Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida alohida valyuta rejimi faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 2-sentabrdagi PF-5177-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-sentabrdagi PQ-3270-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etish toʻgʻrisida” 2008-yil 2-dekabrdagi PF-4059-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida alohida valyuta rejimi faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-dekabr,
341-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-dekabrdagi 341-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida alohida valyuta rejimi faoliyati tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida (keyingi oʻrinlarda “Navoiy” EIIZ deb ataladi) alohida valyuta rejimi faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi faqat “Navoiy” EIIZ direksiyasi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (keyingi oʻrinlarda “Navoiy” EIIZ qatnashchilari deb ataladi) tomonidan faqat “Navoiy” EIIZ hududida amalga oshirilayotgan faoliyatga tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizom maqsadlari uchun valyutani tartibga solish boʻyicha qonun hujjatlarida foydalaniladigan tushunchalar qoʻllaniladi.
4. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibotlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
II. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari tomonidan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi
5. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari xizmat koʻrsatish uchun vakolatli banklarni mustaqil tanlaydilar va Oʻzbekiston Respublikasining bir yoki bir necha vakolatli banklarida (keyingi oʻrinlarda vakolatli bank deb ataladi) xorijiy valyutada hisob raqamlari ochishga haqlidir.
6. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatini olgan holda chet eldagi banklarda hisob raqamlariga ega boʻlish huquqiga ham egadir.
7. Xorijiy valyutada talab qilib olinadigan depozit hisob raqamlarini, shuningdek talab qilib olinadigan ikkilamchi depozit hisob raqamlarini ochish uchun “Navoiy” EIIZ qatnashchilari vakolatli bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) hisob raqamlari ochishga ariza;
b) basharti qonun hujjatlarida oʻzga hol nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat soliq xizmati organlari tomonidan berilgan soliq toʻlovchining indentifikatsiya raqamini berish toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
v) “Navoiy” EIIZ qatnashchisi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi shahodatnomaning nusxasi;
g) imzolar namunalari va tushirilgan muhr izi bilan birgalikda kartochkalarning ikki nusxasi.
8. “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining xorijiy valyutadagi mablagʻlari vakolatli banklarning hisob raqamlarida saqlanadi va ular tomonidan ushbu Nizomga muvofiq mustaqil ravishda foydalaniladi.
“Navoiy” EIIZ qatnashchilarining chet eldagi banklarda ochilgan hisob raqamlaridagi xorijiy valyutadagi mablagʻlarini saqlash chet eldagi banklarda hisob raqamlari ochishga ruxsat berishiga asos boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
9. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari tomonidan olinadigan xorijiy valyutadagi tushum, shu jumladan tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan olinadigan xorijiy valyutadagi tushum vakolatli banklarda ularning hisob raqamlariga oʻtkazilishi shart.
“Navoiy” EIIZ qatnashchilarining chet eldagi banklarda ochilgan hisob raqamiga xorijiy valyutada mablagʻlar tushishi chet eldagi banklarda hisob raqamlari ochishga ruxsat berishga asos boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
10. “Navoiy” EIIZ qatnashchilariga quyidagilarga ruxsat beriladi:
ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar va kontraktlar boʻyicha hisob-kitob va toʻlovlarni EIIZ hududida xorijiy valyutada amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va xizmatlarning haqini erkin almashtiriladigan valyutada toʻlash;
eksport va import qilinadigan tovarlar uchun haq toʻlash va hisob-kitob qilishning ular uchun qulay shartlari va shakllaridan foydalanish.
11. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan, “Navoiy” EIIZ qatnashchilari hisoblanmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tovarlar, ishlar va xizmatlarni “Navoiy” EIIZ qatnashchilariga xorijiy valyutaga sotishga haqlidir.
