O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2014-2015-yillarda va istiqbolda 2020-yilgacha suvlarni O‘zbekiston Respublikasi suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-426-sonli “Aholini va hududlarni xavfli gidrometeorologik hodisalar hamda geologik jarayonlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi hududi va aholisini sel toshqini va yer o‘pirilishi hodisalaridan himoya qilish bo‘yicha 2013-yil uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2013-yil 28-fevraldagi PQ-1926-son qarorini bajarish yuzasidan hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini O‘zbekiston Respublikasi suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini oshirish, aholini va iqtisodiyot tarmoqlarining ijtimoiy obyektlarini toshqin va xavfli sel hodisalarining salbiy ta’siridan himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-fevraldagi PQ-1926-son qarori doirasida qirg‘oqni mustahkamlash va boshqa tarzda himoya qilishning birinchi navbatdagi tadbirlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimlariga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish ta’minlanmaganligi ko‘rsatib o‘tilsin.
2. 2014-2015-yillarda va istiqbolda 2020-yilgacha suvlarni O‘zbekiston Respublikasi suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborish dasturi ma’qullansin. Dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:
2014-2015-yillarda sel va toshqin suvlarini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash ishlarining prognoz parametrlari (foydalanish xarajatlari hisobiga) 1-ilovaga* muvofiq;
2015-yilda sel va toshqin suvlarini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash ishlarining prognoz parametrlari (kapital qo‘yilmalar hisobiga) 2-ilovaga* muvofiq;
2014-2015-yillarda sel va toshqin suvlarini mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash ishlarining prognoz parametrlari (kapital qo‘yilmalar hisobiga) 3-ilovaga* muvofiq;
2014-2015-yillarda sel va toshqin suvlarini boshqa vazirliklar va idoralarga qarashli suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash ishlarining prognoz parametrlari (o‘z mablag‘lari hisobiga) 4-ilovaga* muvofiq;
istiqbolda 2016 — 2020-yillar davrida suvlarni O‘zbekiston Respublikasining suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishning asosiy parametrlari 5-ilovaga* muvofiq.
*1—5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
vazirliklar va idoralarning o‘z mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar toshqin suvlari va sel oqimlarini O‘zbekiston Respublikasi suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash ishlarini bajarishni moliyalashtirishning manbalari etib belgilansin.
4. Belgilansinki, tasarrufida suv xo‘jaligi obyektlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
tegishli ishlar bajarilishining buyurtmachilari hisoblanadilar;
ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi va manzilli dastur bajarilishi uchun javob beradilar.
5. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari, shuningdek manfaatdor vazirliklar va idoralar har yili 2014-2015-yillarda va istiqbolda 2020-yilgacha suvlarni O‘zbekiston Respublikasi suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborish dasturi doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallari belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasinlar, ular o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda toshqin suvlari va sel oqimlarini O‘zbekiston Respublikasi suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash loyihalarini shakllantirish, ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda vazirliklar, idoralarning xarajatlari smetasida, shuningdek viloyatlar hokimliklarining mahalliy budjetlari parametrlarida 1 va 3-ilovalarga kiritilgan obyektlar bo‘yicha tadbirlarni bajarishga zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2014-yil va keyingi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda buyurtmachilarning asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha 2, 3, 5-ilovalarga kiritilgan obyektlar bo‘yicha ishlarni bajarishni moliyalashtirishga buyurtmachilarga har yili ajratiladigan limitlar doirasida budjet mablag‘larini nazarda tutsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda manzilli dasturga kiritilgan loyihalar amalga oshirilishi ustidan obyektma-obyekt monitoring o‘rnatsin va har oyda tegishli axborotni toshqin suvlari va sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chkisi va yer o‘pirilishi hodisalari xavfini pasaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga kiritsinlar.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 21-yanvar,
13-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 4-son, 49-modda)