Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy gimnastika federatsiyasini bino bilan taʼminlash toʻgʻrisida
Respublikada ommaviy bolalar sportining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblangan badiiy gimnastikani yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi, Badiiy gimnastika federatsiyasi, “Madad” agentligi kuzatuv kengashining hamda “Biznes-fond”ni tugatish komissiyasining:
Toshkent shahar, Usmon Nosir koʻchasi, 53 “b”-uyda joylashgan “Madad” agentligi hamda “Biznes-fond” balansida boʻlgan binoni Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy gimnastika federatsiyasi balansiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi;
Toshkent shahar, Chilonzor koʻchasi, 80-uyda joylashgan, Oʻzbekiston Badiiy gimnastika federatsiyasi balansida boʻlgan binoni (“SNIFOKOR-MK” mehmonxonasi) Toshkent shahar hokimligi balansiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Davlat mulki qoʻmitasi Toshkent shahar, Usmon Nosir koʻchasi, 53 “b”-uyda joylashgan binoni (“Biznes-fond”ga qarashli mol-mulk bilan birgalikda) belgilangan tartibda baholab, uning “Madad” agentligiga tegishli qiymatini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushgan umumiy tushumlar hisobiga (davlat budjetiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan tashqari) hamda “Biznes-fond”ga tegishli qiymatini uning davlat oldidagi qarzini kamaytirish hisobiga qoplashni taʼminlasin.
“Madad” agentligi markaziy apparati va uning Toshkent viloyat filiali mazkur binoda egallab turgan maydonlarga imtiyozli ijara asosida joylashtirilsin.
3. Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahar, Chilonzor koʻchasi, 80-uyda joylashgan binoni Badiiy gimnastika federatsiyasi balansidan qabul qilib olsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “SNIFOKOR-MK” mehmonxona kompleksini Oʻzbekiston Respublikasi badiiy gimnastika federatsiyasi balansiga berish toʻgʻrisida” 2004-yil 1-martdagi 97-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R. Azimov va R. Qosimov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 25-fevral,
74-son