12. “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining valyuta hisob raqamlariga Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli banklarida:
a) tashqi savdoni amalga oshirish bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha;
b) “Navoiy” EIIZ qatnashchilari bilan tuzilgan shartnomalar va kontraktlarga muvofiq toʻlovlar boʻyicha;
v) Oʻzbekiston Respublikasi hududida vakolatli banklar orqali sotib olingan;
g) qonun hujjatlarida belgilangan hollarda — “Navoiy” EIIZ qatnashchilari tomonidan olingan naqd xorijiy valyuta;
d) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshilgan;
e) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olingan kreditlar, xorijiy investitsiyalar va qarzlar va ularni amalga oshirish bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha;
j) plastik toʻlov va kredit kartochkalari boʻyicha toʻlovlar boʻyicha;
z) qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda nosavdo tusidagi toʻlovlar boʻyicha;
i) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chet eldan begʻaraz yordam shaklda tushgan;
k) boshqa banklarda ochilgan hisob raqami egasining boshqa hisob raqamlaridan oʻtkazilgan;
l) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa holatlarda xorijiy valyutada mablagʻlar oʻtkazilishi mumkin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli banklarida “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining valyuta hisob raqamlaridagi xorijiy valyutadagi mablagʻlar hisob raqami egasining farmoyishiga koʻra:
a) joriy xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlar boʻyicha oʻtkazilishi;
b) tuzilgan shartnomalar va kontraktlarga muvofiq “Navoiy” EIIZ qatnashchilari hisob raqamlariga oʻtkazilishi;
v) tovarlar, ishlar va xizmatlar yetkazilib berilganligi uchun haq toʻlashga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining hisob raqamlariga yuborilishi;
g) belgilangan tartibda vakolatli bankning xorijiy valyutadagi operatsiyalari boʻyicha vositachilik taqdirlash haqini toʻlash, xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safariga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarga haq toʻlash uchun (shu jumladan naqd toʻlash uchun) foydalanilishi;
d) kreditlar, qarzlar, foizlarni qaytarish hisobiga foydalanilishi;
e) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish boʻyicha xarajatlarga oʻtkazilishi;
j) Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat koʻrsatuvchi bankka sotilishi;
z) “Navoiy” EIIZ qatnashchilari xodimlari — norezidentlarning ish haqini toʻlash uchun foydalanilishi;
i) hisob raqami egasining Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli banklarida ochilgan boshqa hisob raqamlariga oʻtkazilishi;
k) qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda nosavdo tusidagi toʻlovlar boʻyicha oʻtkazilishi;
l) qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda foydalanilishi mumkin.
14. “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining chet eldagi banklarda ochilgan hisob raqamlari orqali mablagʻlarning barcha harakatlari Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi banklarda hisob raqamlari ochishga ruxsat berishga asos boʻlgan qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
15. Ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani sotib olish va sotish “Navoiy” EIIZ qatnashchilari tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buyurtmanoma va tegishli hujjatlarni taqdim etish yoʻli bilan vakolatli banklar orqali amalga oshiriladi.
III. Eksport-import kontraktlarini ijro etish va monitoringini olib borish tartibi
16. “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining eksport va import kontraktlari monitoringini olib borish Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
17. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari eksport qilinadigan (import qilinadigan) tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun haq toʻlash va hisob-kitoblarning ular uchun qulay shartlari va shakllaridan foydalanishga haqlidir.
18. “Navoiy” EIIZ qatnashchilarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Eksport qiluvchilar yuklab joʻnatilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun xorijiy valyutadagi tushum ularning hisob raqamlariga oʻz vaqtida va toʻliq tushmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(III-boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 21-iyuldagi 199-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 30-son, 371-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(IV-boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 21-iyuldagi 199-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 30-son, 371-modda)
V. Nazorat va hisobot
26. “Navoiy” EIIZ qatnashchilari tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarining toʻgʻriligini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
27. Vakolatli banklar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha va muddatlarda “Navoiy” EIIZ hududida amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hisobot taqdim etadilar.
28. “Navoiy” EIIZning ushbu Nizom talablarini va valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 695-modda; 2014-y., 30-son, 371-modda)