O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2000-yilda naqd pul emissiyasi darajasi va kassa rejasining parametrlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Naqd pul muomalasini yanada mustahkamlash, respublika mintaqalarida naqd pul muomalasining ahvoli uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar bo‘yicha umuman 2000-yilda va yilning I choragida naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasining cheklangan parametrlari va kassa rejasiga 1, 2, 3-ilovalarga* muvofiq rozilik berilsin.
* 1, 2, 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari belgilangan naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasining cheklangan parametrlari va kassa rejalari bajarilishi ustidan qattiq va amaliy nazoratni ta’minlasinlar.
2. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari iste’mol bozorining zarur tovarlar bilan to‘ldirilishi, naqd pul tushumlari ta’minlanishi va aholiga ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishi uchun shaxsan javob beradilar.
3. “O‘zbeksavdo”, “O‘zbekbirlashuv” kompaniyalari, “O‘zavtotrans” davlat korporatsiyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksionerlik kompaniyasi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” davlat uyushmasi, O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, savdo tarmog‘iga ega bo‘lgan va aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va shaharlar hokimliklari mahalliy bozorlarni zarur turdagi xalq iste’mol tovarlari bilan ta’minlash va pulli xizmatlar sohasini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari mazkur qarorning bajarilishi barcha darajadagi kollegial organlar majlislarida muntazam ravishda ko‘rib borilishini ta’minlasinlar, tasdiqlangan kassa rejalarining bajarilishi ta’minlanishi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar va mutaxassislarga nisbatan moddiy rag‘batlantirish va ularning javobgarligini oshirishning belgilangan usullarini qo‘llasinlar.
5. Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan tovarlar sotilishi, ishlar bajarilishi va xizmatlar ko‘rsatilishidan tushgan naqd pul tushumi o‘z vaqtida va to‘liq topshirilishi ta’minlanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga 2000-yilning keyingi choraklari uchun naqd pul emissiyasi darajasi va kassa rejalarining aniqlashtirilgan parametrlarini navbatdagi chorak boshlanishidan 10 kun oldin Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish tavsiya etilsin.
7. Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasi mazkur qarorning bajarilishini har oyda ko‘rib borsin va naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasi va kassa rejasining belgilangan cheklangan parametrlarining bajarilishi uchun mansabdor shaxslarni rag‘batlantirish va ularning javobgarligini oshirish yuzasidan, shuningdek prognoz ko‘rsatkichlarning amalda bajarilishini hisobga olgan holda ularga tuzatish kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 22-yanvar,
19-son