O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2013-yil 25-iyuldagi 207-son qarorini bajarish yuzasidan, psixiatriya xizmati muassasalarining tibbiyot xodimlari mehnatini moddiy rag‘batlantirishni yaxshilash, shuningdek tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 12-son, 64-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 9-dekabr,
325-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-dekabrdagi 325-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimcha
1. 24-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“bemorlarga ularning uyida xizmat ko‘rsatadigan psixonevrologiya dispanserlarining (psixiatriya shifoxonalari dispanser bo‘limlarining) psixiatr vrachlariga va o‘rta tibbiyot xodimlariga: uzluksiz ish stajining dastlabki uch yili uchun hamda har bir keyingi ikki yili uchun — tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng ko‘p miqdori — 30 foiz”.
2. 2-ilovaning 3.13-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3.13. Tez tibbiy yordam stansiyalari (bo‘limlari).
Ruhiy kasallangan bemorlarga va ularni avtomobilda shifoxonaga olib borishda tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan brigadalarning vrachlari, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari lavozimlari.
Ruhiy kasallangan bemorlarga va ularni avtomobilda shifoxonaga olib borishda tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan brigadalar avtomobillarining haydovchilari”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 50-son, 652-modda)