mablag‘lardan qat’iyan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish;
belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur ishlar ko‘lamini sifatli tayyorlagan holda Shahrisabz shahrining bosh rejasiga muvofiq, avariya holatidagi va eskirgan uy-joylarning belgilangan tartibda o‘z vaqtida buzib tashlanishini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish yuklansin.
Ishchi guruhga, zaruriyat bo‘lganda, Dasturga vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalarining O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi, Qashqadaryo viloyati va Shahrisabz tumani hokimliklari bilan kelishilgan asoslangan takliflari bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Qashqadaryo viloyati va Shahrisabz tumani hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari hamda Dasturni amalga oshirish doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi tijorat banklari:
bir oy muddatda — Dasturga kiritilgan tadbirlar va loyihalarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishning tarmoq jadvallarini belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
belgilangan chora-tadbirlarning Dasturda nazarda tutilgan parametrlar va muddatlarga qat’iy muvofiq ravishda to‘liq bajarilishini ta’minlasinlar;
paydo bo‘ladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha zarur tashkiliy va amaliy chora-tadbirlarni ko‘rgan holda, Dastur parametrlarining bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borsinlar ;
Dasturning bajarilishi to‘g‘risida har oyda Ishchi komissiyaga axborot taqdim etsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda 2015-yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturini hamda Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ularga, belgilangan tartibda asoslangan va tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, Dastur doirasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalarning kiritilishini ta’minlasinlar.
5. Qashqadaryo viloyati va Shahrisabz tumani hokimliklari:
maqbul yer uchastkalari ajratishda, shuningdek turizmni va boshqa biznesni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazish tartibotlarini amalga oshirishda loyihalar tashabbuskorlariga har tomonlama ko‘maklashishni;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Shahrisabz shahrining madaniy meros obyektlarini saqlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasinlar.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
6. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi loyihalash ishlarining ekspertizadan o‘tkazish bilan birgalikda amalga oshirilishini va Dasturga kiritilgan obyektlarda qurilish-montaj ishlari sifati yuzasidan zarur darajadagi davlat nazoratini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Tijorat banklariga:
buyurtmachilarga hamda Dasturga kiritilgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashni amalga oshirish uchun jalb etilgan pudrat tashkilotlariga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkalar bo‘yicha kreditlar ajratish;
Shahrisabz shahrining tarixiy maydonida qurilgan tadbirkorlik obyektlarini sotib olish uchun tadbirkorlar va hunarmandlarga 15 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkalari bo‘yicha kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-sentabrdagi 294-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 37-son, 431-modda)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 20-fevral,
31-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-fevraldagi 31-son qaroriga
8-ILOVA
8-ILOVA
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ularning bajarilishi monitoringini olib borish bo‘yicha Ishchi komissiya
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.
| Azimov R.S. | — |
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Ishchi komissiya rahbari |
| Zakirov B.I. | — |
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Ishchi komissiya rahbarining o‘rinbosari |
| Ibragimov G‘.I. | — |
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Ishchi komissiya rahbarining o‘rinbosari |
| Ro‘ziyev Z.Sh. | — | Qashqadaryo viloyati hokimi |
| Xojimatov M.M. | — | Madaniyat vaziri |
| Kamalov A.S. | — | Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari |
| Turdiyev D.R. | — | Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari |
| Abdullayev M.R. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| Toxtayev A.R. | — | “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Mirzaxidov X.M. | — | O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri |
| Arabov S.A. | — | “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi raisi |
| Gafarov S.X. | — |
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Mansurov R. |
— |
Madaniyat vazirligining bosh boshqarmasi boshlig‘i |
| Mustafayev U.M. | — | Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari |
| Xolmuxamedov U.O. |
— |
“O‘zkommunxizmat” agentligining bosh direktori |
| Shukurov J.M. | — |
Respublika yo‘l jamg‘armasining ijro etuvchi direktori |
| Abduvaliyev A.A. | — | “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Basidov I.S. | — | “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Eshmuradov B.B. | — | “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi bosh muhandisi |
| Norov F.Y. | — | Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimi |
| Abdullayev B.U. | — | “O‘zshaharsozlikLITI” DUK direktori |
| Qurbonov Sh.T. | — | Qashqadaryo viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i |
| Avazov N.N. | — | Shahrisabz tumani bosh arxitektori |
| Boqiyev F.X. | — | O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yig‘ma ATD mudiri, Ishchi komissiya kotibi |
Izoh: komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(8-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 8-son, 82-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; 2016-y., 37-son, 431-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda, 33-son, 863-modda)