Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
“Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash jarayoniga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon viloyat xoʻjalik sudining 2008-yil 28-iyuldagi qaroriga koʻra bankrot deb eʼlon qilingan “Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyati kreditorlari umumiy yigʻilishining “Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Chuama qishlogʻida joylashgan mulkiy kompleksini, uning negizida paxta tolasini qayta ishlash boʻyicha xorijiy korxona tashkil etgan holda, “Nanyang Red Cotton Group” (XXR) korporatsiyasining “Nanyang Red Cotton Angel Textile Co. LTD” kompaniyasiga sotish toʻgʻrisidagi qaroriga rozilik berilsin.
2. “Nanyang Red Cotton Angel Textile Co. LTD” kompaniyasi oʻziga:
“Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatining mulkiy kompleksini, sotib olish toʻlovlarini ilovaga muvofiq jadvalga binoan 10 yil mobaynida toʻlagan holda, umumiy summasi 2097,3 mln soʻmga sotib olish;
2009 — 2011-yillar mobaynida 18,0 mln AQSH dollari miqdorida, shu jumladan birinchi bosqichda (2010-yil 1-iyungacha) oʻz mablagʻlari hisobiga 11 mln AQSH dollari, ikkinchi bosqichda (2011-yil 1-yanvargacha) kredit mablagʻlari hisobiga 7 mln AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritish;
koʻrsatib oʻtilgan mulkiy kompleks negizida quvvati yiliga 10 ming tonna kalavaga teng boʻlgan zamonaviy texnologiya asbob-uskunalari bilan jihozlangan yangi yigiruv korxonasini tashkil etish;
300 ta yangi ish oʻrinlari yaratish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotning kamida 80 foizini eksport qilish majburiyatini olganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi hamda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi:
bir oy muddatda “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda “Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatining tugatuvchi boshqaruvchisi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari masalalari kompleksi bilan kelishgan holda “Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatining mulkiy kompleksini sotish yuzasidan shartnoma tuzsinlar, bunda xorijiy investor tomonidan majburiyatlar qabul qilinishini va ularni bajarish jadvali tasdiqlanishini nazarda tutsinlar;
xorijiy investorning oʻziga qabul qilgan investitsiya majburiyatlari zarur darajada bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasinlar.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatining mulkiy kompleksini sotishdan tushgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining alohida maxsus hisobvaragʻiga tushadi, keyinchalik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatining kreditorlari bilan oʻzaro hisob-kitob qilinadi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 1-iyul,
182-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 1-iyuldagi 182-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Nanyang Red Cotton Angel Textile Co. LTD” kompaniyasi tomonidan “Chuama” ochiq aksiyadorlik jamiyatining mulkiy kompleksi uchun sotib olish toʻlovlarini amalga oshirish
jadvali
| T/r | Toʻlovni amalga oshirish yili | Toʻlov summasi (mln soʻm) |
| 1. | 2009-yil | 140 |
| 2. | 2010-yil | 140 |
| 3. | 2011-yil | 140 |
| 4. | 2012-yil | 140 |
| 5. | 2013-yil | 140 |
| 6. | 2014-yil | 275 |
| 7. | 2015-yil | 275 |
| 8. | 2016-yil | 275 |
| 9. | 2017-yil | 275 |
| 10. | 2018-yil | 297.3 |
| | Jami: | 2097,3 |