Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiyalash investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida ehtiyot dvigateli va birinchi “Boing 767-300ER” samolyotini yetkazib berish muddatlarini oʻzgartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Boing” (AQSH) kompaniyasi ishlab chiqaruvchi “Boing 767 300ER” samolyotlari bilan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK havo kemalari parkini yangilashni davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tomonidan ilgari qabul qilingan qarorlar va tuzilgan shartnomalarga muvofiq, havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiya qilish investitsiya loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida toʻrtta “Boing-767 300ER” samolyoti hamda ularga zaxira dvigatelni sotib olish uchun 86,45 mln. AQSH dollari miqdorida avans toʻlovlari amalga oshirilgan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditlari hisobidan — 79,05 mln. AQSH dollari, kompaniyaning oʻz mablagʻlari hisobidan — 7,40 mln. AQSH dollari;
“Boing” kompaniyasi ishlab chiqarishdagi cheklovlar tufayli “Boing 767 300ER” samolyotining birinchi nusxasini yetkazib berish muddatini 2011-yil noyabrdan 2012-yil yanvarga koʻchirish taklifini kiritgan;
“Boing” kompaniyasi birinchi “Boing 767 300ER” samolyotini yetkazish muddatining koʻchirilishi uchun kompensatsiya sifatida samolyot qiymati eskalatsiyasini 2011-yil noyabr darajasida mahkamlash va 1,2 mln. AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha kredit memorandumi (chegirma)ni taqdim etishni taklif qilgan.
2. Quyidagi taklifga rozilik berilsin:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Boing 767 300ER” samolyotining birinchi nusxasini yetkazib berish muddatini 2011-yil noyabrdan 2012-yil yanvarga koʻchirish, avvalgi avans toʻlovlari jadvalini saqlab qolgan holda, “Boing” kompaniyasi taklif etgan kompensatsiya shartlari asosida, kompaniya tomonidan beriladigan 1,2 mln. AQSH dollari miqdoridagi qoʻshimcha kredit memorandumi (chegirma)ni samolyot qiymatining bir qismini toʻlashga yoʻnaltirgan holda;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tomonidan “Pratt end Uitni” (AQSH) kompaniyasi ishlab chiqaruvchi “PW4062” markali zaxira dvigatelini yetkazib berish muddatini 2011-yil dekabrdan 2012-yil yanvarga koʻchirish, dvigatel narxini oshirmagan holda.
3. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK belgilangan tartibda “Boing” va “Pratt end Uitni” kompaniyalari bilan samolyotning birinchi nusxasi hamda zaxira dvigatelini yuqorida koʻrsatilgan shartlarda yetkazib berish muddatlarini koʻchirishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha bitimlar tuzsin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 16-yanvar,
10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-yanvardagi 10-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISHLAR
“Yetkazib berish muddatlari” ustunida “Boing 767 300ER” samolyotining birinchi nusxasiga nisbatan “2011-yil noyabr” soʻzlari “2012-yil yanvar” soʻzlariga almashtirilsin;
“Yetkazib berish muddatlari” ustunida “Boing 767 300ER” samolyotlari uchun zaxira dvigatelga nisbatan “2011-yil dekabr” soʻzlari “2012-yil yanvar” soʻzlariga almashtirilsin.