O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyati tarkibida Yangiobod ma’muriy-hududiy tumanini tuzishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Jizzax viloyati tarkibida Yangiobod ma’muriy-hududiy tumani tuzish to‘g‘risida” 1999-yil 15-apreldagi 774-1-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hokimiyat ijroiya organlarining alohida o‘ziga xos tuzilmasiga ega bo‘lgan Yangiobod ma’muriy-hududiy tumanini tuzishning tashkiliy masalalarini hal etish bo‘yicha 1-ilovaga muvofiq Respublika komissiyasi tuzilsin.
2. Yangiobod ma’muriy-hududiy tumani hokimligi apparati tuzilmasi va uning xodimlarining cheklangan soni, mehnatga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 15 kun muddatda:
qo‘shimcha ajratiladigan va Sirdaryo viloyatining Xovos va Boyovut tumanlaridan beriladigan shtat birliklarini hisobga olgan holda davlat boshqaruv organlarining yangidan tashkil etilayotgan har bir tuman bo‘linmasi xodimlari sonini belgilangan tartibda belgilasin;
1999-yilda ko‘rsatib o‘tilgan tumanning boshqaruv apparatini moliyaviy ta’minlash uchun joriy yilda nazarda tutilgan budjet ko‘rsatkichlari doirasida zarur mablag‘lar ajratsin, 2000-yildan boshlab esa, har yili budjetni shakllantirishda ularning ta’minotiga mablag‘larni nazarda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda keyinchalik statistika bazasi qiyosiyligini ta’minlash uchun Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining statistika ko‘rsatkichlariga bir oy muddatda tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
5. Jizzax (Sh. M. Mirziyoyev) va Sirdaryo (O‘. Q. Ismoilov) viloyatlari hokimliklari 15 kun muddatda:
Yangiobod ma’muriy-hududiy tumani tuzilishi bilan bog‘liq barcha zarur tashkiliy-texnik tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlasinlar;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tegishli tuman bo‘linmalarining ishlashini tashkil etsinlar.
6. Jizzax viloyati hokimligi (Sh. M. Mirziyoyev):
Respublika komissiyasi bilan birgalikda Yangiobod ma’muriy-hududiy tumanini Jizzax viloyati tarkibiga uzviy ravishda kiritishning tashkiliy masalalarini tezroq hal etish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rsin;
Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi (B. M. Olimjonov) va Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (A. Jalolov) bilan birgalikda tuman qishloq xo‘jaligi rivojlantirilishini, shu jumladan, yangi sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirish maqsadida qurilayotgan (Yangiyer — Balandchaqir) nasos stansiyasi o‘z vaqtida ishga tushirilishini ta’minlasin;
Vazirlar Mahkamasining Yo‘l-transport kommunikatsiyalarini qurish va rivojlantirish kompleksi (R. R. Yunusov), “O‘zavtoyo‘l” davlat konserni bilan birgalikda Yangiobod ma’muriy-hududiy tumanini Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, shuningdek Xovos tumani markazlari bilan tutashtiruvchi yo‘llar tuzatilishini va ular tegishli toifaga keltirilishini ta’minlasin;
Vazirlar Mahkamasining Iste’mol bozori kompleksi (M. Z. Usmonov) va “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi (I. A. Zaynutdinov) bilan birgalikda tuman aholisi oziq-ovqat mahsulotlari bilan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar — moddiy-texnika va yonilg‘i-moylash materiallari bilan uzluksiz ravishda ta’minlanishini tashkil qilsin;
Vazirlar Mahkamasining Kommunikatsiyalar kompleksi (L. A. Axmetov), “O‘zavtotrans” davlat korporatsiyasi (Q. M. Sidiqnazarov) bilan birgalikda Yangiobod ma’muriy-hududiy tumanining iqtisodiyoti va aholisining transport xizmatlariga bo‘lgan talablarini to‘liq qondirish uchun yuk va uzluksiz harakat qiluvchi yangi yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarini tashkil etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi (V. A. Chjen), O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi (M. A. Sobirov), Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi (A. Bobomirzayev) bilan birgalikda Yangiobod ma’muriy-hududiy tumanida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi (O‘. T. Komilov) va Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita (G‘. Q. Teshayev) bojxona va chegara postlari joylashuviga tegishli o‘zgartirishlar kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B. M. Olimjonov va Jizzax viloyati hokimi Sh. M. Mirziyoyev hamda Sirdaryo viloyati hokimi O‘. Q. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 30-aprel,
206-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 206-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Jizzax viloyati tarkibida Yangiobod ma’muriy-hududiy tumanini tuzishning tashkiliy masalalarini hal etish bo‘yicha Respublika komissiyasining
TARKIBI
| Olimjonov B. M. | — | Bosh vazir o‘rinbosari, komissiya raisi |
| Jalolov Y. J. | — | O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, komissiya raisining o‘rinbosari (kelishuv bo‘yicha) |
| Yo‘ldoshev A. R. | — | Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil boshqarmasining shu’ba mudiri, komissiya kotibi |
| Abduazizov A. A. | — | “O‘zgeodezkadastr” bosh boshqarmasining boshlig‘i |
| Yo‘ldoshev J. G‘. | — | Xalq ta’limi vaziri |
| Obidov O. O. | — | Ijtimoiy ta’minot vaziri |
| Mirsafoyev S. M. | — | Adliya vaziri |
| Qurbonov E. | — | Yer resurslari davlat qo‘mitasi raisi |
| Ismoilov O‘. Q. | — | Sirdaryo viloyati hokimi |
| Mirziyoyev Sh. M. | — | Jizzax viloyati hokimi |
| Akbarov A. | — | Mehnat vazirining birinchi o‘rinbosari |
| Nazirov F. G‘. | — | Sog‘liqni saqlash vaziri |
| Qudratov G‘. S. | — | Makroiqtisodiyot va statistika vazirining birinchi o‘rinbosari, statistika departamenti boshlig‘i |
| Jalolov A. A. | — | Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari |
| Olimjonov O. O. | — | Makroiqtisodiyot va statistika vaziri o‘rinbosari |
| Parpiyev B. R. | — | Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari |
| Ibrohimov Sh. G‘. | — | Moliya vaziri o‘rinbosari |
| Xo‘jayev B. A. | — | Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Oripov S. O. | — | Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Abdullayev M. A. | — | “O‘zavtoyo‘l” davlat konserni raisining birinchi o‘rinbosari |
| Sidiqnazarov Q. | — | “O‘zavtotrans” davlat korporatsiyasi raisi |
| Turdiyev R. | — | Xovos tumani hokimi |
| Ma’murov T. | — | Boyovut tumani hokimining birinchi o‘rinbosari |
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-yanvardagi 2-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2004-y., 1-2-son, 11-modda)
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 206-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Yangiobod tumani hokimligi apparati xodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif
RAZRYaDLARI
|
Lavozimi |
2-guruh |
| Hokim | 16 |
| Hokim o‘rinbosari | 14 |
| Bosh mutaxassis | 10 |
| 1-toifali mutaxassis | 9 |