Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “SNIFOKOR-MK” mehmonxona kompleksini Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy gimnastika federatsiyasi balansiga berish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 25-fevraldagi 74-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy gimnastika federatsiyasini bino bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikada ommaviy bolalar sportining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblangan badiiy gimnastikani yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sportning turiga xotin-qizlarni keng jalb etish hamda ularning sogʻligʻini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Davlat sport qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy gimnastika federatsiyasining Toshkent shahar, Chilonzor koʻchasi, 80-uyda joylashgan “SNIFOKOR-MK” mehmonxona kompleksini Sogʻliqni saqlash vazirligi balansidan Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy gimnastika federatsiyasi balansiga berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “SNIFOKOR-MK” mehmonxona kompleksini belgilangan tartibda Badiiy gimnastika federatsiyasi balansiga bersin, federatsiya esa oʻz balansiga qabul qilib olsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “2003-2004-yillarda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida” 2003-yil 17-apreldagi 185-son qarorining 5-ilovasidan “147” pozitsiya (“SNIFOKOR-MK” mehmonxona kompleksini) chiqarib tashlansin.
4. Badiiy gimnastika federatsiyasi xorijiy sarmoyani, homiylik badallarini jalb etgan holda va oʻz mablagʻlari hisobiga kompleks qoshida badiiy gimnastika boʻyicha mashqlar va musobaqalar oʻtkazish uchun gimnastika zali qurilishini hisobga olib, mehmonxona kompleksi binolarini tiklash-taʼmirlash, shuningdek tashkil etilayotgan sport-sogʻlomlashtirish kompleksini zarur sport, tibbiyot jihozlari va boshqa jihozlar bilan taʼminlash ishlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy gimnastika federatsiyasiga bolalar sportini rivojlantirish uchun homiylardan tushayotgan mablagʻlar 2004-yilda loyiha ishlarini bajarish uchun zarur boʻlgan miqdorda va 2005-yilga Toshkent shahrida badiiy gimnastika bilan shugʻullanish uchun yangi sport zali qurilishini moliyalashtirish va tugallash uchun mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin. Yangi sport zali “SNIFOKOR-MK” mehmonxona kompleksiga tutashib ketgan hududida joylashtirilsin
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-mart,
97-son